10.09.2026 | 10:15
1234
QUYOSH TOMLARGA QO‘NGANDA…
Yil boshida biror hafta Toshkentda dam olishda bo‘lib uyga qaytgach, dastlab ko‘zim tushgan narsa yon qo‘shnimiz – amakimning o‘g‘li tomiga o‘rnatilgan quyosh panellari bo‘ldi. Oz emas, naqd yetmishta panel tunuka tomning qibla tarafini deyarli egallagan edi. Amakimning hali uylanmagan o‘g‘li bir yilcha xorijda ishlab, yaxshigina pul topibdi. Ishlab topgan puliga boshqa tengqurlari kabi yengil mashina xarid qilmabdi. Oldindan reja qilgani – quyosh panellari o‘rnatibdi. “Telefon orqali buyurtma berdim, o‘zlari keltirib, o‘rnatib ketishdi. Endi uyim hamisha charog‘on, qolaversa, ortiqcha energiyani elektr ta’minoti idorasiga sotaman. Bu borada shartnoma ham tuzdim. Qishning sovuq va bulutli kunlarida har kuni taxminan to‘qqiz ming so‘mlik elektr energiyasi sotyapman. Bahor-u yozda bu miqdor besh-o‘n barobarga osharkan. Har oyda bir yarim – ikki million beminnat pul hisobimga tushib tursa, yomonmi?” deydi u.

Ikki yil oldin qo‘shni qishloqlik tog‘amning nevarasi ham bog‘i to‘rida “kichik quyosh elektr stansiyasi” qurgan edi. Kichik stansiya deganimiz, bir sotixcha maydonga o‘rnatilgan quyosh panellari oyiga xonadon iste’molidan tashqari uch ming kilovattgacha elektr toki ishlab chiqarmoqda. Har kilovatt uchun elektr ta’minoti idorasi unga ming so‘mdan haq to‘layapti. Foyda uning besh kishilik oilasi uchun bir oylik oziq-ovqat va boshqa xarajatlarga yetib ortyapti.
“Quyosh panellarini o‘rnatish uchun ikki yuz million so‘m sarfladim. O‘sha pulni ortiqcha ishlab chiqarayotgan tokni sotish orqali olti-yetti yilda qoplar ekanman. Bu yoqda ro‘zg‘orim ishlatadigan tok tekin. Oldinlari qishda uyni isitish uchun oyiga elektr energiyasi iste’moliga ikki-ikki yarim million so‘m to‘lardim. Qisqasi, yiliga tok uchun o‘rtacha o‘n million so‘mcha pulim ketardi. Buniyam qo‘shsak, ikki yuz million so‘mga o‘rnatgan quyosh panellarim kamida yigirma besh yil xizmat qilishini aytsam, yigirma yil ro‘zg‘orimni boqarkan”. Bu so‘zlar oliy ma’lumotli iqtisodchiga emas, yigirma yetti yashar oddiy hunarmand yigitga tegishli.
Katta qizim maktabda direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi, kuyovim bank xizmatchisi. Ular birinchilardan bo‘lib tomiga quyosh panellari o‘rnatishgandi. Qizim quvonib e’tirof etishicha, oldinlari elektr iste’moli uchun qish oylarida maoshining yarmini sarflagan. Mana, uch yilki, bir tiyin ham to‘lashmayapti, aksincha, har oyda ortiqcha tokni sotib, ro‘zg‘origa ishlatishga o‘tishgan. “Yozda oyiga bir million so‘m atrofida tok sotamiz. To‘g‘ri, bizlar o‘sha vaqtlari atigi besh kilovattlik quyosh panellari o‘rnatgandik. O‘n va undan ortiq kilovattli quyosh panellari o‘rnatganlar bundan ham ko‘proq topishyapti. Kuyovingiz bu yil yana qo‘shimcha quyosh panellari o‘rnatishni o‘ylayapti. Topgan pulimizni farzandlar o‘qishiga sarflasak yomonmi?” deydi u.
Qishlog‘imizdagi o‘rtahol oila ham o‘tgan kuz adog‘ida tomiga quyosh panellari o‘rnattirdi. Endi davralarda, ba’zida elektr ta’minotida uzilishlar sodir bo‘lganidan norozilik bildiradigan qo‘shnilariga, shunday maslahat beradi: “Bir sigirimni sotdim, o‘zlari kelib bir zumda quyosh panellarini o‘rnatib berishdi. Chiroq qachon o‘chadi, degan tashvish yodimizdan chiqdi. Hisoblasam, har yili elektr uchun bundayroq bir buzoq pulini to‘lar ekanman. Bu yil shu buzoq yonimga qoldi – bir yilda rosmana ho‘kizga aylanadi. Shu quyosh panellarini o‘ylab topganlarga, uni o‘rnatayotganlarga rahmat!”
Xorazm vohasida quyosh panellari o‘rnatila boshlaganiga hali bir muchal vaqt o‘tganicha yo‘q. Avvallari tomlarda yarqirab turadigan quyosh panellarini onda-sonda uchratardingiz. So‘ngi ikki yilda quyosh panellari o‘rnatish rusmga kirdi, hatto ayrimlar kimo‘zarga poyga boshlagandek. Qo‘shnisi o‘rnatganidan quvvati ikki hissa ko‘prog‘ini buyurtma qilayotganlar qancha.
Bozor iqtisodiyotining yozilmagan qonuni shuki, narx-navoni talab va ehtiyoj belgilaydi. Ya’ni, qaysi mahsulotga talab katta bo‘lsa, narxi ham oshadi. Bozor siyosatining ushbu o‘zgarmas qoidasi quyosh panellariga kelganida ojizlik qildi. Ikki yil oldin 10 kilovatt tok ishlab chiqaradigan quyosh panellarini oltmish million so‘mga o‘rnatib berishgan bo‘lsa, bugun bu narx 32 million so‘mga tushgan. Oldinlari quyosh panellari o‘rnatish uchun qay bir MCHJ shaklidagi tadbirkor eshigiga iltimos bilan borgan bo‘lsangiz, bugun tadbirkor o‘z xizmatini ijtimoiy tarmoqlar orqali taklif qilib, qo‘ng‘iroq qilgan zahotingiz eshigingizga kelyapti. Yana quyosh panellari o‘rnatadigan tadbirkorlar eng kamida bir yilgacha kafolat berib, tizimda biror nosozlik bo‘lsa, o‘z hisoblaridan tezkor ta’mirlash, nuqsonlarini tuzatishni zimmalariga olishgan.
Tarmoqda ishlaydigan tanishimning aytishicha, hozirda Xorazm viloyati quyosh panellari o‘rnatish ko‘rsatkichlari bo‘yicha respublikada eng ilg‘or ekan. O‘tgan yili barcha fermer xo‘jaliklari egalari elektr tokida ishlaydigan suv chiqarish nasoslari uchun quyosh panellari o‘rnatishdi va uning samarasini bir yildayoq sezishdi. Oldinlari sug‘orish mavsumida oyiga ishlatilgan tok uchun 30-40 million so‘m pul to‘laydigan fermerlar ortiqcha chiqimlardan xalos bo‘lishgan. Bugun qishloqlardagi umumiy ovqatlanish shoxobchalari ham deyarli to‘laligicha quyosh nuri hisobidan taomlar tayyorlashga o‘tgan. Tuproqqal’a tumani hududidagi bo‘sh yotgan qumliklarda yirik quyosh elektr stansiyasi barpo etishga o‘tgan yili kirishilgandi. Bu yangi quyosh elektr stansiyasi tufayli viloyatni elektr bilan ta’minlash ko‘rsatkichi deyarli 90 foizga yetadi. Bu – yil davomida, ayniqsa, qishning qorli-qirovli kunlarida ham elektr ta’minotida uzilishlar ro‘y berishi tarixga aylanadi, degani.
Prezidentimiz bir selektor yig‘ilishida “og‘ir” toifadagi 903 ta mahallada 300 kilovattli kichik quyosh stansiyalari qurilishini aytgandi. Garchi “kichik quyosh stansiyalari” deyilayotgan bo‘lsa-da, aslida, bu tipdagi har bir stansiyaning quvvati kamida yuz xonadonni uzluksiz tok bilan ta’minlashga yetadi.
Yana bir yangilik: endi “davlat toifasidagi oila” ro‘yxatiga kiritilgan oilalarga quyosh panellari o‘rnatishlari uchun BHMning 100 baravari, ya’ni 42,2 million so‘m miqdorida subsidiya beriladi. Demak, bugun “havodan pul ishlayotgan” o‘ziga to‘q va o‘rta qatlam vakillari qatoriga kambag‘al oilalar ham qo‘shiladi.
O‘tgan asrning 90-yillarida uylar tomida parabol antennalar uchrardi. Bu yangilikni hazillashib, “Yalla” ansamblining mashhur qo‘shig‘iga qiyoslab, “tom boshida tog‘ora” deyishardi. Endilikda tomlarni quyosh panellari “ishg‘ol qilish”ni boshlagan. Buning afzal tomoni, chiqimidan kirimi ko‘pligi, ya’ni, uyingizda o‘tirib, qo‘lingizni sovuq suvga urmasdan, havodan – quyosh nuridan pul ishlab topishingiz mumkinligidir.
Ro‘zimboy HASAN
“Jadid” gazetasining 2026-yil 4-sentyabrdagi 36-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



