08.04.2025 | 15:21
589
PARVOZING BALAND BO‘LSIN, “PARVOZ”!
Malika Shomirzayeva teatr aktyori bo‘lishni orzulab, Eski shaharning Xadra maydonidagi Bolalar ijodiyoti uyi (o‘sha paytlari – pionerlar saroyi deb atalardi)ga sakkiz yil qatnadi. Mashhur rejissyor Ergash Masafoyevga shogird tushdi. Tushida ham, hushida ham sahnani ko‘rdi. Biroq taqdir kemasi butkul boshqa sohil tomonga burilib, u Toshkent davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetida tahsil oldi.

Hayot teatrining boshqa bir sahnida esa Rayhon Kulunchakova ham rejissyor bo‘lmoq xayolida yonmoqda edi. Ajabki, uning-da orzusi bilan hayot yo‘llari boshqa-boshqa tushdi. Kino va teatr desa tomdan tashlashga tayyor Rayhon ham ota-ona rizosi uchun o‘qituvchilik qilishni to‘g‘ri deb bildi. Ikki san’atsevar Toshkentning ikki burchida faoliyat olib bordi, yosh avlodga uzoq yillar ta’lim-tarbiya berdi. Bugun ular poytaxtdagi yuz bilan yuzlashay deb turgan maktabda dilni dilga, qo‘lni qo‘lga berib ishlamoqda.
Malika opa 2018-yili Toshkent shahridagi 19-umumta’lim muassasasiga ishga keldi-yu, maktab rahbari Rayhon Kulunchakovaning teatr san’atiga xayrixohligidan o‘zida yo‘q quvonib ketdi. Olis bolalikning ushalmay qolgan orzulari qanotlandi. Boshlang‘ich sinflarda o‘zbek tili va adabiyoti fanidan dars berar ekan, ta’lim jarayonlarida bolajonlarning she’r va hikoyalarni ifodali o‘qishlariga qarab ilhomlandi. Ular orasida san’atga iqtidori borlar oz emasligini ilg‘adi. So‘ng har xil musobaqalar tashkil qildi, bolalarga o‘qigan matniga qarab suratlar chizdirdi, ularni rollarga taqsimlab, pyesa o‘qita boshladi. Shu tariqa Malika opa mashg‘ulot o‘tayotgan sinf go‘yo sahnaga aylana bordi.
U o‘quvchilaridan jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalarini ko‘proq o‘qishni talab qilar, asarlar yuzasidan davra suhbatlari uyushtirardi. Lekin bu harakatlari hali kamdek tuyulaverar, o‘quvchilarining badiiy asarni shavq bilan o‘qishini, syujetlar ichida yashashini istardi. Buning uchun ularni darsliklardan ortib, haqiqiy adabiyot olami bilan tanishtirmoqchi bo‘ldi. Shu maqsadda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga, Adiblar xiyoboniga yetaklab bordi. Adabiyotning tarixiy dunyosiga tushib qolgan o‘quvchilar u yerda asarlar va mualliflarga oid o‘zaro savol-javoblar o‘tkazishib, hech qanday tayyorgarliksiz sahnaviy epizodlar ham namoyish qilishdi. Malika opaning esa ilhomi jo‘sh urib, yuragidagi teatr armoni bosh ko‘tardi.
– 2020-yili maktabda “Parvoz” bolalar teatrini ochdik, – deydi Malika opa. – Birinchi sahna asarimiz “Alisherbek va Husayn” spektakli bo‘ldi. Keyin Gʻafur Gʻulomning “Shum bola” asaridan parcha qo‘ydik. Maktabimiz rus tiliga ixtisoslashgani uchun asarni bir parda ruscha, bir parda o‘zbekcha sahnalashtirdik. Keyinroq til bayrami arafasida Sulton Jo‘raning “Tinish belgilarining majlisi” asarini namoyish qildik. O‘quvchilarim teatrga shunchalik qiziqib ketdiki, personajlarga o‘zlari kiyim topishdi, suratlar chizishdi, sahna dekoratsiyalarini ham o‘zlari tayyorlashdi. Teatrimizning aktyori ham, rassomi ham, rejissyori, operatori ham o‘zlari. Qolaversa, targ‘ibot-u tashviqotini ham zimmasiga olishdi. Repetitsiya jarayonida bir-biriga xatolarini aytishib, kamchiliklarini ko‘rsatishadi. Demak, tanqidchilar ham bor oralarida.
Bir gal Usmon Nosirning “She’rim, yana o‘zing yaxshisan” sonetini sahnalashtirdik. Juda ajoyib chiqdi. Bolalar o‘z ijodiy ishlaridan zavqlanishdi. Ayniqsa, navoiyxonlik kunlarida tayyorlagan badiiy kechamizga taniqli san’atkorlarning tashrif buyurgani ularni judayam ruhlantirdi.
Darhaqiqat, Malika opaning “Parvoz”i tomoshalariga Yoqub Ahmedov, Erkin Komilov, Gavhar Zokirova, Elyor Nosirov, Muqaddas Xoliqova, Fotima Rejametova, Lola Eltoyeva, Dilnoza Kubayeva, Hilol Nasimov, Bahodir Murodov singari el ardog‘idagi aktyor va rejissyorlar bot-bot tashrif buyurib, rus maktabining o‘zbek teatri faoliyatiga yuqori baho berishgan.
Ushbu ta’lim muassasasida ta’limga ijodiy yondashuv o‘ziga xos an’anaga aylangan. Yaqinda “Parvoz”ning besh yilligi munosabati bilan “Teatr – ibratxonadur” nomi ostida tashkillashtirilgan tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, professor Munavvara Abdullayeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, rejissyor Zamira Begimqulova, taniqli kinoshunos Oybek Kapadze, badiiy so‘z ustasi Botir Muhammadxo‘jayev ishtirok etib, maktab teatrining parvozi bundan ham baland bo‘lishiga ishonch bildirishdi.
– Prezidentimiz maktablarda teatrlarni tashkil etish kerakligini aytyapti, – deydi Munavvara Abdullayeva o‘z so‘zida. – Xo‘sh, maktabga teatr nega kerak? U o‘quvchiga nima beradi? Avvalo, yoshlar ijod va izlanish bilan mashg‘ul bo‘ladi, o‘z ustida ishlaydi, kitob o‘qiydi, ko‘pchilik o‘z so‘zini baralla ayta olishni va yana hamjihatlikni o‘rganadi. Rol ijro etish jarayonida ba’zan biri ikkinchisining sochini o‘rib qo‘yishiga to‘g‘ri keladi. Yana biri boshqasini grim qiladi yoki yana qaysidir biri sherigining ust-boshini to‘g‘rilashga yordamlashadi. Shu tariqa ular o‘rtasida o‘zaro hurmat kuchayadi. Shuningdek, yoshlar kitobxonligi, ma’naviyat va ma’rifat o‘sadi. Meni rusiyzabon bolalarning o‘zbek tilidagi mahoratli ijrolari, rosti, quvontirdi. Bu kichik teatr kelajakda yanada ravnaq topishini, faoliyati kengayib, ijodiy repertuarlari tarbiyaviy ahamiyatga ega, tarixiy asarlar bilan boyishini tilayman.
– “Bir g‘azal” deb nomlangan teatrlashtirilgan turkum qilmoqchimiz, – deydi Malika opa. – Har o‘n-o‘n besh kunda bitta g‘azalni etyud shaklida sahnalashtirishni rejalashtirganmiz. Bundan tashqari, jadid bobolarimiz hayotidan inssenirovkalar tayyorlamoqchimiz.
Ha, Malika Shomirzayeva teatrida tomoshabin ayni damda ko‘p bo‘lmasa-da, bir maktab teatri uchun yetarlicha nufuzga ega. Aslida, har kim o‘z ishini xuddi shunday yurak-yurakdan sevmog‘i kerak. Oddiy tosh ishtiyoq bilan yo‘nib-taroshlansa, muhtasham san’at asariga do‘nadi. Insonning o‘z-o‘zini kashf etmog‘i ham ana shu beta‘ma muhabbatiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Muhabbatli ko‘ngil esa dunyo kengliklari uzra parvoz etaveradi.
Muhayyo RUSTAM qizi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 28-martdagi 13-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



