04.03.2025 | 10:23
563
SAHNAGA KO‘CHGAN HIJRON
Zahiriddin Muhammad Boburdek murakkab shaxsiyatni sahnada ko‘rsatish oson ish emas. Boburning xarakteri, ruhiyati, botinini to‘la anglash va uni dramatik asar sifatida ifodalash uchun dramaturgdan jiddiy izlanish, sahna talqinini yaratishda esa rejissyor-u aktyorlardan ayricha mahorat talab qilinadi. Aslida Bobur bobomizning hayoti ziddiyatlarga boy, har qanday dramatik asar uchun tayyor manba bo‘lishi shubhasiz.

O‘zbek teatri tarixiga nazar tashlasak, Bobur obrazini sahnada gavdalantirish uchun birmuncha izlanishlar kechganini ko‘ramiz. Xususan, O‘zbekiston xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshev atoqli adib Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romaniga ikki bora murojaat qilgan. Dastlab rejissyor asarni 1983-yil Hamza nomidagi teatr (hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatri)da sahnaga olib chiqadi.
Rejissyorning avvalgi spektakllarida bo‘lganidek, bu safar ham poetik muqaddima, dardchil ruh tomoshaning asosiy uslubini belgilaydi. Sherali Jo‘rayev ijrosidagi “Zamon” ashulasi o‘tmish manzaralarini jonlantiradi. Qo‘qon aravalarining g‘ildiraklari go‘yo taqdir gardishidek charx urib aylanadi. Yer yuzidan o‘tib ketgan avlodlar birma-bir chiqib kelib, tomoshabinga nigoh tashlaydi.
Spektakl davomida Bobur hayotining uch davri namoyon bo‘ladi: ya’ni, Andijon taxtiga o‘tirgan 12 yoshlik chog‘i, Sohibqiron bobosi Amir Temurdan meros qolgan saltanatni tiklash ilinjida Shayboniyxon bilan jang qilib, noiloj Samarqandni boy bergan o‘rta yoshlik chog‘i, va nihoyat, Hindiston diyorida podshoh bo‘lib, ona Vatanini qo‘msab, o‘tgan umrini sarhisob qilayotgan payti. E’tiborlisi, spektakl davomida bu uch voqea va muhit taqozosiga ko‘ra sahnada tez-tez ko‘rinish berib, har bir vaziyat va hodisaga o‘z munosabatini bildiradi. Ayrimlarning nazarida ushbu sahnalar real tarixiy syujetga xayoliy-fantastik tus berishga o‘xshardi. “Bunda hech qanday mistika yo‘q”, – deb yozadi Muhsin Qodirov – “Rejissyor buni “Boburnoma” bayoni bilan, shoh Bobur va o‘rta yoshli Boburning dramatik holatlari bilan asoslaydi. Chunki Humoyun kitobni o‘qimoqda, shoh Bobur eslamoqda, asosan g‘am-anduh va iztirob ila umr manzillarini qayta tasavvur qilmoqda”.
Boburning opasi va yaqin maslakdoshi Xonzodabegim obrazini Rimma Ahmedova gavdalantirgan. Aktrisa malikaning qalb tug‘yonlari, botiniy kechinmalarini kuchli dard va iztirob bilan ko‘rsatadi. Ayniqsa, Shayboniyxonga nikohlanishidan avval Bobur bilan vidolashuv sahnasida aktrisaning yurak harorati avj pardalarga ko‘tariladi, hissiyotlari psixologik bo‘yoq bilan qorishib ketadi.
Oradan yillar o‘tib, ustoz san’atkor Bahodir Yo‘ldoshev “Yulduzli tunlar” romanini “Diydor” teatr-studiyasida sahnaga qo‘ydi. Rejissyor bu galgi talqinda romanga o‘zgacha uslubda yondashdi – spektaklda barcha ifoda vositalar shartlilikka qurilgani, asarning badiiy-estetik olami nozik his etilgani, Bobur taqdirining murakkab va ziddiyatli davri lirik-dramatik ohang va psixologik uslubda aks ettirilgani, tarixiy shaxslarni sahnalashtirishga xos an’anaviy stereotiplar chetlab o‘tilgani e’tiborni tortadi.
Spektakl ibtidosida tomoshabinni moziy ruhiyatiga olib kiruvchi sohir va mungli qo‘shiq yangraydi. Sahna markazida to‘rtburchak supa, ustida Bobur va boburiylar davrini aks ettiruvchi miniatyuralar yoyilib yotibdi, bamisoli shu manzara buyuk ajdodimiz bunyod etgan bepoyon sarhadlarni ifodalaydi. Supa atrofiga joylashtirilgan besh-oltita daraxt to‘nkalari vaziyat taqozosiga ko‘ra goho taxt, goho beklar yig‘iluvchi maskan, gohida esa muhabbat izhori aytiluvchi xilvat go‘shaga aylanadi. Sahnaning butun kengligi, chor-atrof quroqlardan iborat to‘shama bilan qoplangan, go‘yo bu rang-barang tusdagi poyondoz inson taqdiridagi turfa chigalliklar, xususan, Bobur yuzlashgan xilma-xil ko‘rgiliklardan dalolat beradi. Bularning barchasi mahoratli rassom Bobur Ismoilov ijodiga mansub. Shunday o‘zgacha muhit fonida sahnaga birin-ketin aktyorlar chiqib keladi. Spektaklda asosan zamonaviy o‘zbek kinosining taniqli vakillari – Alisher Uzoqov, Yulduz Rajabova, Bobur Yo‘ldoshev, Adiz Rajabov, Akbarxo‘ja Rasulov va studiyaning yosh ijrochilarini ko‘rish mumkin.
Aktyor Alisher Uzoqov gavdalantirgan Bobur obrazi tabiatan dard ila tug‘ilgan, xayollari sarkash, ruhi isyonkor shaxs bo‘lib tasavvurga singadi, uning har bir a’moli, xatti-harakatida insoniy iztirob, qayg‘u-hasrat, yurt sog‘inchi, hijron azoblari shundoqqina ko‘rinib turadi. Dastlab ma’sum nigoh bilan Axsida “shunqor bo‘lgan” otasini so‘nggi yo‘lga kuzatolmay muztar bo‘lar ekan, ayriliq o‘tida kuysa-da, “Tangri taoloning inoyati bilan o‘n ikki yoshda Farg‘onaga podshoh bo‘lmoq” mas’uliyatini zimmasiga oladi.
Spektakl davomida Bobur (Alisher Uzoqov) qismat yo‘liqtirgan ko‘plab savdolarni boshdan kechiradi: singlisi Zuhrobegimning xiyonati sabab Shayboniyxon (Bobur Yo‘ldoshev) qutqulariga qarshi kurashsa, qamal vaqti opasi Xonzodabegim (Yulduz Rajabova)ni nikohiga so‘rab, xon noma yo‘llashi sadpora qalbini battar o‘rtaydi. Bunday og‘ir damlarda Boburning yurak harorati, alamnok kechinmalarini to‘la va jozibali shaklda ifodalash uchun shoir g‘azallariga murojaat qilinadi:
Charxning men ko‘rmagan jabr-u jafosi qoldimu?!
Xasta ko‘nglim chekmagan dard-u balosi qoldimu?!
Meni xor etti-yu qildi muddaini parvarish,
Dahri dunparvarning o‘zga muddaosi qoldimu?!
Spektaklda Bobur g‘azal-u ruboiylari dramatik voqealar bilan uyg‘unlashib, tomoshaga shoirona ruh, estetik go‘zallik, falsafiy mazmun va g‘oyaviy teranlik bag‘ishlaydi.
Shuningdek, Bobur botinida kechayotgan ziddiyatli o‘ylar – el-ulus tashvishi, shoh va shoir o‘rtanishlari, darveshona yozg‘irishlar, yor va ukalik muhabbati, do‘stlik sadoqati va boshqa tuyg‘ularni poetik ohang bilan boyitish, voqelikni jo‘shqin pafos va ehtiros ila to‘yintirishda, shubhasiz, she’riy misralar asosiy vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Shayboniyxon obrazini gavdalantirgan taniqli aktyor Bobur Yo‘ldoshev dramatik qobiliyatini ishga solib, hukmdor siymosidagi uddaburonlik, keskinlikni mahorat ila aks ettiradi. Uning yuz-u ko‘zi, xatti-harakati, sukutlarida o‘zi aytmoqchi, “temuriylarni jazolash uchun yuborilgan qilich” ekani namoyon bo‘ladi.
Ta’kidlash lozimki, “Yulduzli tunlar” romanining ikki sahnaviy talqinini o‘ttiz yildan ziyodroq vaqt ajratib turgan bo‘lsa-da, spektakllarning umumiy mushtarak jihatlari mavjud. Bu avvalo, rejissyorning asarga yondashuvida ko‘rinadi. Rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev suhbatlarining birida poetik teatr yaratish g‘oyasi haqida to‘xtalgan edi. “Yulduzli tunlar”ning har ikki talqinida ham aynan shunday teatrning go‘zal ifodasi mujassam. Qolaversa, Zahiriddin Muhammad Bobur siymosining turli davrlarda sahnaga olib chiqilishi, bu murakkab shaxsiyatning yangi qirralarining inkishof etilishi g‘oyat muhim hodisa bo‘ldi. Bugun ham Bobur shaxsi va ijodiga bag‘ishlangan yangi spektakllar sahnalashtirish, ulug‘ ajdodimizning boy ma’naviy merosini sahna san’ati orqali targ‘ib qilish teatr ijodkorlari zimmasidagi zarur vazifalardan sanaladi.
Fikrlarim so‘ngida “Diydor” teatr-studiyasi tarixiy shaxslarning zamonaviy talqinini yaratish borasida o‘z salaflari yo‘lidan borib, yoshlarning e’tiborini tortadigan sahna asarlari taqdim etayotganini alohida ta’kidlab, ularga bu qutlug‘ yo‘lda kuch-quvvat, ilhom va sabot tilab qolaman.
Shohrux ABDURASULOV,
san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori
“Jadid” gazetasining 2025-yil 21-fevraldagi 8-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



