31.07.2024 | 10:42
589
SHONLI TARIX UYGʻONMOQDA!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi haqiqatan ham ma’naviy hayotimizda muhim voqea bo‘ldi. Chunki o‘z davrida Vatanimiz milliy istiqloli va xalqimiz ozodligi uchun kurashib, bunday sharafli yo‘lda o‘z jonini ham ayamagan fidoyi ota-bobolarimizning xotirasini e’zozlash, ularning hayoti va faoliyatini har tomonlama o‘rganish barchamizning zimmamizdagi burchimizdir.

Shu bois ham, mazkur tarixiy hujjat olimlar, ijodkor va ziyolilarda katta qiziqish uyg‘otdi, qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida ular o‘zlarining munosabatlarini bildirishmoqda.
TAHRIRIYAT

Hamdam QARSHIYEV,
Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari
TARBIYA – HAMMANING VAZIFASI
Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish masalasiga bag‘ishlangan mazkur qaror bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturida qatag‘on qurbonlari va jadidlarni viloyat, tuman va shaharlar kesimida nomma-nom aniqlash, ularning hayoti va faoliyati, tarixiy xizmatlari haqidagi ma’lumotlarni, arxiv va muzeylarda saqlanayotgan hujjatlarni to‘plash va o‘rganish, “Tarixiy xotira ma’naviy va ruhiy tarbiya – Yangi O‘zbekiston poydevori” degan shior ostida hududlarda, mahalla va tashkilotlarda ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot-tushuntirish tadbirlari hamda davra suhbatlari o‘tkazish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berilgan.
Shuningdek, dasturdan qatag‘on qurbonlari va jadidlar tug‘ilib voyaga yetgan va istiqomat qilgan mahallalarda va umumta’lim maktablarida xotira burchaklarini tashkil etish, ularning oila a’zolari, farzand va nabiralari hamda boshqa yaqinlarini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, davlat mukofotlariga tavsiya etish kabi masalalar o‘rin olgan.
Muhtaram Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda: “…Biz jadidlik harakati, ma’rifatparvar bobolarimiz merosini chuqur o‘rganishimiz kerak. Bu ma’naviy xazinani qancha ko‘p o‘rgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda ko‘p savollarga to‘g‘ri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targ‘ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi”.
Darhaqiqat, atoqli ma’rifatparvar Abdulla Avloniyning yoshlarimiz tarbiyasi haqidagi: “Tarbiyani tug‘ilgan kundan boshlamoq, vujudimizni quvvatlantirmoq, fikrlarimizni nurlantirmoq, axloqimizni go‘zallantirmoq, zehnimizni ravshanlantirmoq lozim ekan. Tarbiyani kim qiladi? Qayerda qiladi, degan savol keladi. Bu savolga: Birinchi uy tarbiyasi, bu ona vazifasidir. Ikkinchi maktab va madrasa tarbiyasi, bu ota, muallim, mudarris va hukumat vazifasidir”, degan so‘zlari bugungi globallashuv jarayonida nihoyatda ahamiyatlidir.
Hozirgi kunda ekstremizm, ommaviy madaniyat, kosmopolitizm, ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik kabi zararli illatlar yoshlarimiz o‘rtasida keng avj olmoqda. Bu xatarlardan yoshlarimizni saqlash uchun barchamiz shug‘ullanishimiz kerak, zarracha loqaydlikka yo‘l qo‘ymaslik zarur.
Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, Fanlar akademiyasi Tarix instituti, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi, Qurolli Kuchlar akademiyasi, Mudofaa va harbiy xavfsizlik muammolarini o‘rganish instituti, “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi, “Shon-sharaf” davlat muzeyi mas’ul xodimlari va yetakchi mutaxassislaridan iborat ishchi guruhga umumiy rahbarlik Mudofaa vazirligiga berilgani barchamizga katta mas’uliyat yuklaydi. Bu borada vazirlik rahbariyati tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha “yo‘l xaritasi” va chora-tadbirlar rejasi tuzilib, shunga muvofiq ishlar jadal olib borilmoqda.
Shubhasiz, mazkur qaror Mudofaa vazirligi tizimida ham ma’naviy-ma’rifiy ishlar ko‘lamining yanada kengayishiga xizmat qilib, Vatan posbonlari – mard va jasur askarlarning ajdodlarga hurmat ruhida tarbiya topishiga hissa qo‘shajak.

Baxtiyor HASANOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor
YUKSALISH – O‘ZLIKNI ANGLASHDAN BOSHLANADI
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishishi bilan uning ma’naviy hayotida yangi davr – uyg‘onish, o‘zlikni anglash davri boshlandi. Ma’muriy buyruqbozlik tizimi manfaatlariga bo‘ysundirilgan tarixni soxtalashtirish, noto‘g‘ri talqin etishga barham berildi. Milliy mafkuramizning asosi bo‘lmish yurtimiz tarixini qayta tiklash imkoniyati tug‘ildi.
Bu borada mamlakatimizda olib borilgan eng xayrli va eng savobli ishlardan biri Sovet hokimiyati yillarida “xalq dushmani”, “aksilinqilobchi”, “millatchi”, “quloq” sifatida qoralanib, qatag‘on etilgan vatandoshlarimiz pok nomlarining oqlanishi bo‘ldi. Tarixiy haqiqat va adolatni tiklash bo‘yicha olib borilgan ishlar eng avvalo, hurriyat yo‘lida jon fido etgan vatandoshlarimiz xotirasini abadiylashtirishga qaratildi.
Toshkent shahrida “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi barpo etilib, uning hududida Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi tashkil etildi.
2017-yilda ushbu muzey tarixida o‘ta muhim voqea sodir bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘sha yilning 31-avgustida “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni” munosabati bilan bu maskanga tashrif buyurganida uning faoliyatini yanada rivojlantirish hamda viloyatlarda ham muzeyning bo‘limlarini ochish tashabbusini o‘rtaga tashladilar. Davlatimiz rahbari ana shu muzeylarni xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun muqaddas ziyoratgoh, ma’naviyat va ma’rifat o‘chog‘iga aylantirish uchun barcha choralarni ko‘rish zarurligini alohida ta’kidladilar.
Shunga asosan 2017-yil 22-noyabrda Hukumatning “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va hududlardagi oliy ta’lim muassasalari tuzilmasida Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Shu tariqa muzey Vazirlar Mahkamasi tasarrufiga o‘tkazilib, uning faoliyati yanada kengaytirildi va takomillashtirildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi 13 ta oliy ta’lim muassasasi tuzilmasida Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylari tashkil etildi. 2021-yilda davlat rahbarining topshirig‘iga binoan Qarshi shahridagi Odina masjidida Qashqadaryo viloyati Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi yangidan yaratildi. Sovet davrida NKVD qamoqxonasiga aylantirilgan ushbu tarixiy obidada tashkil etilgan muzey 2021-yilning 11-oktyabrida Yurtboshimiz ishtirokida tantanali ravishda ochildi.
2020-yil 8-oktyabrda “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoyishining qabul qilinishi esa shahidlar xotirasini abadiylashtirish borasida olib borilayotgan ishlarni yangi sifat bosqichiga ko‘tardi. Mazkur hujjat asosida mamlakatimiz hududlari kesimida 14 ta “Qatag‘on qurbonlari” xotira kitoblari tayyorlanib, unga 40 mingga yaqin vatandoshlarimizga oid ma’lumotlar kiritildi.
Qarorda belgilab berilgan vazifalar, shubhasiz, 1937–1953-yillar mobaynida yuz bergan ayanchli qatag‘on siyosatining eng nozik qirralarigacha tadqiq etishda hamda yurt, millat uchun aziz jonlarini qurbon etgan jadid bobolarimizning hayoti va faoliyatini chuqur o‘rganishda beqiyos ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, ushbu qarorda ko‘p jildlik “Qatag‘on qurbonlari” kitobini chop etish, Toshkent shahridagi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasiga ramziy kitobni o‘rnatish, oktyabr oyining birinchi haftasini mamlakatimizda “Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi” sifatida nishonlash ko‘zda tutilgan.
Jumladan, mutasaddilarga qatag‘on etilgan ajdodlarimizga bag‘ishlangan sahna asarlari va filmlar tayyorlashga doir topshiriqlar berilgani bu boradagi ishlarning ko‘lamini yanada kengaytirishga zamin hozirlaydi. Ayniqsa, chet eldagi turli fondlar, arxiv, muzey, kutubxona va boshqa ilmiy-ma’rifiy muassasalar hamda tegishli mutaxassislar bilan hamkorlikda qatag‘on qurbonlarining hayoti va faoliyatini tadqiq etishga doir ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirish vazifasi belgilangani ayni muddao bo‘ldi. Chunki ushbu tashabbus yurt taraqqiyoti, sobiq tuzum davrida Vatan ravnaqi yo‘lida hayotini tikkan mard va jasur bobolarimizning ayni damda xorijda saqlanayotgan merosini o‘rganish borasida yangi imkoniyat eshigini ochadi.
Bir so‘z bilan aytganda, tarixiy xotirasi bo‘lmagan, o‘tmishini unutgan, ajdodlarini qadrlamaydigan millatning istiqboli yo‘q. Yuksak maqsadlar sari intilayotgan Yangi O‘zbekistonda esa tarixiy adolat qaror topib, milliy an’analar, qadriyatlar ulug‘lanib, xalqimizning asriy orzu-armonlari ushalmoqda. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan yangi qaror ham bunga yana bir yaqqol dalil bo‘ldi.

Rustam SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor
AJDODLARINI E’ZOZLAGAN XALQ KAM BO‘LMAYDI
Kamina qariyb yarim asrdan ko‘proq O‘zbekistonda, Markaziy Osiyoda qatag‘on qurbonlari fojiasini tadqiq etish bilan shug‘ullangan, bu mavzu bo‘yicha 30 dan ortiq asarlar, 100 dan ortiq ilmiy maqola e’lon qilgan, respublika va xalqaro ilmiy anjumanlarda shu mavzuda chiqishlar qilgan tadqiqotchi sifatida Prezidentimiz tomonidan imzolangan mazkur qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyatini yuksak baholayman.
Chindan ham so‘nggi yillarda O‘zbekistonda siyosiy, mafkuraviy, ma’rifiy va baynalmilal ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu masalaga sobiq ittifoq respublikalari orasida eng ko‘p va jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Qatag‘on qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan kitoblar har bir viloyat bo‘yicha nashr etilishi, barcha hududlarda Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylari tashkil qilinishi va ularning samarali faoliyat ko‘rsatayotgani hamda ular qatag‘on qilingan shaxslarning hayoti va merosini o‘rganish bo‘yicha o‘ziga xos ilmiy maskanlarga aylangani barchamizga ma’lum.
Qarorda hozirgi murakkab va tahlikali davrda mustaqilligimizni har tomonlama mustahkamlash, tariximizning noma’lum sahifalarini tiklash va ilmiy nuqtayi nazardan chuqur o‘rganish, inson, uning haq va erkinliklarini oliy qadriyat sifatida e’tirof etish, shu asosda yurtdoshlarimiz, ayniqsa yosh avlodning Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuyg‘usini, fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish, ularni bugungi tinch, erkin va ozod hayotning qadriga yetish ruhida tarbiyalash muqaddas burchimiz ekanligi alohida ta’kidlab o‘tilgan.
Qarorda chor Rossiyasi va sovet mustamlakachiligi davrida qatag‘on qilingan yurtimiz farzandlarining fojiali taqdirini keng ko‘lamli va rejali tarzda tadqiq etish hamda natijalarini ommalashtirish, o‘sha davrning atay sir tutilgan jumboqlarini ochish vazifalari qo‘yilgan. Biz ushbu qarordan behad ilhomlanib, qatag‘on qurbonlarining fojiali kechgan shonli hayotini sinchkovlik bilan o‘rganish borasida bor kuch-g‘ayratimizni ishga solishimiz, bu yo‘nalishdagi tadqiqot va nashr ishlarini yangi bosqichga olib chiqish uchun astoydil harakat qilmog‘imiz lozim.
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
103
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
614
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
611



