Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


19.07.2025 | 12:44

img1086

“QABR”NING 23 MILLIONLIK JABRI

“Samarqand shahrida ilk marotaba, 7 yoshdan 70 yoshgacha, o‘tkir syujetli “Qabr” filmiga kinokasting! Shoshiling, imkoniyatni qo‘ldan boy bermang! Manzil: Pastdarg‘om tumani madaniyat bo‘limi zali”.

Ushbu e’lon katta-kichikni birdek qiziqtirib, shoshirib qo‘ydi. Viloyatlarda bunaqa kasting-pastinglar hadeganda bo‘lavermaydi-da! Qolaversa, film rejissyori Ahmad Qiyomsho poytaxtdan kelgan. Qo‘lida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Yangiyo‘l shahar kengashi yosh rejissyorlar to‘garagi rahbari, degan guvohnomasi ham bor.

Hech qancha vaqt o‘tmay, madaniyat bo‘limining eshigi yopilmay qoldi. Ayniqsa, filmning keng qamrovliligi, bir emas besh nafar bosh qahramon va katta-kichik yoshdagi yordamchi qahramonlar obrazidan iboratligi ko‘pchilikda tanlovdan o‘tishga ishonch uyg‘otib, orzumand ko‘ngillarga shuhrat alangasini soldi.

Har tomonlama munosib nomzod

– O, siz bosh qahramonimga juda o‘xshaysiz. Sizdan mos variant ko‘rmadim! – dedi Ahmad Qiyomsho o‘zini Shahruz Imomov deb tanishtirgan, baland bo‘yli, 26 yoshli nomzodni olqishlagan kabi qarsak chalib. – Faqat 1 ming 200 dollar to‘lovi bor. Kasting talabi shunday: har kim o‘z roli uchun ketadigan sarf-xarajatni o‘zi qoplaydi. Bosh qahramon bo‘laman deganlar juda ko‘p, xarajatiga ham tayyor, faqat ularning qiyofasi mos kelmayapti. Kinoda mashhur aktyorlar ham o‘ynaydi, tanilib ketasiz. Vaqt qisqa, kechgacha o‘ylab ko‘ring.

Yigit uchun shart sodda ko‘rindi, “shu bilan “yulduz” bo‘lib ketsam-a”, degan o‘yda kerakli pulni keltirib berdi. Rejissyor bu bilan cheklanmadi, Shahruzga quyuq va’da berib, syomka uchun hashamatli uy topishni ham yuklab yubordi.

Bu yoqda Botir Gʻafforov ham kechadan beri uchib yuribdi. Yotsa ham, tursa ham xayolida kinoyulduzlik. Kimsan Yodgor Sa’diyev bilan birga rol o‘ynarmish. Rolini birov ilib ketmasligi uchun 900 dollarni to‘lab qo‘ydi. Hademay poytaxtga ketishadi…

– Omadim chopdi, ikkinchi bosh qahramonga mendan ko‘ra mos nomzod topilmabdi, onajon, – deya qayta-qayta volidasini quchardi u.

Yosh iqtidorlarni izlab…

7-sinf o‘quvchisi Halimjon aktyor bo‘lishni orzu qiladi. Maktabda o‘tkaziladigan turli tadbirlar usiz o‘tmaydi.

“Qabr”ga ishtirokchilar saralanayotganini eshitgan kuni o‘zini qo‘yarga joy topolmadi. Dars nihoyasiga yetgach, amakivachchasi Anvar bilan kastingga yo‘l oldi.

– Aslida aynan sizga o‘xshash yosh talantlarni kashf etish uchun kelganman bu yerga, – dedi ularni xursand kutib olgan rejissyor. – Qishloqlarda iqtidorlilar ko‘p, ular mehnat va musaffo tabiat bilan uyg‘un ulg‘ayishgani uchun rollarni tabiiy ijro etish qobiliyatiga ega bo‘lishadi. Siz ana shunday yoshlardansiz, ko‘zingizda katta iqtidor uchqunlarini ko‘ryapman, imkonim bo‘lganida bepul qabul qilardim. Ammo bozor iqtisodi bunga yo‘l bermaydi. Sizbop ikki o‘rin qolgan-u, to‘lov masalasi bor-da…

– Ota-onam yaqinda Rossiyada ishlab keldi, pullari ko‘p, men uchun ayamaydilar, – dedi Halimjon “meni tanlang, iltimos”, degandek yalingannamo termilib.

– Xo‘p, seni Yodgor Sa’diyevning nabirasi roliga olaman, faqat ro‘yxatga olishim uchun dastlab 300 ming so‘m, keyin syomka uchun 150 dollar berasan, – dedi Ahmad.

So‘ng Anvarga o‘girildi:

– Sen 50 dollar bersang, buni o‘rtog‘i rolida o‘ynaysan.

Halimjonning otasi o‘g‘lining ra’yini qaytarmadi, faqat ish boshidagi kishini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, ishonch hosil qilishi kerakligini aytdi. Taklifni eshitgach, Ahmad Halimjonga ergashib ularnikiga keldi. Otaga guvohnomasini ko‘rsatdi, ma’lumotlar berdi. Chippa-chin ishongan ota unga 300 ming so‘mni tutqazdi. Shu kuni Anvar ham aytilgan mablag‘ni keltirib berdi.

Uch-to‘rt kun o‘tib Ahmad Halimjonni chaqirib, 150 dollarni to‘lashni tezlatishini, aks holda o‘rniga boshqa talabgorni olishini eslatdi. Zum o‘tmay bu talab ham bajarildi…

8 KUNDA 23 MILLION SO‘M

Xullas “Qabr” ko‘pchilikni o‘ziga tortdi. 8 kunlik kastingda 30 nafar havasmand qatnashib, ulardan 13 nafari, to‘g‘rirog‘i, “soqqa” berganlarning deyarli barchasi tanlab olindi. To‘lov miqdori ham rollardagi mavqelariga ko‘ra turlicha bo‘ldi. Jami 23 million 619 ming 814 so‘m mablag‘ rejissyorga qo‘shqo‘llab topshirildi!

Nihoyat, intiqib kutilgan kun keldi. Jamoa Toshkent sari otlandi. Yo‘l xarajatlari ham “bo‘lg‘usi yulduz” hisobidan qoplandi. Poytaxti azimga kelgach, bir restoranda atigi 3-4 daqiqalik syomka bo‘ldi. Yodgor Sa’diyev kutilmaganda gastrolga ketib qolgan ekan, boshqa aktyor bilan suratga tushishdi. Filmning qolgan sahnalari Samarqandning turli go‘shalari – ko‘ngilochar joylarda, kollej oldida, Botir Gʻafforovning tog‘asiga tegishli hashamatli hovlida, Juma shahridagi bilyardxonada olindi…

Xorij uchun 4 ming 800 dollar

Ahmad Qiyomsho baquvvat sarmoyador, bosh rol ijrochisi Shahruz Imomovga yana qo‘ng‘iroq qilib, yoniga tez yetib kelishini, zo‘r yangilik borligini aytdi.

– Hozirgina rahbariyat bilan gaplashdim, filmning davomini xorijda olinglar, degan topshiriq bo‘ldi, to‘rtta davlatga ketamiz, – dedi Ahmad Shahruzni quchoq ochib kutib olarkan. – Shunga 4 ming 800 AQSH dollari to‘lashingiz kerak bo‘lyapti. Faqat sizni olib ketamiz, qolgan barcha lavhalarni olib bo‘ldik. To‘lov indindan kechikmasligi kerak. Keyingi oy uchib ketamiz.

Ahmadning yonidan “xo‘p bo‘ladi” deb chiqqan Shahruzni bu gal gumonlar chulg‘ay boshladi: “Bir rol uchun 6 000 dollar! O‘zi shu paytgacha qilinayotgan ishlar ham rostga o‘xshamayapti, taniqli aktyorlarning qorasini ko‘rmadik”.

Bunday shubhalar boshqa ishtirokchilarning ham ko‘nglidan o‘tayotgan edi. Farzandlaridan syomka jarayoni haqida eshitgan ota-onalar firibgarning tuzog‘iga tushganini anglagan, tegishli huquqni muhofaza qilish idorasiga murojaat qilib ham ulgurgan edi.

Shahruz ham aldanganini, firibgarlik qurboni bo‘lganini sezdi-yu, holat yuzasidan tegishli idoraga arz qildi. O‘z navbatida zarur choralar ko‘rilib, Ahmad Shahruzdan pulni olayotgan vaqtda guvohlar ishtirokida qo‘lga olindi.

Qanday jazo berildi?

Sud Ahmad Qiyomshoning harakatlarini Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandiga ko‘ra, firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni takroran qo‘lga kiritish deb topildi. Unga aybiga to‘liq iqrorligi va pushaymonligi, oilaviy sharoiti, jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar to‘liq bartaraf qilinganini hisobga olib, har oylik ish haqidan 20 foiz miqdorida davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.

Qonunbuzar-ku, o‘ziga yarasha “ulush”ini oldi, tavbasiga tayanib, ko‘zi ochilgan bo‘lsa ajabmas. Lekin oson yo‘l bilan nom qozonish, “puch yulduzlik” shtammiga chalingan jigarso‘xtalar-chi? Ular ham tayinli bir xulosaga kelishdimikan?

Nurxon ELMIRZAYEVA,
jurnalist

Jinoyat ishlari bo‘yicha Pastdarg‘om tuman sudida ko‘rilgan jinoyat ishi materiallari asosida yozildi.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 11-iyuldagi 28-sonida


OG‘RIQ NUQTA

Statistik ma’lumotlarga köra, bugungi kunda mamlakatimizda örta hisobda kuniga 137 ta oila rasman ajraşmoqda. Şuningdek, joriy yilning birinçi yarmida 24 ming 815 oilaning nikohi qonunan bekor qilinib, ötgan yilning şu davriga köra bu raqam 6,3 foizga köpaygan. Bu sanoq faqat ajrimgagina oid, uning oqibatida ma’naviy-ruhiy jabr körgan bolalar va ular çekayotgan iztiroblar adadi faqat Yaratganga […]

17.11.2026 | 14:24

img131

ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img227

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img711