Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


26.12.2024 | 09:34

img4096

TARBIYANING OLTIN QOIDALARI

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning maktablarda musiqa madaniyati, jismoniy tarbiya va chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanlarini o‘qitish sifatini oshirish bo‘yicha qabul qilgan qarorlari sohada tub islohotlarni boshlab berdi.

Muxbirimiz bu borada Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farhod Boqiyev bilan suhbatlashdi.

– Qabul qilingan qarorlarda uch fanga alohida e’tibor qaratildi. Bunga zarurat nimada edi?

– Albatta, bu bejiz emas. Bir qaraganda bu uch fanning o‘zaro aloqasi kamdek. Lekin ularning “ichiga” kirsak, qanchalik bir-biriga payvand ekanini ko‘ramiz. Musiqa qalbga, jismoniy tarbiya badanga, harbiy ta’lim ruhga qudrat beradi. Ular bir-birini taqozo qiladi.

Arastu “Ma’lumki, musiqa axloqqa ta’sir qiladi. Shunday ekan, uni, albatta, yoshlarni tarbiyalovchi fanlar ro‘yxatiga kiritish lozim”, degan edi. Bilasiz, yoshlar – har qanday mamlakatning ertasi, kuch-qudrati, ishongan tog‘i, yashnagan bog‘i. Ular qoruvli, yovqur, jismonan baquvvat, ruhan va ma’nan sog‘lom, bilimli, jasur bo‘lsa, el-yurtning kelajagi yorug‘ va farovon bo‘ladi.

Bugun dunyo shiddat bilan globallashmoqda. Bunday sharoitda yoshlarni tarbiyalab, ularda yot g‘oyalarga immunitet paydo qilib, qalbini san’at, jismini mashq, ruhini vatanparvarlik hissi bilan to‘ldirish biz kattalarning zimmasida.

– Xalqda “Bolam toshbag‘ir bo‘lmasin, desang, uning qo‘liga dutor ber”, degan naql bor. Shuning ma’nosini o‘qituvchilarga qanday tushuntirgan bo‘lardingiz?

– Musiqaning inson ruhiga ta’sir qilishi haqida Abu Rayhon Beruniy, Faxriddin Ar-Roziy, Alisher Navoiy va boshqalar ko‘p va xo‘b aytishgan. Sharqning buyuk mutafakkirlari musiqani bola ruhiyatiga ta’sir etuvchi samarali vositalardan biri, deb bilgan.

Ular musiqaning komil insonni shakllantirish bobidagi imkoniyatlarini ochib berishgan. Bu buyuk meros hech qachon o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Aksincha, biz uchun moʻtabar milliy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Musiqa bolalarga kuy, ohang tovlanishlari, turli xil jaranglar vositasida borliqni anglatadi. Musiqa – tovushlarda ochiladigan his-tuyg‘ular to‘plami, guldastasi. Musiqa inson qalbiga ta’sir qilish kuchiga ko‘ra yetakchi san’atdir.

– Prezidentimiz musiqa fani o‘qituvchilari bilan bog‘liq muammolar haqida ham gapirib, ularning yechimi bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.

– Ta’lim islohoti birinchi navbatda bevosita o‘quvchi bilan ishlaydigan o‘qituvchiga bog‘liq. Prezidentimiz e’tiborni mana shu nozik, hassos va mashaqqatli pedagogik ishning o‘zagiga qaratdilar. Masalan, hozir respublikamiz bo‘yicha musiqa o‘qituvchilarining 21 foizi o‘rta maxsus ma’lumotga ega. Ya’ni, ular professional cholg‘uchi emas. Buning ustiga, musiqa o‘qituvchilarining malaka oshirish tizimida muammolar bor edi. Cholg‘u sirlarini yaxshi biladigan San’at va madaniyat instituti bitiruvchilari esa o‘qituvchilikka qabul qilinmasdi. Endi bunday oliy ta’lim muassasalarining musiqa yo‘nalishi bitiruvchilariga ham maktablarda ishlash uchun ruxsat berildi.

Bundan buyon musiqa o‘qituvchilarining bilim darajasi va kasbiy mahorati baholanib, malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu yo‘nalish bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalari, o‘qituvchilarga toifa berishning yangi tartibini ishlab chiqishga kirishildi. Shuningdek, milliy sertifikat berish tizimi ham joriy qilinadi. Musiqa o‘qituvchisi milliy cholg‘u asboblaridan kamida bittasini ijro etish ko‘nikmasiga ega bo‘lishi talab etiladi.

– Maktablarda o‘qitilayotgan jismoniy tarbiya darsini isloh qilish zarurati haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz. Siz buning milliy, tarixiy, zamonaviy negizini nimalarda ko‘rasiz?

– Ilgari o‘g‘il va qiz bolalarning har faslga mos o‘yinlari bo‘lgan. Ana shu o‘yinlar orqali ularda kuch, iroda, mardlik, tirishqoqlik, chidamlilik kabi xislatlar tarbiyalangan. Bir qator arxeologik topilmalar, tarixiy qo‘lyozmalar ham shundan guvohlik beradi. Qadimgi Baqtriya hududidan topilgan jez davriga oid silindrsimon sopol idishda ikki polvonning o‘zaro bellashuvi tasvirlangan. Bu noyob topilma milliy kurash miloddan bir yarim ming yil avvalgi davrlarda ham bobolarimiz hayotining ajralmas qismi bo‘lganidan dalolat beradi. Alpomishning turli bahs va kurashlarda namoyon etgan qahramonliklari ham qadimda xalqimiz ommaviy sport orqali o‘z farzandlarini mard va jismonan baquvvat qilib tarbiyalaganiga misoldir.

Qizlar ham yigitlardan qolishmagan. “Alpomish” dostonida Barchinning or talashib qalmoq polvonlari bilan kurashga tushishi haqidagi epizod bor. Azaldan o‘zbek yigitining belbog‘i, qizining ro‘moli oddiy mato emas, balki mardlik, or-nomus, hayo, sadoqat, poklik ramzi sanalgan. Lafzida sobit yigitlar “belida belbog‘i bor” deb madh etilgan. Bugun milliy tarbiyamizning ana shu oltin qoidalari tiklanmoqda.

Mutaxassislarimiz o‘quvchi yoshlarni ommaviy sportga keng jalb qilish yo‘llarini o‘rganib chiqdi. Ommaviy sport orqali o‘quvchilar salomatligini yaxshilash va jamoaviy birdamlik ruhini rivojlantirishning yangi imkoniyatlari ochildi. Atoqli nemis adibi Viktor Gyugo aytganidek, “Ruhiy matonat uchun jismoniy matonatni kuchaytirib turish kerak”.

Biz futbolni har bir maktabda ommalashtiryapmiz. Ushbu sport turi bolada jamoaviylik va birgalikda ishlash ko‘nikmasini shakllantiradi. Voleybol, basketbol o‘yinlari ham o‘quvchilar uchun juda qiziqarli va foydali. Bular ham o‘smirlarda muvozanat va tezkor qaror qabul qilish qobiliyatini rivojlantiradi. Aql mashqi bo‘lgan shaxmat ham e’tiborimizdan chetda emas. Maktablarda stol tennisi musobaqalari, tennis bo‘yicha kichik turnirlar tashkil qilinmoqda. Bu, ayniqsa qizlar uchun qulay, moʻtadil sport turi.

Kelgusi o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich maktab sport klublari tashkil qilib, 22 ta olimpiya, 19 ta noolimpiya, 4 ta milliy sport turlarini o‘rgatish ko‘zda tutilgan. O‘qituvchilarni tayyorlash tizimi mana shu vazifalarni bajarishga yo‘naltiriladi.

– Bugungi kunda harbiy vatanparvarlik tarbiyasi milliy g‘urur va jangovar ruhning yuksak darajasini talab qiladi. Bunda chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik fani oldiga qanday yangi vazifalar qo‘yilmoqda?

– Maktab o‘quvchilarini yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning vertikal tizimini yaratish orqali o‘quvchi yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqamiz. Bu borada oliy ta’lim muassasalarida shu yo‘nalish bo‘yicha pedagoglar tayyorlashni tubdan o‘zgartirish, malaka talablari va ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berilgani ayni muddao bo‘ldi.

Respublikamizda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash tizimi “Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi, faol hayotiy pozitsiya”, degan yangi, aniq g‘oyaviy tamoyilga asoslanadi. Bu tamoyil fanning ma’naviy-mafkuraviy o‘zagini, talabini belgilab berishi ko‘zda tutilgan. O‘quv dasturi va darsliklar shu yangi tamoyil asosida qayta ishlab chiqilmoqda. Ushbu fanning haftasiga ikki soatdan o‘qitilishi samaradorlikni keskin oshiradi.

Harbiy vatanparvarlik tarbiyasi to‘rt bosqichda amalga oshiriladi. Endi 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 15 yillik tarbiyasi 4 bosqichda, tartib bilan amalga oshiriladi. Bog‘cha tarbiyalanuvchilariga oila, Vatan, milliy qadriyatlar tanitiladi. Ikkinchi bosqichda (1–4-sinf) mustaqillik tushunchasi, davlat ramzlariga hurmat va intizom kabi hayotiy ko‘nikmalar; uchinchi bosqichda (5–9-sinf) huquqiy ong, milliy g‘urur, buyuk ajdodlarga munosib voris bo‘lish; va nihoyat, yuqori sinflarda (10-11-sinf) harbiy xizmatga qiziqish oshiriladi.

– Islohotlar doirasida “Jasorat maktablari” deb atalgan harbiy-vatanparvarlik tarbiyasining yangi modeli ishga tushishi ma’lum bo‘ldi. Bu modelning xususiyatlari nimada?

– Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash tizimi bilan harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari orasida bevosita aloqa, hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi nazariya bilan amaliyotni birlashtiradi. Ya’ni, respublikadagi har bir tuman va shaharda bittadan “Jasorat maktablari” faoliyati yo‘lga qo‘yilib barcha umumta’lim maktablari uchun harbiy vatanparvarlik yo‘nalishida tayanch maktab vazifasini o‘taydi.

Vatanga muhabbat va harbiy qadriyatlarni targ‘ib qiluvchi maxsus festivallar tashkil qilinadi. Milliy qadriyatlar, harbiylar haqida filmlar namoyishi, vatanparvarlik mavzusida musobaqalar o‘tkaziladi. O‘quvchilarni harbiy qismlarga ekskursiyaga olib boramiz.

Endi harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi Uzluksiz ma’naviy tarbiya Konsepsiyasiga hamohang ravishda amalga oshiriladi. Yozgi ta’til davomida o‘quvchilar uchun maxsus harbiy-sport oromgohlari tashkil etiladi. Unda yoshlar harbiy hayotni o‘rganadi, maxsus ko‘nikma va jismoniy mashqlar bilan tanishadi.

Yoqubjon MENGZIYOYEV suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2024-yil 20-dekabrdagi 52-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605