Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


16.01.2025 | 10:28

img1088

TILIMIZNING “TEMIR” QOIDALARI

Nutq madaniyatiga qo‘yiladigan talablar ko‘p. Ular orasida eng birinchisi – adabiy til me’yorlariga og‘ishmay amal qilish. Keyin nutqning to‘g‘riligi, ravonligi, ta’sirchanligi, aniq-tiniq maqsadga qaratilgani kabi sifatlar turadi.

Nutq madaniyati hamma uchun birday kerak. Ayniqsa, o‘qituvchining nutq madaniyatini yuksaltirish jamiyat taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki o‘qituvchi, sohasidan qat’i nazar,  har qanday ilm-fan asoslarini aynan adabiy til talablariga to‘liq javob beradigan, ravon, to‘g‘ri va ta’sirchan nutqi orqaligina o‘quvchi ong-tafakkuriga singdiradi.

Ammo, ko‘pchilik, shu jumladan, o‘qituvchilar ham o‘zbek tili qonun-qoidalariga qat’iy amal qilib kelyapti, deb aytish qiyin. Chunki adabiy tilni puxta bilishning ko‘p-ko‘p talablari mavjud. Eng muhim talab esa – adabiy til me’yorlarini yaxshi bilish. Aksariyat kishilar o‘zbek adabiy tili me’yorlarini tinimsiz buzadi. Albatta, ko‘plar adabiy til bo‘yicha savodxonlik darajasi juda pastligi uchun ularga amal qila olmaydi. Lekin aksariyat hollarda  tuppa-tuzuk savodga ega shaxslar ham xato qilaveradi. Eng qizig‘i, xatolar bir-biriga o‘xshash bo‘ladi. Ya’ni, ko‘pchilik aynan u yoki bu nuqtada adashadi. Til ilmida bunday anglashilmovchiliklar tipik, ko‘p uchraydigan xatolar hisoblanadi.

Og‘zaki yoki yozma matnlarda uchraydigan tipik xatolarning asosiy qismi  o‘zbek tilidagi qat’iy, ya’ni “temir” qoidalarni yaxshi bilmaslikdan kelib chiqadi. Bunday nuqtalar esa bir nechta.

Biz shular haqida so‘z yuritishni ko‘zladik. Bunday xatolar tahlili orqali tilimizning o‘ziga xos va mos jihatlari haqida keng, nisbatan yaxlit bir tasavvur uyg‘otishga harakat qilamiz.

Xo‘sh, o‘zbek tilining “temir” qoidalariga nimalar kiradi?

Ularni quyidagicha tasnif qilish mumkin:

1. Miqdor sonlarni ifodalashdagi “temir” qonun.

O‘zbek tili Oltoy tillar oilasining turkiy tillar guruhiga mansub. Turkiy tillarda miqdor sonlar qo‘llanganda, ular bilan birga kelgan ot turkumiga mansub so‘z, albatta, birlikda qo‘llanadi. Miqdor sonlar “ta”, “dona”, “nafar”, “bosh”, “litr”, “gramm”, “kilogramm”, “sentner”, “tonna”, “millimetr”, “santimetr”, “detsimetr”, “metr”, “kilometr” va boshqa so‘zlar bilan ifodalanadi.

Albatta, 1 tadan ortiq har narsa mantiqan ko‘p hisoblanadi. Shuning uchun rus tilida
1 tani ifodalab kelgan sanoq son именителний падежning birlik shaklida turlanadi (“одна ручка”). 2 tadan 4 tagacha bo‘lsa, родительний падежning birlik shaklida turlanadi (“две ручки”, “три ручки”, “четыре ручки”). 5 tadan to 20 tagacha  родительний падежning ko‘plik shaklida turlanadi (“пять ручек”, “шесть ручек”, “семь ручек”, … “двадцать ручек”). 21 tadan to 24 tagacha xuddi 1 tadan 4 tagacha bo‘lgan qoida ishga tushadi. 31 tadan 34 tagacha, 41 tadan
44 tagacha va hokazo holatlarda ham  shu gap. Buning ustiga, oraga jins (род) masalasi ham tushadi. Мужской va средний родdagi so‘z, tabiiyki, biz misollar keltirgan женский родdagi so‘zdan boshqacha turlanadi.

Rus tilida birgina masala ifodasi bo‘yicha shuncha qonun-qoida bo‘lsa ham, bu borada deyarli hech kim xatoga yo‘l qo‘ymaydi. Sababi oddiy: shu qoidalar maktabda puxta-pishiq o‘rgatiladi.  

O‘zbek tilida sanoq sonlarni ifodalashning bittagina qat’iy qoidasi – bor: 1 ta bo‘ladimi, 10 tami, 100 tami, 1000 tami, 1000 000 tami – baribir, sanoq sondan keyin keladigan ot, albatta, birlikda ifodalanadi, vassalom:
“1 ta traktor”, “10 ta traktor”,  “100 ta traktor”, “1000000 ta traktor”…

To‘g‘risini aytganda, oddiydan oddiy qoida bu. Eng muhimi, uni olimlar o‘ylab topgani yo‘q. Xalq shunday gapiradi. Tilning tabiati shuni taqozo etadi.

Taassufki, gazeta yoki jurnal, radio yoki televideniye muxbiri, bloger suhbatdoshidan: “Necha nafar  bolalaringiz bor?” – deb so‘raydi. “Necha nafar bolangiz bor?” – deyishi kerak emasmi?! Yoki: “Dalada 100 ta traktorlar yer haydayapti”, – deyishadi yoki shunday deb yozishadi.

Axir, xalq to‘g‘ri gapirsa, adabiy tilda shu xalq varianti me’yor qilib belgilangan bo‘lsa, jurnalistlarga o‘zbek tili va nutq madaniyati o‘qitilsa, bunday xato nega buncha ko‘p takrorlanyapti?

Og‘riqli savol bu, rosti. Og‘riqli tomoni shundaki, bunday “savodxonlar” o‘zbekcha gapirayotganda ham ruscha fikrlaydi. Chunki rus tilida: “Сколко детей имеете?” yoki “Поля пахнут пашут 100 тракторов”, – deyiladi, ya’ni sanoq sondan keyin kelgan ot ko‘plikda turlanadi va o‘sha eganing ish-harakatini bildirgan fe’l ko‘plikda tuslanadi-da.

 2. Ega ko‘plikda bo‘lsa ham, fe’l-kesim birlikda tuslanadi.

Bu ham o‘zbek tilining “temir” qoidalaridan biri hisoblanadi. Masalan, “Odamlar keldi”, “Barglar to‘kildi”, “Qo‘ylar qaytdi”. Buni, aytaylik, tojik tiliga tarjima qilsak: “Odamho omadand”, “Bargho rextand”, “Go‘sfandho  gashtand” bo‘ladi. Ya’ni fe’l-kesim ham ko‘plik shaklda tuslanadi. Bu qoida Hind-Yevropa oilasiga mansub, masalan, rus, tojik  tillarida uchramaydi.

Afsuski, ayrim nashrlarda tez-tez: “Odamlar keldilar”, “Barglar to‘kildilar”, “Qo‘ylar qaytdilar”, degan tilimiz tabiatiga mutlaqo zid variantlarga duch kelamiz.

3. Majhul daraja fe’lda bir marta qo‘llanadi.

Bu ham tilimizning “temir” qoidasi. “Keldi” bo‘lsa, aniq daraja hisoblanadi. “Kelindi” desa, majhul daraja bo‘ladi. Bundagi “-n” ana shu majhullikni bildirib turibdi. Shunga qaramasdan, ko‘p matnlarda “qo‘llanildi” degan shaklga duch kelamiz. Bundagi “-n” ham, “-il” ham – majhullikni bildiradi. Ayniqsa, diniy soha vakillarining amri ma’ruflarda “o‘qilgan oyatlar”, “qilingan duolar” deyish o‘rniga “o‘qilingan oyatlar”, “qiliningan duolar” deyishi oshib tushadi.

Adabiy til me’yorlari hamma uchun bir xil emasmi? Bu bilan imomlar o‘zlarining bilimi boshqalarnikidan ustunligini ko‘rsatmoqchi bo‘lishadimi? Sabab nima o‘zi?

4. “Qat’i nazar”ni “qat’iy nazar” deb ishlatish.

Tilimizda arab tilidan o‘tgan “qat’iy” degan sifat bor. U xuddi “tabiiy”, “ilmiy”, “badiiy”, “ijtimoiy” kabi bir shaklda keladi. Lekin, axir, “qat’i nazar” degan izofada “qaramasdan” degan ma’no mavjud. “Bundan qat’i nazar”, deyilsa, “bunga qaramasdan” deb tushunamiz. Bu izofadagi “qat’i” so‘zi bilan “qat’iy” sifati o‘zaro paronim, ya’ni bir-biriga shaklan yaqin, faqat bir tovushda farqi mavjud so‘zlar hisoblanadi.

5. “Shuningdek” – kirish so‘z.

Kirish so‘zlar gap boshida kelsa, oxiriga, gap o‘rtasida kelsa, ikki tarafidan va gap oxirida kelsa, oldidan vergul qo‘yiladi. Bu ham qat’iy qoida. Lekin keyingi vaqtlarda rasmiy-idoraviy uslubga xos qonunlar yoki qonunosti hujjatlarda “shuningdek” so‘zi gap o‘rtasida kelsa, faqat uning oldidangina vergul qo‘yilayotganiga ko‘p duch kelyapmiz.

Xo‘sh, gap nimada o‘zi?

Hamma gap shundaki, rus tilida “shuningdek” ma’nosini beradigan “а также”  kirish so‘z hisoblanmaydi va shuning uchun u gap o‘rtasida kelsa, faqat oldidangina vergul qo‘yiladi. Rasmiy-idoraviy hujjatlar ko‘pincha avval rus tilida tayyorlanadi, so‘ng o‘zbekchaga o‘giriladi. Keyin ikkalasi tinish belgilari jihatidan ham bir xil bo‘lishiga harakat qilinadi. Oqibatda o‘zbek tilining “temir” qoidasi qo‘pol ravishda buziladi.

6. “Dedi” o‘zbek tilida ko‘chirma gapdan keyin keladi.

Rus yoki tojik tilida birovning aytgan gapi keltiriladigan bo‘lsa, avval “dedi” keladi, keyin o‘sha aytilgan fikr. Asrlar mobaynida adabiy tilimizga fors-tojik tilining kuchli ta’siri bo‘lgan. Shunday bo‘lmaganida edi, Alisher Navoiy “Farhod va Shirin” dostonida:

Dedi: “Qaydinsen, ey majnuni gumroh?”
Dedi: “Majnun Vatandin qayda ogoh?” –

deb yozmagan bo‘lur edi. Ya’ni, turkiy tilning talabiga ko‘ra, “dedi” gapning oxirida kelishi lozim edi. Ayni savol-javob Nizomiy Ganjaviyning “Xusrav va Shirin” hamda  Xusrav Dehlaviyning “Shirin va Xusrav” dostonlari syujeti yo‘nalishidagi nazira bo‘lgani uchun shoir taqlidan shunday forsiyona yo‘l tutgan, albatta. Holbuki, Navoiy  aynan turkiy til talabi bo‘yicha “demoq” fe’lini jumla oxiriga olib qo‘llagan misollar ham ko‘p. Masalan, “Navodir ush-shabob”ning 483-g‘azali matla’sida:

Qoshi yosinmu deyin,
ko‘zi qarosinmu deyin,
Ko‘ngluma har  birining
dard-u balosinmu deyin? –

tarzida sof turkona “temir” qoidaga amal qilingan, ya’ni “deyin” so‘zi jumla oxiriga tushgan.

Mayli, she’r tili ko‘chirma gapdan oldin “dedi” so‘zini qo‘llab, bunday sun’iylikka yo‘l qo‘yishni ko‘taradi. Lekin hozirgi nasrimizda ham tuppa-tuzuk yozuvchilarimizning asarlarida ham: “Falonchi: “…”, – dedi”, – tarzida jumla tuzish urchigandan urchib yotibdi.

7. “Mazkur” – boshqa, “ushbu” – tamoman boshqa so‘z.

Soddaroq qaralsa, bu ikkalasi o‘zaro ma’nodosh, ya’ni sinonimga o‘xshab ko‘rinadi. Holbuki, o‘rtada juda jiddiy va o‘ta nozik tafovut bor.

“Mazkur” so‘zi arab tilidan olingan. U “zikr olingan”, ya’ni “tilga olingan” degan ma’noni anglatadi. Deylik bir farmon qabul qilindi. Kimdir uni sharhlayapti. U so‘zining boshida, tabiiyki, farmonning nomini to‘liq keltiradi. Keyin esa yana bu nomni to‘liq takrorlab, gapni cho‘zib o‘tirmaslik uchun “mazkur farmon” deydi. Bunga uning to‘la huquqi mavjud. Bu yerda til qoidasi aslo buzilmaydi. Talab shuki, “mazkur” kalimasini ishlatish uchun avval u anglatgan narsa yoki hodisani bir bor tilga olgan bo‘lishingiz kerak.

“Ushbu” – sof turkiy so‘z. Aniqrog‘i, u “bu” olmoshining mumtoz shakli hisoblanadi. Rasmiy-idoraviy uslubda saqlanib qolgan. Marhamat. Bunga hech kim qarshi ham emas. Masalan, bir farmon yoki qaror qabul qilinyapti. Oxirida uning ijrosi uchun mas’ullik kimga yoki kimlarga yuklatilgani qayd etiladi. Shunda “ushbu farmonning ijrosi” deb ishlataverish mumkin va bu juda to‘g‘ri ham bo‘ladi.

Biroq aksariyat hujjatlarda ana shu “ushbu” so‘zi o‘rniga “mazkur” qo‘llanadi-da. Holbuki, shu hujjatning ichida uni “mazkur” deyishga til tabiati ham, qonuniyati ham yo‘l qo‘ymaydi.

Xo‘sh, bunga sabab nima? Bu xatoni tuzatishga nima xalaqit qilyapti?

Gap shundaki, rus tilidagi “данный” (“данная”, “данное”) so‘zi, o‘rniga qarab, yo “mazkur”, yo “ushbu” deb o‘girilishi mumkin. Taxminan bundan yuz yilcha burun kimdir ruscha rasmiy-idoraviy hujjatlar tarjimasida “данный”ni “mazkur” deb o‘girgan. Shu-shu, bilib-bilmay hammamiz “mazkur”ni ma’qul ko‘ryapmiz. Bu xatoni tuzatish esa juda-juda qiyin kechyapti. Chunki kechagi hujjatda bu so‘z silliqqina o‘tgan, rahbarlar indamay imzo chekkan, bugun hech kimning yangilik qilishga jur’ati yo‘q. Holbuki, bu yangilik emas, aksincha, oddiygina o‘zbek tilining “temir” qoidasiga amal qilish, xolos.

Biz bu yerda nutq madaniyatida o‘zbek tilining “temir” qoidalariga bepisandlik bilan munosabatimizning bir qismi haqidagina so‘z yuritdik. Bunday muammolar esa til amaliyotida to‘lib-toshib yotibdi. Ularga qarshi jiddiy kurash e’lon qilinmas ekan, bunday noqisliklardan qutula olmaymiz.

Sultonmurod OLIM,
filologiya fanlari doktori, O‘zbekistonda xizmat  ko‘rsatgan madaniyat xodimi

“Jadid” gazetasining 2025-yil 10-yanvardagi 2-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596