Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


28.10.2025 | 12:33

img825

TARIX – IBRAT MAKTABI

Taniqli muarrix va adib, Qo‘qon davlat muzey-qo‘riqxonasi ilmiy xodimi Muhammad Yahyoxon XO‘QANDIY bilan suhbat

Musulmon dunyosida sharif shaharlar yettita bo‘lib, ulardan biri Buxoro ekani bizga cheksiz faxr va g‘urur bag‘ishlaydi. Dunyoda latif sifati qo‘shib aytiladigan shahar esa bitta – Xo‘qandi latif, ya’ni bugungi Qo‘qondir. Garchi “Boburnoma”da: “Rub’i maskunda Samarqandcha latif shahar kamrakdur”, deya baho berilgan esa-da, bu kent ko‘proq “zamin sayqali” sifatida shuhrat topgan.

Bobur Mirzo zamonida Qo‘qon turli jang-jadallardan keyin o‘rchin – shaharcha darajasiga tushib qolgandi. Hududning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy va adabiy taraqqiyoti “Oltin beshik” avlodlari hukmronlik qilgan Qo‘qon xonligi davriga to‘g‘ri keladi.

Ushbu davrga oid har qanday yangi fakt milliy tariximiz uchun izsiz g‘oyib bo‘lgan Xudoyorxon taxtining topilishiday muhimdir. Bu esa tadqiqotchilardan ulkan hafsala va fidoyilik talab qiladi. Yirik olim Muhammad Rotib Nablusiy “Ilmga boringni bermaguningcha, ilm senga hech narsa bermaydi”, deya ta’kidlaydi.

Ne baxtki, yurtimizda ana shunday ilmga jon-u jahonini bag‘ishlab, o‘tmish ummonining tubidan bebaho marjonlar terayotgan olimlar bisyor. Ulardan biri Muhammad Yahyoxon Xo‘qandiy (Yahyoxon Dadaboyev) haqida siz ham eshitgansiz. Qariyb yarim asrlik ilmiy izlanishlar natijasida tarixchining “Oltun beshik”, “Xo‘qandi latif manoqibi”, “Xo‘qandi latif hunarmandchiligi”, “Xo‘qandi latif me’morchiligi” kabi o‘ndan ortiq kitoblari,  50 ga yaqin monografiya hamda 700 dan ortiq maqolalari chop etilgan.

Ma’rifatparvar domla bilan Qo‘qon shahridagi Xudoyorxon o‘rdasining davlatxona qismida suhbat uyushtirdik.

* * *

– Assalomu alaykum! Domla, har xil kitob ko‘p. Lekin akademik darajadagi nashrlar juda kam. Siz qo‘l urgan xonliklar mavzusidagi tarixiy-badiiy kitoblarning qiymati shundaki, xalqimizga o‘tmishimizning qorong‘i tomonlarini yoritib beradi, savol belgisi ostidagi masalalarga oydinlik kiritadi. Yana nozik jihati ham bor: tojdorlar yo‘l qo‘ygan xato va nuqsonlar, monarxiya tabiatiga xos zulm va adolatsizlik, xurofotga doya bo‘lgan mutaassiblik va yana ko‘plab davr illatlarini bor bo‘yi bilan xolisona raqam etish ijodkordan juda katta matonat, mahorat va insof ham talab qiladi.

Bu borada amalga oshirgan ishlaringiz mevasi – “Oltun beshik” va “Xo‘qandi latif manoqibi” kitoblarini ham tarixiy, ham ilmiy, ham adabiy nuqtayi nazardan muhim manba deb aytishimiz mumkin. Bu kitoblarni yozish fikri qachon paydo bo‘lgan?

– Bu fikr 1977-yilda Qo‘qon shahar o‘lkashunoslik muzeyiga ishga kirganimda tug‘ilgan. Bu yerdagi eksponat va hujjatlar bilan tanishgach, kelib-ketuvchilarning savollariga quloq tutib, tarixni tiklash bo‘yicha qilinadigan ishlar hali ko‘pligini angladim. Chunki tashrif buyuruvchilar xonlar o‘zi qanday odam bo‘lgani, davlatni qanday boshqargani, ular haqida sovetlar olib borgan tashviqotlar qanchalik haqiqatga yaqinligiga qiziqardi. Ammo bu savollarga javob topib bera olmasdim. O‘zim Qo‘qon xonlari yashagan joyda ishlasam-u, ular haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘lmasam, uyat emasmi, degan xulosaga keldim. Shundan keyin imkon boricha ochiq va yopiq manbalarni, xalq orasidagi naqllarni o‘rgana boshladim.

Mustaqillikning ilk yillarida “Vatan” gazetasida “Turkiston xonlari” nomida turkum maqolalarim e’lon qilindi. Ularda Minglar sulolasiga mansub barcha 19 nafar hukmdor haqida baholi qudrat ma’lumot berildi. Maqolalarni o‘qigan yor-do‘stlar ularni bir kitobga jamlashni maslahat berdi. Biroq kitob chiqarish uchun hali vaziyat yetilmagan, avvalo, u paytlar garchi mustaqillikka erishgan bo‘lsak-da, xonlik haqida kitob chiqarish oson emasdi.

Shuningdek, maqolalar xomroq bo‘lib, arxiv hujjatlari asosida qayta ishlash zarur edi. U davrlarda hali arxivlar tadqiqotchilar uchun to‘liq ochilmagandi. Bundan tashqari, qo‘shni davlatlarga ilmiy safarlar qilishga o‘sha paytlardagi siyosiy vaziyat yo‘l bermasdi.

So‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilm-fanga berilayotgan e’tibor, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona siyosat natijasida boshlangan ishlarimni nihoyasiga yetkazish imkoniyati tug‘ildi. 2018-yilda “Xo‘qandi latif manoqibi”, 2025-yilda “Oltun beshik” (“Xo‘qand xonlari tazkirasi”) chop etildi.

– Yangi kitobingiz nomiyoq odamni o‘ziga tortadi. “Oltin beshik”, “oltin beshik avlodlari” kabi atamalarga turli manbalarda ko‘p bor duch kelganmiz. Qo‘qon xonligi ibtidosini aynan unga bog‘lashadi. Bu afsonami yoki haqiqat, ikkisining o‘rtasidagi chegara qayerda tutashadi-yu, qayerda ayro tushadi?

– Qo‘qon xonligi tarixini o‘rganish va yoritish ishlari xonlik davridayoq boshlangan. Hozirgi kungacha mavzuga aloqador to‘rt yuzdan ziyod manba yaratilgan. Kimdir mavzuga xolisona yondashib, manbalar asosida haqqoniy yoritishga harakat qiladi, kimdir badiiy effekt ketidan quvib xayolot arxividan olingan “qiziqarli” faktlar qo‘shadi. Kimdir tarixga faqat tanqidiy nazar bilan yondashsa, kimdir tarixning yomonini yashirib, yaxshisini oshirib yuboradi. Buni tabiiy hol deb bilaman. Har bir muallif o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi, tanlagan janri talablaridan kelib chiqadi.

Bu asarlarning 99 foizi xonlik va xonlik hayotining turli jabhalariga bag‘ishlangan. Xonlar tarjimayi holiga bag‘ishlangan alohida asarlar juda kam. Mana shu bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida asosan tarixiy manbalarga yondashib, mahalliy muarrixlardan tashqari Ovro‘pa sayyohlari, rus olimlari Nalivkin, Bartold va boshqa o‘nlab asarlarga murojaat qilindi. “Oltun beshik” kitobi ikki qismga bo‘lingan. Birinchi qismda “Oltun beshik” dostonining tiklangan, to‘ldirilgan, to‘liq holdagi matni, dostonning yaratilishi bilan bog‘liq omillar, dostonga asos bo‘lgan rivoyatning 12 xil talqini keltirilgan. Ikkinchi qismdan Xo‘qand xonlari, taxtga o‘tirish nasib etmagan xonzodalar, mashhur malikalar (oyimlar) haqida ma’lumot hamda ilovalar joy olgan.

“Oltun beshik” – xalq og‘zaki ijodi namunasi. Biroq uni g‘irt afsonaga chiqarib, inkor qilish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Rivoyatni afsonaviy unsurlardan tozalab qayta o‘qisak, undan xalqimizning, yurtimizning tarixiy manbalarda yozilmagan sahifalarini topishimiz mumkin. Holbuki, jahon miqyosidagi yirik arxeologik kashfiyotlarning bir qanchasi aynan afsona va asotirlar asosida amalga oshirilgan. Misol uchun, Genrix Shliman Troya shahri xarobalarini topishda “Iliada” va “Odisseya” dostonlariga tayangan bo‘lsa, ispan va portugal bosqinchilari oltinga boy afsonaviy “Eldorado” o‘lkasini izlab, Amerikaning Astek, Mayya makonlari, ibodatxonalari, ajabtovur inshootlari manzilini aniqlagan.

“Oltun beshik” rivoyati ham turli manbalar va xalq orasida sochilib ketgan edi. Qo‘qon xonligi haqida qirqtacha kitob bo‘lsa, ulardan 22 tasida shu rivoyat keltiriladi. Lekin bir-biridan farq qiladigan nuqtalari bor. O‘sha farqlar menga qo‘l keldi. Ular bir-birini to‘ldirdi. Keyin kemtiklarni butlash uchun xalqqa murojaat qildik. Talabalik davrimda novqat(Tojikiston)-lik aholidan rivoyatning o‘ziga xos talqinini eshitgandim, lekin to‘liq emasdi. To‘lig‘ini kim biladi, desam, Qurama tog‘i etaklaridagi elatlardan so‘rang, deyishgan. Shu tariqa, Tojikiston, Qirg‘izistondagi qurama, qipchoq, o‘zbeklardan dostonning turli talqinlarini yozib ola boshladim.

– Domla, dalillarga ko‘ra, Qo‘qon ikki ming yillik tarixga ega. “Boburnoma”da ham ikki-uch joyda o‘rchin – shaharcha tarzida tilga olinadi. Xonlik tarixi Bobur Mirzoga bog‘lanishi esa, chamamda, saltanatni legitimlashtirish, ya’ni Qo‘qon hukmdorlari “palagi” oliyshonlarga tutashadi, ular taxtga haqlidir, degan tasdiq uchun bo‘lsa kerak.

– To‘g‘ri. O‘sha davr qonuniyatiga ko‘ra, o‘zini davlatboshi deb e’lon qilishga faqat xos sulola vakili haqli bo‘lgan. Shunga ko‘ra, Sohibqiron Amir Temurdek zot ham umr bo‘yi Amir rutbasida faoliyat yuritgan.

– Endi suhbatni kitobning ikkinchi qismi – Qo‘qon xonlari mavzusiga bursak. Ular orasida hayoti va faoliyati eng bahsli, taqdiri eng ayanchli bo‘lgani – Sayyid Muhammad Alixon. Xalq orasida Ma’dalixon degan nom bilan mashhur bo‘lgan xon fojiasi qanday yuz bergan? Nahotki, ko‘pchilikka ayon bo‘lgan ma’lumotlar: xonning jaholatga botgani, o‘ziga ona maqomidagi ayolga uylangani rost bo‘lsa? Amir Umarxon va Nodirabegimday ziyoli, ijodkor, adolatpesha ota-onaning farzandi shunday qabihlikka qo‘l ursa? Hukmdorlik davrining o‘rtalariga kelib, Rossiya, Xitoy kabi imperiyalar bilan tengma-teng munosabatga kirishgan Ma’dalixon qanday qilib amir Nasrulloga yengildi?

– Xonning asl ismi Muboriziddin Sayyid Muhammad Alixon bo‘lib, taxtga o‘tirgandan so‘ng Abulmuzaffar val Mansur Sayyid Muhammad Alixon g‘oziy Bahodir binni Sayyid Muhammad Umarxon val-na’mi tarzida hujjatlarga bitilgan. Eng mashhur laqabi Ma’dalixon bo‘lib, bu shunchaki qisqartma bo‘lmay, “adl-u adolat manbayi” deganidir.

U bolalik chog‘laridan diniy-dunyoviy ilmlarni, harbiy ish va saltanatdorlik ilmini o‘rgangan. Shuningdek, husnixat, kandakorlik, yog‘och o‘ymakorligi, qurolsozlik, zargarlik va boshqa amaliy san’at sirlarini ham egallagan. Hali yosh chog‘idanoq harbiy yurishlarda alohida bir dastaga bosh bo‘lib, amaliyot o‘tagan. Otasi vafotidan keyin 17 yoshida Qo‘qon taxtiga o‘tirgan va 20 yil saltanat so‘ragan. Uning davrida xonlikda tinchlik hukm surgan, yurt obod, el shod bo‘lgan. Ma’dalixon chegaralarni mustahkamlagan, ichki nizolarga murosasiz zarba bergan. Mamlakat harbiy qudratini oshirish yo‘lida tizimli islohotlar o‘tkazgan. Tashqi siyosatda uzoqni o‘ylab ish ko‘rgan.

Ma’dalixon va Buxoro amiri Nasrulloxon to‘qnashuvi tariximizning eng mudhish sahifalaridan biridir. Amir qachon bo‘lsa-da, Xo‘qand xonligini bosib olish orzusida yurar edi. Ma’dalixonning muvaffaqiyatlari unga tinchlik bermas, ammo mintaqadagi eng yirik davlatga dabdurustdan hujum qilib bo‘lmasligini ham yaxshi anglardi. U zimdan urushga tayyorgarlik ko‘ra boshlagan.

Ma’dalixon ham avliyo emas, talay nuqsonlari bor, deylik, arazchi, kekchi, beqaror va o‘jar odam edi. Keyinchalik bularning yoniga maishatbozlik, kaltabinlik, qimorbozlik kabi illatlar ham qo‘shilgan. Oqibatda onasi Mohlaroyimning nasihatlariga ham quloq tutmay qo‘ygan. Ig‘vogarlarning gapiga ishonib, bir qancha davlat arboblari, iste’dodli sarkardalarni qatl ettirgan, surgun qilgan.

Xondan haq yoki nohaq jazo olgani uchun chekka-chekkada yurgan kuchlar asta-sekin birlasha boshlagan. Urush olovini yoqqan esa Ma’dalixonning sobiq tarbiyachilaridan, tarixchi Hakimxon To‘ra edi. Bu kishining ajdodlari xonlikda yuksak izzat-ikromda bo‘lib, Ma’dalixon o‘ziga ma’lum sabablar bilan ularni hokimiyatdan chetlatgandi. Alamzada to‘ra esa qulay fursat poylab yurardi. Nihoyat, 1840-yilda Ma’dalixon muxolifati Shahrisabzda unga qarshi faol harakat boshlaydi. Hakimxon To‘ra Eshon Shofe’iydan fatvo olib, xonga qarshi bo‘lib qolgan ukasi Sulton Mahmudxon nomidan Nasrulloxonga shunday noma yozadi: “Og‘am Muhammad Alixon otasining bevasini halol bilib nikohlab olibdi. Buxoroyi sharif ulamoning konidir. Bu masala bo‘yicha qanday hukm chiqargan bo‘lishar edi? Siz Movarounnahrning kattasi bo‘lasiz. Bu yaramas ishga nima deysiz?”

Maktub amirning orzulari qamalib turgan qo‘rg‘on eshigini ochish uchun kalit bo‘ladi. Amir darhol ulamoni to‘plab, maktubni ularga o‘qib beradi va bu masala bo‘yicha fatvo berishlarini so‘raydi. Ulamo kitob ko‘rib, Qur’oni Karimning “Otalaringiz uylangan xotinlarni nikohingizga olmang” oyati asosida kerakli fatvoni chiqarib beradi.

Bu Xo‘qandga qarshi yurish uchun bir bahona edi. Nasrulloxon ayni vaqtda Eron va Afg‘onistondan zamonaviy harbiy taktika va qurol-yarog‘lar bo‘yicha mutaxassislarni taklif qilib, qo‘shinini kuchaytirib olgandi. Ikki yil davom etib, goh Qo‘qon, goh Buxoro tomonning qo‘li baland kelib turgan kurash yakunida Ma’dalixon yengiladi. Ortiq qon to‘kilmasligi uchun o‘zini Nasrulloxon ayg‘oqchilari qo‘liga topshiradi.

Xudoyorxonzodaning “Anjum ut-tavorix” asarida shunday yoziladi: “Hijriy 1258-yili robiussoniy oyining o‘rtalarida (milodiy 1842-yil 12-may kuni mazkur oy kirgan) tun yarmidan o‘tganda Muhammad Alixon, Sulton Mahmudbek ibn Umarxon jannatmakon, Muhammad Aminbek ibn Muhammad Alixon, Muhammad Alixonning onasi Mohlaroyim, Muhammad Aminbekning onasi va uning homilador xotini, yana ikki nafar moʻtabar ayol bilan amir Nasrulloh Buxoriy hukmiga binoan ko‘shki xoniy bilan tutash bog‘da shahodat darajasiga yetkaziladi (qatl etiladi)”.

“Ma’dalixon onasiga uylangan” degan gap qayerdan chiqdi? Bu voqealarga Is’hoqxon To‘ra Ibrat o‘z munosabatini bildirgan: “Muhammad Alixon anosini oldi, degan so‘z afvohi nosda joriy bo‘lsa ham, bu so‘z rost bo‘lmay, buxoriylar qatllarini aybini satri uchun qilgan qabihalarini tavjihiga chiqarilmish so‘zlari ekan. Asl muddao bo‘lak ekan. Chunonchi, Umarxon olaman degan Podshohxon oyimni(ng) husnini eshitub, g‘oyibona maftuni jamoli o‘lub, muni anga sabab qilib kelgan. Asl visol muddao bo‘lsa ham, zohirda Muhammad Alixonni xalqni(ng) ko‘ziga osiy, gunohkor ko‘rsatib, shariatni poymol qildi, tanbeh darkor, deb kelib, qancha xonzoda va mazluma oyimlarni qatli bag‘ayri haq qilub, oxirulamr murod o‘shal oyim ekan, olub, muddaosiga yetib, Buxoroga olib ketib, Ibrohim xayol degan bir mang‘iti taryokiyni Muhammad Alixon o‘rniga qo‘yub ketib, bir necha oylardin keyin ahli Farg‘ona buxoriylarni shundoq dushman tutubdurlarki, xonzodalar va harimlar va joriyalarni so‘yub qilgan xuni bag‘ayri haqlarini Farg‘ona ahlini dimog‘iga mahkam o‘turub, bu shino’at va shaqovatni(ng) alami bulardan hech chiqmay, mang‘itiyadan bir kishi o‘ldursa, yetmish g‘ayri mujohirni qatli ila barobar, deb afvohi nosda joriy edi”.

Xonlikda yomon bir illat bor edi – taxt talashish. Bu juda katta talofat keltirdi. Hatto, 9 kun xon bo‘lganlar bor. Norbo‘tabiygacha taxt talashish bo‘lmagan. Oiladagi eng katta erkak – o‘g‘il yo uka bo‘lishidan qat’i nazar, taxtga ko‘tarilgan. Boshqalar so‘zsiz itoat etgan. Ammo keyingi davrdagi ichki nizolar xonlik rivojining orqaga ketishiga sabab bo‘lgan. Ma’dalixon qatli bu inqirozni tezlashtirib yubordi. Shundan keyin hokimiyat aslzodalardan turli qavmlarga o‘tib ketdi.

– Ibrat domlaning bir gapi bor: “Tarixlar g‘amni toza (yangi) qilur, lekin mundan ahli andishalar ibrat olurlar”. Aslida, xonlar ham o‘z zamonining odami bo‘lgan, zamonidan o‘zga qayerga ham ketardi. Uchta xonlikni ayblashadiki, birlashmadi, birlashib dushmanga qarshi turganda yengib chiqardi, deb. Ular birlashishi mumkinmidi?

– Yo‘q. Bu yerda bir masala bor edi: “Birlashsak, yurtni kim boshqaradi?” Hech qaysi xon yoki amir boshqasining boshqaruviga rozi bo‘lmasdi. Ana shu narsa birlashishga yo‘l qo‘ymadi.

Xolis aytish kerak, ittifoqchilik yo‘lida muzokaralar boshlangan. Ammo yarim yo‘lda qolib ketgan. Chunki Markaziy Osiyoda temuriylar davridagi kabi markazlashgan, yagona davlatning vujudga kelishi boshqa imperiyalarga ma’qul emasdi, albatta. Shu sababli, turli yo‘llar bilan og‘izbirlikni buzishga harakat qilingan va buning uddasidan ham chiqishgan.

– Domla, keling, “Xo‘qandi latif manoqibi” tazrikasiga ham to‘xtalib o‘taylik. Yaqin orada asarlarda “manoqib”, “tazkira” so‘zlarini uchratmagan edik. Umuman, bu janrdagi asarlar ham boshqa ko‘rinishga evrildi. Qo‘qon ta’rifi borasida mumtoz yo‘l tanlabsiz. Bu asar qanday ehtiyojlar tufayli yozildi? Sarlavhani o‘qiganda savol tug‘ilishi mumkin: Qo‘qonning latifligi nimada? Bunga qanday javob bera olasiz?

– Mustamlakachilikning ikkinchi bosqichi bo‘lmish sovet davri ma’naviy o‘tmishimiz va hozirgi avlod o‘rtasida katta g‘ov bo‘ldi. Bu davrda ma’naviyatimiz ildizlariga bolta urildi; ma’naviy hayotning barcha sohalarida yuz bergani kabi tarixni o‘rganish va o‘rgatish ham mafkura nazorati ostiga olindi. Ko‘plab mutafakkirlar, fozillar, hatto ularning farzandlari ham yot unsur sifatida jisman yo‘q qilindi. Allomalar, pir-ustozlar haqida yozilgan tazkiralar, manoqiblar, hujjatlar qatag‘on yillari tazyiqi va vahimasi ostida qabrlarga ko‘milib, tandir-o‘choqlarda yoqib yuborildi.

Bilmasligimizning sabablaridan yana biri shuki, o‘tmishda yashab o‘tgan zotlarning ma’naviyatimiz tarixiga qo‘shgan hissalari, xizmatlari, faoliyatlari u yoqda tursin, ayrimlarining ism-shariflari ham bizga ma’lum emas. Bu – ulug‘ zotlarga bo‘lgan hurmat-ehtiromimizdan. Ha, ajablanmang, xalqimiz odob-muomalasida kattalarning, ayniqsa, muhtaram zotlarning ism-shariflarini tilga va qalamga olmaslik kabi ezgu bir xislat bor. Masalan, hukmdorlarga “hazrati oliylari”, yuqori martabali zotlarga “janob”, tasavvuf shayxlariga “eshonbobo”, ahli ilmga “domla” deb murojaat qilingan. Ushbu muomala odobi har qancha ezgu bo‘lmasin, tarixning ziyoniga xizmat qilar ekan…

Shulardan kelib chiqib, kamina ilmiy faoliyatim mobaynida to‘plagan ma’lumotlar asosida “Xo‘qandi latif manoqibi” degan umumiy nom ostida shahrimizning tarixi, ma’naviyati, madaniyati, san’ati, hunarmandchiligi va boshqa jihatlarini qamraydigan majmua yaratishga bel bog‘laganman.

Arab tilidan olingan “manoqib” so‘zi “fazilatlar bayoni” ma’nosini beradi. O‘tmishda buyuk kishilarning fazilatlari, hayot yo‘llari haqida yozilgan, alohida shaxsga bag‘ishlangan xotira asari “manoqib” deb atalgan. Ayrim manoqiblar kitob holida, ayrimlari shajara-nasabnomalarga kirish so‘zi tarzida yozilgan. “Tazkira” ham arab tilidan olingan bo‘lib, “eslatmoq, zikr etmoq, yodga olmoq” tarzida tarjima qilinadi. Tazkira – tarix, tasavvuf, adabiyot va san’at sohasidagi voqea va shaxslar haqida esdalik ruhidagi asar. Binobarin “Xo‘qandi latif manoqibi” – Xo‘qandda yashab, faoliyat ko‘rsatgan ulug‘ zotlar, allomalar, so‘fiylar haqidagi manoqiblarni o‘zida jamlagan tazkiradir.

Maqsadimiz, Xo‘qandi latifga latiflik sifati berilishini asoslash, uning surati va siyratini yaratishdir. Xo‘qandning latiflik sifatini olishida iymon-e’tiqod, ma’naviyat, ilmning o‘rni, xalqni diyonat, poklik, ezgulik sari yetaklagan ilm ahli, pir va ustozlarning xizmatlari beqiyosdir. Shuningdek, Qo‘qon me’morchilik maktabi mahsuli bo‘lmish ma’naviyat maskanlari – masjid va madrasalar, xonaqoh va boshqa inshootlar shahrimizga yana bir latiflik, ma’naviy ruh baxsh etgan. Bu inshootlar tarixi ham o‘rganishga arzirlidir.

– Domla, bulardan tashqari, qo‘qonliklarning latifago‘yligi, hozirjavobligi, lutfi ham latif nisbatiga sabab bo‘lsa kerak. Ayniqsa, shoirlar latoifi…

“Manoqib”ni o‘qish jarayonida ommaga ma’lum bo‘lmagan o‘nlab shoirlar va ularning ijodi bilan tanishdik. Ayniqsa, Sadoyining “Ta’rifi Xo‘qand” g‘azali alohida ajralib turar ekan.

– Mirhasan Sadoyi XIX asr boshida yashab ijod qilgan so‘fiy shoir. Siz eslagan g‘azal Xo‘qandning latifligini isbotlaydigan va ta’riflaydigan eng yaxshi asar bo‘lsa, ajab emas. Men san’atkorlarga kuyga solaylik dedim, hozircha eplasholmayapti. Baytlarning go‘zalligini qarang:

Shukrililloh aytayluk,
ne’mat farovondur Xo‘qand,
Har mato’ye,
jumla ashyolardurki arzondur Xo‘qand…
Tojig-u o‘zbek demas,
barcha barobar, bilsangiz,
Xush musofirparvar-u lutfi
farovondur Xo‘qand…

Bu shoir Norbo‘tabiy davrida yashab, ijod qilgan. Bugungi tilga juda yaqin g‘azal. Bir o‘qigan odam buni forschadan tarjimamikin deb ham o‘ylaydi. Lekin bu sof o‘zbekcha asl nusxa.

Norbo‘tabiy davri Qo‘qon uchun eng gullagan davr – nihoyatda arzonchilik, serobchilik, tinchlik, omonlik zamoni bo‘lgan. O‘sha paytda eng mayda pul birligi fulus bo‘lib, unga to‘rtta non bergan. Sotuvchilar qaytim topib bera olmagan. Chunki bundan mayda pul bo‘lmagan. Oxiri fulusning yarmiga teng bo‘lgan qorafulus chiqarilgan. Shundan keyin pul muomalasi biroz joyiga kelgan.

– O‘sha paytdagi rus sayyohlari Qo‘qonni Buxorodan 4 marta, Tehrondan 6 marta katta shahar deb ta’riflagan ekan. Buning manbayi nima bo‘lgan?

– Avvalo, qo‘qonliklarning mehnatsevarligi va mahorati. Qolaversa, xalqining savdoga ustaligi, hunarmandlarining ishi puxtaligi. Xo‘qand hunarmandchilik mahsulotlariga chet elda talab yuqori bo‘lgan. E’tibor bering, Qo‘qonga nisbat berib aytiladigan 350 ta buyum topdim, bugun brend deydi-ku… Xo‘qand do‘ppi, Xo‘qand arava, Xo‘qand patir, Xo‘qand halvo va boshqalar.

2021-yilda Gʻafur Gʻulom nashriyotida “Xo‘qandi latif hunarmandchiligi” nomli kitobim chop etildi. Unda qadim zamonlardan to XX asr boshlarigacha Xo‘qandda mahsulot ishlab chiqarish bilan bog‘liq 415 ta, savdo, ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq 182 ta, madaniyat, maorif va ma’naviyat sohalari bo‘yicha 111, jami 708 ta kasb-hunar, ularning ustalari, ustoz-shogird maktabi haqida batafsil ma’lumot yozilgan.

Hunarmandchilik shahar tarixi bilan teng. Qo‘qon hunarmandchilik orqasidan shahar bo‘lgan.

– Kelgusidagi ilmiy-ijodiy rejalaringiz qanday? Ayni kunlarda qaysi asarlar ustida ishlayapsiz?

– Kitob chiqarishning uchta tomoni bor ekan – o‘tirib yozish, chiqarish uchun homiy topish, so‘ng tarqatish. Tajribamdan ko‘rdimki, eng osoni yozish ekan. Ba’zan odamlar kitob o‘qimaydi, deb, yozmay qo‘ya qolay deyman-u, yoshlarning kuyunchak savollarini eshitib, yana “qo‘lim qichiydi”. Balki shu bolalardan chiqar, deyman bo‘lajak Renessans allomalari.

Hozir “Qo‘qon joy nomlari tarixi” kitoblari ustida ish jarayoni davom etyapti. “Qo‘qon jadidlari” kitobi yarimlab qoldi. Hozircha 75 nafar ma’rifatparvarning hayoti va faoliyati haqida ma’lumotlar jamladim.

– Sizga katta rahmat, domla, sog‘ bo‘ling! Kuch-quvvat, sog‘liqdan ayirmasin! Izn bersangiz, qissadan hissa chiqarsak. Xulosa aniq: tarix biz uchun ibrat maktabi, fojialarga sabab – ilmsizlik va xurofot, mag‘lubiyatlarga bois esa, tarqoqlik, xudbinlik, mahdudlik… Demak, jadid bobolarimiz takrorlagani kabi “Najot – ilmda, ma’rifatda”.

Iqbol MIRZO suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 24-oktyabrdagi 43-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596