29.04.2025 | 16:34
510
TASAVVURDAN TASHQARIDAGI TEZLIK
To‘qqiz yil oldin respublika matbuotida bir xushxabarim chop qilingan. Ixchamgina xabar ohangida hayajon juda ustun, shov-shuvga urg‘u berilgan, desayam bo‘ladi. Unda “…Ispaniyada sakson million adadli aholi yashaydi va bu mamlakatga har yili 85 million sayyoh keladi. Xiva shahri aholisi soni 65 ming atrofida. O‘tgan yili shaharga ilk bor aholidan ko‘p – 66 ming sayyoh tashrif buyurdi. Soha tadqiqotchilari hududga shu yerda yashaydigan aholidan ko‘p sayyoh kelishini tizimda “inqilob” deyishadi. Demak, qadim va hamisha navqiron Xiva o‘sha inqilob bosqichini boshdan kechirayotir”.

O‘tgan 2024-yil davomida ko‘hna shaharga kelgan xorijiy va mahalliy sayyohlar soni 3 milliondan oshgani haqidagi ma’lumotga ko‘zim tushib, hayratdan yoqamni ushladim: atigi bir bolakay esini tanigulik davrda sayyohlar oqimi 50 barobar oshganini boshqacha izohlab bo‘lmaydi.
Uch million sayyohni yilning har bir kuniga taqsimlasak, kuniga qadim Ichan qal’aga o‘rtacha 8,5-9 ming kishi tashrif buyurgani ma’lum bo‘ladi. Shuncha odamlarni tashish uchun qancha ulov, ovqatlanishlari uchun qancha oshxona, qahvaxona va albatta, yashashi uchun mehmonxona zarur, degan tabiiy savol o‘rtaga chiqadi. Safar yoki sayohatga chiqqan odamga uch narsa: ulov, oziq va yo‘lboshlovchi zarur bo‘ladi, degan donishmandlar gapi bor-ku!
Mustaqillikkacha bo‘lgan davrda Xiva shahrida ikkita va viloyat markazi Urganchda ham shuncha mehmonxona bo‘lib, bu to‘rtta mehmonxona kuniga eng ko‘pi bilan to‘rt yuz ellik kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega edi. Aksar vaqtlari bu mehmonxonalar yarim bo‘sh yotgani… o‘sha davrda yurtimizda sayyohlik tizimiga e’tiborning darajasi qandayligini ko‘rsatadi.
Prezidentimizning turizm sohasini rivojlantirish, xorijiy va mahalliy sayyohlarga jahoniy andozalarda xizmat ko‘rsatish tizimini yaratish borasidagi qator qarorlari va ko‘rsatmalari ijrosi juda qisqa muddatda ta’minlanishini, ayniqsa xususiy mehmonxonalar qurish uchun yer maydonlari ajratilib, imtiyozli bank kreditlari berilganida yaqqol namoyon bo‘ldi. Uch yil ichida viloyat markazi hamda Xiva shahrida yangidan yangi mehmonxonalar qad rostladi va bugunga kelib soni 262 taga yetdi. Ularning aksariyati yuqori nufuz yulduzlariga ega.
Sayyohlarga xizmat ko‘rsatishni jahoniy andozalarga olib chiqish uchun Urganch shahrida turizm kolleji ochilib, unda yuzlab yoshlar sayyohlik xizmati bo‘yicha kasblarga o‘qitildi. Bir vaqtning o‘zida sayyohlar uchun tarjimon-gidlar tayyorlash dasturi yo‘lga qo‘yilib, oliy ta’lim muassasalarida xorijiy tillarni puxta o‘rgatishga katta e’tibor qaratildi.
Qadim qal’a ziyorati vaqtida bir yigit bilan tasodif tanishib qoldim. Uning vazifasi gidlik ekan. Bu kasbidan qancha daromad topishini so‘radim. “Oyiga o‘rtacha uch ming dollar ishlab topaman”, dedi u bamaylixotir va yana har kuni emas, qachonki Ispaniyadan sayyohlar kelgan kunlari ishlarkan. Til bilish – boylik, degan ibora behuda to‘qilmaganiga shu yigit misolida iymon keltirdim.
Bundan yetti yilcha oldin Yurtboshimiz vohada yirik issiqxonalar qurish bo‘yicha topshiriq berganlari ortidan qisqa muddatda barcha tumanlarda yirik issiqxonalar qurilib, faoliyat boshladi. Hozirda ularning umummaydoni salkam ming gektarga yetib qoldi. Issiqxonalar kuz oyog‘i, butun qish va bahor boshlamasida voha ahli dasturxoniga bodring, pomidor, turli ko‘katlar yetkazib beradi. Ayni shu issiqxonalar yil davomida uzluksiz mahsulot yetishtirishi sayyohlarga xizmat ko‘rsatadigan ovqatlanish shoxobchalarini elimizning shirador, totli, vitaminga boy sabzavot va ko‘katlar bilan to‘liq ta’minlaydi.
Muqaddam sayyohlar faqat ikki yarim ming yillik tarixga ega Xiva shahri – Ichan qal’ani tomosha qilishgan bo‘lsa, bugunga kelib sayyohlik yo‘nalishlari keskin oshib, uning ziyorat, ekoturizm, gastronomik va boshqa turlari mehmonlar orasida tobora mashhur bo‘lib bormoqda. Xiva yaqinidagi Gʻovukko‘l yaqinida barpo qilingan yangi turistik majmua – “Arda Xiva” bir qaraganda afsonaviy shaharning kichik nusxasi bo‘lsa-da, bu yerga tashrif buyurganlar nafaqat boy tariximiz, balki xalq hunarmandchiligi, milliy taomlar, amaliy san’at, san’at va madaniyat yo‘nalishlari o‘tmishi va kelajagi to‘g‘risida boy ma’lumotlarga ega bo‘ladilar.
So‘nggi yillarda vohadagi eng qadim qal’a – Hazoraspdagi Sulaymon qal’a yodgorligi, Shovotdagi “Ulli pir” – yurtimizdan yetishib chiqqan ulug‘ so‘fiylarning piri bo‘lmish Yusuf Hamadoniy ziyoratgohi, Qo‘shko‘pirdagi Zamaxshariy qo‘nimgohi va boshqa manzillar sayyohlar e’tiborini tortib, bu hududlarda ham xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo qilingani turistlar oqimi keskin o‘sishiga zamin yaratmoqda.
Ichki turizmni rivojlantirish bo‘yicha respublika Kasaba uyushmalari kengashi tomonidan olti yil oldin yo‘lga qo‘yilgan yaxshi tashabbusni alohida qayd qilish o‘rinli. Kasaba uyushmalari tomonidan har yili vohaga 28 ming nafar ishchi-xizmatchilar tashrifi tizimli tashkil qilingan. Urganch shahridagi eng yirik “Xorazm palas” mehmonxonasi jamoasi ikki kunlik tashriflari davomida mehmonlarga yuqori darajada xizmat ko‘rsatishmoqda. Kelgusida bu raqamlar yanada o‘sishi tabiiy. Negaki, “umrida o‘z qishlog‘idan tashqariga chiqmagan” ayrim fuqarolarimiz kasaba uyushmalari imtiyozi tufayli bir vaqtning o‘zida qadim shaharni ko‘rish, voha tarixi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishyapti.
Joriy yil 9-aprelda hududlarning turizm salohiyatini yanada oshirish hamda xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz sohani rivojlantirish bo‘yicha yangi vazifalarni belgilab berdi. Bular orasida turizmning sanoat, geologiya, ilmiy, harbiy va davlat boshqaruvi kabi yangi turlarini tashkil qilish vazifalari qo‘yildi. Necha ming yillik tarixga ega qadim vohada turizmning yangi turlarini tashkil qilish uchun imkonlar keng. Hozirda ayni shu borada loyihalar ustida ish boshlangan. Va yana Prezidentimiz ichki turizmni rivojlantirish uchun “oila kuni” loyihasini amaliyotga aylantirishga ko‘rsatma berdi. Bu haftaning dam olish kunlari oilalarning sayohatga chiqishlariga sharoit yaratadi. Demak, sayyohlar oqimi yanada kuchayadi.
Yil sayin oshib borayotgan qo‘noqlar uchun arzon va tezkor transport tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida so‘nggi yillarda asrlarga tatigulik ishlar amalga oshirildi. Xiva shahriga temir yo‘l tarmog‘i tortilgani va muhtasham vokzal ishga tushirilgani sayyohlar og‘irini yengil qilibgina qolmasdan, voha ahlining yurtimizning boshqa hududlariga sayohat qilishlarida yengilliklar yaratdi.
Bugun Urganch xalqaro aeroportiga har kuni dunyoning turli shaharlaridan o‘rtacha o‘ntagacha, Toshkent shahridan esa oltita muntazam samolyot qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Har kuni vohaga uchta yo‘lovchi poyezdi kelib-ketadi. Xiva shahriga tezyurar poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi borasida Yurtboshimiz tashabbuslaridan so‘ng o‘tgan davrda tizim bu yangilikka moslashtirildi – o‘tgan yil oxirida ilk tezyurar yo‘lovchi poyezdlar sinovdan o‘tkazildi. Aynan logistika tizimidagi inqilobiy yangiliklar yuqorida hayratlanganimiz – keskin o‘sish jarayoniga poydevor bo‘ldi.
O‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan hayratlanganim bir zumda eskirdi – tarixga aylandi. Bunga sabab viloyat hokimligi tomonidan amaldagi yilning uch oyi bo‘yicha taqdim qilingan ko‘rsatkichlar to‘g‘risidagi muxtasargina ma’lumotdagi raqamlar:
“Sayyohlik oqimi bo‘yicha. 2025-yilning 1-aprel holatiga viloyatimizga jami 1 011 249 nafar sayyoh tashrif buyurgan bo‘lib, shulardan 255 986 nafarini 86 davlatdan kelgan xorijiy sayyohlar, 755 263 nafarini esa mahalliy sayyohlar tashkil qiladi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,3 barobarga ko‘pdir”.
Yilning uch oyida sayyohlar soni bir milliondan oshgan ekan, yil davomida umumko‘rsatkich to‘rt millionlik sarhadni ortda qoldirishi hech shubhasiz. Bir yilda bir millionlik o‘sish – bu misli ko‘rilmagan raqam. Bu yiliga vohaga yerlik aholiga nisbatan ikki karra ko‘p sayyoh kelishini ham anglatadi.
Yurtimizga sayyohlar oqimi keskin o‘sayotgani asosini boy tariximizga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotgani bilangina izohlash noo‘rin. Avvalo, bunga yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik hukmron ekanligi, demokratik islohotlar muqim tus olgani, ko‘pgina davlatlar bilan vizasiz kirib-chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani, bag‘rikeng mehmondo‘st xalqimiz saxovati va yaratilgan sharoitlarning a’lo darajada ekanligi bosh asos bo‘layotir. Buni xorijiy davlatlar jug‘rofiyasi ko‘rsatib turibdi. Bugun eng ko‘p sayyohlar kelayotgan mamlakatlar orasida Italiya, Ispaniya, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Germaniya, AQSh, Turkiya hamda qo‘shni davlatlar yetakchilik qilishayotgani so‘zimizning isboti.
Bugun turizm mamlakatimiz iqtisodiyotida yetakchi sohalardan biriga aylanib ulgurdi. Buning isboti – Xorazmga xorijiy sayyohlar tashrifi ortishi tufayli amaldagi yilning uch oyida turizm eksport hajmi 77 million AQSh dollarini tashkil qilgan. Shu o‘rinda sal o‘xsharsiz bo‘lsa-da qiyoslashni ma’qul topdik. Viloyatdagi eng yirik va yetakchi tumanlar yil davomida o‘rtacha 40-45 million AQSh dollari hajmida mahsulot eksport qilishadi. Bu miqdor valyuta egasi bo‘lish uchun yil-o‘n ikki oy mehnat qilinishi, qanchalab ishchi kuchi va boshqa sarf-xarajatlar ketishini ayting! Shu ma’noda turizm eng kamxarj va samarali ekanligini takrorlashga hojat yo‘q.
Shu tizimda ishlaydigan tanishim sayyohlar sonini yana bir necha barobar oshirish imkoni borligini aytarkan, quyidagi taklifni bildirdi: “Ma’lumki, xorijiy sayyohlar yurtimizning boy tarixini o‘zida jamlagan Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarini ko‘rishga oshiqadi. Uch shaharni bugun temir yo‘l va havo yo‘llari bir qadar bog‘lab turibdi, ammo bu yetarli emas. Misol uchun, Samarqandni tomosha qilgan chet ellik sayyoh Xivaga kelishi uchun tungi soat birlarda “Toshkent–Xiva” poyezdiga chiqishi kerak. Bu poyezd Xivaga tushga yaqin yetib keladi. Sayyoh yarim tunda uyqudan qolib, poyezdga chiqadi va kamida o‘n ikki soat vaqtini yo‘qotadi. Ana shu “yo‘qotishlar”ga barham berish uchun “Samarqand–Xiva” va “Buxoro–Xiva” yo‘lovchi poyezdlari qatnovini yo‘lga qo‘yish kerak. Ya’ni Samarqandda kechki ovqatni yegan sayyoh 21:00 da poyezdga o‘tirsa, tongda Xivaga yetib keladi. Buxoro bilan oraliq masofa yanada yaqin. Sayyohlarning qaytib ketishlarini ham shunday qulay vaqtlarga belgilash kerak”.
Turizm sohasiga yildan yilga emas, oydan oyga ko‘proq e’tibor qaratilayotgan hozirgi siyosatimizda do‘stimiz takliflari yaqin yillarda amalga oshishiga hech shubhasiz ishonsa bo‘ladi.
Fizika fanida insoniyat taraqqiyoti mezoni sifatida erishgan yutuqlarni “fazoviy tezlik” bilan o‘lchash rusumga kirgan. Ilk bora fazoga chiqqan koinot kemalari Yerning qarshilik kuchini yengish uchun erishgan natija “birinchi fazoviy tezlik” sifatida qabul qilingan bo‘lsa, keyingi bosqichlarda uning “ikkinchi”, “uchinchi” va “to‘rtinchi tezlik”lariga ham erishildi. Bu tezliklarni oddiy xalq tilida “tovushdan tez” deb qo‘ya qolishadi.
Ushbularni qoralar ekanman, yozganlarim, aytmoq bo‘lganlarim, ya’ni tovushim poytaxtga yetgunicha yuqorida keltirgan ayrim raqamlar eskirib qolmasmikan, degan xavotirga bordim. Axir bugun bu tizim “ikkinchi fazoviy tezlik”ni ham ortda qoldiryapti.
Ro‘zimboy HASAN,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 25-apreldagi 17-sonida
OG‘RIQ NUQTA
Statistik ma’lumotlarga köra, bugungi kunda mamlakatimizda örta hisobda kuniga 137 ta oila rasman ajraşmoqda. Şuningdek, joriy yilning birinçi yarmida 24 ming 815 oilaning nikohi qonunan bekor qilinib, ötgan yilning şu davriga köra bu raqam 6,3 foizga köpaygan. Bu sanoq faqat ajrimgagina oid, uning oqibatida ma’naviy-ruhiy jabr körgan bolalar va ular çekayotgan iztiroblar adadi faqat Yaratganga […]
17.11.2026 | 14:24
124
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
224
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
709



