Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


11.06.2026 | 11:35

img1635

TULU’ AFANDI KIM EDI?

Men Tulu’ afandi degan kishi ismiga bundan yetti-sakkiz yil ilgari, “Ona yurtim – Qirg‘iziston, O‘sh…” degan kitobimga material yig‘ayotgan chog‘da duch kelgandim. Ijodkor muallim Odiljon Rahimov O‘shning qadimgi guzarlari tarixini bitish asnosida Tulu’ afandini ham tilga olib, iliq so‘zlar bilan ta’riflagan ekan. Afsuski, u kishining yozganlari mashinkalangan holda qolib ketgan, chop etilmagan.

Xullas, Tulu’ afandi…

Odiljon Rahimovning qaydlarini o‘qib, Tulu’ domlani Chingiz Aytmatovning “Birinchi o‘qituvchi” qissasidagi Duyshen muallimga o‘xshatgan edim. Aytmatovning qissasi o‘z eli farzandlarini ilmli-bilimli qilishga hayotini bag‘ishlagan bir fidoyi qirg‘iz yigiti haqida.

Duyshen singari ma’rifat fidoyilari o‘tgan asrning boshidan to elliginchi yillarigacha yurtning har bir shahri, ovuli va qishlog‘ida topilar edi. O‘shlik Abduqodir Ismoilov degan odam ham ana shularning biri bo‘lgan. Bu ma’rifatparvar inson o‘ziga Tulu’ so‘zini taxallus qilib olgan. Tulu’ – tong yog‘dusi degani. Lug‘atlarda bu so‘zga quyosh chiqishi, oyning ko‘tarilib olamni yoritishi, ufqda yulduz paydo bo‘lishi, deb izoh berilgan. Keng ma’noda, yuksalish, o‘sish, ko‘tarilishni anglatadi. Muqimiyning bir g‘azalida bu so‘z shunday shaklda keladi: “Ey sipehri makramat, v-ey mehri burji i’tilo” I’tilo – tulu’ so‘zidan yasalgan: baland, yuksak ma’nosida.

Xalqi bu kishini Tulu’ afandi deb atagan.

Bugun qiziqchi, g‘alati gaplarni topib aytuvchi, hazilkash odamni afandi deymiz, hatto sodda va anoyi odamlar ham afandi deb ataladi. Ammo yuz yil avval u janob, taqsir degan ma’noda kelgan (marhamat qiling, afandim). Shuningdek, kishi nomiga qo‘shilib, hurmat bildirgan, muallim ma’nolarini ham anglatgan. Fuzuliy zamonida esa yor ham “afandi” deb ta’riflangan: “Go‘zum, jonim, afandim, sevdigim, davlatli sultonim…”

Tulu’ muallimni hurmat yuzasidan afandi, deb atashgan. O‘tgan asrning yigirmanchi-o‘ttizinchi yillariga qadar aksar jadidlar “afandi” unvoni bilan tanilgan. O‘sh teatri asoschilaridan biri Jo‘raxon Zaynobiddinov “Jo‘raxon afandi” deyilar edi. Mirzakalon Ismoiliyning “Farg‘ona tong otguncha” romanida esa Fosih afandi degan kishi haqida gap ketadi. Bunda ularning Turkiya ma’rifatparvarlaridan ulgi olganligi ayon bo‘ladi.

Odiljon Rahimovning yozishicha, Abduqodir Tulu’ domla O‘shning Jiydalik mavzeyida yashagan, kosib va bog‘bon bo‘lgan. Yoshligidan ko‘p o‘qib, bilim oshirgan, madrasa ta’limini olgan. She’r yozgan. Tengdoshlari o‘rtasida o‘ta hozirjavobligi bilan e’tibor qozongan. Andijon, Sim (Farg‘ona)da chiqadigan gazetalarni, hatto Qozonda chop etiladigan jurnallarni o‘qigan.

1910-yilda bu zot do‘stlarining da’vati bilan o‘z mablag‘iga O‘shda, o‘z uyida “Turon” kutubxonasini ochgan. Kutubxonadan foydalanish bepul, Tulu’ afandining o‘zi ham kutubxona mudiri, ham bibliograf edi. Bu yerda o‘sha davr ziyoli yoshlari to‘planib, adabiy kechalar o‘tkazishgan, Abdulla Avloniyning “Turkiy guliston yoki axloq”, Poshshoxo‘janing “Miftohul adl” kabi asarlarini, o‘zbek mumtoz adabiyoti namunalari bo‘lgan ko‘p qo‘lyozma asarlarni faqat Tulu’ afandi kutubxonasidan topish mumkin edi.

Albatta, u davrda bu katta jasorat talab qiladigan yumush bo‘lgan. Chunki usuli qadim tarafdorlari jadidlarni yoqtirishmagan, hamma joyda ularni qoralab, avomning nafratini qo‘zishga intilishgan. Bu sharoitda “yangicha” nashrlarni targ‘ib qilish boshni baloga tiqishning o‘zi edi.

Biroq izlanishlar Tulu’ afandi shunchaki bir g‘ayratmand odam  bo‘lmaganini ko‘rsatadi. U butun borlig‘i bilan ma’rifatga intilgan, o‘z elini shu yo‘lga boshlagan, umrini shu ishga baxshida etgan.

Buning dalili sifatida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning “Ozod inson haqida qo‘shiq” qissasidan bir parcha keltirish joiz ko‘rinadi. U tog‘asi Mirzakalon Ismoiliy hayotining so‘nggi kunlariga bag‘ishlangan bu asarida adibning suddagi mana bu ko‘rsatmasini taqdim etgan:

“… (O‘shdagi yetimxonada) muallimlarimizning erta-yu kech qiladigan ishlari yetimlarga turk ashulalarini o‘rgatishdan va turkcha komanda berib bizni mashq qildirishdan iborat edi, – deb yozgan ekan Mirzakalon Ismoiliy. – Bizga “Sanjog‘imiz”, “Chanoqqal’a” kabi turk ashulalarini o‘rgatganlari esimda.

Yetimxonaga ba’zan Tulu’ afandi bilan Shahidiy afandi degan ikki zot kelar edi. Bularning birinchisi o‘shlik millatchilardan bo‘lsa, ikkinchisi asir tushgan turk zobiti edi. Shahidiy afandi muallimlar, tarbiyachilar va katta yoshli bolalar bilan Turkiya haqida, turk askarlarining dovyurakligi haqida, bizlarning ham “turk jujuqlari” ekanimiz haqida suhbat o‘tkazardi. Men kichik yosh bo‘lganim uchun ular davrasiga kirmas, agar gaplarini eshitsam ham baribir, tushunmas edim. Yetimxonada ikki yil tarbiyalandim, xat-savodim chiqdi, oq-u qoraga ozmi-ko‘pmi tushunadigan bo‘ldim.

Izzat Sultonov bilan shu yerda tanishdim, u ham yetimxonada tarbiyalanar edi. 1922-yil keldi. Meni shu yili Toshkentga, O‘lka o‘zbek erlar bilim yurtiga o‘qishga yubordilar…”

Jumlaga nuqta qo‘yib yana o‘ylanib qoldi: Tulu’ va Shahidiy afandilar nomlarini zikr etishi to‘g‘ri bo‘ldimi yo noto‘g‘rimi? Shahidiy afandining Turkiyaga qaytib ketganini, Tulu’ afandining esa Munavvar qorilar safida qamoqqa olinganini eshitgan edi. Demak, ularga bu idora zulm o‘tkaza olmaydi. Demak, bu o‘rinda sotqinlik yo‘q.

Afandilarning suhbatlarini eshitganida chindan ham ko‘p narsalarni tushunmas edi. “Sanjog‘imiz”da nima uchun Turkiya bayrog‘ini sharaflayotganini ham anglamasdi. Bir kuni tarbiyachisidan “Chanoqqal’a”ning ma’nosini so‘raganida “Turkiyaning Chanoqqal’a degan joyida katta urush bo‘lgan, dunyoning barcha mamlakatlaridan borgan yoshlar kofirlarga qarshi urushishgan. Ikki yuz mingdan oshiq yosh yigit shahid bo‘lgan.

Tulu’ afandi bilan Shahidiy afandilar o‘sha janglarning sharafli qahramonlaridan sanaladi”, deb tushuntirgan edi”.

Chanoqqal’a – Turkiyaning g‘arbidagi, Dardanell bo‘g‘ozi bo‘yida joylashgan muhim port shahri va viloyat markazi. Tarixiy ahamiyati – bu yerda 1915-yilda mashhur Chanoqqal’a jangi bo‘lib o‘tgan. Bu urush turk xalqining Angliya va Fransiya ittifoqchi qo‘shinlariga qarshi omonsiz jangi va unda qozonilgan buyuk g‘alabasi bilan yakunlangan. Hozir ham bu sana har yili Turkiyada katta tantana qilib nishonlanadi.

Demak, Abduqodir Ismoil o‘g‘li – Tulu’ afandi ana shu jang ishtirokchilaridan bo‘lgan. Biroq bugun u kishi O‘shdan besh yarim ming chaqirim nariga borib, bu muhorabaga qanday qo‘shilgani, uning sabab va tafsilotlarini aniqlash imkoni yo‘q. Unga qadar ko‘p zamonlar uyida jadidlik harakati bilan mashg‘ul bo‘lgani, birinchi kutubxona ochgani, 1914-yilda O‘sh teatrida Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush” dramasini sahnaga qo‘yishda yetakchi bo‘lganini hisobga olsak, Chanoqqal’a jangi paytida Tulu’ afandi kamida qirq yoshlardagi kishi bo‘lib chiqadi. Turkiyaga ilm talabida borib, tahsil davomida bu muhorabaga qo‘shilganmi, yoki turk tanzimatchilari taklifiga ko‘ra, biron munosabat bilan borgan edimi, bunisi mubham. Ammo Chanoqqal’a jangiga ixtiyoriy ishtirok etgani va qo‘liga qurol olib jang qilgani – haqiqat. Ayon bo‘ladiki, bu zot faqat og‘izda millatchi bo‘lmagan, balki hayotini ham ilm-ma’rifatga, turkchilik g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishga bag‘ishlagan.

Mirzakalon Ismoiliy bayon qilgan hollar 1918–1921-yillarga oid. Chunki 1922-yil boshida u Toshkentga o‘qishga yuborilgan. Tulu’ afandi esa, nazarimizda, yigirmanchi yillar oxiri-o‘ttizinchi yillarda ijtimoiy harakatdan chetga chiqqan, bunga yetarli sabablar bor edi.

Yodingizda bo‘lsa, “Birinchi o‘qituvchi” qissasining poyonida Duyshen maktab muallimi emas, balki pochtalon bo‘lib ishlayotgani hikoya qilinadi, chunki endi uning ilmi yangi zamon yoshlariga bilim berish darajasidan orqada qolgan. Tulu’ afandi ham umrining oxirida O‘sh teatrida suflyorlik qilib, aktyorlarga matnni eslatib o‘tirgan. Duyshen singari ilm-bilimi yetishmay qolgani sababli emas, balki shunga majbur bo‘lgan. Sahna olamiga endi kirib kelayotgan aksar yoshlar esa, boshqa birov emas, aynan ana shu kamsuqum suflyor chol O‘sh teatriga asos solib, uning tamal toshini qo‘ygan muhtaram zotlardan biri bo‘lganini bilishmagan ham.

Tulu’ afandining hayot sanalari ma’lum emas. Agar u kishi shaharning Jiydalik mavzeyida yashagan bo‘lsa, balki evaralari, yo qarindoshlaridan qay biri shu mahallada yashar. Ta’bi nazmi bor edi, degan qaydga kelsak, yozgan she’rlari ham avlodlaridan kimningdir qo‘lida bo‘lishi mumkin.

“Ozod inson haqida qo‘shiq” asaridan keltirilgan parchada “Tulu’ afandining Munavvar qorilar safida qamoqqa olingani” ham aytilgan edi. Avvalo, Munavvar qori bilan birga 1930-yilda qamoqqa olinishi Tulu’ afandining maslagi ham Munavvar qori bilan bir xil ekanini, buning ustiga, e’tiborli bir shaxs bo‘lganini ko‘rsatadi.

Endi ikki og‘iz Tulu’ afandi bilan O‘shdagi yetimxonaga hamisha birga tashrif buyuradigan Shahidiy degan turk zobiti haqida. Manbalarda u kishi haqida ma’lumot topilmadi. Shahidiy uning ismimi, yo ota ismimi, yoinki taxallusimi – noma’lum. Ikkinchidan, agar u asir tushgan bo‘lsa, Sho‘ro yetimxonasiga qanday bemalol kelib turk ashulalarini o‘rgatgani, turk bayrog‘ini emin-erkin tashviq qilgani ham ajablanarli.

Shu o‘rinda o‘sha yillari Turkistonga kelib, o‘zbek yoshlarini turkiychilik ruhiga undagan va ismi Shahidiyga ancha o‘xshash Ehson Shahid degan turk kishisi yodga keladi. Bu odam va do‘sti Ibrohim afandilar yosh o‘zbek adiblarini turkiylik shavqi bilan ruhlantirib, Bois Qoriyevga – Oltoy, Muso Toshmuhammad o‘g‘liga – Oybek, Usmonxon Dolimovga – Subutoy, Mahmud Hodiyevga – Botu kabi taxalluslarda ijod qilishni tavsiya etishgan (u davrda “turkiylik” deganda boboturkiy elat ko‘zda tutilgan, keyinchalik ajralib chiqqan mo‘g‘ul va turk qabilalari yaxlit tushunilgan). Bizningcha, Ehson Shahid Mirzakalon Ismoiliy ko‘rsatgan Shahidiyning o‘zi bo‘lsa ajab emas. Ikkita Shahid ismli turkiylik da’vatchisining bir davrda bir makonda faoliyat yuritgan bo‘lishi qiyin. Qolaversa, Shahidiy faqat O‘shda ishlamagan, Turkistonni yaxlit bir o‘lka sifatida qabul qilaroq, butun Turkiston bo‘ylab kezib, ma’rifat ulashgan. Chunonchi, Hamza Xorazm va qoraqalpoq eliga borib maktablar ochgan.

Tulu’ afandi o‘ziga turkiy emas, arabiy o‘zakli taxallusni ancha avval tanlagan. Chunki u Munavvar qori, Shahid afandilar bilan qurdosh ilk jadidlardan edi, u davrda boshqa ellardan ulgi olish an’anasi bo‘lmagan. Cho‘lpon va boshqa ijodkorning turk tilida she’rlar, Abdulla Qodiriyning esa tatar lahjasida ocherklar yozgani – nisbatan keyingi hodisa.

Garchi Sovet davrida, qadimchilarga qaraganda jadidlik “progressiv” deb sanalgan bo‘lsa-da, uning vakillariga munosabat sovuq holda qolgan. Chunki aynan jadidlar – ma’rifatparvar, millatni uyg‘otuvchi toifa edi. Shuning uchun ularning aksari qamaldi, otildi, surgun qilindi, bir amallab tirik qolganlari esa o‘zining kimligini bildirmay, hech kimga “izhori fazl” etmay kun ko‘rishga mahkum etildi. Ularning ko‘pi ulamo degan “ayb” bilan terror qilindi. Holbuki, ular, garchi o‘ta bilimli bo‘lsa-da, din arbobi emas, avvalo ma’rifatparvar edilar. Mahjuriy, Luzumiyday shoirlar ovloq cho‘l joylarga surgun qilindi, Samar bonuning jiyani Raziddin maxsum kabilar zavodda duradgorlik bilan umr o‘tkazdi.

1910-yildayoq O‘shda, balki butun Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib shaxsiy kutubxona ochgan, shoirligi bilan tanilgan, mintaqadagi ikkinchi teatrni ochib, unda Behbudiy asarini sahnaga olib chiqqan Tulu’ afandi – o‘ttizinchi yildagi birinchi qatag‘on tegirmonidan bir amallab omon chiqqan o‘sha Abduqodir Ismoilov domla, keyinchalik barcha faoliyatidan voz kechishga mahkum etilgan ko‘rinadi. Umri oxirida O‘sh teatrida suflyorlik qilishi uning zaiflashib, taqdirga tan berganidan emas, balki jismoniy va ruhiy tazyiqlar natijasida shunga majbur bo‘lgani oqibati, albatta.

Pirovardida bir gap. O‘shning Jiydalik mahallasida yashab o‘tgan bo‘lsa, loaqal o‘sha yerda shu odam nomini eshitganlar bo‘lishi mumkin. Bunday munavvar zotlar haqidagi har bir ma’lumot qadrli va qimmatli bo‘ladi.

O‘shlik qadrdonlar, orangizda Tulu’ afandini bilganlar bormi?..

Zuhriddin ISOMIDDINOV

“Jadid” gazetasining 2026-yil 5-iyundagi 23-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599