Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


28.10.2024 | 12:17

img475

TURSUNBOYNING SARGUZASHTLARI

Qayerda bo‘lmay, uchala otdoshim yonim­da. Kozlov ham, Tabib ham, Pakana ham. Koz­lov deganimiz menga o‘xshab naynovgina. Nega unga Naynovmas, Kozlov deb laqab qo‘yganimiz sababi… maktabimizga yangi jismoniy tarbiya o‘qituvchisi keldi. Kozlov degan. Shu odam kelishi bilan katta yangilik qildi. Voleybol maydonchasi qurdirdi. Hamma qiziqib ketdi bu yangi o‘yinga. Ayniqsa, haligi naynov otdoshim voleybol jinnisiga aylandi-qo‘ydi-da, Kozlov laqabini orttirib oldi.

Yana biri haligi Achaqiz tabibning jiyani. U jiyanligi uchun emas, hammaga aql o‘rgataverganidan Tabibga aylandi.

Pakana laqabi sababiga izoh kerakmasdir. Lekin keyingi paytlar bo‘yi ancha cho‘zilib qoldi. Maktabda turnikka, dala-dashtda daraxtlarga ko‘p osildi shekilli-da. Biz bo‘lsak buni atay sezmaganga olamiz. Pakana deb chaqiramiz.

Hamisha, hamma yerda birgamiz.  

Qo‘limiz ishdan bo‘shadimi, xilvat Archamozor tog‘iga chiqib ketamiz. Archamozor tepasida sinfxonamiz sahnicha keladigan Silliq tosh bor. Muqaddas tosh. Uni tavob qilib, nima tilak qilsang, tilagingga yetasan ekan. Biz to‘rttala Tursunboy ham har gal chiqqanimizda avval Silliq toshni obdon tavob qilamiz. Biz yetimlar qachon odam bo‘lamiz, qachon qornimiz to‘q, egnimiz but bo‘ladi, deb oz-ozdan yig‘lab ham olamiz. Keyin o‘zimiz bilan opkelgan zog‘orami, o‘rik qoqimi, baham ko‘ramiz. Danag-u yong‘oqlarni chaqib yeymiz. Keyin Silliq tosh ustida o‘tirgancha atrofni tomosha qilamiz. Pastdagi hamma narsa: hovlilar, ko‘chalar, dalalar, g‘imirlab yurgan jon borki kaftdagiday aniq-tiniq ko‘rinib turadi…

Bir kuni Kozlov deganimiz, uni qaranglar, anovi Uzoqvoy akani budkasimi, deb qoldi. Budka deganida sartaroshxonani tushunamiz. Keyin Uzoqvoy sartarosh haqida rosa gurung berdi. Aytishicha, uni “Амбарная книга” degan qalin daftari bor emish. Daftarda qishloqda qan­cha odam bo‘lsa, hammasini ismi-sharifi alfavit bo‘yicha yozib qo‘yilganmish. Masalan, Tepa mahalla, falon uyda, falon-falonlar yashay­di. Yoshi, kasb-kori va hokazo…

– Unga bu nimaga kerak ekan? – dedim hayron bo‘lib. – Bor-yo‘g‘i bir sartarosh bo‘lsa…

Kozlov yelka qisdi.

– Bilmasam…
– Nega bilmaysan, u NKVDni odami-ku! – dedi Pakana bamaylixotir.
– NKVD? Yo‘g‘-e, shu odam-a? – dedim ishonqiramay. – Men ulardi ko‘rganman. Hammasi qop-qora charm kamzulda, shapkada edi. Qarashlaridan ot hurkadi. Yumshoqqina Uzoqvoy amaking qanaqasiga NKVD bo‘lsin…
– Ha, u yumshoqqina bo‘lib yuradi, – dedi oshnam gapimni bo‘lib. – Ko‘rgan bittani jon-jonlab gapiradi. Jon-jonlab jonini oladi. Bilmagan bo‘lsang, bilib qo‘y: Abdulla rais ana shu kasapatti kasriga qamalgan. Yaxshiyam odamlar qattiq turib olishgan. Emasam, haligacha yotgan bo‘lardi, Xudo deb.
– Yo‘g‘-e! Qanaqasiga? Uzoqvoy kim bo‘ptiki…
– Uzoqvoy NKVDni odami, – dedi Pakana cho‘rt kesib. – U qishloqda nima gap-so‘z bo‘lsa, yuqoriga yetkazib turadi.

Xayolimga kelgan so‘zdan yuragim shuv etib ketdi.

– Bundan chiqdi…
– Xuddi shunday. Sizlardikiga ham shu odamdi chaquvi bilan borishgan. “Mulla Abdumajiddi uyida eskicha kitoblar bor. Kechalari uyiga odam to‘plab, kitobxonlik qiladi. Odamlardi ongini zaharlayapti”, degan.

Ko‘zlarimga ham, quloqlarimga ham ishonmay qolgandim. Bu bola o‘sha o‘zimizdi pakanami yoki…

– Menga qara… rostmi shu gaplar? A, sen qayerdan bilasan bularni?
– Bitta menmas, mana Kozlov ham, Tabib ham biladi.

Sheriklarimga qaradim. Ular ham bosh irg‘ab tasdiqlashdi.

– Unda nega?
– O‘zingdi ham xabaring bo‘lsa kerak degan­miz-da. Butun qishloq biladi-ku… – dedi endi Tabib ham tilga kirib.
– Baribir bir narsaga tushunmayapman… Abdullajon raisday bir odamni qamatgan bo‘lsa, nega hech kim hech narsa demaydi unga?
– Ha, demaydi, deyolmaydiyam, – dedi Pakana kesib-kesib. – Chunki, u NKVDni qulog‘i. Davlatti odami!  

 Ko‘z oldimga bundan uch yil avvalgi manzara keldi. Boloxona. Kigiz ustidagi namgarchi­likda hilvirab ketgan kitoblar. Kitoblar azasini tutib, yosh boladay ich-ichidan sitilib, sim-sim yig‘lab o‘tirgan bobojonim… “Bobojonimni, ­uning kitoblarini bu ahvolga solgan odamlarni izlab topaman. Ulardan, albatta, o‘chimni olaman!” deya ahd qilgandim o‘shanda.

Mana, uni topdim. Endi ahdimdi ustidan chiqishim kerak, o‘chimni olishim kerak! Lekin qan­day qilib? Abdullajon raisday odam har dami ichida yurganida, menga yo‘l bo‘lsin. Eh, bolalikning qo‘li qisqa bo‘ladi, degani rost ekan-da!

Men do‘stlarimga qaradim. Ular shartta o‘rinlaridan turib, oldimga kelishdi. Sababi, ko‘zlarim jiqqa yoshga to‘lgan ekan, o‘zim sezmabman.

– Nima qilamiz? – dedim.
– Nima desang shu! – deyishdi bir ovozdan. Keyin yonimga o‘tirishdi.
– Budkasiga o‘t qo‘yamiz! – dedim. Xayolimga dastlab kelgani shu bo‘ldi.
– E, yo‘q, – dedi Pakana bosh irg‘ab. – Bo‘lmaydi. Uning qo‘li uzun. Qochib qutulolmaymiz. Juvonmarg bo‘p ketamiz.

Tabibga jon kirdi.

– Bitta ish qilamiz, – dedi.

Unga yalt etib qaradik.

– Qovun o‘g‘irlaymiz.
– Nima!!! – dedik baravariga.
– Qaranglar, – dedi u baland-baland tol, terak­lar oralab oqib yotgan Sanoch soyni ko‘r­sa­tib. – Huv o‘sha chekkadagi polizdan o‘g‘ir­laymiz.
– Ey, odamga o‘xshab gapir, – dedi Kozlov toqati tugab. – Nima balo, alahsirayapsanmi? Biz Uzoqvoy haqida gapiryapmiz.
– Men nima deyapman!
– Sen ko‘rsatgan joy O‘skanboyniki-ku!
– Bilmasang, bilib qo‘y. O‘sha O‘skan­boying Uzoqvoy bilan sheriklikda dehqonchilik qiladi.
– O‘ylab ko‘rish kerak, – dedi Pakana sekin o‘rnidan turib. Bir-ikki u yoqqa, bu yoqqa borib keldi-da, qaytib o‘tirdi. – Bu ishimiz bilan bechora O‘skanboyga ziyonimiz tegib qolmasin.

– Tegsin-da, – dedi Tabib qat’iy qilib. – Uzoq­voy bilan oshnami, demak uyam quloq­lardan. Ular bekorga sherikchilik qi­lish­maydi.

Bu gap jo‘yali tuyulib, hammamiz jim qoldik. Tabib davom etdi.

– Bu kecha razvedka qilamiz. Ahvolni o‘rganamiz. Keyin jiddiy ishga o‘tamiz…

* * *
Yarim kecha.
Oy chiqqan.
Atrof suv quygandek jim-jit.
To‘rt og‘ayni tizilishib poliz chekkalab boryapmiz. Go‘yo xotirjamdaymiz-u, bari­bir ichimizda ozgina hadik bor. Ichimizdagi tashimizga chiqmaydi. Tashimizga chiqsa bo‘ldi, to‘rt hadik birlashib, bizdi qo‘rqoqqa aylantirib qo‘yadi. Va mana bunday bemalol, bexavotir emas, xuddi o‘g‘ri mushukka o‘xshab pusib yuramiz keyin. Biz buni istamaymiz. Chunki maqsadimiz o‘g‘rilik emas-da. Maqsadimiz – anovilardi andak hurkitib qo‘yish. Qachongacha ulardan qo‘rqishimiz kerak. Qachongacha chaqimchi, sotqinning oshig‘i olchi bo‘lishi ­kerak. Mulla bobomning kimga yomonligi bor edi. Aybi kitob­­xonligimi? Odamlardi kitobga qiziqtirganimi? Zamonning aynigani shu-da!

Xullas, bir yerlarda to‘xtab poliz oraladik. Yo‘l-yo‘lakay har birimiz bittadan tarvuzni palagidan uzib oldik. Qamish-qiyoqlar qalin o‘sgan bir yerda o‘tirib, tarvuzlarimizni tars-turs yorib, chala-chulpa yeb tashladik. Pichir-pichir qilib, ertangi ishimiz rejasini qildik. Keyin bittadan qovun ko‘tarib, yo‘lga tushdik.

Atrof jimjit, xavotirli bir narsa sezilmasdi…

* * *
Shom mahali.
Archamozordagi Silliq tosh yonidamiz.
Endi to‘rttamas, o‘n bitta o‘g‘lonmiz. Tabibning xabar yetkazishicha, kapa yaqinida bir ara­vacha keladigan tarvuz-qovun uyub qo‘yilgan ekan. Demak, ishimiz osonlashibdi. Poliz ora­lab yurmaymiz.

Silliq tosh ustida tun yarmiga qadar gurung­lashib vaqtni o‘tkazdik. Keyin reja bo‘­yicha ishga kirishdik.

Hammamiz yarim yalang‘och, chirmandani takillatib, toshfonarni bilanglatib, o‘yinga tu­shib, qiy-chuv bilan pastga ena boshladik…

Endi bir tasavvur qip ko‘ring: tun yarmida, tog‘ boshida tuyqusdan chirmanda takillab qolsin. Allanening bilanglagan yorug‘ida shir yalang‘och jinvachchalar raqsi boshlanib ketsin. Boz ustiga chirmanda takillashi-yu jaza­vali qiy-chuvlarga tog‘-u toshlar aks sado berib tursin… Jinvachchalarning jilpanglagan soyasi chor atrofni qoplab olsin… Yana deng, “jinlar raqsi” shitob bilan pastlikka enib, ustingga bos­tirib kelaversin…

Manaman deganning ham yuragi uvishadi­mi, uvishadi. Bir hadigiga o‘n hadik qo‘shilib, juftagini rostlab qoladimi, rostlab qoladi…

Alqissa, chirmandani takillatib, toshfonarni bilanglatib, qiy-chuv ko‘tarib, pastga tu­shib bor­yapmiz. To‘g‘ri O‘skanboyning kapasini mo‘ljalga olganmiz.

Kapaga yetib keldik hamki, jon zoti ko‘ri­nish bermadi. Kim jonidan to‘yganki, jinlar qarshisiga chiqsa…

Bolalar childirmani, qiy-chuvni to‘xtatmay, raqsga tushaverdi, biz Kozlov ikkimiz, kapa ichi­ga mo‘raladik. Juftakni rostlab qolishibdi. Vaqtni o‘tkazmay, ishga kirishdik. Bozorga deb uyub qo‘yilgan bir arava qovun-tarvuzni bitta qoldirmay Sanoch soyga oqizdik. Etakda, qishloqqa yaqin yerda sheriklarimiz kutib turardi, albatta.

* * *

Ertasiga quloq tutib yurdim. Qishloqda “jinlar raqsi” haqida gap-so‘z bo‘lmadi. Menimcha, O‘skanboy chuv tushganini sezsa ham, birovga churq etmagan. Kulgiga qolishdan qo‘rqqan. Biz ham uni anchagacha bezovta qilmadik. Orqasini sovutmoqchi bo‘ldik-da.

Bir haftalar o‘taverdiki, “o‘g‘rilikdi ­xumori” tuta boshladi. To‘rt og‘ayni tun yarmida yana yo‘lga chiqdik.

Poliz yoqalab boryapmiz. Bir yerlarga bordik-da, atrofga qarab olib, sekin ichkariga qadam bosdik. Lekin bu safar biror palak ustida to‘xtab egilishga ulgurmadik. Kapa tarafdan hushtak eshitildi. Turgan yerimizda tek qotdik.

– Ho‘, yigitlar, – degan ovoz keldi hushtak ketidan.
“Uh, Sotvoldi aka! – darhol tanidim men ovoz egasini. – O‘ldik!”
– Kozlov, qochdik, – dedim ovozim qaltirab.
– Nima deding?
– O‘skanmas… Sotvoldi aka, ketdik, tez bo‘l!

Zuv-zuv yugurib soy bo‘yiga chiqib oldik. Orqamizdan novcha Sotvoldi aka zipillab kel­yapti.

Katta sada degan joy bor. Shunga yetganda to‘rtovimiz uch tarafga – bittamiz O‘ng‘ortoqqa, ikkitamiz chapga – Qapchig‘ayga, men to‘g‘riga Poday qishloqqa qarab yo‘l soldik.

Bunday qarasam, Sotvoldi chopqir mening ketimdan tushgan. Qishloq chekkasiga yetdim, o‘zimni ichkariga urayinmi, aylanib o‘tayin­mi, deb turganimda Sotvoldi aka baqirdi.

– Ho‘, Adashvoy akamdi o‘g‘li, sen bolani bunaqa chopqirligingdi bilmas ekanman. Bo‘ldi, tan berdim, – dedi. Oramiz ikki yuz qadamcha. – Qaytdik, bo‘ldi, sinovdan o‘tding! – Shunday dedi-yu orqa o‘girib keta boshladi.

Oraliq masofani saqlab, qo‘rqa-pisa unga ergashdim. Safed Bulonga yaqinlashganda ikki tarafga qochgan jo‘ralarim ketma-ket hushtak chalishdi. Kelaveringlar, deganday hushtak bilan ishora berdim. Sotvoldi aka qishloq etagida kutib turdi. Undan olisroqda to‘xtadik.

– Iye, bularing ham Tursunboy-ku, – dedi Sotvoldi aka turgan yeridan. – Topdimmi? Bitta­si Ikromov Tursunboy, narigisi Bo‘riboyev, yana biring Turg‘unboydi o‘g‘lisan, to‘g‘rimi? Bu uchchoviniyam akasi menga jo‘ra bo‘ladi. Seni tog‘ang ham jo‘ram, yaqin jo‘ram. Endi O‘skanboy akani qiynamanglar, xo‘pmi, erta­lab kapaga o‘tinglar.

Keyin ketdi polizga qarab. O‘rtoqlarim yonim­ga kelishdi.

– Yetib olmadimi? – dedi Pakana.
– E, qayoqda! Yetkazmadim!
– Boplabsan. Nima dedi? – deya so‘radi Koz­lov.
– Chopqir ekansan, bilmabman, dedi.
– Yana nima dedi?
– Ertalab poliz kapaga kelinglar, dedi.
– E, bormaymiz, uradi… – dedi Tabib. Oramiz­da u sal yuraksizroq.
– Yo‘q, nomardlik qilmaydi, boramiz, – dedi Pakana.

Ertalab to‘rt og‘ayni poliz kapaga yetib kelganimizda ikki qariya, biri O‘skanboy ­amaki, choy ichib, Sotvoldi aka katta bir qovunni so‘­yib, tiliklab turgan ekan. Meni ko‘rishi bilan o‘tirgan yerida qaddini rostladi-da:

– Ana, yigitdi xo‘rozi keldi, – dedi baland ovozda. – Adashvoy akamdi o‘g‘li. Shuncha ketidan yugurdim, yetolmadim. Manovilari ikki tarafga qarab tirqirab ketdi… Qani, o‘ti­ringlar, azamatlar.

Sekin O‘skanboy amakiga razm soldim. Lab-dahaniga uchuq toshib ketibdi. Bizga qaragisi ham kelmaydi.

– Endi O‘skanboy aka, bulardi kechiring. Bolalik qip qo‘yishibti. Hammamiz ham bola bo‘lganmiz. Mana o‘zingiz, a, boshqalar bilmasa ham men bilaman-ku. Endi… o‘tgan ishga salavot. Xo‘p, kechirdingiz-a. Ayting, kechirdim deng.

O‘skanboy kechirdim, deb aytmadi-yu, bari­bir shu ma’noda bosh irg‘ab qo‘ydi.

– Ha, yashang! Qani endi, qovunga qaranglar. O‘skan aka, boshlab bering.

O‘skanboy amaki sherigiga qaradi. Sherigi qovunga qo‘l cho‘zdi. Ular uchta, biz to‘rtovlon qovun yeyishga tushdik…

Bitta qovun yetti kishidan ham ortdi. Bizga qolganda-ku, ortmasdi-ya, o‘zimizni tiydik-da.

Birovimiz qumg‘onda suv, birovimiz sochiq keltirib, birimiz chollarning qo‘liga suv quydik. Sotvoldi aka qo‘lini chayib, artindi-da, e, bara­kalla, deya joyiga qaytib o‘tirdi. Ke­yin:

– Qani oqsoqol, endi bir duo qiling, – dedi O‘skanboyning sherigiga. – Bular bilan bir gap­lashib olay…

“Obbo, – dedim men xavotirda. – Endi rosa dodimizni bersa kerak!”

Qariyalar ketishdi. Sotvoldi aka kapadan chiqib, to‘rtta qovun ko‘tarib kirdi-da, bittadan yonimizga qo‘yib chiqdi. Indamay bosh egib o‘tiraverdik.

– Mana ko‘rdilaring, – dedi u bir tomoq ­qirib olib. – Holimiz shu ekan, yettovlashib ham bitta qovunni yeb bitirmadik. Lekin… – u birpas jim qolib, har birimizga bir-bir qarab chiqdi. – Ko‘zimiz och. Chanqovbosdiga bir piyola suv kifoya, bir kosa ichgimiz keladi. Sizlardi unaqa nafsi bejilov demayman. Havasga tushgansizlar, topdimmi? O‘zimam bir zamonlar… ha, mayli, yoshlikda bo‘ladi. Lekin havasdi hunarga aylanib qolishi chatoq. Adashvoy akamdi o‘g‘li, chopqir ekansan. Tan berdim. Adashlaring ham chakki emas, a, to‘g‘rimi? – Yerga ko‘z tikib o‘tirgancha, bosh irg‘adim. – Ha, yashanglar. Endi bu yog‘iga ishdi bilib qilinglar, jiyanlarim, uyat­ga qolib yurmanglar tag‘in. Xudo ko‘rsatmasin, bu gaplar tog‘angdi, mulla bobongdi qulog‘iga yetib qolsa, nima degan odam bo‘lasan… Bo‘pti, boringlar.

Oson qutulganimizdan yengil tortdig-u, bari­bir ko‘nglimizda bir g‘ashlik qoldi. Bu odam nima deb o‘yladi ekan. Axir biz o‘g‘rilikka tushmagandik-ku. Maqsadimiz boshqa edi-ku! Lekin buni unga qanday tushuntiramiz.

Orziqul ERGASH – 1953-yili Samarqand viloyatida tug‘ilgan. Adibning “To‘y”, “Dunyoning bir chekkasi”, “Bolaligim ko‘chalarida”, “Shohsanam”, “Darxon qissalari”, “Qalb gavhari”, “Yulduzsiz osmon”, “Tanlangan asarlar” kabi nas­riy kitoblari nashr etilgan.

U 1999-yili “Do‘stlik”, 2023-yili “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan taqdirlangan.

“Jadid” gazetasining 2024-yil 25-oktyabrdagi 44-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605