07.04.2026 | 10:05
1470
UYUSHMA TUHFALARI
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi nafaqat ijodkorlarimizni yangi asarlar yozishga ilhomlantirish, balki yurtimizdagi davlat kutubxonalarini, shaxsiy kitob xazinalarini doimiy boyitib borish, sermazmun asarlarni o‘quvchilarga yetkazib berishga ham alohida ahamiyat qaratayotgani e’tiborlidir. Bu xayrli ish ko‘plab adiblarimizni kitob chiqarish “mashmasha”sidan xalos qilayotgani ham bor gap. Uyushma homiyligida nashr etilayotgan asarlar maktab va mahallalarga sovg‘a qilinmoqda, keng jamoatchilik vakillari bilan o‘tadigan uchrashuvlarda beg‘araz tarqatilmoqda.

Yaqinda Yozuvchilar uyushmasi tomonidan yana bir qator yangi nashrlar kitobxonlarga taqdim etildi. Quyida ularning ayrimlari bilan tanishtiramiz.
* * *
O‘zbek bolalar adabiyotida Hamza Imonberdiyev ijodi alohida o‘rin tutadi. XX asrning 80-yillarida adabiyotga dadil qadamlar bilan kirib kelgan shoirning “O‘jarlar”, “Alla”, “Lofchilar – aldoqchilar” singari to‘plamlari o‘z vaqtida keng kitobxonlar e’tirofini qozongan. Xususan, o‘z badiiy uslubiga ega ijodkorning quyida keltirilayotgan “Maslahat” singari o‘nlab she’rlari ko‘pchiligimizning xotiramizdan mustahkam joy olgan.
– Qancha “s” yoziladi
“Hassa” so‘zida, ajab?
Bittami, ikkitami, –
Bilolmay hayron Rajab.
– Uchta “s” yozing, aka, –
Aql o‘rgatar Jo‘ra. –
Ortib qolgani ma’qul,
Yetmay qolgandan ko‘ra.
Hamza Imonberdiyevning bolalarga atalgan eng sara she’rlari, ertak, doston va balladalari o‘rin olgan “Bilag‘on” kitobi nafaqat bolajonlar, balki katta yoshli kitobxonlarni ham befarq qoldirmaydi, deb o‘ylaymiz.
* * *
Hol Muhammad Hasan asli kasbi huquqshunos bo‘lsa-da, ayni paytda adabiyotga yuksak mehr qo‘ygan, xalqona she’rlari bilan tilga tushgan iste’dodli ijodkordir.
Bundan o‘n yillar muqaddam O‘zbekiston xalq artisti Mahmud Nomozov ijrosidagi “Ko‘za” qo‘shig‘i keng ommalashganini ko‘pchilik yaxshi eslaydi. Qo‘shiqning nihoyatda o‘ziga xos, o‘zbek tilining chiroyli shevasi asosida yaratilgan so‘zlari aynan Hol Muhammad Hasanga tegishli.
Shoirning yangi “Saylanma”sidan ana shunday xalqona she’rlar bilan bir qatorda chuqur falsafiy hikmatlarga asoslangan to‘rtliklar ham o‘rin olgan.
Botib rind-u riyoga, hirs qo‘yibsan dunyoga,
Besh kunlik shu umringda bechora osiy banda.
Qandoq olib ketarsan bularni u dunyoga
To‘rvasi yo‘q tobutda, kissasi yo‘q kafanda?
Jiddiy savol. O‘quvchini mushohadaga, hayotga uyg‘oq nigoh bilan boqishga undaydigan bunday hikmatli misralar kitobda bisyor.
* * *
O‘zbek she’riyatida o‘z o‘rnini topgan ijodkor G‘ulom Mirzoning o‘tgan davr mobaynida “Taayyun raqamlari”, “Oyparast dil”, “Otamning bog‘i”, “Qalb tomchilari”, “Oftobga qaytaman”, “Unutilgan hur”, “Yaxshi ham siz borsiz” singari o‘nga yaqin she’riy to‘plamlari nashr etilgan va o‘z o‘quvchisini topgan.
Shoirning “Saylanma”siga asosan keyingi yillarda yozgan asarlari, shuningdek, ayrim tarjimalari kiritilgan. Kitobga “Ey, oy!” degan qo‘shimcha nom berilishi shoir ijodida oy obrazi ko‘p va o‘rinli istifoda etilishi bilan bog‘liq.
G‘ulom Mirzo – so‘zni teran his qiladigan, so‘zni o‘ynatib yozadigan shoir. Ayni paytda, so‘z tovlanishlari she’rdagi ma’noni mustahkamlashga xizmat qilishi, albatta, e’tiborga loyiq.
Mansab topib – do‘stni yo‘qotdim;
mansab yo‘qoldi-yu,
topilmadi do‘st.
***
Qor odam bor bo‘lsa,
qarz so‘rab kelar-ku,
baribir.
***
Sulaymon emasman
Va bu ham
qattol devlarning baxti.
O‘ylaymizki, mana shu kichik namunalar ham shoirning she’riy iqtidorini namoyon qilib, adabiyot ixlosmandlarini yangi kitobni topib o‘qishga da’vat etadi.
* * *
Adabiyotga o‘zining tog‘ chashmasidek tiniq va samimiy she’rlari bilan kirib kelgan Mehribon Abdurahmonova so‘nggi paytlarda nasrda ham muvaffaqiyatli qalam tebratmoqda.
Adibaning yangi “Saylanma”sidan “Dasht qissasi”, “Gulzor qishlog‘ining gulduraklari”, “Qonli shafaq surati” nomli qissalari, “Dadamga maktub”, “Boybo‘sin tavakkal qildi”, “Qo‘shnilar” kabi turkum hikoyalari, esselari, maktublari va lavhalari joy olgan.
Bu asarlarning barchasida qishloq odamlarining bugungi hayoti, sodda va beg‘ubor fe’l-atvori, quvonch va tashvishlari ishonarli tarzda badiiy ifoda etilgan.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton tomonidan kitobga yozilgan so‘zboshi “Toza tuyg‘ular tarannumi” deb nomlanishida haqiqat bor. Zero, Mehribon Abdurahmonova timsolida “biz milliy adabiyotimizda o‘z yo‘li, o‘z uslubiga ega yana bir iste’dodli adiba bo‘y ko‘rsatdi, deya baralla ayta olamiz” va mazkur “Saylanma” kitobxonlarning nafaqat javonidan, balki ko‘ngil mulkidan ham munosib joy olishiga ishonamiz.
* * *
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqqan yana bir “Saylanma” shoira Hafiza Egamberdiyeva qalamiga mansub. Kitobning ikkinchi nomi – “Tomchilar tavallosi”.
Shoira she’rlari o‘ziga xos ohanglari va ma’no tovlanishlari bilan e’tiborni tortadi.
Nazaringda yupun, ochdayman,
Gulin to‘kkan bir og‘ochdayman,
Asli ko‘kdan xabarlar olib,
Yerga qaytgan qaldirg‘ochdayman…
***
Bu kun bergan rizqing tishlab turibman,
G‘amning xamirini mushtlab turibman.
Topdim, deb suyunib, kaftimni ochsam,
Bir hovuch tuproqni ushlab turibman.
***
Izlab bormang meni barg-u xazon ichra,
Yoningizdan yashil ko‘ylak kiyib o‘tdim…
Bu she’rlarni o‘qir ekansiz, o‘zingizni xuddi kuzgi xiyobon oralab falsafiy xayollarga berilib, bu xayollardan ko‘nglingizni poklab o‘tib borayotganday his qilasiz.
Darvoqe, ushbu kitoblarning barchasi “ADABIYOT” nashriyoti tomonidan ming nusxadan chop etilgan.
Ikrom BO‘RIBOYEV
“Jadid” gazetasining 2026-yil 20-martdagi 12-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
104
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
139
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
331



