Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


27.03.2025 | 09:18

img230

XO‘JAND MEHMONLARGA MUNTAZIR

Har yilgi Navro‘zdan ham bu gal yal-yal ochilib ketgan qadimiy va navqiron Xo‘jand oliymaqom mehmonlar poyiga anvoyi gullardan, oq, qirmizi, gunafsharang – turli tuslarda tovlanib turuvchi lolalardan poyandoz to‘shamoqda. Oppoq o‘rik gullari ulug‘ mehmonlar qadami ostiga bir-bir to‘kilmoqda. Salobatli Mevag‘ul tog‘i, azim Sirdaryo, ne-ne asrlardan so‘zlaydigan Xo‘jand qal’asi “Xush kelibsiz, aziz mehmonlar!” “Xush omaded, mehmononi aziz!” so‘zlarini takrorlab turibdi. Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga va Qirg‘iz  Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovga do‘stlik mehri bilan yo‘g‘rilgan quchog‘ini ochmoqda. Tojikiston xalqi qardosh o‘zbek va qirg‘iz xalqlari vakillarini intizorlik bilan kutmoqda. Bu galgi Navro‘z bayrami qadim-qadimdan yonma-yon yashab kelayotgan uch qardosh xalqning katta to‘yiga aylanib ketayotir…

Ustoz-shogird Abdurahmon Jomiy va hazrat Alisher Navoiy tamal toshini qo‘ygan do‘stlik asrlar osha bizga meros bo‘lib qoldi. Navro‘z ayyomida bu do‘stlikka keyingi yillarda ikki millat liderlari yangicha tus berishgani, yangi ruh bag‘ishlashgani qayta-qayta aytilajak. Bu ikki rahbarning kuchli siyosiy irodasi tufayli bir muddat uzilib qolgan do‘stlik yana tiklandi. Yopiq chegaralar qayta ochildi, cheklovlar bekor qilindi.

Ayni Navro‘z arafasida tojik va qirg‘iz xalqlari orasida ham quvonchli voqealar bo‘lib o‘tdi. Ma’nosiz nizolar tufayli besh yil berkilib qolgan chegaralar qayta ochildi.

Uzr, bayramda g‘amdan gapirmaydilar, lekin beixtiyor temir darvozalarga aylangan chegara-o‘tish maskanlarining har ikki tomonida ham qarindoshining to‘yiga borolmay, dilda g‘am bilan noiloj ortiga qaytganlar, eng yaqin kishisining janozasiga o‘ta olmay, temir panjaralarga holsiz suyangancha alamli yoshlarini to‘kkan kishilar ko‘z o‘ngimga keladi.

Bundan sakkiz yil oldin bu alamli damlar ortda qoldi. Shavkat Miromonovich Mirziyoyev – ikki xalq baxtiga Alloh tomonidan tanlangan inson va uni qo‘llab-quvvatlagan Emomali Rahmonning qo‘lni qo‘lga berishlari bois yillar osha yopiq chegaralar qaytadan ochildi. O‘sha kunlardagi o‘zbeklar va tojiklarning shodligini tasvirlash qiyin.

O‘shanda Patar-Andarxon chegara-o‘tish maskaniga yetib borganim va yurakni shirin hapriqtiradigan ajib bir manzaraning ustidan chiqqanim hamon yodimda. Bir tomonda qarindoshlar, do‘stlar, qadrdonlar bir-birlarini bag‘irlariga bosgancha uzoq vaqt qo‘yib yuborishmas, qayoqqa qaramang, keksa-yu yoshning qo‘llari duoga ochilgan – ikki mamlakat rahbarlariga uzoq umr, dunyodagi bor yaxshiliklarni tilab, duo qilishardi. Uch-to‘rt ayol bilan turgan ellik yoshdagi kishi duo qilib bo‘lgach, yoniga yaqinlashdim. U hayajon bilan shunday degani esimda:

“Men beshariqlikman. Onam Konibodomdan bo‘ladi. Tog‘am Konibodomning Ko‘chkak qishlog‘ida yashardilar. U kishi vafot etganlariga bir oydan oshdi. Lekin fotihaga bora olmadik, chegaradan o‘tkazishmadi. Mana, baxtimizga yurtimizga xalqning dardini tushunadigan rahbar keldi, chegarani ochib berdi, bo‘lar ekan-ku, endi singillarim bilan tog‘amning oilasidan ko‘ngil so‘ragani ketyapmiz…”

Uning so‘zlarini jimgina tinglayotgan singillarining ko‘zlari jiqqa yosh edi. Mana, o‘shandan buyon oradan sakkiz yil o‘tdi. Bu orada O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi boshqa chegara-o‘tish maskanlari ham ochilib, ikki mamlakatning qo‘shma bozori qurilishi davom etmoqda.

Shavkat Mirziyoyev Tojikistonga safari chog‘ida Xo‘jandga tashrif buyurib, muhtasham Arbob saroyidagi do‘stlik yig‘ilishida qatnashgan edi. Ana shunda Emomali Rahmon Shavkat Mirziyoyevga “Markaziy Osiyoda do‘stlik munosabatlarining me’mori” deya ta’rif berdi. Bu millionlarning yurak to‘ridagi gap edi! Chindan ham Shavkat Miromonovich faqat Tojikiston bilangina emas, balki boshqa qo‘shni mamlakatlar – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston bilan ham do‘stona munosabatlarni tikladi, yopiq chegaralarni ochdi.

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarida o‘tgan yili yana bir katta qadam qo‘yildi. Ikki qo‘shni, qardosh mamlakat ittifoqchiga aylandi. Sakkiz yildan buyon O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy munosabatlar beqiyos darajada o‘sdi, sayyohlik rivojlandi. Hozir 270 ta o‘zbek-tojik qo‘shma korxonasi ishlamoqda. O‘zbekiston qisqa fursatda mahsulot yetkazib berish va qabul qilish bo‘yicha Tojikiston hamkorlari orasida yetakchi o‘ringa chiqib oldi. Joriy yilda O‘zbekistondan Tojikistonga boshqa mahsulotlar qatori sifatli urug‘lik chigit olib kelish masalasi hal etildi. Ayni paytda Tojikistonning Isfara shahri tadbirkorlari Farg‘ona viloyatida uchta meva qadoqlash korxonasini ishga tushirishdi. O‘tgan yili Tojikistonga eng ko‘p sayyoh O‘zbekistondan kelgan. Samarqand va Buxoroda, Toshkent va Xivada, Farg‘ona va Andijonda, Namangan va Qarshida har qadamda tojikistonlik sayyohlarni uchratasiz.

Ikki mamlakat o‘rtasida madaniy aloqalar ham tobora yaxshilanib bormoqda. O‘zaro madaniyat kunlari, har ikki mamlakatning kino haftaliklari, rassomlar ko‘rgazmasi muntazam o‘tkazilmoqda. O‘zbekistonda tojik ijodkorlarining asarlari o‘zbek tilida, Tojikistonda o‘zbek qalamkashlarining kitoblari tojik tilida katta, chiroyli, sermazmun to‘plam holida chop etildi.

Ancha yillardan buyon uzilib qolgan kino sohasidagi hamkorliklar davom ettirila boshlandi. Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiyning ustoz-shogirdlik munosabatlari aks etgan, ikki qardosh xalqning buzilmas, abadiy do‘stligiga bag‘ishlangan film suratga olinmoqda. O‘zbekistonlik tojik shoir va yozuvchilar bizning Yozuvchilar ittifoqimizga qabul qilindi. O‘z navbatida tojikistonlik o‘zbek adiblaridan o‘n ikki kishi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga a’zo bo‘ldi. Ularning kitoblari O‘zbekistonda nashr etilmoqda.

Adabiy aloqalar haqida gap ketar ekan, men beixtiyor bundan ancha yillar oldin o‘tkazilgan “Muqimiy “Sayohatnoma”si bo‘ylab” deb atalgan ajoyib bir tadbirni eslayman. U o‘zbek va tojik ijodkorlari, olimlari, san’atkorlarining do‘stligini mustahkamlovchi tadbirga aylanib ketgan edi. O‘shanda uchrashuv Muqimiy yashab, ijod etgan Qo‘qon shahridan boshlandi. Muqimiy mehnat qilib, ijod qilgan xonada bo‘ldik. Shoir ijodiga bag‘ishlangan ajoyib adabiy-madaniy kecha o‘tkazildi. Shundan so‘ng “Sayohatnoma” yo‘nalishida yo‘lga chiqdik. Farg‘onaning Beshariq tumanida, jumladan, shu hududning Rapqon qishlog‘ida, Tojikistonning Konibodom va Isfara shahrida adabiy gurunglar, kitobxonlar bilan uchrashuvlar, olimlarning Muqimiy haqidagi suhbatlari, sehrli kuy-qo‘shiqlar ijrosi davom etdi. Esimda, “Sayohatnoma” tanishtirgan, birlashtirgan ijodkorlar orasida o‘zbekistonlik Yo‘ldosh Sulaymon, Malika Mirzayeva, Habibullo Saidg‘ani, Bahodir Iso hamda Tojikiston xalq shoirlari Nurmuhammad Niyoziy Ahmadjon Rahmatzod, ona tomondan qo‘qonlik bo‘lgan katta yozuvchi Gʻayrat Hakim, ular qatorida men ham bor edim. Hozir u kunlarni orziqib eslayman, o‘shal samimiy, maroqli, do‘stona suhbatlarni sog‘inaman. Isfarasoy bo‘yida mashhur hofiz Qobiljon Yusupovning mikrofonsiz aytgan qo‘shiqlari soyning sharqiragan ovozidan-da baland kelgani, butun atrofni, jumladan Isfarasoyni ham somega aylantirib qo‘yganini sog‘inib-sog‘inib xotirlayman.

To‘g‘ri, hali yuqorida yozganimday, madaniy tadbirlar tez-tez o‘tkazilyapti. Lekin “Sayohatnoma” izidan”ga o‘xshash tadbirlar yana o‘tkazilsa, nur ustiga nur bo‘lar edi. Axir, bunday tadbirlar ikki xalq ijodkorlarini bir-biriga tanitadi, oshno etadi, do‘stlashtiradi.

Navro‘zning xislatlari ko‘p. Ular orasida eng yaxshisi do‘stlikni yanada mustahkamlashidir! Men Xo‘jandda o‘tkaziladigan tarixiy uchrashuv o‘zbek, tojik va qirg‘iz xalqlarining do‘stligini ko‘z-ko‘z etguvchi ulkan, yodda umrbod qoladigan shodiyonaga, tantanaga aylanishiga ishonaman!

O‘rinboy USMON,
O‘zbekiston va Tojikiston Yozuvchilar uyushmalari a’zosi

“Jadid” gazetasining 2025-yil 21-martdagi 12-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600