25.03.2025 | 15:20
535
MAQSADLARI BIR, UDUMLARI MUSHTARAK
Tojikiston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda bilan suhbat

– Hurmatli elchi janoblari, avvalo, siz orqali birodar tojik xalqini Navro‘z bayrami bilan qutlaymiz.
Ushbu ayyom siz-u bizga ajdodlarimizdan meros ezgu qadriyat sanaladi. Biz bu kunning tantanalarini sumalak uchun bug‘doy ko‘kartirishdan boshlaymiz. Xo‘sh, Tojikistonda bayram qanday o‘ziga xoslik bilan boshlanadi?
– Tashakkur. Men ham fursatdan foydalanib Navro‘z ayyomi bilan butun o‘zbek xalqini tabriklayman. Bu bayram ikki qo‘shni millat uchun birdek qadrlidir. Tojikistonda ham Navro‘z sumalaksiz o‘tmaydi. Bu an’ana bejiz emas, uning chuqur ramziy ma’nosi bor, albatta. Bahor umrimizga yangi nafas, rizqimizga yangi tot bilan baraka olib kiradi.
Tojikiston – bahorning darvozasi, deymiz biz. Chunki tog‘li mamlakat bo‘lganimiz bois tabiatimiz juda go‘zal. Tojik xalqining bayramboshi an’anasi esa bahordasta hadyasi bilan o‘ziga xoslik kasb etadi. Bahordasta hadya nima ekan, deb o‘ylayotgandirsiz? Mamlakat shimolida yosh-yalanglar gulizebo, ya’ni bahor darakchisi – boychechak ko‘tarib xonadonma-xonadon kirishsa, janubiy hududdagi yoshlar gullagan o‘rik shoxchasi va endigina barg chiqargan majnuntol novdasidan bahoriy guldasta tayyorlab, uyma-uy yurishadi. Yoshi kattalarga bahordasta berib, ko‘ngillarini olishadi. Bu Navro‘z bilan tabriklash marosimi bo‘lib, azaliy udumimizga aylanib ketgan. Shuningdek, boshqa bayramdosh mamlakatlardan farqli yana bir an’anamiz bor. Tojiklarning bayram dasturxoni “Ne’mati hafti sin va shin” deb atalguvchi, ya’ni “s” va “sh” harfi bilan boshlanadigan yetti xildagi ramziy taom va buyumlar bilan bezatiladi.
– Navro‘z Tojikiston va O‘zbekiston uchun umumiylik kasb etadi. Ma’lum ma’noda ularni bir-biriga bog‘lovchi yana bir rishta desak ham bo‘ladi. Shunday emasmi?
– Albatta, shunday! Navro‘z xalqlarimizning bir-biriga yaqinlashuviga yana bir omil bo‘lib xizmat qiladi. Navro‘zni nishonlaydigan hamma davlatlarda bayram kunlari odamlar bir-birlarini tabriklaydi, mehmonga boradi, keksa va bemorlarni yo‘qlaydi, bir maydonga yig‘ilib ovqatlar tayyorlashadi, yagona dasturxon atrofida jam bo‘lishadi, o‘yin-kulgi qilishadi, sayillarga chiqishadi. Xuddi shu qadriyat davlatlar o‘rtasida ham bor. Ya’ni, bayram munosabati bilan davlat rahbarlari, hukumat mulozimlari, madaniyat va adabiyot vakillari ham bir-birini muborakbod etishadi. Surxondaryoning Termiz, Uzun, Denov tumanlaridan mohir chavandozlar Tojikistonda o‘tadigan uloq-ko‘pkarilarda qatnashib keladi. Yoki bizning tojik yigitlarimiz ham O‘zbekistonda o‘tadigan shu kabi tomoshalarda qatnashadi. Misol uchun, yaqinda So‘g‘d viloyatining Guliston shahrida o‘tgan ot poygasida o‘zbek va tojik xalqlarining eng chapdast chavandozlari ishtirok etishdi. Shuningdek, har ikki davlatdan shoirlar, xonandalar Navro‘z shodiyonalarida ijodiy chiqishlar qiladi. Ya’ni, Tojikistonda Navro‘z o‘zbeklarsiz, O‘zbekistonda tojiklarsiz o‘tmaydi. Demoqchimanki, bu ikki xalqning dasturxoni bir, udumlari mushtarak. Bayramlar esa ularni xuddi qarindosh-urug‘ni to‘y bir joyga jamlagani kabi birlashtiradi.
– Faoliyatingiz davomida Navro‘zni qaysi mamlakatlarda nishonlagansiz va u yerlarda o‘tgan bayramlardan taassurotlaringiz qanday?
– Mening diplomat sifatidagi ilk safarim O‘zbekistonga bo‘ldi va mana, 2021-yildan buyon shu yerdaman. Toshkent, Samarqand, Buxoro shaharlarida tashkillashtirilgan Navro‘z tantanalarida qatnashdim. Bundan bir necha yillar oldin Eron va Afg‘onistonda bu bayramning qanday nishonlanishiga guvoh bo‘lganman. Afg‘onistonning Balx va Mozori Sharif viloyatlarida tashkil etilgan Navro‘z sayliga borganman. Lekin taqqoslaydigan bo‘lsak, Navro‘z aynan O‘zbekiston va Tojikistonda juda fayzli o‘tadi. Bu balki davlatlarimiz rahbarlarining alohida e’tibori tufayli hamdir. Chunki bu mamlakatlarda Navro‘zni nishonlash to‘g‘risida alohida Prezident qarorlari qabul qilinadi.
Ayniqsa, xotin-qizlarimizning milliy liboslarda ko‘rinish berishlari, ota-bobolarimizdan bizga yetib kelgan milliy sport musobaqalarining tashkillashtirilishi bayram shukuhini yanada oshiradi. Umummilliy hasharlar uyushtirilib, hovlidan tortib, ko‘cha-ko‘ygacha an’anaviy ruhda tozalanishi ham kishiga zavq beradi. Bunaqasi faqat bizning ellarda bor.
– Elchi janoblari, O‘zbekiston va Tojikiston Respublikalari o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 30 yildan oshdi. Keyingi yillarda o‘zaro aloqalarda qanday ijobiy o‘zgarishlar yuz bermoqda?
– Ikki birodar xalqning tarixiy rishtalari juda uzun. Azaldan o‘zaro hamdo‘stlik va qardoshlik tuyg‘ulari o‘zbek-tojik munosabatlarini bir-biriga chambarchas bog‘lab kelgan. Diplomatik aloqalarning tobora mustahkamlanib borayotgani esa har ikki mamlakat rivojiga katta hissa qo‘shmoqda. Jumladan, savdo hajmi sezilarli darajada o‘sdi. Transport, energetika, tijorat, sanoat sohasida aloqalar yaxshilandi. Ayniqsa, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida ish boshlagach, ikki davlat o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va gumanitar hamkorliklar yuqori darajaga ko‘tarildi. Mamlakatlarimiz istiqlolga erishgandan to bugungacha 400 ga yaqin xalqaro shartnoma imzolangan bo‘lsa, bu muhim tarixiy hujjatlarning eng ahamiyatlilari va katta qismi muhtaram Shavkat Mirziyoyevning boshqaruv davriga to‘g‘ri keldi. Birgina misol, 2025-yil oxirigacha ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlashni 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Bunday xayrli misollarni yana davom ettirish mumkin.
– Diplomatik vakolatxonalar davlatlar o‘rtasida iqtisodiy-madaniy ko‘prik vazifasini o‘taydi. Davlatlararo do‘stlik rishtalarining mustahkamlanishi adabiy birligimiz uchun ham juda katta imkoniyatlarni ochib berdi.
– Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi o‘zbek shoir va yozuvchilari ijodi bilan tojik kitobxonlarini tanitish borasida ko‘p yaxshi ishlarni amalga oshiryapti. Jumladan, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Oripov, Zulfiyaxonim, Sirojiddin Sayyid kabi bir qator shoir va yozuvchilarning kitoblari tojik tilida chop etildi. O‘zbekistonda tojik, Tojikistonda o‘zbek ijodkorlari bilan uchrashuvlar tashkil qilinmoqda. Kezi kelganda, o‘zbek va fors-tojik tillarida ijod qiluvchi adabiyotshunos olim Ja’far Xolmo‘minov haqida aytib o‘tmoqchiman. Ja’far Muhammad taxallusi ostida qalam tebratuvchi surxondaryolik bu zullisonayn ijodkor mumtoz va yangi davr o‘zbek-tojik adabiyoti namunalarini o‘zaro tarjima qilib, ikki mamlakat kitobxonlari e’tiboriga taqdim etmoqda. Bundan tashqari, o‘zbekistonlik jurnalistlarning tojik matbuotida va tojikistonlik jurnalistlarning o‘zbek nashrlarida chiqishlari ham o‘zaro aloqalarning yanada mustahkamlanishiga xizmat qilyapti.
– Joriy yil 31-mart kuni Xo‘jand shahrida uch mamlakat yetakchilari O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat chegaralari tutashgan nuqta hududi to‘g‘risidagi shartnomani imzolashi ko‘zda tutilgan. Ushbu muhim tadbirning ahamiyati haqida ham to‘xtalsangiz.
– Davlat rahbarlarining bir joyda jam bo‘lib, bu xususda muloqot o‘tkazishi mintaqaviy hamkorlik rivojida juda muhim. Xo‘jand sammiti O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston uchun g‘oyat foydali bitimlarning imzolanishi kutilayotgan tarixiy anjuman sifatida ahamiyatlidir. Kichik bir misol: hozir O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasidan ID kartalar yordamida bemalol o‘tib-qaytish mumkin. Yaqin vaqtlarda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida ham xuddi shunday imkoniyatlar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilyapti.
– Mazmunli suhbat va ajratilgan vaqt uchun Sizga minnatdorlik bildiramiz.
– Salomat bo‘ling. O‘zbekistondagi barcha qalam ahlini, xalqingizni, xususan, “Jadid” gazetasi mushtariylarini biz ham Navro‘z bayrami bilan tabriklaymiz. Do‘stligimiz abadiy bo‘lsin!
Muhayyo RUSTAM qizi suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 21-martdagi 12-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
88
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



