Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


10.05.2025 | 14:15

img636

YELKAMA-YELKA

Bir kunda otuvga hukm qilingan aka-ukalar qismati

Burhonovlar sulolasi… Buxorodagi jadidlik harakati haqida so‘z borsa, albatta, ushbu sulola eslanadi, uni chetlab o‘tishning iloji yo‘q. Sulola XIX asr oxiri – XX asrning birinchi choragida Buxorodagi ijtimoiy-siyosiy va madaniy jarayonlarda muhim rol o‘ynagan ma’rifatparvar xonadonlardan biri edi.

Ularning ajdodlari Buxoroda o‘rta asrlardan boshlab shayxulislom, qozikalon, muftiy, rais, mudarris sifatida nom qozongan. Shajara o‘qtomirida turgan samarqandlik ulamo Burhon Olim o‘g‘li – Samarqand shahri chor Rossiyasi tasarrufiga o‘tganidan keyin Buxoroga kelib uzoq yillar mudarris va muftiy sifatida faoliyat yuritgan. XX asr boshlariga kelib bu oila vakillari hududda yangi maktablar ochib, taraqqiyot g‘oyalarini ommalashtirishda faol ishtirok etgani haqida ma’lumotlar uchraydi. Suloladan yirik davlat arboblari, maorif, madaniyat xodimlaridan tortib, pedagog, jurnalist, mashhur kompozitorlargacha yetishib chiqqan. Ularning asli kim ekani, jamiyatda qanday yuksak mavqega egaligi borasida to‘kis tasavvur hosil bo‘lishi uchun birgina insonning ism-sharifini tilga olish kifoya: Mutavakkil Burhonov! Davlat madhiyamiz musiqasining muallifi bo‘lgan atoqli bastakor. Sahna oldida biz uning o‘zini tamoman kuy va ohangga bag‘ishlagan umrini ko‘ramiz, parda ortida esa “xalq dushmani” ayblovi bilan otib tashlangan jadid amakilari, akasining fojiali qismatidan bexabarmiz. Quyida Burhonovlar sulolasining achchiq qismatini yashab o‘tgan aka-ukalar – to‘rt jadid taqdiri haqida hikoya qilmoqchimiz.

Manbalarda qayd etilishicha, 1937-yilda O‘zbekiston bo‘yicha qatag‘onga uchragan uch mingdan ziyod mahbusdan 1688 nafari otuvga hukm qilingan. Bu fojia asosan O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi huzuridagi maxsus “Uchlik” a’zolari – Apressyan, Segizboyev, Sheyndlin va Yakovlev qo‘li bilan amalga oshirilgan. Davlat xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Lases taqdim etgan 615-sonli ish bo‘yicha o‘limga hukm qilingan buxorolik 17 kishidan to‘rt nafari Burhonovlar sulolasi vakillari – aka-uka Mazharuddin, Mukammil, Muhammir hamda ularning jiyani Misboh Burhonov edi.

Mazharuddin Burhonov
(1878–1937)

Nufuzli sulolaning munosib vakili Mazharuddin Burhonov butun hayotini ilmga, xalqni xat-savodli qilishga bag‘ishlagan fidoyi, olijanob shaxs edi. Bolaligidan ilmga chanqoq Mazharuddin avval otasi qo‘lida, keyin eski maktab va madrasalarda ta’lim oladi. U Buxoro madrasasini tugatgach, ilmning keng va zamonaviy manbalaridan bahramand bo‘lish niyatida 1914-yildan Istanbul universitetining matematika fakultetida o‘qiy boshlaydi. Shuning barobarida Turkiyadagi maktablarda o‘qituvchilik qiladi. Bu davrda Istanbul nafaqat Gʻarb va Sharq ilmlari chorrahasi, balki zamonaviy ta’lim g‘oyalari va usullarining ham asosiy markazlaridan biri edi. Universitet tahsili davomida Burhonov nazariy bilimlar olish  asnosida ilg‘or pedagogik yondashuvlar bilan ham tanishadi. Maktablardagi faoliyati chog‘ida ta’limda yangi metodlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘radi va bu yondashuvlar Mazharuddin uchun haqiqiy kashfiyot edi. Chunki yangi usullar o‘sha vaqtda hali aksariyat Sharq mamlakatlaridagi matnni yodlash va takrorlashga asoslangan an’anaviy ta’lim tizimidan tubdan farq qilardi. Xalqni ilm-u ma’rifatli qilish g‘oyasi esa qahramonimiz qalbida kun sayin jadidlik g‘oyalariga hamohang uyg‘unlashib borardi. “Nega biz ham bolalarimizni mustaqil fikrlashga o‘rgatmaymiz? Nega ta’lim amaliyot bilan bog‘liq bo‘lmasligi kerak? Nega matematika faqat nazariy o‘qitilishi, hayotga xizmat qilmasligi kerak?” degan savollar unga bir zum tinchlik bermas edi.

1922-yilda oliy ma’lumotli matematika o‘qituvchisi diplomi bilan Buxoroga qaytib kelgach, u ma’rifiy harakatlarning rosmana yetakchisiga aylandi. 1922-1923-yillarda Buxoro Xalq Respublikasi Mehnat idorasi boshlig‘i va Maorif noziri o‘rinbosari vazifalarida ishladi. “Nashri maorif” jamiyatining xorijda o‘qiyotgan talabalarni qo‘llab-quvvatlash, maktab va kutubxonalar faoliyatini kengaytirish kabi tadbirlarini keng targ‘ib etdi. Buxoro Respublikasi tugatilganidan so‘ng Mazharuddin Burhonov hukumat ishlaridan butunlay voz kechib, bor e’tiborini ta’lim bilan shug‘ullanishga qaratadi. Xususan, matematika sohasida ilk darsliklar yozadi. 1924–1930-yillarda Buxorodagi dorulmualliminda, so‘ngra Samarqand shahridagi musiqa institutida ishlaydi. 1932-1933-yillarda u Dushanbe hamda 1933–1936-yillarda Toshkent shahrida yashab, ilmi toliblarga matematikadan dars beradi. Keyin Samarqand shahriga ko‘chib kelib, maktab o‘qituvchiligidan nafaqaga chiqadi.

Mazharuddin Burhonov 1937-yilning 19-iyulida “Milliy ittihod” tashkilotiga aloqadorlikda ayblanib qamoqqa olinadi. Bu vaqtda uning turmush o‘rtog‘i Saodatxon Samarqand shahridagi o‘qituvchilar bilim yurtida tahsil olayotgan edi. Mazharuddin Burhonov so‘roq jarayonida 1910-yili Turkiyadan kelganida Fayzulla Xo‘jayev bilan tanishganini aytarkan: “U 13-14 yosh bola edi. Men uni siyosiy arbob emas, oddiy millionerning o‘g‘li sifatida tanigan edim. 1922-yil Turkiyadan qaytib kelganimda katta o‘zgarishlar bo‘lgan ekan. Albatta, Turkiyada milliy partiyalar ko‘p edi. Ammo O‘zbekistonda birorta siyosiy partiya yoki “Milliy ittihod” nomli aksilinqilobiy tashkilot haqida eshitgan emasman. “Nashri maorif” kabi ma’rifiy jamiyatlar bo‘lgan. Biroq u xalq maorifini qo‘llab-quvvatlovchi harakat edi”, deydi.

Mukammil Burhonov
(1884–1937)

Burhonovlar sulolasining yana bir vakili Mukammil maktab va madrasada ta’lim olgach, 1908-yilda “Tarbiyai atfol” (“Bolalar tarbiyasi”) jamiyati tomonidan Istanbulga o‘qishga yuboriladi.

U keyinchalik “Yosh buxoroliklar” partiyasiga a’zo bo‘lib, taraqqiyparvar g‘oyalarni keng yoyishga intiladi. 1912-yilda Ismoil Gʻasprali, Abduqodir Shakuriy maktablariga qiyosan o‘z uyida yangi usuldagi maktab ochadi. Turli sabablar bilan xat-savod chiqarolmay qolgan katta yoshli insonlar uchun 1913-yilda kechki maktab tashkil etadi. Bu xayrli ishlari uni Buxoro zaminida maorif sohasidagi yetakchi shaxslardan biriga aylantiradi.

1917-yil aprel oyida Buxoroda bo‘lib o‘tgan yoshlar namoyishidan keyin Mukammil Burhonov Samarqandga ko‘chib o‘tadi. U ilmiy-ma’rifiy faoliyat bilan shug‘ullanishda davom etarkan, yangi davr talab qilayotgan islohotlar uchun bilim va tajriba orttiradi. Amir hokimiyati ag‘darilganidan so‘ng u doimiy ravishda Fayzulla Xo‘jayevning yaqin yordamchisi va suyanchig‘i sifatida siyosiy-ijtimoiy jarayonlarda faol ko‘rinish beradi.

Tarixdan ma’lum, 1922-yilga kelib Abdurauf Fitrat Buxoro Xalq Respublikasida Maorif xalq noziri lavozimiga tayinlangach, chet el ta’lim muassasalariga yoshlarni yuborish ishini rasmiy va tizimli ravishda yo‘lga qo‘yadi. Bu mustabid tuzum ostidan endi bosh ko‘targan Buxoro yoshlariga katta imkoniyat eshigini ochgan voqea edi. Ayni shu paytda Mukammil Burhonov hayotida ham yangi davr boshlanadi.

1922-yil oktyabr oyida u Fayzulla Xo‘jayev va RSFSRning Buxoro Xalq Sovet Respublikasidagi doimiy vakili Kojevnikov bilan birga Germaniyaga safar qiladi. Ular Berlinda 25 kun davomida turli uchrashuv va muzokaralarda qatnashadi. Safar asnosida Berlinda tahsil olayotgan buxorolik talabalar – Abduvohid Burhonov, Olimjon Idrisiy va Badri Sayfulmulk bilan uchrashib, kundalik hayoti, o‘qish sharoiti, moddiy ahvoli bilan yaqindan tanishadi.

Bu davr talabalar uchun ham, Mukammil Burhonov uchun ham katta mas’uliyat va amaliy tajriba vazifasini o‘taydi. U shunchaki kuzatuvchi bo‘lib qolmasdan, turkistonlik talabalar tahsili, moddiy ta’minoti va ularning kelajakda Vataniga nafi tegadigan yetuk kadrlar sifatida shakllanishiga ko‘maklashish yo‘lida faol harakat qiladi. Ilmi toliblarning dard-u tashvishlariga akalarcha quloq tutadi. Bu samimiy munosabatlar mustahkam do‘stlikka aylanib, 1923–1925-yillar oralig‘ida Mukammil Germaniyadan ko‘plab maktublar oladi. Talabalar o‘z xatlarida millat taqdiri haqida qayg‘urishlarini bayon etadi. 

Mukammil Burhonov 1920–1924-yillarda Buxoro Xalq Respublikasida Adliya noziri, keyinroq BXSRning RSFSRdagi muxtor vakili vazifalarida faoliyat yuritadi. O‘zbekiston Respublikasi tashkil etilgach, Samarqandda Fayzulla Xo‘jayevning shaxsiy kotibi bo‘lib ishlaydi. Biroq u siyosiy faoliyatni uzoq davom ettirmay, o‘qituvchilikka qaytadi. Bo‘sh vaqt topdi deguncha maqom san’atining mashhur ustalari Ota Jalol va Ota Gʻiyosdan musiqiy saboq olib, jiyani Mutavakkil Burhonovga musiqiy ta’lim berishga kirishadi. Bu haqda keyinchalik Mutal Burhonovning o‘zi shunday xotirlaydi: “San’atga, musiqaga, adabiyotga oshno Mukammil amakimning uyiga domla Halim Ibodov, Cho‘lpon, Ota Jalol, Ota Gʻiyos, Levicha Hofiz singari ulug‘ san’at fidoyilari kelishardi. U kishi tanburni o‘zlari chalardi. Sakkiz yoshimda menga tanbur sovg‘a qilgandi. Tanbur chertishni avval amakimdan, keyin ustoz Ota Gʻiyosdan o‘rganganman. Kecha-kunduz amakim meni musiqadan ayro tushirmasdi”.

Afsuski, repressiya to‘lqini Mukammil Burhonovni ham chetlab o‘tmadi. 1937-yil 23-may kuni u “Milliy ittihod” a’zosi bo‘lgani, tashkilot g‘aznasiga mas’ullik qilgani va xalqni qurolli qo‘zg‘olonga chorlagani kabi soxta ayblovlar bilan hibsga olinadi. Qo‘lga olinganda, unga qarshi hatto ikki yashar qizalog‘i Rakinaning o‘yinchoqlari ham tekshiriladi. 1937-yilning iyul oyida o‘tkazilgan tahqirli so‘roqlar-u qiynoqlar kor qilmagach, “NKVD xodimlarini haqorat qilgani” uchun uch kunga karserga hukm etiladi. Uzluksiz azoblar sabab butunlay holdan toygan Mukammil Burhonov o‘ziga nisbatan barcha tuhmat-u bo‘htonlarni tan olgan kishi bo‘lib, aslida shu yo‘l bilan qiynoqlardan xalos bo‘lish umidida, hujjatlarga behol imzo chekishga majbur bo‘ladi…

Muhammir Burhonov
(1897–1937)

Sulolaning yana bir iqtidorli vakili, bolalikdan ilm-ma’rifatga ishtiyoqmand Muhammir jadid maktabi va madrasa tahsilining ilk bosqichini tugatishi bilanoq 1912-yili Turkiyaga o‘qishga yuboriladi. U 1921-yilgacha Eski shahar, Bursa va boshqa shaharlarda ta’lim olish barobarida o‘qituvchilik ham qiladi. Muhammir “Yosh buxoroliklar”ning Turkiyadagi “Ta’mimi maorif” uyushmasi tashkilotchilaridan biri edi.

Buxoroda amirlik tuzumi ag‘darilib, “Yosh buxoroliklar” hokimiyatga kelgach, Muhammir Burhonov ona yurtiga qaytib, yangi tuzilgan hukumatda muhim lavozimlarda faoliyat yuritadi. Avvaliga Buxoro shahrida, keyinroq Chorjo‘y va Shahrisabz viloyatlarida militsiya boshlig‘i bo‘lib ishlaydi. Burhonovning ushbu davrdagi faoliyati uni nafaqat huquq targ‘ibotchisi, balki jamiyatni yangi yo‘nalishga yetaklashda fidoyi shaxs sifatida namoyon qiladi.

1924-yili u oilaviy sabablar bilan Turkiyaga qaytib boradi va ikki yildan ortiq muhojirlikda yashaydi. Bunday uzoq muddat chetda qolish Sovet hukumati tomonidan shubha ostiga olinadi. Ular ushbu safarni “Usmon Xo‘jayevga katta miqdorda pul olib borganlik” hamda “Turkiyadan turib BXR hukumatini qo‘llab-quvvatlash” sifatida talqin etadi.

1926-yilda Buxoroga qaytib kelgan Muhammir Burhonov O‘zbekistonda kuchaygan siyosiy bosimlar natijasida barcha davlat lavozimlaridan chetlatiladi va Samarqanddagi 5-maktabda o‘qituvchilik qiladi. Garchi bu bosqichda qahramonimiz faoliyati tashqi tomondan sokin ko‘rinsa-da, u millat taraqqiysi fikridan bir zum voz kechmagan, shu g‘oya bilan tirik edi.

Muhammir Burhonov 1937-yilning 12-iyunida Samarqandda qo‘lga olinib, Toshkentda  so‘roq qilinadi. Unga nisbatan ayblovlar qalashtirib tashlanadi: “Milliy ittihod” a’zosi; militsiyada ishlab yurgan vaqtida qizil armiyaga qarshi qo‘rboshilarni qo‘llab-quvvatlagan; Turkiyada bo‘lib, xorij mamlakatlaridan sovetlarga qarshi kurashda yordam so‘ragan va hokazo…

Hujjatlardan ayon bo‘ladiki, Muhammir Burhonov har bir harakatini asoslar bilan izohlab, o‘zining beayb ekanini tushuntirishga harchand urinmasin, ularning hech biri inobatga olinmaydi. Siyosiy muhit shunday edi: hatto muhojirlikdagi tanishlar bilan tasodifiy aloqa ham “millatchilik”, “aksilinqilobchilik” deb baholanardi.

Misboh Burhonov
(1905–1937)

Misboh – Burhonovlar sulolasining bugun biz hikoya qilayotgan eng yosh vakili. Uning otasi Muzainiddin Burhonov aniq fanlarning yetuk bilimdoni bo‘lgan, dunyoqarashi keng mudarris sifatida nom qozongan edi. Misbohning jadid maktablarida va zamonaviy bilim yurtlarida ta’lim olib, o‘z davrining faol, erkin fikrli, ilg‘or yoshlaridan biriga aylanishida, tabiiyki, ziyoli otasining, oiladagi ma’rifiy muhitning hissasi katta bo‘lgan.

Buxoroda amirlik hokimiyatining mutlaq zo‘ravonligi hukm surayotgan bir paytda 14 yoshli Misboh va uning padari kutilmaganda adolatsiz hukm tufayli zindonga tashlanadi. Zulmning og‘ir bosimi bola qalbida qo‘rquv va ojizlik emas, aksincha, erkinlikka intilish va zolim tuzumga qarshi kurashish irodasini mustahkamlay bordi. Muayyan ma’noda bu sinovli kunlar Misbohning kelgusi faoliyati va qarashlarida muhim o‘rin tutadi.

1919-yilda otasi vafotidan so‘ng Misboh Buxoroni tark etishga majbur bo‘ladi. U dastlab Samarqand va Toshkentdagi bilim yurtlarida, keyinchalik Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetida tahsil oladi. 1928-yilda o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlab, Vataniga qaytgach, bir muddat Samarqandda faoliyat yuritadi. Keyinroq Dushanbe shahriga ko‘chib o‘tib, 1933-yilgacha “Tojikistoni surx” gazetasida bosh muharrir lavozimida ishlaydi. Misboh Burhonov yosh va iqtidorli jurnalist sifatida o‘z ijodi orqali jamiyatda ma’rifat va taraqqiyot g‘oyalarini keng yoyishga intiladi. Biroq…

1933-yilda chaquv ortidan u ham “aksilinqilobchi” degan asossiz va siyosiy tusdagi ayblovlar bilan hibsga olinib, besh yilga qamoq jazosiga hukm qilinadi. Hibsdalik paytida ham unga nisbatan qattol tuzumning siyosiy tazyiqlari davom etar, butun mamlakat bo‘ylab stalincha repressiyalar avj olib ulgurgandi.

Misboh Burhonov hali ozodlik nafasini to‘liq his qilib ulgurmasidan, 1937-yili tag‘in qamoqqa olinadi va unga O‘zSSR Jinoyat kodeksining 60- va 67-moddalari asosida “xalq dushmani” degan yangi ayblov qo‘yiladi. Bunga qadar ham qamoqning chidab bo‘lmas uqubatlarini boshdan kechirgan qahramonimiz bemajol, zaif va kasalmand holda edi. Shu bois aytarli so‘roq qilinmasdan, barcha ayblovlar bo‘yniga ilinadi-qo‘yadi. O‘zining hech bir gunohini anglamagan iqtidorli Misboh hali oila ham qurib ulgurmay, oliy jazo – o‘limga hukm qilinadi.

1937-yil 25-oktyabr. Sulolaning to‘rt nafar zabardast vakili yelkama-yelka turib shahid bo‘ldi. Shu tariqa o‘z zamonasining peshqadami bo‘lgan ziyoli oilaning to‘rt ustuni bir paytda quladi. Siz farzandlar dog‘i boshiga tushgan mushtipar onaizorning holini tasavvur qila olasizmi? Minglab, o‘n minglab asl jigargo‘shasidan ayrilgan ona xalqning zabun holini-chi?!

Ana shu jonfidoliklar, tarixning shafqatsiz va achchiq saboqlari  bugungi tinch va osoyishta kunlarning qadrini anglatib, milliy istiqlolimizni, onajon Vatanimizni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylashga doimo da’vat etib turadi.

Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600