Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


30.01.2025 | 16:34

img345

YENGILTAKLIKNING OGʻIR OQIBATI

U tug‘ilganida ota-onasi juda baxtiyor edi. Ayniqsa, Bahodir akaning shodligi ichiga sig‘mas, naslining davomchisi, uyining chirog‘i dunyoga kelganidan o‘zini qo‘yarga joy topolmasdi. Katta orzular bilan chaqaloqqa Murodjon deb ism qo‘yishib, el oldida boshimizni ko‘klarga ko‘taruvchi murodimiz bo‘ladi, deya niyat qilishgandi.

Ammo yolg‘iz o‘g‘il ota-onadan ko‘ra ko‘chadagi o‘rtoqlariga mehribon bo‘lib o‘sdi, ular uchun vaqtini ayamaydigan, ulfatchilik bazmlarini kanda qilmaydigan bo‘ldi. Maktabni bitirgach, institutda tahsil olishni istamadi, do‘stlariga qo‘shilib, qo‘l telefoni savdosi bilan shug‘ullanib yurdi-da, keyin bu ishini ham tashlab qo‘ydi. Ko‘chadan beri kelmay, sandiroqlab yuradigan odat chiqardi. “Matiz” avtomashinasini ijaraga olib, kira qilib yurgan Bahodir aka o‘g‘lini band qilish maqsadida kalitni uning qo‘liga tutqazdi: “O‘g‘lim, kechqurunlari mashina boshqarishga ko‘zim o‘tmay qoldi, sen hali yoshsan, men kunduzi, sen kechqurun ishlasak, ijara pulini to‘lashga ham, orttirib jamg‘arishga ham yetadi. Shaharda kecha-yu kunduz odam to‘la. Qani, bugundan ishni boshla”. Haqiqatan ham, bir qo‘ldan ikki qo‘l yaxshi ekan. Ota-bola birga ishlagach, ro‘zg‘orga ancha baraka ina boshladi. Onaizor esa, o‘g‘lining boshini ikkita qilish uchun tezroq kelin olishga intilar, yaxshi qizlarni daraklay boshlagandi.

Biroq ularning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi. Murodjon avgust oylarida Umida ismli qiz bilan tanishib qoldi-yu, shap etib uning tuzog‘iga tushdi. Endi topgani ikkisining xursandchiligiga sarflanar, otasiga kam pul tutqazardi. Bahodir aka buning sababini so‘raganida, “Ko‘chada odam kamayib, taksi ko‘payib ketgan” deya bahona qilardi. Murodjon ish boshlashidan oldin Umidaga sim qoqar, uni mashinasiga mindirib olib, kirakashlik qilardi. Keyin tungi restoranlarda ovqatlanishib, ko‘ngilxushlikni davom ettirishardi. Sal o‘tmay, ularning safiga Umidaning dugonasi Madina ham qo‘shildi.

– Bugun bizni shahar chetidagi oshxonaga olib boring, u yerda zo‘r baliq pishiradi-da, – barvarakayiga yalinishga tushdi qizlar muloyim ohangda. O‘zining ham qorni ochqab turgani uchun Murodjon qarshilik bildirmadi. Bugungi “mullajiring”ni sanab ko‘rdi, mo‘ljalga yetadi.

– E, anavidan olmaymizmi, sho‘rtakkina baliq bilan zo‘r ketadi, – ko‘rsatkich barmog‘i bilan tomog‘iga chertdi Madina. – U yerda ichkilik berishmaydi.

Madinaning taklifi Murodjonning ishtahasini battar qitiqlab yuborgandi, yugurib borib do‘kondan bir shishani qo‘tiqlab chiqdi.

– Madi, san baloniyam bilasan, – aytilgan joyga yetib kelishganida qizning yelkasiga qoqdi Murodjon. – Qish chillasida sovuqni aroq kesadi, ayniqsa, ulfatlar bilan issiqqina xonada otamlashishning gashti boshqacha-da.

– Ha, men yaxshi bilaman, – ko‘zlarini suzdi Madina. – Faqat yana bitta shisha bo‘lsa zo‘r bo‘lardi-da. Negadir ertalabdan tomog‘im taqillaydi.

Navbatdagi taklif ham bajarildi va aroqxo‘rlik boshlandi.

– Voy boshim, tars yorilib ketay deyapti, voy boshim, – kayfi oshib qolgan Madina boshini orqaga tashladi.

– Kamroq ichish kerak edi, – Murodjon Madinaning oldida turgan ichimlik quyilgan stakanni qo‘liga oldi. – Bo‘ldi, boshqa ichma.

– Menga ber, – qo‘lini Murodjonga cho‘zdi Madina boshini bazo‘r ko‘tarib.

– Yo‘q, bermayman, bo‘ldi.

– Ber bu yoqqa deyapman, – endi ko‘zlaridan g‘azab sachratib Murodjonga tashlandi boyagina mushukdek muloyim turgan qiz. – Sen shu yerga olib kelib, majburlab ichirmaganingda, shunday bo‘lmasdi. Endi uzat!

– Nima, seni bu yerga men majburlab olib keldimmi, rahmating shumi hali?

– Ha, sen olib kelding, hammang shunaqasanlar, – qizning ovozida yig‘i aralash gina paydo bo‘ldi, u nimalarnidir gapirib tinmasdi. – Ko‘rgani ko‘zim yo‘q senlarni!

Madina endi oshxonani boshiga ko‘targudek qilib bor ovozicha yig‘lardi. Xavotirga tushgan oshxona xodimlari ularni o‘rab olishganida Murodjon uyalganidan Madinani yetaklab mashina tomon yurdi.

– Tort qo‘lingni! – Madina bir siltanib qo‘lini tortib olar cho‘i yerga gursillab yiqildi.

Murodjon Umida bilan birgalashib uni mashinaning orqa o‘rindig‘iga yotqizdi-da, gazni bosdi. Mashina yeldek uchib borar, Madina esa yigitni haqoratlashdan tinmasdi. Sabr kosasi to‘lgan Murodjon mashinani bir qo‘li bilan boshqargan holda qizning yuziga tarsaki tortdi.

– Hali shunaqami, mana, mana! – qiz endi uchli poshnalari bilan oynani tepa boshladi.

Oynaning qirilgani shirakayf Murodjonning g‘azabini battar qo‘zitdi. Qarasa, qiz tinchlanmaydigan, qo‘rqitmasa bo‘lmaydi. Shu maqsadda xayoliga kelgan gapni aytdi:

– Ovozingni o‘chirsang o‘chir, bo‘lmasa ustingga benzin sepib yoqib yuboraman, kuling ko‘kka sovriladi.

– Hih, – pisand etmadi Madina. – Qo‘lingdan keladigan ishni gapirsang yaxshi bo‘lardi. Sendaqalarning ko‘pini ko‘rganman. Hecham qo‘rqmayman. O‘zing nari borsa bir kirakashsan-u, katta gapirishingni qara!

Yo‘lda ilonizi bo‘lib, shiddat bilan ketayotgan “Matiz” g‘iyq etib ilkis to‘xtadi.

– Nima deding, yana bir marta qaytar? – o‘shqirdi Murodjon ortga o‘girilib.

– Kirakash, dedim, ki-ra-kash! Shaldiroq a-ra-va. Endi eshitdingmi? – Madina yotgan ko‘yi qo‘llarini osiltirgancha piching qildi.

– Ana endi mendan yaxshilik kutma!

Madina yigitni yelkasidan itarib bamaylixotir dedi:

– Ey, latta, shalaq aravangni tort.

– Ko‘ramiz qo‘rqmaganingni, – shunday deya Murodjon mashinani yonilg‘i quyish shoxobchasi tomon haydadi-da, bir yarim litrli yelim idishda benzin sotib oldi.

– Hazillashmayapsizmi, Murod aka? – boyadan beri uyqusirab o‘tirgan Umidaning ko‘zlari yarq etib ochildi. – Mashinangiz uchun oldingiz-a buni?

– Mashina uchun bunaqa idishda olinmaydi, manavi uchun oldim, meni haqoratlaganlarning jazosini berish uchun – ko‘rsatkich barmog‘ini orqaga niqtab gapirdi u.

Murodjon gapini tugatib, Madinaga bir qaradi. Ichiga shayton kirib olmaganida, Madina yigitdan kechirim so‘raganida balki ular o‘z uylariga tinchgina tarqalishgan bo‘larmidi… Yo‘q, aroq baribir o‘z kuchini ko‘rsatdi. Madina tumshug‘ini battar yuqoriga ko‘tarib turaverdi.

– Umida, sen shu yerda tushib qol, keyinroq olib ketaman.

Tungi soat uch yarim. Murodjon Umidani tushirdi-da, rul keng dalaga burdi. Tuproq yo‘llarni bosib, dalaning qoq yarmiga borgach, ulovni to‘xtatib, bir qo‘lida benzinli idish, ikkinchi qo‘li bilan orqa eshikni ochib, Madinani tortib tushirdi.

– Baribir meni qo‘rqitolmaysan, – Madina tag‘in gerdaydi. – Bu qilmishing uchun hali javob berishingga to‘g‘ri keladi, ustingdan arz qilaman seni, cho‘chqa!

– Shunaqami? Arz qilishga ulgurmaysan, alvasti, kuning bitdi, – Murodjon idishdagi benzinni Madinaning boshidan quya boshladi. – Mana senga, mana, – idishni silkilatib oxirgi tomchisigacha qizga sochdi.

– Qani davom et-chi! – benzinga cho‘milib, og‘zidan yonilg‘i oqib turishiga qaramay Madina gapdan qolay demas, qaytanga, qah-qah otib kulardi.

– Hozir ko‘rasan, – Murodjon cho‘ntagiga qo‘l suqdi-da, yondirgichni chiqardi va Madinaning boshi uzra tutib o‘t oldirdi…

Lop etib alanga olgan Madina chinqirgancha keng dalalar bo‘ylab yugurar, tuproqqa yonayotgan qizning o‘tli qadamlari bosilardi. Qilg‘ilikni qilib bo‘lgan qotil yonayotgan ulfatiga yordam berish va uni qutqarish o‘rniga allaqachon juftakni rostlab qolgandi. Keng dalalar bo‘ylab yugurgan otash vujud axiyri yerga quladi…

Buzoqning yugurgani somonxonagacha, deganlaridek Murodjon Adizov ham uzoqqa qocholmadi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudi unga 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Ha, yengiltaklikning javobi og‘ir bo‘ladi. Eng yomoni, hali chimildiq ko‘rmagan yigit va qiz orzumand ota-onaning, qarindosh-urug‘larning yuzini shuvut qilib ketdi…

Nurxon ELMIRZAYEVA,
jurnalist

“Jadid” gazetasining 2025-yil 24-yanvardagi 4-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img107

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img618

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img614