Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


23.01.2025 | 15:03

img784

YOLG‘ONNI YAMLAMAY YUTIB, “SEMIRAYOTGAN” YouTube

…Universitetda tahsil olayotgan jiyanimning savol aralash so‘ragani ajablantirdi: “Bu… nomlari abadiylashtirilganlarning hammasi ham adolatli odamlar emas ekan-ku!”

Gap kim haqida ketayotgani bilan qiziqdim. U qo‘l telefonidagi bir lavhani ko‘rsatdi. Sarlavhasiga ko‘z tashladim: “Oq oltin” qullari. Paxta mafiyasi”. Lavhaga ikki tarixiy shaxs surati ilova qilingan – Sharof Rashidov va Ahmadjon Odilov. Qiziqib, besh-olti daqiqa kuzatdim va hafsalam pir bo‘ldi. Jiyanimga asl haqiqat qayerda ekanligi bo‘yicha biroz ma’ruza o‘qishimga to‘g‘ri keldi.

Ijtimoiy tarmoqlarni “o‘rgimchak uyasi”ga o‘xshatishadi. Tabiatning mitti jonivori – o‘rgimchak qorin qayg‘usida oshqozonida ishlab chiqaradigan suyuqlikni o‘ta nozik iplarga aylantirib, undan turli va chalkash handasaviy to‘rlar to‘qiydi hamda bir burchagida nogoh to‘rga tushadigan o‘ljani poylab yotadi.

O‘ljayam uzoq kuttirmaydi.

Majoziy holatni bugun turli ijtimoiy tarmoqlarda yoyinlanayotgan xabar, lavha, tok-shou, blog va shunga o‘xshash axboriy chiqishlarda ko‘ramiz. Bu o‘rinda “o‘rgimchak” rolida biror kimsa. Uning “o‘lja”si esa ongi shakllanmagan, dunyoqarashi “To‘ytepadan nariga o‘tmagan” har kim.

Internet foydalanuvchilarini eng ko‘p o‘ziga og‘diradigan, (manipulyatsiya) qiladigan “YouTube” hisoblanadi. Turlicha siyosiy dunyoqarash, buzg‘unchilik, fahsh, diniy ekstremizm mazmunidagi jonli yoyinlar bilan to‘lib-toshgan “YouTube”ga bir nazar tashlasangiz, misli changalzorga kirib qolgandek bo‘lasiz. Xorijiy tillarga “tishi o‘tmaydigan” tomoshabinlar qatlami odatda ruscha va o‘zbekcha kontentlarga kirishadi. Aynan ushbu kontentlardagi ayrim lavhalar kishini sergak torttiradi. Bunday soxtagarchilik, yolg‘onlarni tarqatishdan maqsad ne? Ularning ortida kimlar – qaysi mafkuraviy kuchlar turibdi?

Jiyanim shuurini buzishga uringan yuqoridagi lavha aynan “YouTube”da tarqalgan (Shu o‘rinda mazkur ijtimoiy tarmoqda juda ko‘plab foydali kontentlar, so‘nggi vaqtlarda o‘zbek segmentida tarix, adabiyot, ijtimoiy hayot borasida mazmunli, to‘laqonli ko‘rsatuvlar borligini ham inkor etib bo‘lmaydi).

“YouTube”ga kirib, “izlash” xizmatiga ikki yoki uchta so‘zdan iborat so‘rovnoma yozing. Misol uchun, “Paxta ishi” yoki “O‘zbeklar ishi” deb so‘rov bering… Bir zumda shu mazmundagi o‘nlab ko‘rsatuvlar chiqib keladi. O‘tgan asrning saksoninchi yillari ikkinchi yarmida xalqimiz boshidan kechirgan so‘nggi qatag‘on – “paxta ishi” bo‘yicha bir-birini inkor qiluvchi, aksar tuhmatlardan iborat ko‘rsatuvlar keragidan ortiq – “o‘rgimchak to‘ri”da ilashib… yo‘q, mustahkam o‘rnashib olib, soddadil odamlarni kutib yotibdi. O‘z vaqtida dalillar, sud hujjatlari bilan isbotlangan haqiqatlarga bu ko‘rsatuvlarda boshqacha to‘n kiydirilgan – sobiq imperiyaning salkam uch yuz million aholisini arzon kiyim-kechak (belanchakdagi lattadan tortib kafaniga qadar) ta’minlagan zahmatkash paxtakor xalqimizga “o‘g‘ri”, “qo‘shib yozuvchi” tamg‘alari yopishtirilgan. Afsuslanarlisi, bu ko‘rsatuv va lavhalarning aksari so‘nggi yillarda tayyorlangan va “YouTube”ga joylashtirilgan. Paxta yetishtirishning azobi (majburiy mehnat, zaharli kimyoviy moddalar tufayli sariq xastaligi ommaviy tarqalgani) haqida tasavvurga ega bo‘lmagan yoshlar bu ko‘rsatuvlar ta’sirida o‘z dunyoqarashlarini o‘zgartirmaydi, ota-bobolari haqida boshqacha fikrga borishmaydi, deb kim kafolat bera oladi?!

“YouTube”da o‘sha og‘ir yillarda respublikada bosh bo‘lgan, aynan sovet zug‘umi tufayli umrini Quyi Amudaryo mintaqasida paxta dalasida yakunlagan Sharof Rashidov haqidagi ko‘rsatuvlar sonini sanashda adashasiz. Bugun xotirasi abadiylashtirilgan, tuman, universitet va ko‘chalarga nomi qo‘yilgan, haykallari ko‘rkam joylarda o‘rnatilgan shaxsga tirikligida va vafotidan keyin otilgan toshlar – bo‘htonlar kimlardir tomonidan tizimli va to‘xtovsiz davom qildirilmoqda. Qaram zamonlarda millat boshida turgan oydinni yomonotliq qilishdan bugun kim manfaatdor? Bu yolg‘onlar kimlarga va nima maqsadlarda xizmat qilayotir?

O‘z davrida tuhmatlarga uchragan, umrining ko‘p yilini qamoqxonalarda o‘tkazgan vodiylik mashhur rais Ahmadjon Odilov haqida ham shunga o‘xshash bir qator ko‘rsatuvlar joylanganki, ular haqida ham shu fikrni aytish mumkin.

Yuqorida eslatilgan ko‘rsatuv go‘yo sobiq sovet davlatida “eng kuchli mafiya” – “paxta mafiyasi” bo‘lgan degan g‘oya ustomonlik bilan tomoshabin ongiga ta’sir qilishiga mo‘ljallab tayyorlangan. Bir qator yolg‘on fakt va raqamlar keltirilganki, bular tinglovchini ishontirishga xizmat qiladigan darajadan ham ortiqcha.

Aslida, paxta atalmish tabiat moʻjizasi xalqimiz egnini butlash asnosida sovetlar o‘tkazgan siyosat o‘laroq “zulm vositasi”ga asoslangandi. “Dehqon yoqqanda, cho‘pon o‘lganda tinchiydi” deyilmish otaso‘zimiz o‘sha davrda o‘z mazmunini yo‘qotgan, dehqon qora qishda ham tinim bilmas, aholi molxonalaridan tosh qotgan chorva go‘ngini ko‘chirib, dala boshiga chiqarardi. Bu jarayonga ko‘proq xotin-qizlar va hatto maktab bolalari ham jalb qilinardi. Keyin chigit ekish jarayoni kamida bir oy davom etar, buning og‘ir mehnati yana bechora dehqon yelkasiga tushardi. Bu yog‘i unib chiqqan niholni yagana qilish, keyin to‘rt-besh bora begona o‘tlardan tozalash kuzakka ulanardi. U yog‘iga esa “paxta fronti” ochilib, toki qora qishgacha davom qilar, beli qotmagan maktab bolalari terimga birinchi navbatda jalb qilinar, qisqasi yig‘im-terimdan biror jon chetda qolmasdi. Qishloq ahli taqdiriga yozilgan og‘ir yumushga terim davrida shahar ahli ham qo‘shilardi.

…Jahon bozorida barcha zamonlarda yuqori baholangan paxtani yetishtirgan dehqonga arzimagan haq – terilgan bir kilogramm paxta uchun besh tiyin to‘lanardi. Jamoa xo‘jaliklarining aksari ming tonnalab paxta yetishtirgan holda yil yakunida qarzdor bo‘lib chiqardi.

Shu davrda yurt boshida turgan insonlarga ham oson tutmaslik kerak! Ular buyruq beruvchi yuqori tashkilot bilan oddiy xalq orasidagi rishta edilarki, bu vazifa gardaniga tushgan insonlar ikki tomondan tortilish (bosim) ostida yashashgan va insoniy qiyofasini saqlab qolishga urinishgan. Bunga erishganlari ko‘p. Judayam ko‘p! Ularni bugun hurmat bilan eslayapmiz.

Mustaqillik tufayli bu kunlar ortda qoldi – saboq maktabi bo‘lib shuurimizga o‘rnashdi. Ammo…

Haliyam o‘sha davrdagi shaxslarni qoralash, ular orqali jafokash o‘zbek dehqoniga qora chaplash kimga kerak bo‘lib qoldi? O‘tmish kultepalarini qayta va qayta titkilashdan kimlarga naf?

“YouTube” har qanday soxtagarchiliklar, yolg‘onlarni yamlamay yutishga usta tarmoq. Unda uya qurgan (“o‘rgimchak to‘ri” to‘qigan) kimsalar soxta akkauntlar ochib, bugun yurtimizda olib borilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy islohotlardan “kir izlash”, ayrim amaldorlar obro‘sini to‘kishga zo‘r berishyapti.

Yaqinda bir tanishimizning ayoli ma’rakasida qatnashdik. Davrada o‘ttiz chog‘li turli yoshdagi kishilar. Kimdir hozirda ko‘mir yoqiladigan isitish qozoni afzalliklari haqida gap ochdi. Tabiiy gazdan uzilgan chekka hududlarda haqiqatan ham xonadonlarni qishda isitish uchun ko‘mir yoqilg‘isiga moslashgan isitish qozonlari o‘rnatish rusumga kiryapti. O‘tgan yili shunday isitish qozonlari o‘rnatgan xonadon egalari qishda besh xonali uyini doimo issiq tutish uchun to‘rt tonna atrofida ko‘mir sarflagani, bu esa elektr energiyasi orqali isitishdan bir necha baravar arzonga tushganini aytishadi. Bu yangilikning boshqa tomonlari ham bor. Xona ichida qurilgan pechkalarga ko‘mir yoqilganida is gazi chiqishi xavfi mavjud. Yana bunday pechkalar xonaning ancha joyini egallaydi, hamisha tutun hidi anqib turadi.

Katta-yu kichik yangicha isitish tizimi afzalliklari, uni o‘rnatish uchun ketayotgan xarajatlar haqida fikr olishayotgan vaqtda yoshgina yigit “Ko‘mir-ko‘mir” deguncha gaz so‘ranglar! Nega gaz yetishmasligi sababini bilmoqchi bo‘lsanglar telefoningiz aytib beradi – “YouTube”ga kiring!” deb qoldi.

Haqiqatan ham hozirgi qish faslida ayrim hududlarda gaz yetishmovchiligi sabab vaqtincha yuzaga kelgan muammolarni pesh qilib, undan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanish uchun “YouTube”da yolg‘onlarni sizdirayotgan kimsalar anchagina. Afsuslanarlisi, ularning aksari o‘zimizning qorako‘zlar. Birlari alamzada, birlari qachondir yurtni tashlab qochgan, yana birlari dordan qochgan tomoshaga o‘ch qavmdan. Har bir muammodan foydalanib, odamlar ko‘ngliga g‘ulg‘ula solish, ularni boshqa yo‘llarga da’vat qilish asosiy maqsadlariga aylangan.

…Yaqinda ijtimoiy tarmoqlardagi taqiqlangan kanallar ro‘yxati e’lon qilindi. Diniy ekstremistik, yolg‘on ma’lumotlar tarqatuvchi, g‘azotga chorlovchi kanallar qaysilar ekanligini bilish, ularga kirishdan (ayniqsa, hali ongi to‘la shakllanmagan yoshlarni) qaytarish har bir ota-onaning burchi. Shu ma’noda, bunday ogohlantirishlar muntazam berib borilayotgani juda asqatadi. Aynan shunday saytlarga kirganlik uchun qonunlarimizda jazo belgilangan. Ammo…

Yuqorida aytganimiz – kechagi kundagi tariximizni soxtalashtirayotgan, undagi ayrim shaxslarni yomonotliqqa chiqarish, bugungi kunimizga qora bo‘yoq chaplashni maqsad qilgan ijtimoiy tarmoqlardagi saytlar, bloglarga kirishni ham qonunan tartibga solish vaqti kelmadimi? Shu yo‘sindagi tarmoqlarning yoshlar ongiga yetkazayotgan zarari diniy ekstremistik tarmoqlardan kam emas-ku!

To‘g‘ri, yurtimizda so‘z erkinligi yangi qabul qilingan Konstitutsiyamizda kafolatlangan. Buni millionlab foydalanuvchilarning ijtimoiy tarmoqlarga emin-erkin kirishlari, o‘z fikr-mulohazalarini bildirishlarida ko‘ryapmiz. Ayrim davlatlarga o‘xshab bizda qaysidir ijtimoiy tarmoq bloklanmagani ham buning isboti. Qolaversa, yurtimizda “jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi ustun, ya’ni har qanday yolg‘on-u bo‘htonlarga qarshi bosiqlik bilan aniq tarixiy dalillar, kun voqealari tafsilotlari orqali kurashish.

“YouTube”dagi bo‘htonona ko‘rsatuvlar ta’siriga tushgan bandalar chandon ko‘pligi yetmaganidek, davralarda ushbu yolg‘on xabar, ma’lumotni dasturxon qilish hollari urchimoqda. Chor atrofda bo‘layotgan voqelikdan ko‘z yumib, kimlardir, qaylardandir tarqatayotgan yolg‘on xabarlar shu sabab bolalab borayotir. Bu holatni ruhiyatshunoslar “inson ongini manipulyatsiya qilish” deyishadi. Dehqonchasiga aytsak, ongni zaharlash, bo‘htonlar bilan oziqlantirish. Agarda ijtimoiy tarmoqlarga eng ko‘p kiradigan qatlam aynan yoshlar ekanligini inobatga olsak, bu yaxshilikka emas. Negaki, ahli donish aytmish: “Yoshlar miyasi – urug‘ qadalmagan unumdor yer, yoshligida nima ekilsa, o‘sha ko‘karadi” matali bizni hamisha sergak torttirishi kerak. Shunday emasmi?!

Ro‘zimboy HASAN

“Jadid” gazetasining 2025-yil 17-yanvardagi 3-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596