16.05.2025 | 09:05
1148
“MENI HAMON O‘QIRLAR VA UNUTMASLAR” YOXUD ASALAT AYANING NURLI XOTIRALARI
Asalat aya – momom. Suhbatlashib o‘tirgan edik, quloq ilg‘amas pichirlab “Abdulla Qodiriy. Julqunboy. “Mushtum”, dedilar.
– Nima-nima? Aya, nima dedingiz?
– Julqunboy.
– Kim haqda gapiryapsiz?

“…O‘n ikki yoshlarda edim. Jamalaksoch, yerga ursa ko‘kka sapchiydigan sho‘x-shodon bola paytlarimiz. Chimkent shahrining Gulbog‘ degan joyida katta hovlimiz bo‘lardi. Otam Komil boyvachcha Turdixo‘jayev yurtning taniqli kishilaridan biri edi. O‘zi qassob, o‘sha davrda O‘rusiyaning bir qancha shahar va viloyatlariga go‘sht yetkazib berardi. Onam Zulfiyaxon aya ham qo‘l-oyog‘i chaqqon, sarishta, bola tarbiyasida muloyim ham talabchan, dono ayol edi.
Garchi otamiz kasbi, surati kitobdan yiroqdek, ammo siyrati, turgan-bitgani adabiyot edi. She’rga, mutolaaga zavqi baland bo‘lgani sababidanmi, uyimizga mashhur shoir, yozuvchi – ziyolilar serqadam, tez-tez yig‘ilib turishar, yozganlaridan parchalar aytishardi. Bola aqlimiz bilan mushoira kechalarining qiymatini uncha ilg‘amasak-da, qizg‘in va samimiy suhbatlar, she’rlar ohangimi, so‘zlar jarangimi, xullas, ko‘ngilga xush yoqardi. Albatta, suhbatni eshik ortidan ko‘zqirilab, qimtinib kuzatardik.
Shunday nafis yig‘inlarda o‘ta jiddiy, o‘tkirso‘z, kamtarin bir kishi unda-bunda ishtirok etardi. Keyin otamizdan bilsak, bu kishi Toshkentning Samarqand darvoza mahallasidan, “O‘tkan kunlar”ni yozgan Abdulla Qodiriy ekanlar. El og‘zida “Otabek va Kumush” bo‘lib alqangan, qo‘lma-qo‘l o‘qilgan bu asar bosmadan chiqqanida mahallada shov-shuv, muhokama kuchayib ketgan. Odamlar adibning Chimkentga kelishini, asar ne sabab bunday yakun topganini uning o‘zidan so‘rash-chun mushtoq kutishardi.
Biz esa roman syujetini, Kumushning zaharlanib hayotdan ko‘z yumgani voqealarini kattalardan uzuq-yuluq eshitib (chunki kitob hammada bo‘lmas edi), birini tushunsak, birini tushunmay yutoqib, jarayon rivojidan hayajonga tushardik.
Toshkentlik mehmonning tashrifi bizga yana shunisi bilan yoqardiki, ularga ergashib qizi Nazifa, o‘g‘li Habibulla ham kelardi. Bolalar birgalashib bog‘da o‘ynar, qo‘shiq aytib, raqsga tushardik.
Otamiz Abdulla Qodiriy bilan yaqin do‘st bo‘lganidan hatto oiladagi beshinchi qiz – singlimizga Xatima ismini qo‘yishni aytgan, xotima bo‘lsin, keyingi farzandlaringiz o‘g‘il bo‘lsin deb niyatlab.
Esimda, Abdulla Qodiriy biznikiga kelganida bog‘imiz etagida o‘tirib ijod qiladigan o‘z joyi bo‘lardi. Oyim bizga tandirdan endigina uzilgan issiq non, somsalardan patnisga solib berar va yozuvchi amakimizga sekin eltishni tayinlardi. Tabiiyki, bunday “topshiriq”dan boshim osmonda, chopqillab borib, oldinlari faqat eshitganim, hamma diydorini ko‘rishga intiq insonni yaqindan ko‘rish asnosida qo‘limdagi patnisni dasturxonga zumda qo‘yib qaytardim. Onamiz “Shovqin solma, diqqatini bo‘lma”, derdi-da nuqul. Buyruqqa so‘zsiz amal qilardim.
Otamizni adib bilan, ijoddan bo‘sh paytlari, bog‘da ko‘p kuzatardik: ikkovlon olma-uzum shoxlarini butab, shiyponda qizg‘in suhbat qurishardi. Yillar o‘tib bildik, uyimizning eng qadrli mehmoni, shunday samimiy inson turli bo‘hton, tazyiq va ta’qiblar iskanjasida qolgan ekan. Keyinchalik uning otib o‘ldirilganini eshitgach, ko‘z o‘ngimda issiq non ko‘tarib, adibning oldiga borganlarim, ularning ijod og‘ushidagi o‘ychan, ulug‘vor qiyofasi qayta gavdalanib, allanechuk seskanib ketdim”.
“Otabek va Kumush” chiqqach, 1928-yili ulug‘ adib o‘g‘li Habibulla bilan kelgani, tongotar suhbatlarini ko‘rgan momomiz Asalat ayaning deganlari shu. Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin, o‘shanda momomiz to‘qson yoshdan oshgan edi.
Yillar o‘tib Qodiriy uy-muzeyiga kelib, ko‘plab qiziq, ham og‘riqli ma’lumotlar bilan tanishdik. Adibning nevarasi Xondamir Qodiriy bilan samimiy suhbat qurdik. Yozuvchining moʻjaz ijodxonasi, elda “Julqunboy shiyponi” deb nom olgan imorat, oilaviy hujralarini tomosha qilarkanmiz, otamiz va ulug‘ adibning do‘stligi haqida uzoq so‘ylashdik.
U kishi o‘z navbatida otasi Habibulla Qodiriydan olgan saboqlari, yorqin xotiralari haqida gapirarkan, ota-o‘g‘il (Abdulla Qodiriy va Habibulla) bir necha marta Chimkentga borganidan xabari borligini tasdiqlab, Asalat aya xotiralarining tarixiy qimmatga ega ekanini ta’kidlab o‘tdi. Bu xotira, ma’lumotlar adib hayoti va ijodiga yangi qo‘shimcha bo‘lishidan mamnun so‘zladi.
Binobarin, adib qamoqqa olingach, asarlarini “zararli” deb o‘qish taqiqlangan, o‘tda yoqilgan, kutubxonalardan yo‘qotilgan. Kitobni ko‘rpa tagida yashirib o‘qiganlar bo‘lgan. Kimningki qo‘lida “O‘tkan kunlar” ko‘rib qolinsa, o‘shaning oyog‘ini yerga tekkizmay olib ketishgan.
1957-yil. Abdulla Qodiriy rasman oqlandi. Ammo uning otib tashlanganligi haqidagi ma’lumot (o‘limidan so‘ng oqlanganligi haqidagi kabi) uzoq yillar sir saqlandi.
Adolatni to‘g‘ri idrok etish uchun ham “moziyg‘a qaytib ish ko‘rish xayrlikdir”. Qodiriy naslining har bir a’zosi bu millat uchun sabr va saboq timsoliga aylangan. Adibning to‘ng‘ich o‘g‘li Habibulla qismati ham ana shunday og‘ir voqeliklardan biri. “Xalq dushmani” tuhmati butun xonadonga soya solarkan, Habibulla Qodiriy ham “xalq dushmanining o‘g‘li” sifatida ayblanib, ko‘plab so‘roqlar, qiynog‘-u azoblardan so‘ng Sibirga surgun qilinadi…
Vaqti kelib Habibulla Qodiriy otasini otgan askar bilan yuzma-yuz keladi. Askarning xotirlashicha, Qodiriy so‘nggi iltijo sifatida uning kamariga taqilgan flyagadagi suvni so‘raydi. Askar rozi bo‘ladi. Qodiriy suvni ichmaydi, o‘sha bir kaft suv bilan tahorat oladi va ikki rakat nafl namozini o‘qib, keyin qatlga tayyorligini aytadi.
Qotilning hikoyasiga ko‘ra, Qodiriy o‘limga tik borgan, yuragida qo‘rquv bo‘lmagan. Bu jasorat adibning har asar, har hikmatida, “Haqiqat yo‘lida hech qanday jazodan, qiynoqdan qo‘rqmayman” degan so‘zlarida barhayot.
Bu – yozuvchi nainki asarlarida, balki xalq qalbida ham tirik ekanining yorqin isboti. 1991-yil Abdulla Qodiriyga “Mustaqillik” ordeni va Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti berildi. Ta’lim muassasalari, madaniyat va istirohat bog‘lari, metro bekati adib nomi bilan ataldi. Bu faqat nom berish emas, xalqning buyuk farzandiga ehtiromi, e’zozi, mehri ifodasidir. So‘nggi yillarda esa Toshkent shahrida Abdulla Qodiriy uy-muzeyi, uning nomidagi ijod maktabi tashkil qilinib, Adiblar xiyobonida muazzam haykali o‘rnatilgani nur ustiga nur bo‘ldi.
Qodiriy hayoti va merosi faqat tarix emas, bugunni, kelajakni to‘g‘ri yo‘lga boshlaydigan ruhiy qudrat, deyishimiz mumkin. Uning asarlarini o‘qish bu shunchaki kitobxonlik emas, balki mas’uliyat, vatan va xalq oldidagi burch hamdir. Adibning o‘zi deganidek, “…meni hamon o‘qirlar va unutmaslar”.
Muyassar MUXANOVA
Chimkent shahri
“Jadid” gazetasining 2025-yil 9-maydagi 19-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
119
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
630
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
624



