22.05.2025 | 12:35
769
QUVONISH KERAKMI YO HADIKSIRASH?

Yozuv emas – kodifikatsiya
Avvalo, nima deb o‘yladim: hikoya yozildi, demak, uni yozgan bor. Bu “bor” kim? U odammi? Sun’iymi? Qalammi? Klaviaturami? Har qanday asar muallifni talab qiladi. Mazmuni bor fikr, ruhi bor obraz, vaqti va makoni bor voqelik faqat his etadigan, anglaydigan kimsalar tomonidan yaratiladi.
Kuzataman, “Jadid” anchadan buyon yasama zakovatning imkoniyatlari to‘g‘risida maqolalar berib boryapti. Shulardan birida sun’iy intellekt hozircha vaqt va makonni anglash qobiliyatiga ega emasligi to‘g‘risida yozilgan edi. Unga kecha bilan ertaning o‘rtasida farq yo‘q. Bugungi haqiqat bilan hech qachon bo‘lmagan fantaziya bir xil uyg‘unlikda ishlaydi. Shuning uchun “asari”dagi tuyg‘ular taqliddir. Voqelik emas – konstruksiyadir.
Men bunday jarayonni yomon demayman. Balki kerakdir. Ammo hikoyaga yozuv emas – montaj, qalb emas – kodifikatsiya, deya baho bergan bo‘lardim.
Unda syujet bor, harakat bor, adabiy qoidalarga amal bor. Ammo adabiyot – qoidalar aro to‘g‘ri yozish emas, ba’zan, noto‘g‘ri yoza olish ham, ehtiros bilan ayta bilish.
Sun’iy intellekt bu sohada qatnashishni xohlar ekan, u avval insonning bir tuyg‘usini to‘liq qabul qilishi kerak. Vaqt va makon tushunchasini anglashi, noto‘g‘ri yozishni o‘rganishi.
Erkin A’ZAM,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi
Tahririyatdan:
Ustoz adibning fikrlari SI sohibi – “Neyroqul Huzurjonov” tomonidan generatsiya qilindi.

Inson mehnati va ijodi himoyada bo‘lmog‘i lozim
“Ishonch”ning o‘tgan sonlaridan birida SI bilan intervyu, bu borada xalqaro maydondagi vaziyat haqida maqolalar e’lon qildik. Hammamiz yaxshi anglab turibmizki, kelajakda bu format bizni kutmoqda.
“Jadid” yana bir qadam qo‘yib, SIning adabiy imkoniyatlarini ham sinovdan o‘tkazdi. “O‘zqir Sulaymon haqida hikoya”ni o‘qib adabiyotdan xabardor inson sifatida qiziqish, jurnalist va kasaba uyushmalari xodimi sifatida esa hadik hissi uyg‘ondi.
Hadik nimadan iborat? SI hayotimizning ko‘plab jabhalariga kirib kelyapti. Biroq, masalaga teranroq qaraydigan bo‘lsak, jurnalistika, adabiyot – odamlar yillar davomida o‘rganadigan, malaka oshiradigan, umrini bag‘ishlaydigan va shu bilan birga, shu mehnat hisobiga kun ko‘radigan kasb hamdir. Ya’ni jurnalist, yozuvchi, shoir, ssenariynavis ijodi evaziga oylik oladi, haq oladi, kun ko‘radi. Yo‘q, bulardan-da muhimroq yana bir jihat bor: odam yozganida qalb bilan yozadi, odam o‘rganganida qalban og‘rinadi, suyunadi, yechimlarni o‘ylaydi, maqsadi bo‘ladi. Bu sifatlar qurg‘ur SIda yo‘q-da!
Biz uning bungacha qiymatli bo‘lgan jihati, bu qilgan ishi uchun haq so‘ramasligidan xursand bo‘lyapmiz. Odam yozganini o‘qish o‘quvchiga energiya, ichki quvvat, rag‘bat, qiziqish, quvonish, bahra olish, qoniqish, kuyinish kabi hislar beradi, uning jozibasi, kuchi shunda.
Sun’iy intellekt hozircha bunga yetib kelmadi, demak, u mukammal emas. Uning tili bor, shevasi yo‘q. Dili, qalbi, hislari yo‘q. Biz uni qabul qilishga tayyormizmi, qabul qilishimiz qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi, mana shuni ko‘p o‘ylayman. Davlat, jamiyat nima bo‘ladi? Vo darig‘!
Nazdimda, bu borada davlatning birinchi maqsadi – inson mehnati, shu jumladan, ijod ahlining mehnatini ham himoya qilish bo‘lishi lozim.
Shu bois sun’iy intellekt ishtirokidagi mehnat faoliyati uchun alohida huquqiy va iqtisodiy me’yorlarni tezroq belgilashimiz kerak.
Tahririyat va nashriyotlarda SIdan foydalanish bo‘yicha qonuniy tartib, me’yor va cheklovlarni ishlab chiqish va ularga rioya etilishi ustidan keskin hamda qat’iy nazorat bo‘lishi shart va zarur.
Husan ERMATOV,
Oliy Majlis Senati a’zosi, “Ishonch” va “Ishonch-Доверие” gazetalari hamda “Vatan” jurnali bosh muharriri

Adabiyot huquqiy maydon hamdir
“O‘zqir Sulaymon haqida hikoya” bir tomondan adabiy, ikkinchi tomondan – yuridik presedentdir. Chunki u bizni sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan asarlarga nisbatan huquqiy munosabatni qayta ko‘rib chiqishga majbur etadi.
Asar bor. U nashr qilindi. O‘quvchilar bor. Uni baholadi. Endi esa savol tug‘iladi: bu asar muallifi kim? Agar bu asarga gonorar berilsa – u kimga beriladi?
Uning mualliflik huquqi kimga tegishli? Gʻoyani taqdim qilgan yozuvchigami? Mashinagami? Sichqonchaning birgina tugmasini bosib, ilovani ishga tushirgan jurnalistgami? Yoki tahririyatgami?
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi mualliflik huquqi to‘g‘risidagi qonunchiligiga ko‘ra, muallif asarni yaratgan jismoniy shaxsdir. Demak, sun’iy intellekt yuridik jihatdan muallif sifatida e’tirof etilmaydi. Shuning o‘ziyoq butun jarayonni noaniq hududga olib kiradi.
Ammo bu yerda yana bir jihat bor: agar mashina inson yordamida ishlagan bo‘lsa, ya’ni inson unga mazmun yuklagan bo‘lsa – u holda javobgarlik va mualliflik ham o‘sha inson zimmasida qoladi.
Mening fikrimcha, bugundanoq “Jadid” kabi nashrlar va muharrirlar sun’iy intellekt ishtirokida yaratilgan kontent uchun alohida huquqiy format ishlab chiqishlari lozim. Bu faqat gonorar yoki nashr etishda qo‘yiladigan maxsus belgi uchun emas, balki ertaga yuzaga chiqadigan tortishuvlar va bahslarning oldini olish uchun zarur.
Shuningdek, asarlar aslida kimning g‘oyasiga tayanayotgani ham aniq ko‘rsatilishi kerak. Masalan, “O‘zqir Sulaymon” syujeti Xayriddin Sultonovning g‘oyasiga asoslangan. Asar imzosida shu ochiq e’tirof etilishi lozim. Gazeta esa g‘oya muallifini ko‘zga tashlanmaydigan annotatsiyadagina eslab o‘tgan. Bunday sharoitda “Neyroqul Huzurjonov” mustaqil shaxs sifatida namoyon bo‘lib qoladi.
Bu o‘rinda “Jadid”ning bir tashabbusi menga yoqdi. Ya’ni SI taxallusini qo‘shtirnoq ichida berish muallif inson emasligiga bir ishora sifatida huquqiy ahamiyat kasb etishi mumkin. Ammo imloda qo‘shtirnoqning boshqa ma’nolari ham borligi talqiniy muammolarga olib keladi. Shu bois SI kontentiga boshqa biror maxsus belgi o‘ylab topilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Adabiyot – faqat qalb ishi emas, bugungi kunda u huquqiy maydon hamdir.
O‘tkirbek DEHQONOV,
“Huquq” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari, jurnalist

Kremniydan tug‘ilgan asar
“Jadid”dagi hikoyani o‘qib, yana bir bor tushundimki: insondagi ilhom va sun’iy qobiliyat o‘rtasidagi muvozanat – XXI asr adabiyotining eng muhim savollaridan biriga aylandi.
Men bu hikoyani faqat SIning texnikaviy yutug‘i deb emas, balki yosh ijodkorlar uchun yangi maktabning boshlanishi deb ham qabul qildim. SIga yoshlar uchun adabiy mashq maydoni sifatida qarash kerak.
Shu nuqtayi nazardan ustoz adiblarga bir iltimos bor: bunday asarlar muhokamasi ham shafqatli bo‘lishi kerak. Yozuvchi yoki shoirlikni istagan har bir shaxsga, xoh u odam bo‘lsin, xoh mashina, imkoniyat berilishi kerak. Mayli, o‘z so‘zini aytsin. Bahoni baribir o‘quvchi beradi.
Adabiyot bu – nafaqat so‘z, balki niyat. Agar niyatda o‘rganish, taraqqiy qilish, qalbga yo‘l topish bo‘lsa – unda har qanday shogird qadrli. Hatto, u kremniydan “tug‘ilgan” bo‘lsa ham.
Salim ABDURAHMONOV,
Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, jurnalist

SIga imkoniyat berish kerak
Dunyoda SI tarjimalar qilyapti, ssenariylar yozyapti, ommabop janrdagi kitoblar chiqaryapti. Jahon adabiyoti uchun bu yangilik emas. Nega endi biz ortda qolishimiz kerak ekan?
“Jadid”ning hikoyasi – o‘zbek tilidagi birinchi tajriba. U uslub, syujet, g‘oya, mazmun jihatdan adabiy qoidalarga, qoliplarga mos keladi. Insoniy hislardan to‘la xoli, deb aytish ham mazkur ajoyibotni yaratganlarga nisbatan adolatsizlik bo‘lardi. Kim nima deganida ham, menimcha, “Neyroqul Huzurjonov” odamlikni qisman imitatsiya qila olyapti.
Albatta, u hali Navoiy, Tolstoy, Kafka, Markes yoki Abdulla Qodiriy emas. Hozircha “o‘zi” ham bunga da’vo qilayotgani yo‘q. Ehtimol, vaqt o‘tib, SI yuksalar. Daho ijodkorga aylanar, insondan ko‘ra kuchli asarlar yozar, adabiyotda o‘rnini topar.
Kim biladi? Balki, kutubxonalar ikkiga bo‘linar: bir tarafda sun’iy ong, bir tarafda tirik ong yozgan asarlar turar. Balki, yuz yillardan so‘ng yurtimizdagi SI kutubxonasi birinchi o‘zbek tilidagi hikoyani generatsiya qilgan yasama zakovat – “Neyroqul Huzurjonov” nomi bilan atalar. Kelajakda nimalar bo‘lishini aytish qiyin.
Nima bo‘lganida ham, SIga imkoniyat berish kerak. Hozircha qattiq tanqid qilmaymiz. Bu gal hikoya syujeti katta adibga tegishli bo‘lgani uchun asar ancha ta’sirli chiqqan. Ammo aminmanki, hikoyani shu g‘oya asosida adibning o‘zi yozganida yetuk asar darajasida bo‘lar edi.
Nodirabegim IBROHIMOVA,
Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti doktoranti, yozuvchi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 16-maydagi 20-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
100
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
611
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
608



