16.06.2025 | 15:47
328
ULUG‘BEK YULDUZLARI
Bugungi globallashuv va tezkor innovatsiyalar davrida har bir davlatning taraqqiyotini belgilovchi asosiy omil bu – yosh avlodning bilim, tafakkur, tashabbus va mas’uliyat darajasidir. Yoshlarning kuch-g‘ayratiga ishonch bildirish, ularning har bir intilish-harakatlarini rag‘batlantirish lozim.
Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ma’rifiy siyosatda “Bugungi yoshlar – ertangi taraqqiyotning, milliy yuksalishning poydevoridir” tarzidagi ustuvor dasturning amalda qo‘llanilayotgani hamda hayotiy haqiqatga urg‘u berilayotgani biz kabi mo‘ysafidlarni mamnun qiladi, albatta.

Keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati har jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi. Yangi qonunchilik hujjatlari, dasturlar, jamg‘arma va institutlar orqali yoshlarning ijtimoiy faolligi, ta’limga, fan va texnologiyalarga bo‘lgan intilishi har qachongidan ham kengroq qo‘llab-quvvatlanmoqda. Darvoqe, o‘zim yoshlar bilan qalban birgaman, ularga imkon boricha maslahatlar berib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsataman. Shu e’tibordan alohida ahamiyatga ega bo‘lgan institutlardan biri – “Ulug‘bek” jamg‘armasidir. Ulug‘ alloma ajdodimiz nomini olgan bu jamg‘armamiz ilmiy salohiyatli, izlanuvchan va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlab keladi. Jamg‘armadan moddiy va ma’naviy quvvat olgan yoshlarimiz mamlakatimizning turli jabhalarida xizmat qilayotganidan, Vatan taraqqiyoti yo‘lida fidoyilarcha ishlayotganidan quvonaman, to‘g‘risi. Gohida ular o‘z ishlaridan mamnunligi bois bizning dargohga kelishadi, alohida tashakkurlarini aytishadi ham. Shunda “Ulug‘bek” jamg‘armasi o‘z oldiga qo‘ygan ulkan missiyani to‘laqonli bajarayotganini yurak-yurakdan sezib turaman.
Jamg‘armaning asosiy maqsadi – iqtidorli, salohiyatli, vatanparvar yoshlarni har tomonlama rag‘batlantirish, ularning bilim va tajriba orttirishiga zarur sharoit yaratish, ilmiy safarlar va stajirovkalarga yuborish, xorijiy tillarni o‘rganish va nufuzli xalqaro ilmiy muhitga integratsiyalashish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat. Buning samarasi ijtimoiy-ma’rifiy hayotda aniq ko‘rinayotir.
Keyingi yillarda jamg‘arma faoliyati sezilarli darajada faollashib, ko‘plab yangi yo‘nalishlar ochildi.
Jumladan, magistratura va doktorantura bosqichidagi yoshlar uchun xorijiy stajirovkalar, xalqaro konferensiyalarga tashriflar, nufuzli ilmiy jurnallarda maqola chop etish bo‘yicha grantlar – hammasi yoshlarning zamonaviy ilm-fan bilan uyg‘unlashuviga olib kelmoqda. Zotan, ularning dunyo ilm ahli bilan tanishuvi, taniqli olimlardan ta’lim olishi va hamkorligi qadim ajdodlari ulkan allomalar bo‘lgan bilimli o‘g‘il-qizlarimizning dovrug‘ini dunyoga tanitadi.
Jamg‘arma tomonidan tashkil etilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar – aynan yoshlar tafakkurini boyitish, ularni chuqur ilmiy-madaniy muloqot maydoniga jalb etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni anglatish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan loyihalarimizdan biri.
Ma’ruzalar nafaqat poytaxtdagi oliy ta’lim muassasalarida, balki viloyat va tumanlardagi yoshlar markazlari, maktablar, kutubxonalar va mahallalarda ham o‘tkazilmoqda. Har bir tadbir yoshlar bilan yuzma-yuz, samimiy va ochiq muloqotga asoslanishi bilan e’tiborga molik.
Mavzular doirasi esa nihoyatda keng: tarix, falsafa, zamonaviy texnologiyalar, adabiyot, psixologiya, ijtimoiy muammolar, ekologiya, milliy qadriyatlar, tanqidiy fikrlash, axborot xurujlariga qarshi immunitet kabi muhim yo‘nalishlar yoritilmoqda. Zero, jamg‘arma tashkil qilayotgan turkum ma’ruzalar o‘zining yangi shakli bilan ajralib turadi. Bu yerda oddiy tinglovchi emas, faol ishtirokchi bo‘lish asosiy tamoyil hisoblanadi. Har bir yosh fikr bildiradi, bahs-munozarada qatnashadi, savollar beradi, takliflar kiritadi. Eng muhimi, u o‘zining javobgarligini his qiladi.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. “Yoshlar – kelajagimiz” degan yondashuvdan “Yoshlar – bugunimiz va hozirgi taraqqiyotimiz” degan konsepsiyaga o‘tilmoqda. Bunday strategik qarash bejiz emas, chunki mamlakat aholisining 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Ularning fikr odami bo‘lishlari tashabbuskorlikni o‘rtaga chiqaradi. Buning natijasida ijtimoiy-siyosiy hayotning har bir jabhasida yoshlar ishtiroki kuchayadi; ular o‘z salohiyatini namoyish etish uchun muayyan maydonga ega ham bo‘lishadi.
Yoshlarni rag‘batlantirish, ularning intellektual salohiyatini oshirish imtiyoz va kreditlar berish yoki ular uchun ish o‘rinlari ajratish bilan cheklanib qolmaydi. Eng muhimi, yoshlarning dunyoqarashi va tafakkur tarzi kengayadi; o‘zligini, o‘z milliy qadriyatlarini qadrlashi kuchayadi. Yoshlar qalbida ilm-fanga mehr-muhabbat, chin ma’noda vatanparvarlik hissiyotlari uyg‘onishi, bu, menimcha, Uchinchi Renessans tomon olg‘a qadam tashlash demakdir. Shu nuqtayi nazardan, yoshlarga oid davlat siyosati bugun ilm-fan, ma’naviyat-ma’rifat, kitobxonlik madaniyatini kuchaytirish, milliy o‘zlikni anglash, global dunyoda kechayotgan voqea-hodisalarga ogoh va hushyor munosabat tarzida olib borilayotgani o‘zini oqlaydi. Mening bunga ishonchim komil, azizlar!
“Ulug‘bek” jamg‘armasi iqtidorli yoshlarni izlab topish, ularning ilmiy salohiyatini rivojlantirish, xalqaro darajada tanilishiga ko‘maklashish maqsadi yo‘lida fundamental faoliyat olib borar ekan, bu jarayonda, eng avvalo, o‘zbek xalqining ilm-fan, tafakkur va ziyolilik borasidagi tarixiy an’analariga tayanadi. Bugungi qalbi g‘ayrat-shijoatga to‘la yoshlarimizning fikrlash tarzida jadid bobolarimiz orzu qilgan dunyo bilan bo‘ylashish, uyg‘onish, rivojlanish, eng asosiysi, zamonaviy dunyo taraqqiyoti mohiyatini tub-tubidan anglash tamoyillari juda muhim sanaladi.
Takror aytaman, jamg‘arma bejiz Mirzo Ulug‘bek nomini olmagan. Buyuk allomaning ilmga bo‘lgan sadoqati, bepoyon osmoni falaklar tadqiqidagi orzusi, yulduzlar olamiga sayr-u sayohati jasorati, bilimga tayanib davlatni adolatli boshqarishi, olimona-faylasufona dono siyosati – bularning barchasi yoshlarimiz uchun porlagan oydin mayoq, ulkan dorilfunundir. Faqat bu dargohda ixlos bilan ta’lim olmoq lozim.
Jamg‘arma yosh avlodning fikrini, talab va takliflarini eshitib, ularni keng ijtimoiy hayotga jalb etmoqda. Shu bilan birga ularni ichki va tashqi tahdidlarga nisbatan mustahkam immunitetga ega shaxslar sifatida shakllantirmoqda. O‘zining tarixiy ildizlariga suyanib, zamonaviy tafakkurga ega bunday yoshlar Yangi O‘zbekistonning tayanchi bo‘lishi shubhasiz.
Bugungi O‘zbekiston taraqqiyoti uchun eng muhim resurs bu – tafakkurli, bilimli, o‘zligini anglagan yosh avloddir. Yosh avlodni tarbiyalash – bu nafaqat ta’lim tizimining, balki butun jamiyatning eng muqaddas burchi. Ayniqsa, bugungi shiddatli axborot oqimi, mafkuraviy xurujlar, soxta qadriyatlar hayotimizga kirib kelayotgan bir pallada yoshlar ongini ilm va tafakkur bilan qurollantirish – har qanday moddiy boylikdan ustun ishdir.
Zero, jamiyat hayotining taraqqiyoti, mamlakatning ko‘rki, aslida, ko‘p sonli binolar, zavod-fabrika yoki yo‘llar bilan birga tafakkurli, vijdonli, bilimli va iymonli insonlar aurasi bilan o‘lchanadi. Bugun biz qanchalik fidokorlik bilan yosh avlodga mehr, ta’lim-tarbiya bersak, ularni haqqoniyat, to‘g‘rilik yo‘liga boshlasak, tabiiyki, buyuk allomalari ong-u shuuri tufayli o‘z vaqtida dunyo tamadduniga beqiyos ulush qo‘shgan mamlakatimiz kelajakda shu darajada yuksaladi. Va shunda buyuk allomalar yurti qaytadan olamdagi eng nufuzli ilm-fan maskaniga aylanadi. Bu yurtning ilm osmonida Ulug‘bek kashf etgan yulduzlar kabi iste’dodlarimiz kahkashoni yanada yorqinroq porlaydi.
Oqil SALIMOV,
akademik
“Jadid” gazetasining 2025-yil 13-iyundagi 24-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
594
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
591



