19.06.2025 | 09:02
559
AYOL MA’RIFATI HAYOT-MAMOT MASALASIDIR
Ma’rifat – aql–zakovat, axloqiy qarashlar, ijtimoiy mas’uliyat va tarbiya uyg‘unligidir. Shu ma’noda, ma’rifatli ayol deganda faqat o‘qigan emas, uqqan ayol ham tushuniladi. Zero, ma’rifatli ayolgina oilada sog‘lom muhitni shakllantiradi, farzandi orqali jamiyat kelajagiga yuksak ta’sir ko‘rsata oladi. Xalqimizda “Bir qizni to‘g‘ri tarbiyalasang, bir oqil avlodni tarbiyalagan bo‘lasan” degan hikmat bejiz aytilgan emas. Uning zamirida ayol shaxsi, saviyasi, sajiyasining tarbiyaga nechog‘li ta’siri anglashiladi. Boshqacha aytsak, ma’rifatli ayol ma’rifatli millat demakdir.
Ayni ma’rifatli ayol timsolida sog‘lom oila muhiti va jamiyat taraqqiyoti o‘rtasida chambarchas bog‘liqliklar, tarbiya va tibbiyot sohasidagi islohotlar yuzasidan Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Elmira Bositxonova bilan suhbatlashdik.

– Elmira opa, ma’rifatli ayolni shaxsan o‘zingiz qanday tasavvur qilasiz?
– Ayol ma’rifati, avvalo, tarbiya bilan uzviy bog‘liq. Buvim rahmatli har doim “Oilaga fayz-u barakani ayol olib kiradi”, derdilar. Hayotiy haqiqat shu, ayol ma’rifati faqat bilimi, lavozimi yo ma’lumotida emas, uning muhabbati, oilani boshqarishdagi raso tutumlari, farzand tarbiyasidagi mas’uliyatida aks etadi.
Oddiy hayotdagi ko‘nikmalar ham ma’rifat belgisidir. Masalan, ko‘klamda, “ilik uzildi” paytida pazandalikka oid xalqona odatlar: ko‘ksomsa yopish, yangi ko‘katlardan taom tayyorlash va qo‘shnilarga ilinish – bularning barchasi buvilarimiz, onalarimiz tomonidan o‘rgatilgan ma’naviy tarbiya namunasidir. Eslasangiz, behi pishig‘ida momolar javon ustiga sarg‘ish behilardan terib qo‘yishardi. Nima uchun deb o‘ylaysiz? Shamollashga davo, taomga maza-ta’m uchunmi? Faqat shuning o‘zi uchun emas. Behining xush bo‘yi asablarni tinchlantiradi. Har bir oilada mana shunday tartib-qoidalar, yurak-yurakdan amal qilingan qadriyatlar bo‘lardi. Qiz bola tarbiyasida otalarning roli ham katta. Bobom jadidlardan edi va uzoq yillar o‘z davrida yangi usul maktablarida muallim bo‘lib ishlagan.
– Shu o‘rinda bobongiz haqida batafsilroq ma’lumot berib o‘tsangiz.
– Mening bobom Eshon Islomov yurtimizda xalq maorifi sohasini yuksaltirish borasida ko‘p mehnati singgan ma’rifatparvar inson bo‘lganlar. U kishi o‘sha davrning peshqadam ziyolilari Abdulla Avloniy, Tavallo, Munavvar qori bilan hammaslak bo‘lib, tez-tez ulfatchilik qilib turishgan. O‘sha davrdagi ulfatchiliklar hozirgi “gap”lardan tubdan farq qilib, maqsad yemak-ichmak emas, ilm-u urfon, millat qayg‘usi, hurriyat orzusi, kitobxonlik edi. Ayniqsa, bobom Abdulla Qodiriy bilan juda yaqin bo‘lib, ta’lim-tarbiya masalalari bo‘yicha u kishi bilan maslahatlashgan, o‘zaro fikr almashgan. Shundan kelib chiqib, ona tilining ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan qator o‘quv qo‘llanmalar yozgan. Barcha fidoyi millat oydinlari kabi bobom ham ma’rifat tarqatish maqsadida Qarshi, Sherobod kabi chekka hududlarda o‘qituvchilarning malakasini oshirishda amaliy yordam ko‘rsatgani haqida ma’lumotlar bor.
Bobom bitgan jami 12 ta kitobni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix institutiga ilmiy tadqiqot uchun topshirganman. Ular orasida “Mirot al-zamon” (“Zamon ko‘zgusi”) asari qo‘lyozmasi ham bor. Xo‘sh, Eshon bobo hayotda qanday inson bo‘lgan? Shu yerda u kishi bevosita menga bergan tarbiyaga oid hayotiy bir voqeani aytib bermoqchiman. Esimda bor, 9 yoshimda qo‘limga “Farg‘ona kelini” deb nomlangan kitobni tutqazib “onam, shu kitobni o‘qing, menimcha, siz haqingizda yozilganga o‘xshaydi”, deganlar. Bobom meni ismim bilan chaqirmay “onam” derdilar. Kitobda men to‘g‘rimda nimalar yozilgan ekan degan qiziqish paydo bo‘lib, bir kechada o‘qib chiqqanman. Darhaqiqat, bu asar keyinchalik mening hayotimda muhim o‘rin tutdi. Shu tariqa kitobga, ilmga, qadriyatlarimizga bo‘lgan qiziqishim va munosabatim bobomeros tarbiya orqali shakllandi.
Bobom qatag‘on qilinib, uzoq vaqt qamoqda o‘tirgan. O‘sha yerda ham imkoni boricha yozgan, tarjimalar qilgan. O‘z xatlari orqali uyimizdagilarga oila mustahkamligi va farzandlar tarbiyasi borasida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turgan. “Qobusnoma”ni o‘zbek tiliga birinchilardan bo‘lib tarjima qilgan ham mening bobom bo‘ladi. U kishi qatag‘onga duchor bo‘lishidan oldin Toshkentdagi bolalar maktab-internatida rahbar bo‘lib ishlagan. Bobom yoshlarning ta’lim-tarbiyasida ilm bilan birga hunar va ziroatchilikka ham e’tibor berish kerak, deb hisoblagan. Aytishlaricha, bobomni qamoqqa olish fitnasida u kishining ayni ana shu qarashlaridan ustalik bilan foydalanishgan ekan. Ya’ni, “bolalarni ishlatib, feodallarcha ekspluatatsiya qilyapti, biz sovet jamiyatini bunday yot unsurlardan murosasiz tozalashimiz shart”, deb ig‘vo xati yozishgan. Shu birgina chaquv xatini dastak qilib, “odil sovet sudi” u kishiga 17 yillik qamoq jazosini tayinlagan. Bobom aybsiz-aybdorlar qatorida Norilsk orolidagi qamoqxona va mehnat lagerida og‘ir sharoitlarda ana shu muddatni to‘liq o‘tagan. Buvijonim esa yetti norasida bilan chirqillab qolavergan. Dardini kimga aytsin?
– Ha, u paytlarda ayollar erkaklardan kam jabr ko‘rmagan, deyishadi.
– Nimasini aytasiz. Onamning aytishlaricha, NKVD vakillari “sen xalq dushmanining oilasisan”, deb hovlida yerga solingan eski sholchani ham yig‘ishtirib olib ketgan ekan. Ship-shiydam hovlida na yeyishga, na o‘tirishga biron narsa qolmagan kunlarda ular yana paydo bo‘lib, do‘q-po‘pisa bilan buvimdan uyni tezda bo‘shatishni talab qilishadi. Buvim bechora yig‘lab-siqtagan ko‘yi ikki bolasini eshakka mindirib, besh farzandini yayov ergashtirib, Zangiotadagi ota hovlisiga boradi va o‘sha yerda yashab qoladi.
Keyinchalik o‘qishga kirgan ikki xolamni ham “xalq dushmanining qizi” degan “ayblov” bilan bir kunda Toshkent tibbiyot institutidan haydashgan. Onam aytib bergan dilgir voqealarni eslasam, haligacha xo‘rligim kelib, ko‘zlarim yoshga to‘ladi.
– Bilim va tarbiyaning asosi oilada shakllanadi. Qiz bola bobosi, buvi, ota-onasidan ulgi oladi, shunday emasmi?
– Albatta, qiz bola eng birinchi tarbiyani oiladan oladi. Bolaligimizda dasturxon atrofida o‘tirsak, onamizning baland ovozda nimadir deganini eshitmasdik. Andisha edi bu. Yoki bobom tanovulga qo‘l cho‘zganidan so‘nggina boshqalar harakatga tushardi. Hurmat edi bu.
Afsuski, bugun ayrim oilalarda erkaklarning dasturxon boshida o‘zini tuta bilmasligi, kayfiyatiga qarab qo‘pol munosabati – “Bu nima ovqat?”, “Yaxshiroq qilsang bo‘lmaydimi?” kabi jerkishlar, eng yomoni, bu bolalar ko‘z o‘ngida ro‘y berishi – o‘ta yomon, balki xatarli holatdir. Bola tarbiyani so‘zdan ko‘ra ko‘proq ota-ona harakati, munosabatidan o‘rganadi, o‘zlashtiradi. Shaxsiy namuna, ijobiy muhit va e’tibor eng samarali tarbiya vositasidir. Ilm-fan tadqiqlariga ko‘ra, aql, qobiliyat va idrok asosan onadan o‘tadi. Bu esa bizning milliy qarashlarimiz bilan ham uyg‘un. Shu o‘rinda ta’kidlashni istardim, farzandga maqtovlar me’yorida bo‘lishi zarur. Og‘zidan chiqqan har neni bajo keltirish bola tarbiyasiga aks ta’sir qilishi hech gap emas. Tarbiya shunday – oltin o‘rtaliqni so‘raydigan nozik masala. Shundan kelib chiqib, ma’rifatli ayol bu tarbiyali ayol, deyman.
– Bugun xotin-qizlarimizni yanada ma’rifatli etish uchun nimalarga e’tibor berish kerak, deb o‘ylaysiz?
– Taraqqiyot faqat iqtisodiyot yoki texnologiya bilan emas, ma’naviyat va ong bilan ham chambarchas bog‘liq. Ayol ma’rifatli bo‘lsa, oilada muhit sog‘lom bo‘ladi. Bugungi kunda, avvalambor, qiz farzandlar tarbiyasiga jiddiy e’tibor berishimiz kerak, nazarimda. Kitobga mehr uyg‘otish, ularning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish zarur. Bu faqat shahar markazlariga emas, chekka hududlarga ham birdek taalluqli. Imkoniyatlar teng bo‘lishi kerak.
Ikkinchidan, axloqiy tarbiyani kuchaytirish zarur. Ma’rifat faqat darslikdan emas, muhitdan, qalbdan va o‘rnakdan keladi. Bu borada OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ma’naviy targ‘ibotni kengaytirish ayni muddao. Bugun ayollar surati bilan emas, siyrati bilan ham jozibador ko‘rinishini istayman. Shu ma’noda ma’rifatni biz G‘arbdan emas, o‘z tariximiz va urf-odatlarimizdan topishimiz zarur. Bizning milliy qadriyatlarimiz – hayo, hurmat, sadoqat, mehr-oqibat, odob, ayolga muhabbat, e’zoz-ehtirom – har doim o‘zbek oilasining yuragi bo‘lib kelgan. Bilasizmi, 80-yillar atrofida biz xotin-qizlar tarbiyasida biroz uzilish ro‘y bergan davrni boshdan kechirdik. Ayollar boquvchilik yukini yelkasiga olib, og‘ir sumkalar bilan chet ellarda tirikchilik qilishga majbur bo‘lishdi. Bu holat vaqt o‘tib, ommaviy ko‘rinish oldi va jamiyatda muvozanat buzilishiga ham sabab bo‘ldi.
Shukr, so‘nggi yillarda Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli xotin-qizlar sha’ni, mavqeyi va nufuzi qayta tiklanmoqda. Bugun ayollar uchun ilm-fan, siyosat, tadbirkorlik va boshqa sohalarda keng imkoniyatlar yaratilgan. Eng muhimi, ayol o‘z ustida ishlashi, imkoniyatdan unumli foydalanishi, shu bilan birga oiladagi burchini ham unutmasligi kerak. Xonadon fayzi va jamiyat rivojiga birday hissa qo‘sha olsak, mana shu ayol ma’rifatining eng yuksak cho‘qqisi deb hisoblayman. Shaxsan o‘zim ham ayol va ona sifatida hayotdagi o‘rnimdan mamnunman.
– Joriy yilning 7-may kuni Prezidentimiz raisligida tibbiyot tizimidagi islohotlar tahliliga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda fidoyi shifokorlar mehnati e’tirof etilgan holda, sohadagi kamchiliklar xususida tanqidiy fikrlar ham bildirildi. Sir emas, xalqimiz orasida ham sohaga nisbatan ba’zi e’tirozlar bor.
– Davlatimiz rahbari o‘sha yig‘ilishda mamlakatimizda tibbiyot xodimlarining soni bo‘yicha ham, sohani davlat tomonidan moliyalashtirish borasida ham muammolar yo‘q bo‘lsa-da, biroq tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati bo‘yicha og‘riqli savollar ko‘p ekaniga e’tibor qaratdilar. Bu o‘rinda gap shifokorlarning salohiyati, saviyasi, vijdoni va vatanparvarligi haqida boryapti. Ana shu sifat bo‘lmasa, ya’ni, shifokorning qonida “fidoyilik emlamasi” bo‘lmasa, sohada turli-tuman illatlar davom etaveradi. Bor gapni aytish kerak, Davlatimiz rahbari sohadagi har qanday muammolarga yechim topib, ularning moddiy va ma’naviy bazasini ham aniqlab berganlar. Masalan, har bir shifokorning to‘liq stavkada ishlashi va mehnatiga yarasha maoshini 1,5 ming dollargacha ko‘tarish tashabbusini olaylik. O‘ylaymanki, har qanday sog‘lom fikrli tibbiyot xodimi bunday g‘amxo‘rlik va ishonchni oqlash uchun sidqidildan harakat qiladi. Chunki ular oddiygina tibbiy anjomlar bilan ta’minlanmagan shifoxonalar, ro‘zg‘orga urvoq bo‘lmaydigan maosh tufayli “bemorning qo‘liga karash”ga majbur bo‘lgan davrlarini hali esidan chiqargani yo‘q. Hozir islohotlar sabab kasalxonalar rosmana zamonaviy shifo maskaniga aylanyapti. Yaqin kelajakda, albatta, mavjud kamchiliklar ham bartaraf etilishiga ishonchimiz komil.
– Elmira opa, suhbatimiz yakunida, yurtdoshlarimizga o‘z sog‘lig‘ini asrash yuzasidan qanday tavsiyalar bergan bo‘lar edingiz?
– Bugun tibbiyotning vazifasi faqat kasallikni davolashdan iborat emas. Asosiy maqsad kasallikning oldini olish, inson hayotini saqlash va uning farovonligini ta’minlashdan iborat. Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar inson hayotini qadrlash, uning salohiyatini asrash va sog‘lom millatni vujudga keltirishga qaratilgan. Biz buni og‘ir sinov – pandemiya davrida yaqqol angladik. Sog‘lom insongina hayotdagi har qanday to‘siqni yengadi, baxtini o‘zi yaratadi. Shu bois, har bir yurtdoshimizga, avvalo, sog‘-salomat bo‘ling, degan tilakni bildiraman. Yana bir asosiy gap: Prezidentimiz jamiyatdagi ayrim illatlarga qarshi “halollik vaktsina”si zarur degan hikmatli gapni ko‘p ta’kidlaydi. Bu emlamaning asosi ma’rifatda, kitobxonlikda, maktabdadir. Biz loqaydlik, dabdaba, kaltabinlik, takabburlik va ta’magirlik kabi “kasallik”larga birlashib zarba berishimiz shart. Shu yo‘lda baholi qudrat zahmat chekayotgan “Jadid” gazetasi jamoasiga samimiy minnatdorlik izhor etaman. Hech bir xonadon eshigiga xastalik yo‘lamasin, ostonalarda doimo baxt-u saodat muntazir tursin!
– Mazmunli va samimiy suhbatingiz uchun tashakkur. Sizga ham salomatlik va ishlaringizga bardavomlik tilab qolamiz.
Zarnigor IBROHIMOVA suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 13-iyundagi 24-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
79
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
595
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
593



