Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


20.06.2025 | 15:35

img813

“BIRDAN BIR CHORA TANQID YO‘LIDIR”

Turkiston teatrlari Abdulla Qodiriy nigohida

Jadid teatri – milliy madaniyatimiz tarixida alohida hodisa. Shu sabab o‘sha davr matbuotida teatr san’ati muammolariga doir bir qancha maqolalar chop etilgan. Teatr san’ati, ijro madaniyati, aktyorlarning mahorati bilan bog‘liq sahna epizodlariga ziyolilar tomonidan munosabat bildirilgan. Chunki jadidlik harakati namoyandalari uchun teatr faqat san’at maydonigina emas, ma’naviy targ‘ibot vositasi ham edi. Xususan, Abdulla Avloniyning “Sanoyi nafisa haqida”, Z.Bashirning “Tohir Zuhra” (shu nomdagi tatarcha pyesa haqida), “Tatar boshqird truppasi va “Nozli kuyov” haqida”, Gʻozi Yunusning “Jinoyatchi oilasi” (shu nomli pyesa haqida), Behbudiyning “Bizning madaniyatimiz to‘siqlari” kabi maqolalarida o‘zbek teatri bilan bog‘liq muammolar ko‘tarilgandi.

Abdulla Qodiriy ham o‘zining jurnalistik faoliyatida teatr san’atiga aloqador bo‘lgan “Azob boqchasida yig‘i-sig‘i”, “Eski shahar teatri havaskorlariga”, “Bizda teatru ishining borishi” nomli felyetonlar e’lon qilgan. Adibning tanqidiy ruhdagi maqolalari o‘zining salmog‘i va qamrovi bilan matbuot tarixida alohida o‘rin egallaydi. Ular orqali bugun bizda Turkiston teatrlariga Qodiriy nigohi bilan nazar tashlash imkoniyati mavjud.

“Eski shahar teatru havaskorlariga”

“Ishtirokiyun” gazetasining 1919-yil 24-oktyabr 202-sonida chop etilgan mazkur maqolaga “Abdulla Qodir” deya imzo chekilgan.

Ma’lumki, Abdulla Qodiriy inqilobning dastlabki yillarida “Eski Toshkent sinfiy ittifoqlar sho‘rosi”da sarkotib vazifasida bir muddat ishlagan. O‘sha davrda teatrlar repertuarini nazorat qilish shu tashkilot zimmasida bo‘lgan. Binobarin, Qodiriy shu davrda turli saviyadagi asarlarni o‘qigani tabiiy. Yozuvchi ushbu maqolasida “sanoyi nafisa – teatru bizim Toshkand musulmon yoshlari orasida yengil bir ish onglashilganligidan” kuyinib, “ulug‘lar maktabi bo‘lgan teatru safsata va noahil kishilar qo‘linda bir o‘yinchoq bo‘lib” qolganini afsus bilan ta’kidlaydi. Teatr jadidlar nazdida ulug‘ “ibratgoh” hisoblangani bois diqqat-e’tibor sahna asarlariga qaratilgan. Teatr sahnasining tartib-qoidasi, sahna odobi, professional yondashuv mahorati, dramaning badiiy-estetik xususiyatlari hali to‘la shakllanmagani bois kamchiliklar ko‘zga tashlanar edi. Muallif o‘z ijodiy konsepsiyasidan kelib chiqqan holda uch turdan iborat tavsiyanoma beradi:

1) Sahnaga qo‘yilishi mo‘ljallangan ssenariyni dastlab “Artistlar soyuzi” bilan “mutolaa yuritilib, so‘ngra sahnag‘a qo‘yulsin”.

2) “Havaskorlarning o‘z rollarini yaxshi onglab o‘ynovlari uchun” repetitsiya jarayonida maxsus mutaxassis chaqirilishi zarur.

3) Sahnaga qo‘yiladigan asar yuzasidan “Artistlar soyuzi” bilan kelisha olmagan taqdirda Eski shahar sinfiy ittifoqlar sho‘rosiga murojaat qilinsin.

Muallif tomonidan olg‘a surilgan talab va taklif o‘z navbatida o‘zbek teatr san’atining shakllanishida muhim ahamiyat kasb etgan.

“Bizda teatru ishining borishi”

Ushbu maqola Abdulla Qodiriyning dastlabki publitsistik chiqishlaridan biri bo‘lib, “Ishtirokiyun” gazetasining 1919-yil 1-dekabrdagi 239-sonida “Juboy” taxallusi bilan bosilgan.

Abdulla Qodiriy drama tarixini Turkistonda “1912-yildan” boshlangan deb belgilaydi. Bu vaqtda hududda tatar truppalari faoliyat yuritgan, ammo xalq orasida ommalashib ketmagan edi. Maqola muallifi mana shu holatning sabablarini ochib berishga harakat qilgan. Turkistonda “turmushimizdan chetdaroq ruhdagi asarlar” xalq orasida keng yoyilmaganligi va shu bois “u darajada o‘ziga jalb eta olmagan”ligiga e’tibor qaratadi. Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush” asari sahnaga qo‘yilgandan so‘ng vatanimizda teatrning yangi hayoti boshlanadi. Qodiriy “Padarkush”ni “risola” deb ataydi. Turkistonning turli joylarida mazkur pyesaga taqlidan yozilgan sahna asarlari nihoyatda ko‘payib ketadi. Muallif taqlid “madaniy millatlarning bir qonuni” bo‘lsa-da, “yangiliq va matbuotsizliq” va “alxusus bunday nimarsalarni tanqid qilurg‘a iqtidorlik munaqqidlarimiz” yo‘qligidan bunday yo‘sindagi asarlarni “matbuot elagindan” o‘tkaza olmaymiz, deb yozadi.

Qodiriy bunday hol 1912–1917-yilgacha davom etganini qayd etadi. Endilikda teatr asarini yozish “ermak yoki havas” shakliga o‘tganini ta’kidlaydi. Adib teatr repertuarining talabga javob bermasligini, artist va rejissyorlarda professionalizm yetishmasligini jiddiy tanqid qiladi. Buning sababini “sanoyi nafisa – teatru… yoshlar orasida juda ham bir yengil anglashilgan”ida deb biladi.

Bunday munosabat shakli Toshkand yoshlari orasida ko‘p uchrayotganini achinib yozadi. Endilikda teatrlarda asar yozish, hatto o‘z imlosini to‘g‘rilab yoza olmaganlarga qolgani va “olachipor drama”lar ko‘payib ketganiga ishora qiladi. Bundaylarga jiddiy tanqidiy munosabat bo‘lmaganidan ular “dramaturg”, “komik”, “operato‘r” bo‘lib tanildi, deydi kuyinib. Mazkur maqola endigina tetapoya bo‘lgan o‘zbek teatr san’ati namunalari tahlil qilingan nazariy xarakterga ega.

Maqola muallifi bunday saviyasi past tomoshalar “teatrni ermak va o‘zlarining eskidan qolgan mazxarabozliqlari” sifatida qarashlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi. Milliy teatrning xalq orasida ta’sir doirasi bo‘lishi uchun drama muallifi chetdan emas, o‘zimizning “ichimizdan” chiqishi va voqealar ham “turmushning aksi” bo‘lishi zarur deb hisoblaydi. Teatr necha asrlardan buyon “safsata va sihrbozliq ila zaharlangan” xalqqa adabiy maktab bo‘lib xizmat qilmog‘i kerak. Muallif dramaning janr imkoniyatlarini bilmaslik oqibatida biron tuzuk asar ko‘rmaganligini qayd etar ekan, bu hol “sahna uchun xiyonat” ekanligini ta’kidlaydi.

Abdulla Qodiriy teatr san’atining rivojlanishida tanqidchilikning o‘rni muhim ekanini aytar ekan, bunda faqat artistlar ijrosiga to‘xtalib qolmasdan, balki ssenariylarni ham atroflicha tahlil qilishni taklif etadi. Zero, “teatr va dramaturgiyani yaxshilash uchun birdan bir chora bo‘lsa, ul ham tanqid yo‘lidir”, deydi. Yozilayotgan sahna asarlarining har tomonlama barkamol bo‘lishi, tomoshabin didi va saviyasining yuksalishiga xizmat qilishi, buning uchun dramaturglar asar kompozitsiyasini, personajlar sajiyasini pishiq-puxta ishlashini talab qiladi. Muallif “qahramonning so‘z va ishi xarakteriga nomuvofiq, uning ichki siri ochilmay” qolayotganini keskin tanqid qiladi. Abdulla Qodiriy teatr san’atini shakllantirishda millat manfaati birlamchi ahamiyatga ega bo‘lishi lozimligini urg‘ulaydi. O‘z davrida bildirilgan bu fikrlar Qodiriyning teatr san’ati va adabiyot nazariyasini yaxshi biluvchi o‘tkir nigohli munaqqid ekanidan dalolat beradi.

Muallif “Temir to‘dasi” truppasi tomonidan sahnalashtirilgan “Jadid – qadim” dramasini tanqid qilarkan, voqealar butunlay hayot haqiqatiga zid ekanini misollar orqali ochib beradi. U bunday asarlarning uzoq vaqt yashay olishi qiyinligini ta’kidlab, Gʻozi Yunusning maqolasiga e’tibor qaratadi. Gʻozi Yunus va Qodiriy orasida matbuot orqali juda katta bahs-munozara bo‘lib o‘tgani tarixiy manbalardan ma’lum. Shunisi e’tiborga loyiqki, har ikkala muallif ham millat manfaatini shaxsiy munosabatlardan afzal bilgan. Ularning yozishmalarida milliy qayg‘u masalasi birlamchi ahamiyat kasb etadi.

“Azob boqchasida yig‘i-sig‘i kechasi”

“Qizil bayroq” gazetasining 1922-yil 28-aprel 168-sonida “Julqunboy Dumbulboy o‘g‘li” imzosi bilan e’lon qilingan maqolada “Rohat boqchasi”da o‘tkazilgan kechada tomoshabinlarning ozligi, aholining madaniy darajasi pastligi, jumladan, artistlarning tajribasizligi, repertuarning noto‘g‘ri tanlanishi, rollar taqsimotidagi kamchiliklar jiddiy tanqid qilingan. Rohat boqchasi qadim Toshkentning hozirgi sirk maydoniga yaqin joylashgan bog‘ bo‘lib, unda turli ko‘ngilochar kechalar tashkil etilgan. Muallif shunday yozadi: “Chunki ko‘bdan beri bunday qiziq kechalaridan chetda – nuqul qayg‘u kechalari, kulfat vodiylarida kezib, buningdek kechalarga mushtoq edim – tashna edim”. “Kichik feleto‘n” deb nomlangan maqolaning tili kinoya, qochirimlarga boyligi bilan e’tiborni tortadi. Roviy “kulfat vodiylarida kezib” horiganidan shikoyat qilar ekan, Turkistonning ahvoliga ishora qiladi. Abdulla Qodiriyning kichik asarlarida voqelik muallif tilidan bayon qilinadi. Bayon qiluvchi muallif bilan bir sathda, teng pozitsiyada bo‘lgani bois o‘quvchining o‘zi ham bevosita voqelikning guvohiga aylanadi. Muallif voqelikka munosabatini ba’zi o‘rinlarda ochiqlaydi, ba’zan esa oshkor qilmaydi. “Madaniyat boqchasining madaniy yigitlari o‘z yonlarida bitta-bitta topilsa “tutash”, topilmasa “baba” yetaklab yurganlarini ko‘rib biz afsus qila boshladiq, chunki biz ham ovuldag‘i chechalardan ikkitasini olib kelgan bo‘lsaq, yetaklashib yurgan bo‘lar edik”. Muallif o‘zining kiyim-boshini “vahshiylarcha” bo‘lmasa ham “dalatob” ekanidan mulzamligini, millatning sog‘lom yigitlari “madaniy yigit” bo‘lish niyatida “baba” yetaklab yurganini kinoya vositasida ochib beradi. Qizil inqilobchilarning yerli aholiga nisbatan munosabatini “vahshiylarcha” so‘zi orqali ko‘rsatadi, ya’ni ularning millatga bergan bahosini achchiq kesatiq orqali ifodalaydi. Madaniyat niqobi ostida milliy-diniy tuyg‘ularning poymol etilishi, avom nazdida “madaniy” bo‘lib ko‘rinish orqasida asl mohiyatdan yiroqlashib, o‘zligidan ayro tushishiga ishora qiladi. Maqolada “madaniy” niqobi orqasidagi soxta “artist”larning qiyofasi fosh qilinadi.

Maqolaning “Azob boqchasida yig‘i-sig‘i kecha” deb nomlanishi ham bejiz emas. Artistlarning mas’uliyatsizligi oqibatida tomoshabin yo‘qligi va o‘rinlar bo‘shligi bois “xilvatxonaga” qurbaqalar kirib kelganligi aytiladi. Qodiriy qurbaqalarni “madaniy maxluq” deb, tomoshaga “kishi” yo‘qligidan bilet olib kirganligini pisanda qiladi. Hikoyachi teatr “muassasalariga va o‘zbek “orsizlar” to‘dasiga margi majofat” tilaydi. Muallif “Rohat boqchasi” ma’nosiga qarama-qarshi “Azob boqchasi” so‘zini qo‘llab, tomoshabin rohatlanish o‘rniga azoblanib, kechalari “g‘arib tushlar” ko‘rib chiqayotganini mubolag‘a qilib, achchiq kulgi vositasida kamchiliklarni ochib beradi.

Teatrni milliy qayg‘u uchun malham o‘rnida ko‘rgan jadidlar sahna asarlari yaratishga kirishadi. Lekin sahnalashtirilgan dramalarning barchasi ham talab doirasida emasligi va aktyorlarning ham mahorat bobida nochorligi odamlarni teatrdan uzoqlashtirishi mumkin edi. Bu kamchiliklar va ularga sabab bo‘lganlar Abdulla Qodiriyning tanqid qamchisi bilan beayov savalanadi.

Sanobar TO‘LAGANOVA,
filologiya fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2025-yil 13-iyundagi 24-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605