23.06.2025 | 17:40
721
TADQIQ VA TALQIN
Turkistondagi jadidlik harakatiga oid tadqiqotlar orasida xodimul millat Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va faoliyatiga qaratilgani talaygina. Ayniqsa, uning 150 yillik yubileyi arafasida ketma-ket maqolalar, tadqiqotlar e’lon qilib turilibdi, yangi behbudiyshunoslar sahnaga chiqmoqda.

Bugun katta sabr, matonat evaziga yuzaga kelayotgan nashrlarni topish qiyin. Ayni tezkor zamonda shunday ham bo‘lishi tabiiydir, balki. Haqiqiy olimni g‘avvosga qiyoslash mumkin. U butun umr suv ostiga sho‘ng‘ib, ilm ummonining dur-u marvaridlarini topishda mashaqqat chekib, ularni yuzaga olib chiqadi. Shu ma’noda, ilmda halollik va kenglikni hayotiy dasturiga aylantirgan olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, san’atshunoslik fanlari nomzodi, ustoz Sirojiddin Ahmadni chinakam ilm g‘avvosi deyish mumkin.
Olim tomonidan yozilgan “Mahmudxo‘ja Behbudiy (hayoti, faoliyati, vafoti)” kitobi esa ayni shunday gavharga qiyoslangudek qiymatli nashrdir.
“Mahmudxo‘ja Behbudiy” kitobi ikki qismdan iborat:
Birinchi qismdan ilmiy tahlillar o‘rin olgan. Kitob mundarijasidan anglash mumkinki, muallif alloma hayoti va faoliyatining barcha nuqtalarini birlashtirib, uning yaxlit manzarasini gavdalantirib bergan.
Ikkinchi qismga Behbudiyning “Vaqt”, “Ulfat”, “Siroti mustaqim”, “Turkiston viloyatining gazeti”, “Taraqqiy”, “Shuhrat”, “Tujjor”, “Samarqand” nashrlarida bosilgan maqolalari, maktublari kiritilgan. Shuningdek, ilk bora adib asarlarining fixristi va arxiv materiallari hamda 45 nomdagi tarixiy surat joy olgan.
Mazkur nashrda Behbudiy hayoti va faoliyatining o‘rganilishi borasidagi yangi qarashlar, faktlar, tahlillarni ko‘ramiz.
“Uyg‘onish” bobida Behbudiyning umr yo‘lini belgilab bergan omillar sanab o‘tiladi. Haj safari, Rusiya sayohati, Abdurashid qozi Ibrohim, Muso Jorulloh Begiyev, Ismoilbek Gʻasprali bilan muloqotlar, “Ittifoqi muslimin” firqasidagi faoliyati, Rijoiy Akramzoda, Ziyoposho, Nomiq Kamol, Abdulhaq Homid asarlaridan ta’sirlanish, N.S.Likoshin, A.Gesket, N.P.Ostroumov, V.Vyatkin bilan munosabatlar, xullas, bularning bari uning dunyoqarashini charxladi, dunyoga yangi nazar bilan qarashga undadi. Behbudiyning jadidlik dasturidagi birinchi maqsadi “Peterburgning fotihasini kutmasdan” har qanday masalani Turkistonning o‘zida hal qilmoq uchun “Idorayi diniya va doxila”ni tashkil etish edi. Har biri milliy hurlik sari bir qadam bo‘la oluvchi rejalar aynan shu “idora” doirasida amalga oshirilishi ko‘zlangandi.
Kitobdan o‘rin olgan “Rejalashtirilgan siyosiy qotillik” sarlavhali bobda muallif Behbudiy o‘limi bilan bog‘liq chigalliklarga yechim topgan. Unda ishonchli manbalarga tayanilgan holda, “Muassislar majlisi” tomonidan “Versal sulh kongressi”ga yuborilgan tarixiy telegramma matni to‘liq e’lon qilingan. Unda “Mahmudxo‘ja Behbudiy, Muhammadquli O‘rinboyev, Mardonquli Shomuhammedov, Saidnosir Mirjalilov, Mustafo Cho‘qayev, Ubaydulla Xo‘jayev Bokuda uchrashib, Istanbul–Vena orqali Parijga – “Versal sulhi” kengashida, so‘ngra Bern shahrida o‘tadigan musulmonlar anjumanida ishtirok etish”lari batafsil yoritib berilgan.
Behbudiyning “Rusiya–Yaponiya muhorabasi”, “Xodimul millat muhtaram mavlaviy Abdurashid afandi hazratlarina!”, “Faryodi Turkiston”, “Rusiya musulmonlari raislarig‘a bayoni hol”, “Qabristoni muslimin”, “Asobat” risolasi haqida”, “Masjidi jome’”, “Ochiq maktub”, “Tuz mavsumi”, “Buxoro”, “Do‘stlikmi, dushmanlik?” singari yangi topilgan maqolalari behbudiyshunoslik uchun qimmatli ma’lumotlar beradi.
Asarning ilova qismida Mahmudxo‘ja Behbudiy qalamiga mansub 13 darslik, 3 ilmiy asari (nashr qilinmagan), 4 nomdagi badiiy asar va tarjimalar, 6 loyiha, alohida mavzularga bag‘ishlangan 214 ta maqola, 48 nomdagi turkum maqola, 6 ta forsiycha maqola – jami 295 nomdagi asar ro‘yxati o‘rin olgan.
Kitobda biz boshqa ilmiy asarlarda uchratmagan holatni ko‘ramiz. Muallif Behbudiy hayot va faoliyati manzaralarini faqatgina tarixiy fakt, raqamlar, ilmiy ma’lumotlar bilangina ochib berish bilan cheklanib qolmasdan, balki hazrat Behbudiy ruhiyati, shaxsiyati, siyratini tasvirlab bergan.
Kitob bugungi jadidshunosligimiz uchun zarur bo‘lgan uslubda yozilgan. Masalaga keng qamrovda: tarix, adabiyot, siyosat, falsafa sohalaridagi qarashlarni birlashtirgan holda munosabat bildirilgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy tilga olgan va uchrashgan tarixiy shaxslar haqida qisqacha ma’lumotning har biri alohida tadqiqot uchun xamirturush bo‘ladigan tarzda berilgan. “Mahmudxo‘ja Behbudiy” kitobi, shubhasiz, jadidshunoslik ummonidan terilgan bebaho durlar shodasi bo‘lib qoladi.
Nodira EGAMQULOVA,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent
“Jadid” gazetasining 2025-yil 20-iyundagi 25-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
111
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
143
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
333



