Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


13.04.2024 | 16:52

img353

XALQLARNI TUTASHTIRUVCHI NUQTA

Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi

Muhammadali ISKANDARIY bilan suhbat

– Hurmatli elchi janoblari, avvalo, sizni va siz orqali butun Eron xalqini qadimiy va umumiy bay­ramimiz – Navro‘z ayyomi bilan tabriklaymiz. Xalqingizga shodiyona kunlar davomiyligini tilagan holda, keling, suh­bati­mizni Navro‘z haqidagi mulo­ha­zalar bilan boshlasak. Siz bu bayramning o‘ziga xosligini nima­da deb bilasiz?

– Navro‘zning ilk davri bundan uch ming yil ilgariga borib bog‘lanadi. O‘sha davrlarda Yaqin va O‘rta Sharq, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqalarida turli xalqlar va elatlar birgalikda ahil, inoq yashaganlar. Ular garchi boshqa-boshqa din va e’tiqodlarga amal qilsalar-da, mehr-oqibat rishtalari mus­tah­kam bo‘lgan. Mana shu ahil­lik­ning ildizlarini udumlar, urf-odatlar va qad­riyat­larda ko‘­rish mumkin. Inchunin, Navro‘z bayramida ham. Bu bayram xuddi hozirgi kunlarimizdagi kabi ular­ni yana bir karra bir-birlariga bog‘­lovchi mustahkam rish­ta vazifasini o‘tagan.

Navro‘zning o‘ziga xosligi shun­daki, uni nishonlash bilan bog‘liq voqeliklarda mavjud bo‘l­gan umumbashariy g‘oyalar zami­ri­da insoniyat uchun muhim masa­lalar turadi. Misol uchun, Navro‘z kunlarining avvalida bir-birlari bilan arazla­shib qol­ganlar bayram bahonasida yara­­shadi, o‘zaro kelishmovchilik­lar­ga barham beriladi. Natijada esa, o‘z-o‘zidan insoniyatga suv va havodek zarur bo‘lgan tinchlik va barqarorlik o‘rnatiladi. Yoki yoshi ulug‘larga hurmat, ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamga e’tibor ko‘rsa­tish bilan jamiyatda mehr-oqibat tuyg‘ularini rivojlantirishga erishiladi. Keyingi bosqichda aynan Navro‘z kunlari umummilliy hasharlar uyushtiri­lishi, ariqlar tozalanib, daraxtlar­ning oqlanishi orqali atrof-muhit tozaligi hamda tabiatni asrashdek global vazifa amalga oshirilishi bilan birga, birdamlik va hamjihatlik targ‘ib qilinadi. 

Navro‘zning yana bir o‘ziga xos xususiyati borki, bu – yangila­nish.  Sizning gazetangiz “yangi”, “yangi­lanish” ma’nosida “Jadid” deb nomlangani kabi bu qutlug‘ ayyom­ning nishonlanishida tafakkur va tuyg‘ular­ning yangilanishiga aniq ishoralar beriladi. Ya’ni, masalan, qish-qirovli kunlardan keyingi zerikishlar o‘rnini navro‘ziy iliqlik va bayramona zavq egallaydi. Shu­ning­dek, tabiatning ohorlanishi barobarida hayotiy eskiliklardan voz kechib, yangi insoniy tamoyil­larga o‘tiladi. Bu to‘g‘ridagi fikrlarimizning nihoyasi yo‘q. Bir so‘z bilan ayt­ganda, Navro‘z bu etnik jihatdan yaxshilik va umumbashariy qad­riyatlarni targ‘ib qiluvchi bayramdir.

– Navro‘z boshqa ko‘plab mam­­lakatlarning ham umumiy bayrami hisoblanadi. Davlatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi umumiylik-chi? Siz ularni nimalarda ko‘rasiz?

– To‘g‘ri aytdingiz, Navro‘z aynan bitta xalq yoki bir millatga tegishli emas, bu barchamizning mushtarak bayramimiz. Avvalo, ikki xalq o‘rtasida nimaiki yaxshi bo‘lsa, shu narsani qabul qilishdek o‘xshashlik bor. Xususan, biz Navro‘z mintaqasidagi davlatlar Gʻarbdan ham, Sharqdan ham faqat ­yaxshi jihatlarni o‘zlashtirishga harakat qilamiz. Shu bilan birga, azal-azal­dan qon-qonimizga singib ketgan ezgulikka intilish, yaxshilikni targ‘ib qilish, do‘stlik va birodarlikka sadoqat, o‘z-o‘zini kattalarga hurmat va kichiklarga izzat ruhida tarbiyalab borish, oqibatlilik va inson qadrini ulug‘lash kabi bir qancha umu­miy o‘xshash tomonlarimiz bor. Shu ma’noda Navro‘z ham qadimgi zamonlardan to hozirgi kungacha Albaniyadan tortib Xitoygacha va Hindistondan Tataristongacha bo‘l­gan katta hududda yaxshi bir bayram sifatida qabul qilingan. Bu ham xalqlarimiz xarakterla­ridagi uyg‘unlikning bir namunasi aslida.

– Elchi janoblari, Navro‘z qadimiy bayram bo‘lishiga qaramay faqat 2009-yilga kelibgina xalqaro bayram sifatida tan olindi. Bu haqda siz qanday fikrdasiz?

– Darhaqiqat, Navro‘z o‘n ikkita mamlakat tashabbusi tufayli 2009-yil 30-sentyabr sanasi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Xalqaro bayram sifatida e’tirof etildi. Shu o‘n ikki davlat orasida, albatta, O‘zbekiston va Eron ham bor. Shuningdek, umumbashariy meros sifatida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi hamda YUNESKO qarori bilan Jahon nomoddiy madaniy me­ros repre­zentativ ro‘yxatiga ham olindi. Gap shundaki, bu bayram­ning ko‘plab xalqlar uchun mushtarak meros ekanligini juda kech tu­shunib yetdik. Navro‘z ma’naviy va nomoddiy meros sifatida ajdodlarimizdan bizgacha yetib kelgan va bizdan avlodlarimizga qoladigan ulug‘ bayramimizdir. Shu jihatdan uni xalqaro maydonga olib chiqishimizda OAV hamda media chiqishlarimizni kuchaytirishimiz va ­uning targ‘ibotini mamlakatlar bo‘ylab namoyish etishda faol hara­kat qilishimiz kerak edi. Ehtimol, bu bizning xalqlarimiz mentaliteti­dagi andishalilik tufaylidir. Nima bo‘lganda ham, uni umumbashariy bayram sifatida ayon qila olishimiz uchun dunyoning har bir burchagiga tantanalar messejlarini yetkaza bilishimiz kerak, deb o‘ylayman va bu borada harakatlar boshlangan. Xalqaro bayramlar qatori ro‘yxatga olinganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan esa-da, Navro‘z jahon bo‘ylab keng yoyilmoqda va agar adashmasam, ayni paytda dunyoning 150 ta mamlakatida nishonlanmoqda. Ameri­kada, xususan, Oq uyda ham Navro‘z dasturxoni tuzalib, AQSh prezidenti uni bayram qiluvchi barcha mamlakatlarni tabrik­lashi odat tusiga kirdi.

– Siz bu bayramni qaysi mamlakatlarda nishonlagansiz va taas­surotlaringiz qanday?

– Men qay mamlakatda dip­lo­matik missiyamni bajargan bo‘l­sam, u yerda nishonlangan Navro‘z ayyomlari yuqori saviyada o‘tgan. Masalan, Eronning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida ishlagan paytimda yoki ayni payt­da, O‘zbekistonda bo‘lib o‘ta­yot­­gan Navro‘z shodiyona­lariga guvoh sifatida aytishim mumkinki, boshqa mamlakatlarda ham bu xushbaxt­lik kunlarida barcha Navro‘z mintaqasi mamlakatlari do‘stlik munosabatlari­ni yanada mus­tahkamlaydilar. Chunki ular bayramni birgalikda nishonlaganlari bois, yakdillik bilan tayyorgarlik ko‘rishadi. Yaqinda bilganim esa, O‘zbekistonda Nav­ro‘z Erondagi kabi o‘tkazilar ekan. Masalan, Eronda ham, O‘z­be­kistonda ham bu bayram bir necha kun davom etadi.       

– Eronda bu bayram qay tarz­da boshlanib, qanday yakunlanadi?

– Eronda Navro‘z kunlari har bir uyda “Haft sin” dasturxoni tuzaladi. Unga “sin” (s) harfi bilan boshlana­digan yetti turdagi ne’mat tortiladi. Bular: sabza (bug‘doy, arpa va yasmiqdan o‘stirilgan maysa), seb (olma), samanu (sumalak), sir (sarimsoq), sanjid (jiyda), sirka yoki sumoq (totim). Ko‘kat – qayta tug‘i­lish va endigina dunyoga kelganlik, olma – go‘zallik va sog‘lik, sumalak – qut-baraka, sarimsoq – shifo, jiyda – muhabbat, sirka – sabr-bardosh, totim – qu­yosh­ning chiqishi ramzi hisoblanadi. Bundan tashqari, “haft sin” dastur­xoniga komillik va ziynat bag‘ishlash maqsadida boshqa narsalar ham qo‘yiladi. Jumladan, ko‘zgu, Qur’on yoki Hofiz Sheroziy devoni, Firdavsiy “Shohnoma”si kabi kitob­lar, sham­don (ba’zi joylarda oiladagi farzandlar soniga teng miqdorda shamdonlar), tanga, bo‘yalgan tu­xum, gul, shirinliklar, quruq meva­lar, qizil baliq solingan suvli kosa kabilarni sanab o‘tish mumkin.

Navro‘z Eronda taomilga ko‘ra, o‘n uch kun davom etadi. Bayram­ning oxirgi kunini “si dah badar” deb aytishadi, ya’ni o‘zbekchasiga “tashqariga chiqib ket”, deyiladi. Buning ma’nosi – shu o‘n uchinchi kuni hamma eronilar tabiat bag‘riga chiqishadi. Tashqarida yomg‘irmi, shamolmi, nima bo‘lsa ham odamlar uyi­dan yashil kengliklar tomon yo‘l olishadi. Bu kun tabiat kuni deb ham hisoblanadi. Yana Navro‘z kuni hamma yaqinlar yo‘qlanadi. O‘sha o‘n uch kun mobaynida Eronga xorijdan va Erondan xorijga yuzlab aviareys amalga oshiriladi. Bundan tashqari, 870 ming kishi bordi-keldi munosabatlari bilan avtoulovlarda Eronga kiradi yoki chiqadi.

– O‘zbekistonda sumalak Nav­ro‘z bayramining xos tao­mi hi­soblanadi. Eronda ham bu bayramning alohida taomi bormi?

– Albatta. Bu maxsus palov bo‘lib, baliq, ko‘kat va guruchdan tayyorlanadi. Buning o‘ziga xos ramziy ma’nosi bor. Navro‘z eronchasiga “nav – ro‘z” – yangi yilda yangi kunning tug‘ilish kuni deb yuritilgani bois, bu taomga tavallud va cheksizlik belgisi sifatida baliq tanlangan. Baliq, avvalo, hamisha suvda yashaydigan eng halol jonli maxluqot bo‘lib, ming­lab-millionlab urug‘dan ko‘­pa­­ya­di. Boshqa jonli­lar nari bor­­sa o‘nta yoki yigirmata nasl beri­shi mumkin. Shu­ning uchun xur­sandchilik kun­larimiz baliq urug‘idek behisob bo‘lsin, degan ma’noda aynan ko‘katli baliq pa­lov pishirish urfga kirgan. Taomga asosan qizil baliq tanlanadi. Chunki qizil ba­liq yashov­chan bo‘lib, bir suvdan bosh­qasiga solin­ganda oddiy baliq­lar uzog‘i bilan o‘n kungina yashaydigan sharoitda u bir necha oy bemalol yashay oladi. Navro‘zning bu taomi faqat oila davrasidagina tanovul qilinadi, restoran yoki ka­felarda pishirilmaydi. Har bir oila a’zo­lari uni o‘z oilasi davrasida tanovul qi­lishi shart.

– O‘zbekiston xalqiga bayram tilaklaringiz…

– Dunyodagi xalqlarning birgalikda totuv yashashlari uchun ­ularni tutashtiruvchi nuqtani to­pish qiyin. Ammo sizning, biz­ning ajdodlarimiz necha ming yillar avval shu nuqtani topib, belgilab ketishgan. Albatta, biz ham uni yo‘qotib qo‘ymasligimiz, ya’ni o‘zaro hamkorlik, do‘stlik va birodarlikni mus­tahkamlab bor­mog‘imiz kerak. O‘zbekiston va Eron juda yaxshi do‘stona muno­sabatlar an’anasiga ega va bu bizni quvontiradi. Inshaalloh, an’ana hamisha shunday saqlanib qoladi.

O‘zbekiston xalqini, o‘zbek millatini o‘zimizning birodarla­rimiz, deb hisoblaymiz. Biz uchun yur­tingiz muhtaram bir mamlakat va o‘zbeklar qadr­li bir millatdir. Navro‘z bayrami munosabati bilan O‘zbekiston xalqini ayyom bilan muborakbod etaman va ularga muvaffaqiyat, ezgulik tilayman. Eronchasiga aytganda: “Har ro‘zi shud Navro‘z boshad, har Navro‘zi feruz boshad”. Ya’ni har kuningiz Navro‘z bo‘lsin, Navro‘zingiz feruz (g‘olib) bo‘lsin!

Muhayyo PIRNAFASOVA suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasi 2024-yil 22 -mart 13-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596