18.08.2025 | 16:31
701
OLIMLAR TARJIMONLARGA TIRGAK BO‘LSIN
O‘zbek tarjimachiligida asosiy e’tibor badiiy asarlarni chet tillardan ona tilimizga o‘girishga qaratilgan. Bu borada bizda asrlar bo‘yi yig‘ilgan boy meros va tajriba bor. Shunga qaramay, ayrim tarjimalarda hamon xato va kamchiliklar uchrab turibdi. “Yo‘qdan ko‘ra bor-ku”, qabilida bunday holatlardan ko‘z yumadigan vaqtlar o‘tdi. Bugungi o‘quvchi jahon adabiyotini asliyatda o‘qiydigan salohiyatga ega. Demak, ularda taqqoslash imkoniyati tug‘ilmoqda. Mana shu hol tarjimonlardan yanada sergak va bilimli bo‘lishni, mehnatdan qochmaslikni talab qiladi. Quyida ayrim tarjima ishlariga to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Zora, yosh mutarjimlarga foydasi tegsa.

Kaminaga yaqin bo‘lgani bois tahlilni olmon tilidan o‘girilgan asarlardan boshlasak. Toshkentda joylashgan Gyote institutida yosh tarjimonlar uchun seminarlar o‘tkazish an’anaga aylangan.
2024-yil oxirlarida o‘tkazilgan seminarda Hafiza Qo‘chqorovaning yangi tarjimasi muhokama qilindi. Shveytsariyalik yozuvchi Peter Shtammning “Die sanfte Gleichgültigkeit der Welt” asarini tarjimon qizimiz “Loqayd dunyo” deb o‘girgan. Ammo asar nomi “Dunyoning oyimsupurgi loqaydligi” degan ma’noni anglatadi. Muallif olmoncha “sanft” (epitet) sifatlovchi so‘zini loqaydlik ot so‘z turkumidan oldin aniqlovchi vazifasida qo‘llab, bu so‘zni shunchaki muloyimlik, yumshoqlik ma’nosida emas, balki dunyoni buzayotgan zararkunanda beparvolik, jamiyatni izdan chiqarayotgan muloyim loqaydlik sifatida qayd etib, insoniyatni hushyorlikka da’vat qilmoqchi bo‘lganday, nazarimda. Asar nomi noto‘g‘ri tushunilgan, muallifning maqsadi anglanmagan va oqibatda go‘zal sarlavha siyqa ma’no kasb etgan. Holbuki, mutarjimning dastlabki ishlaridan biri bo‘lgan Jenni Erpenbekning “Heimsuchung” romani tarjimasida sarlavhadagi xatodan keyin bu ishga jiddiy qaray boshlaganini ko‘rib, uning navbatdagi tarjimalarida muqobil so‘zlar topayotganidan xursand bo‘lgan edim. Jumladan, unga Elke Haydenrayx va Bernd Shryoderning “Alte Liebe” asarini “Azaliy ishq” deb go‘zal tarjima qilganini eslatib, maqtaganman.
Ayrim mutaxassislarimiz maxsus lug‘atlar bilan kam ishlayotganday tuyuladi. Aks holda Gyunter Grassning “Der Blechtrommel” romanini qanday qilib “Tunuka do‘mbira” deb o‘girish mumkin? Olmonlar hayvon terisi qoplangan nog‘orasimon sozni Trommel deb aytaydi. Do‘mbira esa turkiylarga xos qorni yog‘ochdan yasalgan musiqa cholg‘usidir. Aslida Gyunter Grassning mazkur asari sarlavhasi “Tunuka nog‘ora” deb o‘girilsa, to‘g‘riroq bo‘lardi.
Ayni paytda dunyoning ko‘p mamlakatlarida olmonzabon modernist yozuvchi Frans Kafka hayoti va ijodiga qiziqish avj olmoqda. Uning qator asarlari rus va olmon tillari orqali o‘zbekchaga o‘girilmoqda. Yozuvchining “Das Schloss” asari avvalroq Vafo Fayzullo tomonidan ruschadan “Qal’a” nomi bilan tarjima qilinib, chop etilgan edi. Shu asarni olmonchadan o‘girgan Shahnoza Quvonova “Qo‘rg‘on” deb atabdi. So‘zboshi muallifi, akademik Akmal Saidov esa asarni “Saroy” deb atagan. Lug‘atlarda “Das Schloss” so‘zining qasr degan muqobili ham mavjud. Qay biri asliymonand, degan savol tug‘ilganda teskari tarjima metodi qo‘l keladi. Bu usulga ko‘ra qal’a – Burg, qo‘rg‘on – Festung. Olmoncha-o‘zbekcha lug‘atlarda esa “Das Schloss” goh saroy, goh qasr shaklida berilgan. Vafo Fayzullo asliyat tilini bilmasligi mumkin, biroq Shahnoza Quvonova mutaxassis sifatida nega noto‘g‘ri tarjima qilgan? Uning xatosi – lug‘at bilan ishlamaganida.
Hozirgi olmon tili lug‘atlarida 800 mingdan 1 milliongacha so‘z bor. Universitetni bitirgan mutaxassis nari borsa 2000 ta faol, 3000 ta passiv so‘z boyligiga ega bo‘lishi mumkin. Sinxron tarjimonlar esa shuning o‘n barobaricha so‘z boyligiga ega bo‘lishi mumkin. Shundan lug‘atsiz tarjimalarning qay holatda ekanligini tasavvur qilavering. Bu o‘rinda faqat mutarjimning emas, balki ana shu tarjimalarni chop etgan noshirlarning ham loqaydligi ko‘zga tashlanadi.
Tarjima nashrlarda boshqa qator jiddiy kamchiliklar ham ko‘zga tashlanadiki, ular o‘girmalarning umumiy sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti. Jumladan, bibliografik ma’lumotlar asliyat tilida berilmayapti, asl matnni chop etgan chet el nashriyotidan maxsus ruxsatnoma – litsenziya olinmayapti, nashrga mas’ul taqrizchilarning ismi-sharifi kitoblarda bor-u, nashriyotlarda ularning asl taqrizlari matni saqlanmagan. Bu esa xalqaro nashr normalari va mualliflik huquqining buzilishi hisoblanadi. Qolaversa, maxsus kengashi bo‘lmagan nashriyotlar tarjimalarni chet tili mutaxassisining tahriri va taqrizidan o‘tkazmasdan o‘zboshimchalik bilan bosmoqda. Natijada, tarjima matnlarida muallifning individual uslubi va milliy o‘ziga xosligiga jiddiy putur yetmoqda. Ulardan nega bunday qilasizlar, deb so‘rasak, mas’ul muharrirga to‘laydigan pulimiz yo‘q, deyishadi. Axir, tarjimaning sifatini aynan ana shu mas’ul muharrir va uning tahriri hamda taqrizlari kafolatlaydi-ku!
Shu kabi jiddiy tashkiliy, nashriy kamchiliklar tufayli minglab milliy o‘ziga xos so‘zlar o‘z qiyofasi va ma’nosini yo‘qotmoqda. Jumladan, “yo‘lbars” – shahzodaga (F.Vyurtlening “Babur der Tiger” asari tarjimasida), “shavla” – bo‘tqaga, “palov” – shavlaga, “amir” – qirolga aylanib qolmoqda. Mustabid tuzumdan qutulganimizga ko‘p yillar o‘tsa-da, tarjimonlar bizni yana “shchelkunchik” bilan “yong‘oq chaqish”ga o‘rgatmoqchi bo‘lishyapti (olmon yozuvchisi Amadey Hofmanning “Nussknacker”, ya’ni “Yong‘oq chaqqich” asarini ruschadan o‘girgan tarjimon asar nomini “Shchelkunchik”ligicha qoldirgan).
Meni o‘ylantirayotgan boshqa bir masala ham bor: hozirgi o‘zbek fani turli yo‘nalishlar, ayniqsa, ijtimoiy sohalarda qanday yangi fikr va tadqiqotlar bilan jahon fanini boyitmoqda? Dissertatsiyalarda yangilik deb da’vo qilayotganimiz jahon miqyosida qay darajada tan olinmoqda? O‘zbek tarjima nazariyasi qanday nazariy kashfiyotlar bilan jahon tarjima nazariyasini boyitmoqda? Ana shu savollarga javob topishi mumkin bo‘lgan asosiy omillardan biri bu – o‘zbek fani yutuqlarini chet tillariga tarjima qilishdir.
Biz esa asosan chetdan o‘girish bilan bandmiz. Bu eski qobiqlardan chiqishga o‘zimizda jur’at topolmayotganimiz va buni turli bahona-yu sabablar bilan oqlayotganimiz oqibatidir. Bugun jahon tajribasida jiddiy rivojlanayotgan muhim tendensiya – ona tilidan chet tillariga bevosita tarjima qilish masalasiga ishonchsizlik bilan qarab, o‘zimiz anglagan-anglamagan holda zamondan orqada qolyapmiz.
Tarjimonlarning hushyorligi pasayishida soha olimlarining ham “hissasi” bor. O‘tgan vaqt davomida amalga oshirilgan tarjimalarni 100 foiz desak, bu ag‘darmalarning taxminan 10 foizi ilmiy to‘plamlarda tahlil va tanqid qilindi, xolos; juda kam qismi katta-kichik dissertatsiyalarning tadqiqot obyekti, predmeti va materialiga aylandi. Shu o‘rinda fidoyi olimlarimizni sanab o‘tishni lozim topdik.
Bu masalada, ayniqsa, o‘z vaqtida Jumaniyoz Sharipov, G‘aybulla Salomov, Najmiddin Komilov g‘ayrat ko‘rsatishgan bo‘lsa, ayni vaqtda ularning shogirdlari ko‘p ibratli ishlarni amalga oshirishmoqda. Zohidjon Sodiqov va Hamidjon Xalilov kabi amaliy tarjimalar bilan shug‘ullanayotgan ayni paytda ilmiy ish yoqlayotgan, qator monografik tadqiqot va o‘quv adabiyotlari yaratayotgan hamkasblar ko‘p emas.
Ta’kidlash joiz, bu sohada jiddiy masalalarni o‘rtaga tashlayotgan, mavjud tarjima muammolariga yechimlar taklif qilayotgan Zuhriddin Isomiddinov (“Tarjima va til”), Ergash Ochilov (“Tarjimashunoslikning nazariy masalalari”) va Odiljon Safarov (“Antik tarjimaviy tafakkurni o‘rganish muammolari va ularning yechimlari”) kabi sohamizning peshqadam olimlari ko‘pchilikka ibrat bo‘lishmoqda. Boshqalar ham ulardan o‘rnak olsa, tarjimachiligimiz sifati sezilarli darajada ko‘tarilgan bo‘lar edi. Zotan, nazariyotchilar amaliyotchilarga ko‘makchi bo‘lishi kerak.
Xurram RAHIMOV,
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshidagi Tarjimashunoslik va lug‘atshunoslik ilmiy-amaliy markazi rahbari, professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 15-avgustdagi 33-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
108
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
618
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
614



