18.04.2024 | 14:45
808
AYOL BORKI, ZARGARGA ISH TOPILADI

Kundalik turmushimizda qimmatbaho ma’danlar bilan bog‘liq bo‘lgan “tilla bola”, “tilla qiz”, “oltin zanglamas”, “Oltin o‘tda bilinar, odam mehnatda”, “tilla bosh”, “oltin kuz”, “kumush qish”, “zumrad bahor”, “oq oltin” kabi maqollar, so‘z va ifodalar ko‘p qo‘llaniladi. Bundan tashqari, qiz chaqaloq tug‘ilganda “Kumushoy”, “Oltinoy”, “Zumrad”, “Yoqutxon” singari qimmatbaho javharlarning nomlari ism sifatida qo‘yiladi. Ayol bois gap javohirlarga borib taqalar ekan, zargarlik to‘g‘risida so‘z yuritmoqchimiz. Qadimdan yurtimizda ayollar va erkaklar taqinchog‘ini yasashda turli xil bezaklardan foydalanilgan. O‘zbek zargarlari tomonidan yasalgan buyumlar sharqona shakllar va naqshlarning o‘ziga xosligi bilan ajralib turgan. Sharqda, xususan, turkiy xalqlarda zargarlik buyumlarining yasalishida uyg‘unlik bo‘lsa-da, nomlanishi va ko‘rinishida ma’lum farqlar bor. Islom dinida erkaklar barmog‘iga kumush uzuk taqib yurishi sunnat sanaladi. Ilgari boy savdogar oilalarning erkaklari turli xil qimmatbaho metallardan ishlangan uzuklar taqishgan. Hatto, sallalariga taqinchoq sifatida jig‘a taqishgan. Tibbiy jihatdan ham kumushning salomatlikka foydali jihatlari bor. Shunday bo‘lsa-da, qimmatbaho toshlardan jilo berilgan taqinchoqlar muntazam taqilmagan. Asosan, mehmondorchiliklarda, to‘y-marosimlarda taqilgan. Ayollar esa, mashvaratlarda, gap-gashtaklarda, o‘zaro yig‘inlarda taqinchoqlarini ko‘z-ko‘z qilishgan. Bu hozirgi kunda ham saqlanib qolgan. Bekorga aytishmaydi: “Dunyoda bitta ayol qolsa hamki zargarga ish topiladi”. Uzuklar, asosan, tilla va kumushdan yasalgan. Toshlari yomon ko‘zlardan asraydi deyilgan. Chaqaloqlarni ilk bor cho‘miltirayotganda bola davlatmand bo‘lsin deb suvga uzuk solishgan. Bolaligimizda ko‘p ertaklar, xalq dostonlarini tinglaganmiz, o‘qiganmiz. Ularda sehrli va xosiyatli uzuklar bilan bog‘liq sarguzashtlar sodir bo‘ladi. Bahodirlar yorining jamolini nigin (uzuk) ko‘zida ko‘rib es-hushidan ayrilib, uni qidirib topish uchun yo‘lga chiqishadi, ko‘p jasoratlar ko‘rsatib murod-maqsadiga yetishadi. Rivoyatlarda aytilishicha, Hazrat Sulaymonning: “Bu dunyodagi hamma narsa o‘tkinchi”, degan so‘zlar o‘yib yozilgan uzugi bo‘lgan, u hayotining qayg‘uli onlarida uzukdagi ana shu hikmatli bitikni o‘qib, taskin topgan. Tarixdan ma’lumki, uzuklar o‘sha mamlakat podshosining muhri hisoblangan. Amir Temurning uzugiga bitilgan “Kuch – adolatdadir” degan hikmatli ibora ham didaktik ahamiyatga molikdir. Ilmiy ishim yuzasidan Jarqo‘rg‘on tumaniga borganimda “Qo‘ldovli” mahallasining kayvoni ayollaridan biri, gapga chechan Oyday Toshboltayeva va Tursunoy Shaymatovadan ko‘plab ma’lumot oldim. Ular “tillachilik” (zargarlik mahsuloti olib-sotari) bilan ham shug‘ullanishgan. Momolarning aytishicha, ilgari hozirgiday zargarlik do‘konlari bo‘lmagan, zargarlar buyumlarini qishloqlar oralab sotgan. Suhbatimiz zargarlik buyumlari haqida bo‘ldi. Ulardan bilmaganlarimni bilib oldim. Taqinchoqlar boshga, qoshga, peshonaga, burunga, quloqqa, bo‘yinga, ko‘krakka taqilgan. Jumladan, tillaqosh, silsila, mohitilla, xatabak taqinchoqlarini ayollar boshga taqishgan ekan. Jarqo‘rg‘on hududidan Surxon daryosi, Zang kanali oqib o‘tishini hisobga olsak, bu yerda suv mo‘l bo‘lgan. Suvli qishloqlar xotin-qizlari negadir ko‘proq kumushdan yasalgan tillaqosh taqishgan. Silsila taqinchog‘i, yuqorida aytganimizdek, bayram kunlari, to‘y-hashamlarda ko‘rkam liboslar ustidan taqilgan. “Silsila to‘rt qismdan iborat bo‘lgan”, deydi suhbatdosh ayollar. Bular – xatabak, silsila, go‘ysha, chekkaduo. Suhbatimizni Oyday momoning qaqajon nevarasi bo‘ldi. U buvisidan qo‘lidagi sochiga sochpopuk ja(e//o‘)malak taqib qo‘yishini so‘radi. Momoning aytishicha, soch bilan qo‘shib o‘rilgandan keyin jo‘malakning (shevada “a” tovushi “e” va “o‘” tarzida talaffuz qilindi) o‘ziga ham tug‘dona (soch uchun ishlatiladigan taqinchoq nomi, ko‘pincha jamalak sochga ulangandan keyin jamalakka taqiladigan ko‘zmunchoqqa o‘xshash bo‘lgan) degan taqinchoq taqiladi. Eski tangalardan ham (ko‘pincha kumushdan ishlangan) ko‘krakka osiladigan va sochga taqiladigan taqinchoqlar tayyorlangan. Bu tangalar poshshoyi tanga ham deb nomlangan. Quloqqa taqiladigan qozig‘i (sirg‘aning bir turi) ham ana shu poshshoyi tangadan yasalgan. Setora taqinchog‘iga ham ular bilan bezak berilgan. Qora qo‘yning junidan ayil shaklda to‘qilgan mato ustiga poshshoyi tangalar teriladi. Mato ko‘ylakning bor bo‘yiga (old tarafi) ulanadi, quyi qismi po‘pakli bo‘ladi. Qo‘ng‘irot ayollarining burunga taqiladigan sirg‘alari bo‘lib, burunning ikki chetiga, burun parraklariga va o‘rta devoriga taqilgan. Shunga ko‘ra lativa – xalqa (litva//letuba, natik//natib) izmak va aravak (arabak) kabi nomlar bilan atalgan. O‘rta devoriga taqilganlari “bo‘lovi”, “burun baldoq” ham deb atalgan. Qo‘ng‘irot xotin-qizlari ko‘proq bo‘yinga va ko‘krakka taqiladigan munchoq va marjonlarni yoqtirishgan. Ularni o‘zlari ham yasashgan. Munchoq va marjonlarni javak, gulbadan yoki xapamat deb nomlashgan. Shuningdek, bezak o‘rnida tumorlar ham ishlatilgan. Tumorlar bo‘yinga, qo‘ltiqqa, kiyimlarga taqilgan. Kiyimlarga esa ignaqadoq (bilafka) bilan qadashgan. Qizlar, albatta, tillaqosh bilan uzatilgan. Tillaqosh balo-qazolarni daf qiladi, degan qarash bo‘lgan. Tursunoy momo ham qizini chiqarayotganda unga enasidan qolgan tillaqoshni, shu bilan birga, pand-nasihatlarini, mehr-muhabbatini ham meros qilib beribdi. Bargak – kelinlik taqinchog‘ining nomi, u tilla yoki kumushdan to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida tayyorlangan. Bir necha osma taqinchoqlardan iborat bo‘lgan. O‘rta yoshli yoki yoshi o‘tgan ayollar burnining o‘ng tomoniga natik-letuba (halqa) (“Burnimda tillo letuba, ayag‘im muzlarda qotiba”), bilaklariga bilaguzuk, quloqlariga isirg‘a (zirak), bo‘yinlariga eshilgan ipga tizilgan xafamand (atash variant: xafamat), gulband (atash variant: gulmat) taqishgan. Yoshi o‘tgan ayollar bo‘yin terilari osilib turganini yopish uchun taqinchoq taqishgan. 3-5 qator qilib mayda marjon va munchoqlardan terib yasalgan ushbu taqinchoq qoriq deb atalgan. Zargarlik mahsulotlaridan bo‘yinga taqiladiganlari – zanjirlar ham juda bejirim ishlangan. “Qorg‘i” oq-qora, sariq, qizil munchoqlar ipga tizilib, bir qator qilib bo‘yinga taqiladigan taqinchoq nomi. Shuningdek, haqiq ham qizil munchoqtoshlar ko‘zmunchoqlar bilan birga terib bo‘yinga taqiladigan taqinchoq bo‘lib, uni ham qorg‘iga o‘xshatib oddiygina bo‘yinga osiladigan (taqiladigan, ilinadigan) taqinchoq, deb umumiy nom bilan ataymiz. Har xil rangdagi munchoqtoshlar 3-5 qator qilib terilgan va har joydan siqib bog‘langan bog‘liqquloq taqinchog‘ining nomlanish tarkibida “quloq” so‘zi bo‘lsa hamki, u bo‘yin taqinchog‘i hisoblanadi. Sirg‘alar (isirg‘a, zirak, baldoq)ning ham turli xildagi qadimiy nusxalari bo‘lgan. Ularning nomlanishiga e’tibor berilsa, nega shunday atalganini anglash mushkul emas. Masalan, uy sirg‘asi, oybaldoq, qoziq sirg‘a, aylana sirg‘a, bodomsimon sirg‘a, halqai muhammadi (Bibi Fotimaning sirg‘asi)… Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, xalq madaniyatining, ma’naviyatining o‘ziga xosligini ko‘rsatadigan hunarmandchilik buyumlari vaqt o‘tishi bilan hayotimizdan sekin-astalik bilan chiqib ketmasligi, balki yanada sayqallanib, takomillashib, avloddan-avlodga meros bo‘lib qolishi lozim. Bu esa, nafaqat hunarmandlarimizning vazifasi, balki biz kabi tilshunoslarning ham ona tilimiz oldidagi burchimiz ekanligini unutmasligimiz lozim.
Mansur HAMIDOV, Termiz davlat universiteti katta o‘qituvchisi
“Jadid” gazetasi 2024-yil 29 -mart 14-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
594
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
591



