Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


03.10.2025 | 16:06

img1630

YOMBIDAN QADRLI

“Quyma” deganimiz barcha zamonlarda har qanday pul birligi o‘rnini bosadigan tabiiy unsur – oltinning foydalanish uchun qulay shaklga keltirilgani. Xonlik davrida quyma katta odam mushti hajmicha bo‘lgan. Bu esa savdogarlar uzoq yurtlarga ot yoki tuyalarda xurjunlarga solib olib borishlarida qo‘l kelgan. Savdogarlar uzoq o‘lkalarga yo‘l olganida olib borayotgan va keltirayotgan mollari miqdoriga qarab saltanat chegaralarida boj to‘lashgan. Shu sabab bojmonlar mol-mulklarni ko‘zdan kechirishgan, miqdorini aniqlashgan. Ularni xurjunlardagi quyma oltinlar, savdogarlarning qo‘ynidagi pullar: dinor, shohi, tanga, manatlar qiziqtirmagan, hatto qancha pul olib chiqib ketayotgani haqida ma’lumotnoma (deklaratsiya) to‘ldirishlari talab qilinmagan. Ular sinchiklab boshqa narsani izlashgan. Xo‘sh, bojmonlar nimani izlashgan dersiz?

Arxiv hujjatlarida qiziq ma’lumotlarga ko‘zingiz tushadi. Hojiniyoz hoji Xonakohiy Xiva xoni Muhammad Rahimxon soniy topshirig‘i bilan Hoji Xalifaning “Jahonnoma” asarini arabchadan chig‘atoy tiliga o‘giradi. Sharq tarixiga oid asarni tarjima qilish uchun uch yildan ortiq vaqt ketadi – bu orada xon vafot etib, o‘rniga o‘g‘li Isfandiyor o‘tiradi. Hojiniyoz hoji tarjimani tugatadi, ammo uni kitob holiga keltira olmaydi – og‘ir xastalanib, to‘shakka mixlanib qoladi. Hoji xonqalik bo‘lgani uchun mazkur tarjimasini kitobat qilishni o‘sha vaqtda Xonqa hokimi bo‘lgan Muhammad Aminaddin hojidan iltimos qiladi.

Umrini tarjimonlikka bag‘ishlagan, kitob qadriga yetadigan Hojiniyoz hoji hokimga kitob qo‘lyozmasini berarkan, uning ilk varag‘iga “Vaqfun, lo yunkalu min hal al-balad” deb chiroyli nasta’liq yozuvida qayd qiladi. Hokim noyob asarni ham sovg‘a sifatida, ham xattotlarga buyurib, ko‘paytirish va’dasi bilan qabul qilib oladi va uni beklik qozisiga muhrlatishni ham unutmaydi.

Keyinchalik bir necha nusxada ko‘paytirilgan bu kitobning barcha nusxalariga aynan yuqoridagi yozuv bitilib, qozi muhri bilan tasdiqlanadi. Nima uchun? Umuman, bu yozuv nimani anglatadi?

Agarda yozuvning ma’nosini uqsak hammasi ravshan tortadi: “Vaqf, shahardan olib chiqilmasligi kerak!”

Kitoblarni vaqf qilish Sharqda ko‘p asrlar ilgari rasm bo‘lgan. To‘g‘ri, bu borada islom ulamolari orasida turli munozaralar kuzatilgan. Hanafiy mazhabi piri Abu Hanifa ko‘chmas mulklardan boshqa narsalarni vaqf qilish joiz emas, degan bo‘lsa, shogirdi Muhammad ush-Shayboniy ulusga ko‘proq manfaati yetsin degan maqsadda “Manqul narsalarning hammasini vaqf qilish mumkin”, deb fatvo beradi. Keyingi hanafiy ulamolari ayni shu fatvoga amal qilishgan va bu hatto xonliklarda hukm darajasiga ko‘tarilgan. Abu Hanifa ko‘chmas mulkdan tashqari narsalarni vaqf qilish joiz emas deganlarida vaqf qilinmish mulk uzoq vaqt saqlanishi zarurligini e’tiborda tutgan. Bular madrasa va masjidlarga ajratilgan yer va boshqa mulklarning vaqf qilinishida ko‘rinadi.

Abu Hanifa shogirdining kitoblarni ham vaqf qilishga buyurishi ortida ezgu maqsad yotibdi, ya’ni kitoblar umrboqiy bo‘lishi, egalari ularni ko‘z qorachig‘idek asrab, kelajak avlodlarga yetkazishi ko‘zda tutilgan.

Kitoblarni vaqf qilishda talab qilinadigan shartlar bor: vaqf qilinmish kitob hokim, qozi hukmi bilan tasdiqlanishi kerak. Burhoniddin al-Marg‘inoniy “Hidoya” asarining ikkinchi jildida bu shartni alohida eslatib, hokim yoki qozidan tashqari hech bo‘lmaganda mutavalli darajasidagi biror martaba egasi rasman tasdiqlashi kerakligini aytadi.

Bundan ko‘rinadiki, birovdan sovg‘a sifatida olinayotgan yoki kitobfurushlardan xarid qilingan kitobni mulk sifatida asrash uchun vaqf qiladiganlarga keng imtiyozlar berilyapti. Chekka qishloqda yashayotgan kitobxon kishi beklik hokimi yoki qozini izlab vaqt yo‘qotmaydi, bu ishni jome masjidi mutavallisi amalga oshirishi mumkin.

Yuqorida saltanatlar chegarasida xizmat o‘tayotgan bojmonlar (bojxona xodimlari) savdogar yoki sayyohlar olib chiqayotgan yoki olib kirayotgan mollarni qat’iy nazoratdan o‘tkazishgani, ularni quyma oltin yoki turlik pullar qiziqtirmaganini aytdik. Ular sinchiklab tekshiradigan narsa aynan kitoblar bo‘lgan. Savdogar yoki sayyoh xurjunidagi kitoblar vaqf qilingan bo‘lsa, olib chiqish qat’iy taqiqlangan. Kimdir yashirin tarzda vaqf qilingan kitobni olib ketayotgani aniqlansa, musodara qilinib, xonlik mulkiga aylantirilgan – kutubxonaga topshirilgan.

Vaqf haqidagi yozuv kitoblarning birinchi sahifasiga bitilgan. Bundan tashqari, kitobning yana ma’lum varaqlariga ham vaqf ekanini eslatuvchi belgi yonida hokim, qozi yoki mutavalli muhrlari bosilgan. Bu takroriy tasdiq kitobni chetga olib chiqib, qimmatroq sotishni ko‘zlagan odam uning birinchi varag‘ini yirtib tashlaganida ham aniqlash imkonini bergan. Qo‘lga tushgan kitob savdogari birinchi varag‘i tasodif yo‘qolib qolganini bahona qilishi mumkin. Ba’zan shunday holatlar ro‘y bermasligiga kafolat yo‘q. Ammo kitobning vaqf belgisi muhrlangan boshqa varaqlari ham shu taxlit yo‘qolishiga bojmonlarni ishontirib ko‘ring-chi!

Sovetlar 1924-yilda vaqfni rasman bekor qiladi. Asriy vaqf mulklar davlat egaligiga o‘tkaziladi. Shu bilan bir vaqtda kitoblarni vaqf qilishdek qadim ezgu amalga putur yetadi. Lekin sovet davrida vaqfdan bir odatni tamoyilga kiritadi – buni kutubxonalar fondidagi kitoblarning birinchi va yana o‘n birinchi sahifalariga “Falon kutubxonaga tegishli” degan yozuvli maxsus to‘rtburchak tamg‘a urilishida ko‘ramiz. To‘g‘ri, bu o‘rinda kutubxonalar fondidagi kitoblar o‘g‘irlanishi oldini olishni nazarda tutishadi, chetga chiqib ketishi kafolatlanmaydi.

E’tiborli tomoni, vaqf qilingan kitobni egasi sota olmagan. Kitobfurushlar vaqf belgisi bor kitoblarni olib-sotishdan tiyilganlar. Sababi, bu qonun buzilishi hisoblanib, ular katta miqdorda jarimaga tortilgan.

Xivalik shoir, tarjimon, musiqashunos, “Tanbur chizig‘i” ixtirochisi Komil Xorazmiyning o‘g‘li Muhammadrasul Mirzo otasidan qolgan va o‘zi to‘plagan besh mingdan ortiq kitobning barchasini vaqf qildirgan. Kitobga g‘oyatda ko‘ngil qo‘ygan bu inson shaxsiy kutubxonasidagi kitoblarni o‘qish uchun birovning qo‘liga bermagan, ammo shu yerda o‘qishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib qo‘ygan. Kutubxonada kitob o‘qimoqchi va undan ko‘chirma olishni istagan kishilar oldiga shunday shart qo‘yilgan: tahoratli bo‘lishi, kitobga zarracha ozor yoki g‘ubor yetkazmasligi shart!

1873-yil Xiva xonligini bosib olgan chor Rusiyasi Ko‘hna Arkdan 300 dona noyob kitobni olib ketgan. Bundan tashqari istiloda qatnashgan boshqa shaxslar ham madrasalar, aholi uylaridan ko‘plab kitoblarni harbiy o‘lja sifatida qo‘lga kiritgan. O‘sha kitoblarning aksari vaqf qilingan bebaho mulkimiz edi.

Elatimizda mulla Ro‘zmat oqqosh oxun ismli bir zot yashab o‘tdi. Bu inson Xiva madrasasida o‘qigan, ammo xonlik ag‘darilgani sabab madrasani tugata olmagan bo‘lsa-da, bir necha tilni bilardi. Umri poyonigacha elatda imomlik qilgan mulla Ro‘zmatning uyida chiroyli muqovali kitoblari bo‘lardi. Bola vaqtimiz ba’zida mulla buvaning nasihatlarini tinglardik. Kamdan kam hollarda u kishi bizga qalin muqovali kitoblarini ko‘rsatardi – qo‘limizga olib, varaqlash orzumiz amalga oshavermasdi. Mulla buvaning yolg‘iz qizining men tengi nevarasi bilan bir sinfda o‘qiganmiz. Bir kuni mulla buva uyida yo‘qligida tokchalarga terib qo‘yilgan chiroyli kitoblaridan birini olib, varaqlab ko‘rdim. E’tiborimni tortgani, kitobning ilk sahifasidagi arabiy yozuv va g‘alati muhr bo‘ldi. O‘sha vaqtda bu nima yozuv, unga nimaga g‘alati muhr urilganini qaydan bilay? Keyinchalik angladimki, mulla buvaning aksar kitoblari vaqf qilingan ekan.

Kitoblarning vaqf qilinishi va milliy boylik sifatida qadrlanib, chetga chiqib ketishining oldi olinishi ajdodlarimizning ilm-fanga, uning hosilasi va negizi bo‘lgan yozma manbalarga bo‘lgan e’tiborini ko‘rsatadi. Ushbu e’tibor o‘laroq yurtimizdan jahon tan olgan ulug‘ allomalar yetishib chiqqan.

Asrlarki, savdogarlar xurjunlarida yurt oshgan necha-necha ming botmon quyma tillolar bugun qayerdaligini bilmaymiz. Balki tabiiy unsur bo‘lmish bu qimmatbaho nimarsalarni vaqt shamollari tuproqqa qorgandir, ammo vaqf qilinmish kitoblar hali-hamon dunyoning qay bir kutubxonalarida asralib, insoniyatga nafi tegmoqda.

Ro‘zimboy HASAN

“Jadid” gazetasining 2025-yil 26-sentyabrdagi 39-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img77

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img594

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img592