Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


06.10.2025 | 16:11

img833

AVVAL VATAN, KEYIN JON

Bu shiorni tasavvuf ilmining yetuk namoyandalaridan biri, Kubroviya tariqatining asoschisi Najmiddin Kubro aytgan, degan rivoyatlar bor. Ulug‘ olim kuch-qudratda tengsiz bo‘lgan mo‘g‘ul qo‘shiniga yuzlana turib, o‘z shogirdlariga bergan topshiriqlarini shu so‘z bilan yakunlagan ekan. Aytimdan murod esa: to shogirdlar jon va Vatan tanlovi qarshisida qolsa, bilib olsinlar, eng birinchi tanlov hamisha Vatandir.

Shayx Najmiddin Kubroning bu so‘zlari shunchaki aytilgan xitob emasligini shogirdlari tezda chuqur iztirob bilan anglaganlar. Negaki, piri komilning o‘zi istibdodga qarshi kurashda mardona jon beradi… Bu tariqa shahid bo‘lgan Vatan farzandlari kam emas. Bilganlarimizdan bilmaganlarimiz ko‘p. O‘z xalqining jasur yetakchisi Alp Er To‘nga zamonidan, ehtimol, undan-da avvalgi zamonlardan to yaqin davrlargacha turkiy xalqlarning Vatan ozodligi va mustaqillik uchun kurashi bir lahza to‘xtagan emas.

Bugun ozod xalqimiz va uning odil yetakchisi “Avval Vatan, keyin jon” deya kurashgan jasur ajdodlarimizning porloq xotirasini munosib tarzda abadiylashtirishga bel bog‘lagan. Va bu borada birlamchi e’tiborni tariximizning yaqin kunlariga, siyosiy qatag‘onga uchragan jadidlar faoliyatiga qaratgan, desak, adashmagan bo‘lamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida”gi qarori va unda mamlakatimizda har yili oktyabr oyining birinchi haftasini Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi sifatida nishonlash belgilangani so‘zimizning isbotidir.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan 2021–2024-yillar mobaynida 1200 dan ortiq qatag‘on qurboni oqlanganini alohida e’tirof etmoq joiz. Barcha turdagi ta’lim muassasalarida maxsus darslar, uch avlod uchrashuvlari, spektakl va hujjatli filmlar namoyishi, internet orqali targ‘ibot faol tus olgan. Jadidlar merosi va faoliyatini yoshlarga ibrat maktabi sifatida yetkazish ishlarida jiddiy qadamlar tashlanmoqda.

QATAGʻONLAR SILSILASI

1937–1938-yillarda sodir etilgan “katta terror” nafaqat O‘zbekiston ahli, balki sobiq ittifoq hududida yashagan barcha xalqlar uchun unutib bo‘lmas xunrezlik, qatag‘onlarning eng qonli pallasi sifatida tarixdan joy olgan. Bugun ayrim manqurt kimsalar bilib-bilmay qo‘msayotgan qattol Stalin boshqaruvi davrida “xalq dushmanlari”ni yo‘qotish bahonasida yuz minglab insonlar nohaq otib tashlangan, millionlab odamlar turma va lagerlarga qamalgan. Shu tariqa ma’naviy elita yo‘qotilgan.

Bu davrda O‘zbekistonning siyosiy rahbariyati qisqa fursat ichida butunlay almashtirilgan. Cho‘lpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir kabi o‘nlab iste’dodli adiblar, yuzlab olim va ziyolilar, davlat arboblari “millatchi”, “panislomchi”, “panturkchi” yoki “josus” degan ayblovlar bilan qatag‘on qilingan. Ularning asarlari, ilmiy merosi ham yo‘qotilgan yoki qat’iy senzura ostiga olingan.

Tarixchilarning hisob-kitobiga ko‘ra, 1937-1938-yillarda sobiq ittifoq hududida kamida 1,5 milliondan ortiq kishi qamalgan, ularning taxminan 681 ming nafari otilgan. Qizil terror natijasi bo‘lgan qatag‘ondan faqat o‘zbek xalqi emas, deyarli barcha millatlar jabr ko‘rgan. Aynan mana shu jihati bilan “katta terror”ni umumbashariy fojia deyish mumkin.

Aslida, ildizi qadim ming yilliklardan suv ichuvchi o‘zbek xalqining boshidan bu kabi qatag‘onlar ko‘plab o‘tganiga tarix guvoh. Uzoq o‘tmishni qo‘yaylik, birgina 1865–1917-yillar mobaynida Chor Rossiyasining bosqini, Toshkent ishg‘oli, Qo‘qon xonligining tugatilishi, Turkiston qo‘zg‘olonining shafqatsiz bostirilishi natijasida milliy davlatchiligimizning yo‘qotilishini yodga olaylik.

Bu istibdod hadsiz-hisobsiz qatag‘onlarga olib kelmaganmidi o‘shanda?! Undan keyin-chi?

1920-yillarda milliy ozodlik uchun kurashgan “bosmachi”larga qarshi qatliomlar, dehqonlar, ulamolar, milliy kadrlar ularning “tarafdor”i sifatida jazolanishi, qamalishi, surgun qilinishi yoki otib tashlanishi, 1940–1950-yillarda diniy erkinlikka berilgan zarba natijasida masjidlar yopilib, ulamolarning qamalishi, oqibati hech kimni qiziqtirmagan ommaviy deportatsiyalar tarixiy xotiraga tushgan chandiq kabi ko‘zga tashlanadi.

1980-yillarda O‘zbekistonda “Paxta ishi” tufayli minglab insonlar taqdirining vayron bo‘lishi, 1980-yillar oxiridagi milliy uyg‘onishga qarshi bosimlar o‘sha kunlarni ko‘rganlar yodidan chiqarmikan? Aytish mumkinki, Chor Rossiyasi va undan keyingi mustabid tuzum tufayli yuzaga kelgan qatag‘on turli shakllarda olib borilgan tizimli siyosatga aylangan.

“BOSHSIZ JAMIYAT” TAMOYILI

Siyosiy qatag‘onlar bejiz amalga oshirilmagani, albatta, barchaga ayon. Jamiyatning ongi, g‘oyaviy rahbarlari bo‘lmish ziyolilarni yo‘q qilish – hamma davrlarda ham xalqni “yetakchisiz omma”ga aylantirishning eng tezkor yo‘li hisoblanadi. Totalitar tuzum uchun bu ikki maqsadga xizmat qiladi. Birinchisi shaxsiy hokimiyatni mutlaqlashtirish va raqobatni yo‘qotishga oid bo‘lsa, ikkinchisi g‘oyaviy xarakter kasb etadi, ya’ni milliy uyg‘onish va mustaqil fikr manbayini cheklashga qaratiladi.

Bunday sharoitda bosqinchi tuzumga xizmat qiladigan kollaboratsiya mexanizmi ham oson ishlaydi. Shu o‘rinda istilochilikdagi kolloboratsiya mexanizmi atamasini izohlab o‘tsak. Bosqinchilikdagi bu mexanizm mahalliy aholi yoki elitaning bosqinchilar bilan hamkorlik qilishini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash vositalari yig‘indisi bo‘lib, u siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va harbiy yo‘llar bilan amalga oshiriladi. Natijada bir necha avlod davomida intellektual uzilish, ma’naviy so‘nish va ijtimoiy inersiya yuzaga kelib, milliy g‘oyani himoya qiluvchi “miyalar”siz jamiyatda qarshilik resurslari so‘nadi va uni boshqarish osonlashadi. Afsuski, sobiq ittifoq davrida bu mexanizm juda faol va shafqatsiz ishlab turgan. Siyosiy qatag‘onlar uning bir ko‘rinishi edi.

XOTIRANING TARIXIY, MILLIY VA SIYOSIY AHAMIYATI

E’tiborsiz qoldirish va unuttirish g‘oyaviy raqibni yakson qilishda eng ko‘p kuzatilgan va o‘zini oqlagan qabih usullardan biri ekan. Vatan ozodligi va xalq hurriyati yo‘lida faol kurashib, shu yo‘lda jon bergan ajdodlar nomini unuttirish siyosati O‘zbekiston mustaqil bo‘lgunga qadar davom etdi.

Bugun qatag‘on qurbonlarining nomlarini tiklash tarixiy adolatni tiklash bilan barobar bo‘lib, milliy o‘zlikni anglash yo‘lidagi g‘oyat muhim qadamdir. Mamlakatimizda mustaqillik fidoyilarining shonli tarixi va bebaho merosi chuqur o‘rganilar ekan, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbida milliy g‘urur va Vatanga sadoqat, o‘zlikni anglash va ma’rifatparvarlikka intilish tuyg‘ulari kuchayadi. Jamiyatimizda demokratik madaniyat mustahkamlanadi. Bu faqat tarixni o‘rganishga qaratilgan harakat emas, balki xalq xotirasini uyg‘otish bilan bog‘liq milliy iroda namoyishidir.

O‘ktam HAMRAALI

“Jadid” gazetasining 2025-yil 3-oktyabrdagi 40-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img79

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img595

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img593