Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


08.10.2025 | 13:55

img716

BEHBUDIY VA SULTON QOBUS

O‘mon – Arabiston yarimorolning janubi-sharqiy qismida joylashgan davlat. Maydoni – 309,5 ming kvadrat kilometr. Aholisi – 5,3 million kishi (2025). Poytaxti – Maskat shahri. Ma’muriy jihatdan 59 viloyatga bo‘linadi. Sho‘ro kengashi va Davlat kengashidan iborat O‘mon Kengashi maslahat organi mavjud. Ijrochi hokimiyatni sulton va hukumat amalga oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori yirik olim qoldirgan ilmiy-ma’rifiy merosni teran o‘rganish va uning faoliyatini xalqaro ilmiy maydonga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy (1875–1919) jadidlik harakatining yetakchi namoyondalaridan biri sifatida xalqni zamonaviy ilm-fanga, ma’rifatga chorlagan, taraqqiyotning kaliti bilimda deb hisoblagan. Uning sahna asarlari orqali yuksak milliy g‘oyalar keng jamoatchilik ongiga singdi, qalblarga nur bag‘ishladi.

Behbudiy o‘z asarlari, ilg‘or pedagogik qarashlari va faol ijtimoiy-siyosiy pozitsiyasi bilan jamiyatda yangi uyg‘onish davrini boshlab berdi. Ayni shu ma’noda, uning fikrlari va faoliyati nainki mintaqada, balki butun musulmon Sharqida taraqqiyotga yetaklovchi ruhiy to‘lqin uyg‘otgani barchamizga yaxshi ma’lum.

Ana shu ma’rifatparvarlik g‘oyasi boshqa diyorlarda ham o‘z ifodasini topgani sir emas. O‘mon Sultonligida Sulton Qobus bin Said (1940–2020) aynan shunday insonparvar va ma’rifatparvar yetakchi sifatida ehtirom bilan xotirlanadi. Uning faoliyati, xalqni bilimga, zamonaviylikka chorlashga qaratilgan harakatlari mintaqa taraqqiyotida katta o‘rin tutgan, keng qamrovli islohotlari xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholangan. Uning boshqaruvi davrida mamlakatda ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy va siyosiy sohalarda tub o‘zgarishlar amalga oshirilgan. Ayniqsa, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, ularning ta’lim olishi va mehnat bozorida faol qatnashishini rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Sulton Qobus rahbarligida O‘mon an’analarga sodiq qolgan holda zamonaviylik sari intilib, yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarildi. Uning hukmronlik davri tarix sahifalarida “O‘mon uyg‘onishi” deb nom olgani bejiz emas, albatta.

Qizig‘i shundaki, har ikki buyuk shaxs – turli davr, turli hudud va siyosiy sharoitda yashab faoliyat olib borgan bo‘lsa-da, ularni yagona nuqta birlashtiradi: bu ma’rifat orqali xalqni uyg‘otish, millatni taraqqiyot sari yetaklash g‘oyasidir. Ularning hayot yo‘li, faoliyati va ruhiy dunyosi shunchalik mushtarakki, go‘yo ular bir zamonda, bir safda yurgan, bir millat, bir kelajak uchun yelkadosh bo‘lgandek taassurot uyg‘otadi.

Joriy yilning 26-sentyabr kuni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Madaniy o‘lchov va O‘zbekiston – O‘mon muloqoti: islohotlar yo‘li” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Anjuman Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi hamda O‘mon Sultonligining marhum rahbari Sulton Qobusning ta’lim va ilm-fan sohasidagi islohotlariga bag‘ishlandi. Unda madaniy aloqalar, ta’lim tizimida o‘zaro tajriba almashinuv hamda ma’naviy merosni saqlash va targ‘ib etish masalalari ham muhokama etildi.

Ma’ruzachilar tomonidan Akademiyada Mahmudxo‘ja Behbudiy xotirasini abadiylashtirish maqsadida bir qator muhim ishlar amalga oshirilayotgani, “Behbudiy” stipendiyasi joriy qilingani, jadidlar merosiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy darslar muntazam yo‘lga qo‘yilgani, Behbudiy asarlarini o‘qish va tadqiq qilishga bag‘ishlangan maxsus davra suhbatlari tashkil etilayotganiga urg‘u berildi. Ezgu tashabbusning mantiqiy davomi bo‘lgan ushbu anjuman O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va O‘mon Sultonligining mamlakatimizdagi elchixonasi hamkorligida o‘tkazilayotgani ta’kidlandi.

Ma’rifiy yig‘inda O‘monning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Vafo bint Jabr Nosir al-Busaidiy o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Shuningdek, “Baytul qiroa saqofiy” kitobxonlar jamiyati vakillari – Hamda ash-Shamsiy va Maryam al-Vahaybiy, Texnik talablar departamenti direktori, ekologik menejment va iqtisodiyot bo‘yicha fan doktori Jihod bint Jabr al-Busaidiy, O‘mon Xotin-qizlar assotsiatsiyasining xazinadori, boshqaruv kengashi a’zosi va pudrat-qurilish sohasidagi yirik tadbirkor Xanan bint Muhammad az-Zajaliy, bankir, buxgalteriya va moliyaviy menejment bo‘yicha magistr Kamila bint Muhammad az-Zajaliy, biznes boshqaruvi bo‘yicha o‘qituvchi hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi mutaxassislar – Tahira bint Fida al-Lavatiya va Intisar Abu al-Rab, ta’lim sohasi mutaxassisi va kasbiy rivojlanishga ko‘maklashuvchi mutaxassis Naxla bint Sulaymon al-Anqudiy so‘z olib, o‘z sohalarida erishilgan yutuqlar va bu borada O‘zbekiston tajribasidan o‘rganilishi lozim bo‘lgan jihatlarga to‘xtalib o‘tdi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi o‘qituvchisi Ahmad Musa va taniqli sharqshunos olim Baxtiyor Ibragimov boshchiligidagi professor-o‘qituvchilar, yetakchi mutaxassislar, tadqiqotchilar va talaba-yoshlardan iborat keng jamoa yig‘ilishning ilmiy va ma’naviy jihatdan yuksak saviyada o‘tishini ta’minlashda faol ishtirok etdi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori, tarix fanlari doktori Saidakbar A’zamxo‘jayev ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy-ma’naviy hamkorlikka xizmat qiluvchi mazkur tadbir haqida so‘z yuritar ekan, “Markaziy Osiyo davlatlari va arab diyorlaridagi yangiliklar, islohotlarni o‘zaro o‘rganish va birgalikda ilmiy tadqiqotlar qilish uchun bu kabi anjumanlar o‘tkazilishi bugun nihoyatda foydali va dolzarb deb hisoblayman. Bizning jadid bobolar, xususan, Mahmudxo‘ja Behbudiy hazratlari qoldirgan boy ilmiy meros nafaqat jonajon Vatanimiz olimlari, balki dunyo afkor ommasining diqqat-e’tiborida ekani bizni benihoya quvontirdi”, deya ta’kidladi. Shuningdek, u o‘z ma’ruzasida jadidlar yashagan davrga oid fotosuratlar va arxiv materiallar nusxalaridan foydalangan holda, o‘sha davrdagi ta’lim sharoitlari, Samarqanddagi eski va yangi usuldagi maktablar o‘rtasidagi farq, shuningdek, Xoji Muin, Abduqodir Shakuriy va Mahmudxo‘ja Behbudiy tomonidan tashkil etilgan usuli jadid maktablari haqida fikr yuritib, Behbudiyning yoshlarni ta’lim uchun xorijga yuborishga bo‘lgan intilishi xususida to‘xtalib o‘tdi.

Tadbir davomida nafaqat tarixiy va madaniy o‘xshashliklar, balki ikki mamlakatning taraqqiyot strategiyasidagi hamohang nuqtalar ham muhokama qilindi. Ishtirokchilar fikricha, bunday anjumanlar har ikki mamlakatda olib borilayotgan ma’rifiy islohotlar, inson kapitalini rivojlantirish, zamonaviy ta’lim modellarini tatbiq etish kabi yo‘nalishlarda o‘zaro ilmiy-amaliy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Konferensiya talabalar uchun ham faol muloqot maydoni sifatida xizmat qildi. Unda ilgari surilgan zamonaviy g‘oya va tashabbuslar ular uchun yangi bilim manbayi, shuningdek, ilmiy tadqiqotlarga ruhlantiruvchi davra vazifasini o‘tadi. Talabalar xalqaro ilmiy maydondagi jarayonlarni jonli kuzatish va ijtimoiy-siyosiy muloqot madaniyatiga yanada yaqin borish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Anjuman doirasida “Mahmudxo‘ja Behbudiy ilmiy merosining o‘ziga xos jihatlari”, “Sulton Qobus bin Said – zamonaviy O‘monning islohotchi hukmdori”, “Qobus bin Said islohotlari: yopiqlikdan zamonaviy davlat sari”, “Jadidlar va Mahmudxo‘ja Behbudiyning ma’rifatparvarlik va ilm-fan sohasidagi faoliyati”, “O‘mon – an’ana va modernizatsiya chorrahasida: Sulton Qobus merosi”, “Mahmudxo‘ja Behbudiy va Sulton Qobusning ma’rifatparvarlik qarashlaridagi o‘xshash jihatlar” hamda “Sulton Qobus islohotlarining jadidlar g‘oyalariga uyg‘unligi” kabi tahliliy maqolalar o‘qib eshittirildi. Yirik tarixiy shaxsiyat – Mahmudxo‘ja Behbudiy va Sulton Qobus bin Saidning hayot yo‘li, ma’rifatparvarlik g‘oyalari va amaliy islohotlari orqali yuksak qadriyat – Vatanga xizmat qilish, millat taraqqiyoti uchun o‘zini bag‘ishlash tamoyili yana bir bor yaqqol namoyon bo‘ldi.

Shuningdek, tadbir doirasida O‘mon Sultonligining O‘zbekistondagi elchixonasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tasviriy san’at ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘monning qadimiy madaniyati, zamonaviy taraqqiyoti va milliy o‘zligini ifodalovchi turli yo‘nalishdagi asarlar namoyish etildi. Ekspozitsiyada tarixiy portretlar va qorishiq uslubdagi lavhalar, xalq an’analariga oid milliy liboslar, mehnat va hayot sahnalari tasvirlangan kompozitsiyalar, zamonaviy abstrakt va kalligrafik asarlar, shuningdek, O‘mon san’atiga xos bezak buyumlari namunalari jamoatchilik e’tiboriga taqdim etildi.

Shahriyor SHAVKAT

“Jadid” gazetasining 2025-yil 3-oktyabrdagi 40-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596