15.10.2025 | 12:13
517
YASHIL VA QORA: TANLOV O‘Z QO‘LIMIZDA
Biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Nurbek QO‘CHQOROV bilan suhbat

– Jahon miqyosida iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari haqida ilk bong urgan olima sifatida Yunis Fut nomi keltiriladi. Bu voqea 1856-yilda AQSHda sodir bo‘lgandi. Mintaqamizda ekologiyani asrash, unga alohida e’tibor berish qachondan boshlangan? Ajdodlarimizning tabiatga munosabati qanday edi?
– Zamin – yagona uyimiz. U ham tirik organizm bo‘lib, bir nuqtasi zararlansa, butun tanaga og‘riq beradi. Tabiatdagi zanjir reaksiyasi ekologik muammolarning bir davlat yoki mintaqa doirasida qolib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. Tabiiy ofatlar tor doirada kechishi mumkin, lekin ekologik xavf har doim umumiydir. Bu haqiqatni anglagan ajdodlarimiz tabiatga oqilona munosabatda bo‘lish haqida qariyb uch ming yil avval ham qayg‘urgan. “Avesto” sahifalarida inson va tabiatni uyg‘unlikda yashashga da’vat etuvchi butun-butun parchalarni o‘qish mumkin. Kitobda quruq da’vat emas, yer, suv, tuproq, havodan foydalanish bo‘yicha maxsus qoidalar va jazo choralari ham qayd etilgan.
Mintaqamizda islom dini yoyilgach, tabiatga g‘amxo‘rlik yangi bosqichga ko‘tarilgan. Xususan, ne’matlarni isrof qilmaslik, tirik jonga ziyon yetkazmaslik, ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirishga chorlovchi oyat va hadislar odamlarning, bugungi tilda aytganda, ekologik madaniyati o‘sishiga xizmat qilgan. Ayniqsa, temuriylar davrida bu o‘z cho‘qqisiga chiqdi. Amir Temurning o‘zi o‘nlab bog‘ barpo etgan. Umuman olganda, o‘sha davrda biror bino qad rostlasa, uning yonida katta bog‘ ham bunyod etilgan. Shu xulosadan kelib chiqib, Temuriylar davrida yaratilgan bog‘larning qamrovini chamalash mumkin.
Bobur Mirzo ham qayerga borsa, o‘sha yerni obod qilgani haqida uning memuarlari va boshqa tarixiy asarlardan bilish mumkin. Qo‘qon xonligi davrida odamlarning uy-joyidagi hashamat bog‘ining kattaligi va undagi daraxtlarning noyobligi bilan o‘lchangan.
–Bugun-chi? Bobolarning tabiatga munosabati, sohibkorligi va shafqat-shafoati to‘laqonli namoyon bo‘lyapti, deyolamizmi?
– Aytish mumkinki, keyingi yillarda O‘zbekistonda tabiatga munosabat mutlaqo o‘zgardi. Yangi bog‘lar barpo etilib, mavjudlari kengaytirilyapti. 2021-yildan boshlab “Yashil makon” loyihasi ish boshladi. Quvonarlisi, bu tashabbus faqat mamlakat ichida qolib ketmadi. Joriy yilda BMT Bosh Assambleyasi “Barqaror o‘rmon xo‘jaligi asosida o‘rmonzorlashtirish va o‘rmonlarni tiklash bo‘yicha Harakatlar Dekadasi” nomli rezolyutsiyani qabul qildi. Ushbu hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining asosiy tashabbuslari, jumladan, “Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyot yili” dasturi, “Yashil makon” milliy loyihasi va “Markaziy Osiyo Yashil kamar” daraxt ekish aksiyasi asosida yaratilgan. Rezolyutsiya 2027–2036-yillarni O‘rmonzorlashtirish va o‘rmonlarni tiklash bo‘yicha Harakatlar Dekadasi deb e’lon qiladi, kuch va resurslarni safarbar qilishga chaqiradi, shuningdek, davlatlar va tashkilotlarni tegishli chora-tadbirlarni kuchaytirishga tavsiya etadi.
E’tibor bersangiz, rivojlangan davlatlar, xalqaro tashkilotlar va yirik sarmoyadorlar ekologik loyihalarni muntazam qo‘llab-quvvatlaydi. Bu hatto och va boshpanasiz odamlarga yordam berish ulushidan ham oshib ketadi. Chunki iqtisodiy muammolar aslida o‘sha davlatga tegishli. Lekin bir davlatdagi ekologik muammo ko‘p o‘tmay boshqa joyda ham aks sado bera boshlaydi. Shuning uchun har bir davlat hududidagi ekologik muammolarga qarshi kurashda tashabbuskor bo‘lishi kerak. Bemorning tanasi kasallikka qarshi tura olmasa, ichki immunitet mustahkamlanmasa, tashqaridan berilgan dori-darmon ta’siri kesiladi. Bu borada O‘zbekiston bugun dunyoga namuna ko‘rsatmoqda. Tabiiyki, hamyurtlarimiz ham bu borada o‘z fuqarolik burchlarini ado etishga baholi qudrat bel bog‘lashgan.
– Albatta, tabiatni asrashda ilm-fanning muhim o‘rni bor. Jahon tajribasida ham olimlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan loyihalarning samaradorligiga guvoh bo‘lyapmiz. Bu borada Siz faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston Milliy universitetining biologiya fakultetida qanday loyihalar amalga oshirilyapti?
– Hozirgi kunda fakultetimizda o‘quv jarayonlarini ilmiy-tadqiqot ishlari bilan barobar olib borishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ekologiya ko‘plab yo‘nalishlarga bo‘linadi. Biz aynan o‘simliklar ekologiyasi bilan shug‘ullanamiz. Qurg‘oqchil kunlar davomiyligi ortib borayotganini inobatga olib, tadqiqotlarimizni aynan shu sharoitda yetishtiriladigan o‘simliklarga qaratganmiz.
Issiq harorat va suv yetishmovchiligi oqibatida ayrim o‘simliklar stress holatiga tushib qoladi. Bu ularning fiziologik hamda biokimyoviy jarayonlariga ta’sir etib, rivojlanishini izdan chiqaradi. Talabalar bilan birgalikda o‘simliklarning bunday sharoitlarga qay tariqa moslashishini chuqur o‘rganyapmiz. Bu jarayon “suv rejimi” deb ataladi. O‘zbekistondagi eng katta muammo ekinlarni to‘liq sug‘orish bilan bog‘liq. Shuning uchun bizdan talab qilinayotgan asosiy vazifa – kam suv iste’mol qiladigan, lekin yuqori hosil beradigan o‘simliklarni aniqlash va ilmiy asoslashdir.
Fanda “tuproq qurg‘oqchiligi”, “havo qurg‘oqchiligi”, “o‘simlikning fiziologik qurg‘oqchiligi” kabi atamalar mavjud. Biz aynan tuproq va havo qurg‘oqchiligiga o‘simliklarning qanday moslashishini o‘rganyapmiz. Buning uchun suv rejimini beshta ko‘rsatkich bo‘yicha o‘lchash usullarini qo‘llab, ilmiy asosda amaliyot uchun tavsiyalar ishlab chiqyapmiz.
Bugungi kunda izlanish olib borayotgan ilmiy mavzularimizdan biri – semizakdoshlar (Crassulaceae) oilasi vakillarining iqlim o‘zgarishiga moslashuv xususiyatlarini tadqiq etishdir. Bu o‘simliklarning ayrimlari dorivor hisoblanadi va tibbiyotda muhim ahamiyatga ega. Izlanish orqali nafaqat ichki ehtiyojimizni ta’minlash, balki kerakli xomashyoni yetkazib berish imkoniyati ham yuzaga keladi.
Bundan tashqari, tuproq va havo qurg‘oqchiligi hamda sho‘rlanish sharoitlariga bardosh bera oladigan, tolerantligi yuqori o‘simliklarni tanlashga alohida e’tibor qaratyapmiz. Shu yo‘nalishda jamoamiz tomonidan hozirgacha qator ishlar amalga oshirildi. Ayni paytda uchinchi loyiha yakunlanish arafasida turibdi. Barcha loyihalar asosan Orolbo‘yi hududida olib borilmoqda. Milliy universitetimizning bu yerdagi o‘quv bazasida ko‘plab o‘simlik plantatsiyalari tashkil etilmoqda.
– Gohida insoniyat tabiat bilan kurashga kirganga o‘xshaydi. Buning oqibati qanday bo‘ladi?
– Xohlaymizmi-yo‘qmi, insoniyat qonuniyatlari tabiat qonuniyatlaridan keyin paydo bo‘lgan. Biz esa tabiat qonunlari doirasida yashaymiz. Antropogen ta’sir yillar va asrlar davomida tabiatda o‘z izini qoldirib keldi. Shu jarayonda to‘plangan salbiy oqibatlar bugun ro‘yobga chiqib, ekologik muammolarga sabab bo‘lmoqda. Bizning vazifamiz – bu muammolarni butunlay yo‘qota olmasak-da, hech bo‘lmaganda, ularni yumshatishga, oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iborat.
Kelajakda tabiat o‘zini qay darajada tiklay olishini uning o‘zi hal qiladi. Hozircha inson ongi, tafakkuri va texnologiyalari tabiat resurslaridan foydalanishga qaratilgan, biroq uning qonuniyatlarini chuqur tushunishga hali yetib bormagan. Shuning uchun tabiat va jamiyat qonuniyatlarini muvofiqlashtirishimiz kerak. Tabiat bilan hamkorlik qilishimiz zarur. Bugungi ekologik muammolarning ko‘pi mana shu uyg‘unlik yo‘qligidan kelib chiqmoqda.
– Ko‘p bor chet davlatlarda o‘tgan seminar va treninglarda qatnashgansiz. Orttirgan tajriba va xulosalaringiz haqida ham gapirib o‘tsangiz.
– Yaqinda Xitoyning Yunchuan shahrida tuproq sho‘rlanishiga qarshi yirik seminarda qatnashdim. Meni havaslantirgan jihat shuki, u yerda yosh-u qari tabiatga birdek mehr qo‘ygan. Ayniqsa, talabalarning tabiatga bo‘lgan e’tibori, intilishi va mehnatkashligiga qoyil qoldim. O‘rnak bo‘ladigan tomonlari juda ko‘p. U yerda talabalar laboratoriyalarda tun bo‘yi navbat bilan ishlashadi, tajribalar o‘tkazib, izlanishlar olib borishadi.
Bizda ham zamonaviy texnologiyalarga ega laboratoriyalar bor, lekin mehnat qilishga bel bog‘lagan yoshlarimiz yetarli emas. Imkoniyatlarimiz juda keng, faqat mehnat va izlanish yetishmayapti.
– Bugun ijtimoiy tarmoqlarda iqlim havosini tozalash uchun daraxt ekish yoki turli suv o‘tlarini ko‘paytirish kerakligi haqidagi videokontentlar ko‘payib bormoqda…
– Butun dunyoda atmosfera havosini asosan dengizlar, ummonlar va tropik mintaqa o‘simliklari, ayniqsa, suv o‘simliklari ta’minlaydi. Lekin xomashyo sifatida o‘rmonlar kesilishi oqibatida kislorod ishlab chiqaradigan o‘simliklar dunyosini yo‘q qilyapmiz, shu bilan birga, atmosferani karbonat angidrid bilan to‘ldiryapmiz.
Ba’zilar bitta yo o‘nta daraxt bilan nima o‘zgaradi, deyishi mumkin. Tor o‘ylamaslik kerak. Daraxtlarni butun respublika, mintaqa va dunyo miqyosida hisoblasak, ana shunda haqiqiy ahvol ma’lum bo‘ladi. Masalan, bitta daraxt bir kunda taxminan 10 litr kislorod ishlab chiqara oladi. Biz shu muddat ichida 100 litr iste’mol qilamiz.
Shuning uchun ham, yurtimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, uni intensiv va uzluksiz davom ettirishimiz zarur. Biz tabiatga shu yo‘l bilan ko‘mak beramiz. Bu jarayon kelajakda tabiat o‘zini qayta tiklab olishi uchun imkon yaratadi. Bugun qo‘l qovushtirib o‘tirishga haqqimiz yo‘q. Tabiat resurslaridan foydalanyapmizmi, unga munosib javob qaytarish, asrab-avaylash – insoniylik burchimiz.
Xulosa o‘rnida aytmoqchimanki, dunyo odatda oq va qora rangda talqin qilinadi. Kelgusidagi dunyo qiyofasi esa yashil va qora ranglarda aks etadi. Qaysi mintaqa qaysi rangni tanlashi esa bugungi harakatlarga bog‘liq.
– Suhbat uchun minnatdorlik bildiramiz. O‘ylaymizki, zukko o‘quvchilarimiz o‘zlariga kerakli xulosalar chiqarib olishdi.
Vasila HABIBULLAYEVA suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 10-oktyabrdagi 41-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
113
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
143



