26.11.2025 | 10:20
614
“NEGA YAPON YUZ YIL YASHAR-U…”
Yaponiyaning “TOHO SERVICE” aksiyadorlik kompaniyasi bosh direktori vazifasida faoliyat yuritayotgan millatdoshimiz Bahodir Iskandarov bilan suhbat
Suhbatdosh: Iqbol MIRZO

– Har bir davrning o‘z tosh-tarozisi, o‘lchovi bo‘ladi. Yoshi ulug‘ avlod doimo yoshlarga nisbatan talabchanroq bo‘lib boradi. Bu tabiiy holat – taraqqiyotning o‘zi shunday jarayon. Ustoz Erkin Vohidovning “Eh, hozirgi yoshlar” degan mashhur she’rining umrboqiyligi shundaki, avlodlar o‘rtasidagi munosabat, talab va intilish ham abadiy mavzudir.
Bugun ham go‘yo yoshlar “aynib” ketgandek, yangi zamon taloto‘plari ichida yo‘qolib borayotgandek tuyuladi. Biroq har davrda ajdodlar ruhini, milliy qadriyatlarimizni yuragida asrab kelayotgan, yuksak ma’naviyatni o‘z hayotida ifoda etayotgan yoshlarimiz ham ko‘p. Ana shunday yigitlardan biri – Yaponiyada faoliyat yuritayotgan Bahodir Iskandarov… U Samarqand viloyati Oqdaryo tumani Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan. Yaponiyaga bilim olish niyatida kelgan, ta’limni muvaffaqiyatli yakunlab, o‘tgan o‘n yil davomida katta tashkilot rahbarligigacha ko‘tarilgan.
– Bahodir, ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlaringizda millat taqdiri uchun kuyunish, ma’rifat va fidokorlikni ko‘raman. Ayting-chi, buning asosi nimada deb o‘ylaysiz?
– Avvalo, buning asosida ustozlarimizning mehnati, jadid bobolarimiz yozgan kitoblar, oila va maktabda berilgan tarbiya yotadi, deb o‘ylayman. Kishining qalbiga vatanparvarlik va millatsevarlik hissi yoshlikdan singdiriladi.
Aslida, jamiyatshunoslikda shunday bir “kasallik” borki, hozir odamlar atrofga salbiy nazar bilan qaraydi, hamma narsadan shubhalanadi. Shundan hayotga ishonchsizlik kuchayib boryapti. Bu holat ayrim toifaga xos bo‘lib, afsuski, ular soni ortib boryapti. Ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi yurtdoshlarimizning fikrlarini o‘qib, ko‘pincha “Yo‘q, noto‘g‘ri gapiryapsiz, aslida vaziyat bunday emas”, degim keladi. Chunki men yaxshi bilaman, millatimiz uncha-muncha millatdan qolishmaydi. Ha, ayrim yurtdoshlarimiz qayerdadir xato qilayotgandir, lekin bu butun millatning aybi emas-ku. Shuni ko‘proq odamga yetkazgim keladi. Shu maqsadda qo‘limdan kelganicha harakat qilaman: jadid bobolarimizmi, ulardan avvalgi ajdodlarimizmi – ular orzu qilgan, kutgan yoshlar borligini, hech kimdan kam emasligini ko‘rsatgim keladi. Ishonamanki, yaponlar 40–50 yilda erishgan yutuqlarga biz ham bemalol erisha olamiz. Faqat ishonch, mehnat va birlik bo‘lsa, bas.
– Sizdagi mana shu jihatlar oilaviy muhit sababli emasmi?
– Albatta, onam hozir ham o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. Dadam ham oliy ma’lumotli. Ota tomondan ham, ona tomondan ham ziyolilar, jurnalistlar, shoirlar ko‘p. Uyimizda har bir kishining shaxsiy kutubxonasi bor. Haftalik gazetalar, ro‘znomalar doimiy o‘qiladi. Aslida, shu muhit sabab ilm olishga qiziqqanman.
– Endi sizga yana bir savol: Yaponiyaga qanday borib qoldingiz?
– Bakalavriatni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida, ingliz va yapon tillarida o‘qiganman. O‘zi, yoshligimda Yaponiyaga ketish orzusida bo‘lmaganman. O‘qish davrimda endigina Yaponiyadan kelgan bir o‘qituvchimiz bilan universitet hovlisida tanishib qolganman. Shu kuni biz ingliz tilida suhbatlashdik, unga o‘zbek ovqatlarini tanishtirdim, shahar aylandik. Shunda undan yapon tilini jiddiy o‘rganishga ilhom olganman. Keyinchalik o‘sha ustozim bilan bog‘lanib turdim, ularning tavsiyasi va yordami bilan Yaponiyaga bordim. Magistraturani o‘sha yerda o‘qidim.
– Yaponiya – Ikkinchi jahon urushida vayron bo‘lgan davlat edi. 1945-yilda ikki marta atom bombasi tashlandi: 6-avgust kuni Hiroshimaga, 9-avgust kuni Nagasakiga. Yuz minglab odam halok bo‘ldi, mamlakat iqtisodi va sanoati to‘liq inqirozga uchradi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, Yaponiya dunyodagi eng rivojlangan davlatlardan biriga aylandi. “Toyota”, “Honda”, “Nissan”, “Sony”, “Panasonic”, “Canon”, “Mitsubishi” kabi brendlar uning tiklanish ramziga aylandi. Shunday fojialardan keyin millatni “qayta tiriltirgan” kuchning siri nimada, deb o‘ylaysiz?
– Ta’limda. Bu borada turli ilmiy ishlar qilingan. Ularda ta’limga bo‘lgan munosabat juda kuchli. Maktabga bormaslikni tasavvur ham qilisholmaydi. Ko‘zim tushib qoladi: hatto oyog‘i singan bolalar ham qo‘ltiqtayoqda maktabga ketayotgan bo‘ladi. Bu ularning ma’rifatga, intizomga bo‘lgan munosabatini ko‘rsatadi.
– Bizda esa, afsuski, ba’zan maktabga bormaslik uchun bahona izlab, oyog‘i sinishiga rozi bo‘ladigan bolalar ham uchraydi. Ustoz Abdulla Qahhorning bir hikoyasi esga tushadi: Bir kishi echkisini sudrab ketayotgan ekan, echki ikki oyog‘ini yerga tirab, yurmas emish. Shunda u kishi deydi: “Namuncha tixirlik qilmasang, men seni maktabga olib ketayotganim yo‘q-ku, qassobga olib ketyapman, xolos”.
– Yaponiya sunamilar va zilzilalar davlati ekanini hamma biladi. Lekin shunday fojialarda ham ta’lim to‘xtamaydi. Masalan, 2011-yil 11-mart kuni avval 9 ballik dahshatli zilzila bo‘lgan, ortidan sunami kelgan. 20–30 metr balandlikdagi to‘lqinlar butun shaharlarni yuvib ketgan, 18 mingdan ziyod odam halok bo‘lgan. Bu Yaponiya tarixidagi eng og‘ir fojialardan biri edi. Shunday sharoitda ham yaponlar oziq-ovqat yoki dori emas, maktab so‘radi. Katta sport zallarda vaqtinchalik maktablar tashkil etildi, darslar qayta yo‘lga qo‘yildi. Qolaversa, yaponlarda bir ibora bor: “Qanday millatga mansub bo‘lishidan qat’i nazar, agar bizga bog‘cha yoshidagi bolani bersangiz, biz undan yapon tayyorlaymiz”.
Ota-onalar juda band bo‘lgani uchun bolalar asosan ta’lim tizimi orqali tarbiyalanadi. Shu sababdan, ularda intizom, poklik, hurmat, navbatda turish, jamoa bilan muloqot madaniyati juda kuchli. Chindan ham, u tizim har qanday insonni yapon qilib tarbiyalaydi. Ular “Men – yaponman!” degan iftixor bilan yashaydi. Bizda esa…
Millatchilik emas, milliyatchilik – ya’ni, o‘z millatini sevish, uning qadriyatlarini himoya qilish hissini tarbiyalash juda muhim.
– Tez-tez eshitib qolamiz, maktablarda telefon, internet yoki o‘yinlarga mukkasidan ketgan o‘quvchilar masalasi ko‘tariladi. Bu borada Yaponiya tajribasi qanday?
– Taniqli yapon jamiyatshunoslaridan biri aytgan: “Internet dengizga o‘xshaydi – undan foyda ham, ofat ham keladi. Har narsa me’yor bilan go‘zal”. Yapon maktablariga telefon olib kirish taqiqlangan, internetdan faqat ta’lim maqsadida foydalaniladi. Bolalarning kun tartibi tig‘iz: ertalabdan kechgacha dars, sport va uy vazifalari bilan band bo‘lishadi. Shu bois, ularda internet va o‘yinlarga mukkasidan ketish holatlari juda kam. Yapon ta’lim tizimi armiyadek tartibli. Bola hamisha nazoratda, vaqtni qadrlash va tartib hayot tarziga aylangan.
– Yaponlardagi telefonni cheklash tizimiga havas qilsa bo‘ladi. Shuning uchun ular kundalik ofatlar: suv toshqinlari, zilzila, iqtisodiy qiyinchiliklarga bardosh berib, jadal rivojlanib boryapti. Buning ortida mustahkam iroda, metindek inti-zom, katta e’tiqod turibdi. Inson o‘z hayotining mazmunini topgan bo‘lsa, uni yengib bo‘lmaydi. Qo‘rqoqlik nega bo‘ladi? Ishonchsizlikdan. O‘z g‘oyalari, Vatanini sevadigan bo‘lsa, o‘lim qo‘rqinchli emas. Urush yillarida olingan surat internetda tarqalgandi: Bir yapon bola o‘lgan ukasini opichlab olgan, harbiylarcha turibdi. Unga: “Yelkangdagi yukni tashla”, deyishganda, bola shunday javob bergan: “Bu – yuk emas, bu – mening ukam”.
Chexovning “Saxalin oroli” asarini o‘qiganimda, yapon xalqiga bo‘lgan hurmatim yanada oshgan. Yaponiyaning qadimiy aholisi, ayniqsa, aynu xalqi haqida ba’zi tadqiqotchilar turkiy xalqlar bilan umumiy ildizlarga ega bo‘lishi mumkin, degan ilmiy mulohazalarni bildirishgan. Biroq rasmiy yapon tarixshunosligi bu fikrni qo‘llab-quvvatlamaydi. Yapon olimlari o‘zlarini yamato xalqi, ya’ni Sharqiy Osiyo madaniy doirasining bir qismi deb hisoblaydi. Bunga oddiy yaponlarning munosabati qanday?
– Bu juda bahsli, lekin qiziq mavzu. Yaponiyaning eng qadimgi va nufuzli xususiy universitetlaridan biri bo‘lgan Keyo universiteti olimlari aynularning madaniyati, musiqasi va genetik kelib chiqishi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borgan. Shu universitetda dars beradigan bir olim bilan ko‘p marta suhbat qilganman. U kishi yaponlarning ko‘p qismi Markaziy Osiyodan kelgan, degan farazni ilgari suradi. Ayniqsa, aynular. Biz ham turkiy xalqlarmiz, degan ilmiy ish qilgan yapon olimlari ko‘p. Hatto, yapon tili va o‘zbek tillari orasidagi o‘xshashliklar kishini hayratga soladi. 300 ga yaqin bir xil so‘zlar bor. Albatta, buni tarixchi tilshunoslar o‘rganadi.
– Surxondaryodan yapon madaniyatiga xos osori-atiqalar, xususan, buddaviylikka oid haykalchalar va ibodatxona qoldiqlari topilayotgani bejiz emas. Bu hudud qadimda Buyuk Ipak yo‘lining muhim markazlaridan biri bo‘lib, Yaponiyagacha cho‘zilgan madaniy va diniy aloqalarning bosh nuqtasi hisoblanadi. Shu bois, yaponiyalik sayyohlar, tadqiqotchilar bu yerga tez-tez tashrif buyurib turadi. Ayniqsa, yapon arxeologi, antropologi va etnografi Kato Kyudzoning faoliyati bu yo‘nalishda alohida ahamiyatga ega. Uning asosiy ixtisosligi – O‘zbekistondagi qadimiy yodgorliklar va arxitektura obidalarini o‘rganish bo‘lgan. Kato Kyudzo Termiz, Fayzobod, Dalvarzintepa kabi buddaviylik markazlarida arxeologik tadqiqotlar olib borgan va yapon-o‘zbek ilm-fani hamkorligiga katta hissa qo‘shgan. U kishining do‘ppi kiyib tushgan surati bor. O‘zbekka o‘xshaydi. Meni qiziqtirgan narsa shuki, ular hozir biz yashab turgan tuproqlardan o‘sha yerlarga ketgan bo‘lsa, fe’limiz nega bir-biriga yaqin emas?
– Menimcha, juda o‘xshashmiz, ustoz. Bu mehmondorchilik, kichikka izzat, kattaga hurmat, choy marosimlari, ayollardagi nazokat kabi sharqqa xos xislatlarda ko‘rinadi.
– Yapon adabiyoti dunyoda ko‘p o‘qiladi, Amerika, Yevropa mamlakatlarida yashab, ijod qiladigan dongdor yaponlar bor. Zamonaviy yozuvchilardan Ryunoske Akutagava, Kobo Abe, Yasunari Kavabata, Xaruki Murakami mashhur. Yapon olimlari har yili Nobel mukofotiga nomzod bo‘lib, turli ilmiy yo‘nalishlarda muvaffaqiyatlarga erishadi. Bugun u yerda adabiyot, kitob, tilga munosabat qanday?
– Talabalik yillarimda “sababi tirikchilik”, bir nashriyotning yetkazib berish xizmatida ishlaganman. Yaponlarda gazetxonlik darajasi juda kuchli. Bir ko‘chada deyarli hamma uy ixtiyoriy tarzda obuna bo‘ladi. U yerda mahalliy nashrlar internetdan ham tezroq ma’lumot tarqatadi, deyish mumkin. Har kuni ikki-uch marta nashr etiladigan gazetalar ham bor. Ko‘cha-ko‘yda, metroda deysizmi, gazeta o‘qib ketayotgan odamlarni ko‘p uchratasiz. Adabiyotga, kitobga mehrni bog‘cha, maktab, OAV va TVda ham tinimsiz targ‘ibot qilishadi. Bir insonning kunlik majburiy ishlari qatorida, masalan, ovqatlanish shart bo‘lgandek, mutolaa bilan shug‘ullanish ham shunday…
Yaponiyaning rivojiga katta hissa qo‘shayotgan yirik kompaniyalar bor. Dunyo bo‘yicha nufuzli brend mahsulotlar sotadigan tashkilotlarning rahbarlari kitob o‘qishi bilan faxrlanib intervyular beradi. “Mitsubishi Bussan” kompaniyasini bilasiz. U mamlakatning xalqaro savdo aloqalarida muhim rol o‘ynaydi. Rahbari Takaxiro Ito o‘z nutqlarida mashhur kitoblardan tez-tez iqtibos keltirib turadi. Bu esa, o‘z navbatida, unga havas qiladigan yoshlar qatlamida kitobxonlikka mehr uyg‘otadi. Chunki yoshlar muvaffaqiyatga erishgan kishilardan o‘rnak olishga moyil. Bizda esa, afsuski, yirik tashkilotlarning boshliqlari kitob o‘qimasligi bilan faxrlanishini aytib chiqadi.
– Kitob olishga puli, o‘qishga vaqti yo‘q bo‘lsa, tushunish mumkindir. Lekin ba’zilar falon joylarga borib, dam olishga vaqt va pul topadi-ku! Ular “Men kitob o‘qimayman” deganida, qulog‘imga “Men ahmoqman” deb eshitiladi. Ko‘pchilik “Yaponiya tashqaridan qaragandagina go‘zal ko‘rinadi. Ular ko‘rgazma qilishni do‘ndirishadi” deydi. Haqiqatan ham shundaymi?
– Bir maqolamda “Yaponiya asal oyida yurgan kelin-kuyovga o‘xshaydi”, deb yozganman. U yerga sayohatga borganda, boshida hammasi chiroyli ko‘rinadi: toza-ozoda ko‘chalar, mahobatli binolar, xushmuomala odamlar, xizmat ko‘rsatishdagi a’lo daraja… Chindan ham, sayohat uchun eng yaxshi davlatlardan biri. Lekin uzoq vaqt yashaganda, u yerdagi bosim, odamlardagi tushkunlik, hatto, millatchilik masalalari, chet elliklarga nisbatan yashirin nafrat, elining ichki muammolari: ota-ona, qo‘ni-qo‘shniga nisbatan mehr-oqibatning yo‘qligi yaqqol seziladi. Ayniqsa, e’tiqodning sustligi yoki umuman e’tiqodsizlik kuchayib bormoqda. Yaponiyada sintoizm va buddizm asosiy dinlar sifatida birgalikda mavjud. Aholining katta qismi o‘zini muayyan din vakili deb hisoblamaydi. Shu bilan birga, diniy marosimlar, masalan, sinto to‘ylari yoki buddaviy dafn marosimlari madaniy an’ana sifatida saqlanib qolgan. Yaponiya dunyoda dinsizlik darajasi yuqori bo‘lgan davlatlardan biri hisoblanadi.
– Mana shu fojialar orasida, urush bo‘lmayotgan tinch sharoitda ham Yaponiya aholisining yiliga millionlab kamayib borayotgani tashvishli. Bu holat ortida, menimcha, milliy qadriyatlarning yo‘qolishi, bolaga mehrsizlik, shaxsiy oromni ustun qo‘yish, xudbinlik va eng muhimi, millat taqdiriga befarqlik kabi muammolar yotadi.
– Ko‘pchilik moliyaviy qiyinchiliklar tufayli oila qurmayotgani yoki farzand ko‘rishni istamayotganini aytadi. Rostdan ham, oilada bir kishi ko‘paysa, moliyaviy muvozanat buzilishi mumkin. Farzandni to‘liq ta’minlay olmaslik xavfi bor.
– Yaqinda yaponiyalik taniqli jadidshunos olim Hisao Komatsu bilan gazetamizda suhbat chop etildi. U kishi o‘zbek to‘y va marosimlari haqida maqola yozgan. Unda jadid bobolarimizning to‘y va ortiqcha marosimlar haqidagi o‘tkir fikrlaridan iqtibos keltirilgan. Men qiziqib so‘radim: “Yaponlarga o‘zbek to‘ylarining nimasi qiziq? Nega ilmiy-tadqiqot qilishga ehtiyoj tug‘ildi? Jadid bobolar uchun nega buncha jon kuydiryapsiz?” Uning javobi juda hayratlanarli bo‘ldi: “Jadid bobolar dunyo ma’rifatli bo‘lsin, olamda tinchlik bo‘lsin degan. Bizning yapon xalqi ham shu g‘oyalar asosida yashaydi. Shuning uchun jadid bobolar bosib o‘tgan yo‘l biz uchun qiziq”, deb o‘zbek tilida javob berdi. Ustoz Erkin Vohidov bir she’rida: “Nega yapon yuz yil yashar-u O‘zbek buncha yoshga bormaydi?” degan va unda o‘z javoblarini aytib ketgan. Siz bunga nima deysiz?
– Yaponiyada uzoq umr ko‘rishning birinchi va asosiy sababi – bu yerda hayot sifati juda yuqori ekanidir. Bundan tashqari, Yaponiyada tibbiyot juda yaxshi rivojlangan. Bog‘chadan boshlab, maktablar, ish joylari va pensiya davrida har yili qat’iy tarzda tibbiy ko‘rikdan o‘tish majburiy hisoblanadi. Bu orqali kasallik paydo bo‘lishidan avval uning oldi olinadi. Mamlakat to‘rt tomondan dengiz bilan o‘ralgani uchun ob-havo va iqlim, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari ancha sifatli. Ularning sportga bo‘lgan mehri ham havas qilarli.
– Bizda ovqat eng ko‘p yeyiladigan, ta’bir joiz bo‘lsa, isrof qilinadigan joy – to‘yxona. Endi yapon to‘ylari va ovqatlanish madaniyati haqida gaplashsak.
– Yaponlarda to‘yga kelin-kuyovning eng yaqin qarindoshlari keladi. Boshlovchilik qiladigan kishi ham o‘zlaridan. Yosh oila deyarli xarajat qilmaydi. Mehmonlar har biri taxminan 200–250 dollar to‘yana bilan keladi. Bu mablag‘ to‘y xarajatlarini qoplaydi. Qolganiga mamlakat yoki dunyo bo‘ylab sayohat qilish mumkin. Qo‘shiqchilar deyarli bo‘lmaydi. Raqslar ham yo‘q hisobi. Ovqatlar ham ko‘pmas: salat, kichik kosada sho‘rva beriladi. Qo‘shiqchilar to‘y orqali tirikchilik qilmaydi, asosan konsertlardan daromad oladi. “Dinner shou” bor shu paytda “qistir-qistir” bo‘ladi. Odatda, 20-25 kishilik to‘y bo‘ladi.
– To‘y masalasi-ku, tushunarli, dafn marosimlari qanday? U yerda janozada hamdardlik puli berilarkan. Bu ham ibratli jihat. O‘zi boshiga musibat tushib turgan kishidan marhumning haqiga atab ehson oshi qilishni talab etish to‘g‘rimas. Bu haqda ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy: “Millatimiz taraqqiyotiga to‘g‘anoq bo‘ladigan ikki narsa bor: bu – to‘y va azadir”, deya ko‘p ta’kidlagan. Hattoki, Samarqandda to‘y yoki aza xarji uchun yashab turgan xonadonini garovga qo‘yib qarz olib, to‘lolmasdan uy-joyidan ajrab qolgan kishilar haqida kuyunib yozgan. Bu masalalar u yoqda qanday?
– Ta’ziyalarda bir mann (buni men “tuman” deb atayman) beriladi. Bu yuz dollar atrofidagi pul. Shu safar O‘zbekistonga kelib, bir hodisaning guvohi bo‘ldim: tanishim mehmonxonasini, uyining tashqi ko‘rinishini juda chiroyli va sifatli qilib qo‘ygan. Ammo o‘zi va bolalari uxlaydigan xona va ayniqsa, hammom-hojatxonalar sharoiti unchalikmas. Shunda unga mehmon oyda-yilda bir keladi, o‘zing uchun yashashni o‘rgan, dedim.
Yaqinda xatna to‘y sabab qarindoshlarni chaqirib, yigirma kishiga ham bormaydigan marosim o‘tkazdik. Ijtimoiy tarmoqlarda kuzatgan bo‘lsangiz kerak, bu tashabbusga xayrixoh bo‘lganlar ham, yomon fikr bildirganlar ham bo‘ldi. Quvonarlisi, menga “shaxsiy”dan yozib, men ham shunday qilaman, marosimlarni qisqartiraman, degan yurtdoshlarimizning videolari keldi. Umuman, millatsevar yurtdoshlarimiz ko‘p. Yaqinda tuproqshunoslik bo‘yicha Yaponiyada ilmiy ish qilgan olima qizimiz O‘zbekistonga qaytdi. Avvalroq, unga Yaponiyada: “Bizda qoling, loyihamizda ishlang, 10–15 ming dollar oylik beramiz, falon joydagi tuproq tarkibini o‘rganishga yordam bering”, degan mazmunda taklif berishgan. U esa: “Menga O‘zbekiston tuprog‘i aziz!” deb qaytdi. Bu yerda o‘rganganlarimni o‘z yurtimda sarf qilaman, dedi.
– Kuni kecha afg‘onistonlik o‘zbek olimi bilan suhbatlashganda shunday xulosa qildimki, necha yuz yillik Xuroson davlati tizgini o‘zbeklardan ketishi u yurtda tilimizning nufuzi yo‘qolgani bilan bog‘liq ekan. Yaponiyada tilga bo‘lgan munosabat qanday?
– Ular juda tilsevar xalq. Xorijliklarga bu yaqqol seziladi. Mahalliy arizalarni ham yapon tilida yozish majburiy. Ba’zi bir masalalar borki, ular borasida murosa qilinmaydi. Qonunlari qat’iy va shafqatsiz. Tilga bo‘lgan e’tiborsizlikni millatga bo‘lgan haqorat deb qabul qiladi yaponlar. Ulardan o‘rganadigan jihatlarimiz ko‘p. O‘rgatadiganimiz ham…
– Bizda ham keyingi yillarda ilmga, ta’limga, yoshlarga e’tibor sezilarli kuchaydi. Kimdan so‘rasang, dunyoning mashhur ta’lim dargohlarida o‘qish istagini bildiradi. Aniq fanlar masalasida ham dunyoqarashimiz o‘zgardi. Ilgari ko‘proq adabiyot va tarix bilan andarmon edik. Bugun Davlat rahbari bobolarimiz asos solgan Renessanslar aniq fanlar ustiga qurilganini ta’kidlab, bu sohaga alohida e’tibor qaratyapti. Bahodir do‘stim, Xudo xohlasa, Siz bilan o‘n yildan keyin shu mavzuda yana gaplashamiz. Biz bu dunyoda kimligimizni isbotlaydigan xalqmiz. Samimiy suhbat uchun tashakkur bildiramiz va Sizga “Jadid” gazetasining Yaponiyadagi maxsus muxbiri vazifasidagi ishlaringizda muvaffaqiyat tilaymiz.
«Jadid» gazetasining 2025-yil 21-noyabrdagi 47-soni
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
145
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
109
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
149



