28.11.2025 | 12:49
755
YURAGI O‘ZBEKKA AYLANGAN DUGONAM
Shohsanam NISHONOVA

OQ O‘RIK
Bu ayol bilan o‘rik soyasida tanishganmiz. U to‘kilgan mevalarni terayotgan paytda qizimning o‘rik yegisi keldi. Aravachadagi ukasining yiqilib ketishidan xavfsirab, daraxtga yaqinlasholmay turgan edim, qiyiqko‘z, nimtabassumli ayol mevalarini biz tomon uzatdi. Kiyinish uslubini hisobga olmaganda, o‘zimizning ayollarga o‘xshab ketadi. Bir dona o‘rikni qizimga uzatib, unga “spasibo” dedim. O‘zing uchun olmading-ku, degandek qo‘yarda-qo‘ymay yana meva berdi. Rus tilida aytgan “rahmat, yetadi, kerak emas” kabi so‘zlarimga javob ololmagach, inglizcha aytdim. Shunda u qiziq qilib “ramaat”, ya’ni “rahmat”, dedi jilmayib.
Goh inglizcha, goh o‘zbekcha, goh imo-ishoralar bilan “umuminsoniy” tilda kechgan muloqotdan keyin ma’lum bo‘ldiki, bu xonimning ismi-sharifi Mi Jung Jang, koreyalik. “Yurtingizga kelishimdan avval tanishlarim menga ingliz yoki rus tilini o‘rganishimni maslahat berishdi. Chunki Koreyada boshqa tillarda adabiyotlar yetarli, ammo o‘zbek-koreys tili bo‘yicha lug‘atlar topish juda mushkul, yo‘q hisobi. To‘g‘ri, bu yerda rus, ingliz tilini biladiganlar, ayniqsa, yoshlar juda ko‘p ekan, ammo men o‘zbekistonliklarga hurmat yuzasidan o‘zbek tilini o‘rganishga kirishdim”, dedi u.
Shundan keyin kunora ko‘rishadigan bo‘ldik, tilni jonli muloqotda o‘rganishni afzal ko‘rar ekan. Uyga taklif qildim. Mo‘jaz kitob javonimizni ko‘rgan Mi Jung xonim shunday hayratlandiki, unga kitoblar sovg‘a qilmoqchiligimni bilib, hayrati battar oshdi. Dastlab o‘zimning kaftdekkina birinchi kitobimni, keyin kattaroq adabiyotlar, adabiy-badiiy jurnallarni ko‘rsatdim. U keyingi safar olishini aytib, jurnallarni uyimda qoldirdi. “Avval shu kitobni o‘qib, sizga imtihon topshirib, keyin boshqa kitobni o‘qiyman”, deganiga hayron qoldim, rosti. Tayyor kitoblar olamiga tushib qolsang-u, kaftdekkina kitob bilan cheklansang.
Ha, ularda odat shunday ekan – kitob yig‘ishdan ko‘ra ko‘proq o‘qishga qiziqarkan. O‘sha kundan boshlab men ham yarmida to‘xtab qolgan kitoblarimni o‘qishga kirishdim…
ASAL OYI O‘ZBEKISTONDA
Xalqimizning “Qish g‘amini yozda ye” degan dono naqliga amal qilib sharbat va tuzlamalar tayyorlayotsam, telefonimga xonimdan xabar keldi. Ko‘rishgani vaqtim yo‘qligiga ishora qilib jarayondan videolar jo‘natdim. Oradan bir soatlar o‘tib koreyscha ovqat va o‘rikli murabbo solingan paket eshigim oldida turibdi. “Sizni bezovta qilmay, ovqat siz va bolalaringiz uchun yetarli, menimcha. Bu bizning milliy taomimiz kimbap, sizga yoqadi, degan umiddaman”, degan xabar qoldiribdi. Undan darhol ortga qaytishini iltimos qilib men ham sovg‘a berib, qayta bunday ovora bo‘lmasligini ta’kidladim. “Siz menga qimmatbaho sovg‘a – kitob berdingiz, evaziga tergan o‘riklarimni qoldiray, desam, ko‘nmadingiz. Bugun ularni murabbo qilib keldim. Siz mehribon insonsiz, bolalar bilan oson emas shuncha ish”, deya qo‘shimcha qildi. Eh, Mi Jung xonim, o‘zbek ayollarining mehnatkashligini ko‘rmabsiz, dedim ichimda.
Mi Jung xonimning aytishicha, uning turmush o‘rtog‘i janob Si Chan Park avtomobillarning yangi ko‘rinishlarini yaratadigan dizayner. U yurtimizga shartnoma asosida ishga taklif qilinib, yangi loyihalar ustida ishlayotgan ekan. Mi Jung esa aniq fanlar sohasida o‘qigan bo‘lsa ham, ijodni his qiladi, turmush o‘rtog‘ini yaxshi tushunadi, qo‘llab-quvvatlaydi.
Yetti yillik muhabbat qissalari shiringina to‘yga ulanib, o‘tgan yili nikohdan o‘tishibdi. Xonim 50, janob 52 yoshda. Dugonamning aytishicha, Janubiy Koreyada erta turmush yoshi 30-35, normal turmush tarzi 40 dan yuqori hisoblanar ekan. Kuyov bo‘lmish to‘ydan roppa-rosa bir hafta, Mi Jung esa ikki oy o‘tib O‘zbekistonga kelibdi. “Asal oyimiz O‘zbekistonda juda maroqli o‘tyapti. Koreya kichik mamlakat, o‘qish, ishlash qiyin, shuning uchun tushkunlik kayfiyati yuqori. Masalan, ilk ko‘rishganimizdayoq meni uyingizga taklif qildingiz. Ishonch uchun rahmat, ammo bizda unday emas. Qolaversa, turmush o‘rtog‘ingiz bilan ham tanishtirdingiz. Oilangizga yaqin ko‘rganingiz uchun tashakkur. Ha, aytgancha, turmush o‘rtog‘ingiz chiroyli ekan”, dedi u kulib suhbatlarimizning birida.
“Baribir, odam vatanini sog‘inadi, – dedi dugonam. – Kecha Meyjiksiti (“Magic city”)dagi asosiy favvorani yoqishgan paytda koreyscha musiqa yangradi. Yana aynan men yoqtiradigan klassik musiqalardan. U paytdagi holatimni tasvirlab berolmayman, bolaligim, onam, singillarim ko‘z oldimdan o‘tdi. Shuning uchun u yerga har kuni borishni maqsad qildim, ammo endi yig‘lamaslikka harakat qilaman”.
“PAMKIN SOMSA…”
U sayohatlarga borib keldi. Goh Buxoroning qadim ko‘chalaridan, goh Xivaning azim minorlaridan, qo‘shiqlaridan gap ochib, goh lazgining bir-ikki o‘rgangan muqomlarini ham ko‘rsatib bersa, goh mazali taomlaridan to‘yib yeganini so‘zlab berardi. Uning so‘zlarini miriqib tinglash chog‘ida, bora-bora talaffuzidagi kamchiliklar kamayganini sezib quvonaman. Bilishimcha, dugonamga “pamkin” (oshqovoq) somsa yoqqan ko‘rinadi, unga tayyorlab berishga va’da berib, o‘zbekchada “qovoq somsa” deyilishiga ishora qildim. U tilimizga katta hurmatsizlik qilganlikda o‘zini aybdor sanab, boshini egib-egib, qayta-qayta uzr so‘raydi. Men unga hammasi joyida ekanini aytib jilmayaman. Shunday qilib, qovoq somsa tugishga kirishib ketamiz. U ham bizga yordamlashadi. Bizning do‘stligimizga e’tiqodlarimiz, millatimiz farqli ekani ahamiyatli emas edi.
“Shohsanam, o‘rikni sog‘inaman”, deb qoldi u gap orasida. “O‘, tuppa-tuzuk shoira bo‘lib ketasizov yaqinda, qarang, obrazli chiqyapti gaplaringiz”, deyman uni ilhomlantirish uchun.
Uning safari yakuniga yetayotganini sezib, yuragim sel bo‘ladi. Uni Koreyaga qo‘yib yuborgim kelmaydi. Kinodagi mashhur iboraday, uni hamma yaxshi ko‘radi, men, bolalarim, qo‘shnilarim…
Bizda chiroyli xotin-qizlarni erkalab, “oq o‘rik” deb qo‘yishadi. Mi Jungga bu erkalash aynan mos tushar ekan. Bu yog‘i o‘zbekchilik, hurmatli odam ismi emas, maqomi yo taxallusi bilan aytiladi. Xullas, uning millati koreys, yuragi o‘zbekka aylangan edi.
«Jadid» gazetasining 2025-yil 21-noyabrdagi 47-soni
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
88
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



