02.12.2025 | 15:00
345
BIZDAN HARAKAT…
Kimyo fanlari doktori, professor Rashid QULMATOV bilan suhbat

– Xabaringiz bor, Prezidentimizning “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni e’lon qilindi. Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi malakali olim sifatida suhbatni ushbu hujjatga munosabatingizdan boshlasak.
– Farmon nafaqat Toshkent shahri, balki respublikamizdagi ekologik muammolarni yechishga qaratilgan tizimli ishlarning punktual yo‘l xaritasidir. Unda belgilab berilgan vazifalar ijrosi ta’minlanishi natijasida poytaxtda ekologik vaziyat barqarorlashib, kelgusidagi “xuruj”larning oldi olinadi. Shu ma’noda, bu faqat reabilitatsiya emas, profilaktika ham demak.
Bugungi kunda Toshkent shahri havosining bu qadar ifloslanishiga nima sabab bo‘lyapti? Buning javobi ham aynan yuqoridagi farmon bandlarida o‘z aksini topgan. Ya’ni, cheklovlar va imtiyozlar turiga qarab, atmosferaga chiqarilayotgan gazlar, chang, kul va qurumlar manbasini aniqlash mumkin. Ayrimlarini keltiramiz: avtotransport vositalari, sanoat korxonalari, issiqxonalar, qurilishlar…
Fikrimcha, elektromobillarga o‘tish jarayonini tezlashtirish kerak. Ko‘p mamlakatlarda, ayniqsa, Xitoyda bunga erishilgan. Masalan, o‘n yil oldin Pekin dunyodagi atmosferasi eng iflos shaharlardan biri edi. Yaqinda Xitoyda ilmiy safarda bo‘ldim – ijobiy o‘zgarish bor. E’tibor bersam, yo‘lda deyarli yuz foiz elektromobillar harakatlanmoqda. Bizda ham ushbu avtoulovlarga qiziqish ortib boryapti. Menimcha, uy olish uchun berilayotgani singari elektromobil xaridi uchun ham subsidiya joriy qilish mumkin.
Bunda aholidan ham harakat lozim. Imkon qadar shahar ichida jamoat transportlaridan foydalanish kerak. Eslasangiz, karantin davrida transport qatnovi keskin cheklangan edi. O‘shanda havo shunchalik tozalanganki, Toshkent atrofidagi tog‘lar, osmondagi yulduzlar ham ravshan ko‘rina boshlagan.
– Domla, bu yo‘lda ham, albatta, ilm-fan yordami va olimlar xizmati zarur. Farmonda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi bejiz qayd etilmagan. Bugun qaysi mavzularda ilmiy izlanishlar olib boryapsiz?
– Shogirdlarimiz bilan olib borayotgan ilmiy ishlarimiz mavzusi – iqlim o‘zgarishlari va suv resurslari bo‘yicha. O‘zbekistonning yirik daryolari, ularni muhofaza qilish va sof holda saqlash bo‘yicha hozirda uch shogirdim doktorlik dissertatsiyasi ustida ishlayapti.
Bundan tashqari, sug‘oriladigan yerlarning degradatsiyasi, sho‘rlanishi masalalari ustida Sirdaryo, Jizzax, Navoiy viloyatlarida bir necha yil davomida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazdik. Juda yaxshi ilmiy natijalarga erishdik, xulosa va takliflarni tegishli tashkilotlarga taqdim etdik. Quvonarlisi, hozir ular amaliyotda qo‘llanilyapti. Yerlarning sho‘rlanishi O‘zbekiston uchun juda katta muammo. Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy, Sirdaryo viloyatlarida hosildorlik 30–50 foizgacha kamayib ketadi.
Shu yo‘nalishda hozir ilmiy tavsiyalar ishlab chiqyapmiz.
Iqlim o‘zgarishlarining Markaziy Osiyoga ta’siriga kelsak, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘istonning janubiy qismida harorat oshishi jahon ko‘rsatkichiga qaraganda 0,4-0,5 darajaga yuqori. Buning sabablari ko‘p. Eng muhimlaridan biri, mintaqaning geografik joylashuvi bilan bog‘liq. O‘zbekiston quruq, arid iqlimli hududda joylashgan. Shuning uchun bu yerda nafaqat atmosfera, balki tuproq ham ko‘proq qiziydi.
– Bunga qo‘shimcha ravishda kuzning qurg‘oqchil o‘tayotgani ham vaziyatni og‘irlashtiryapti. Jahonda sun’iy intellekt dronlari yordamida yomg‘ir hosil qilish amaliyoti bor ekan. Bizda ham shunaqa yangiliklar bormi?
– Sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasi bizda hozircha rivojlanmagan. Bu juda katta mablag‘ va tajriba talab qiladigan soha. Bulutlarni kimyoviy usulda urug‘lantirib, ma’lum hududga yo‘naltirish va yog‘dirish – katta texnika, ilmiy tadqiqotlar va doimiy monitoringni talab qiladi.
Yog‘ingarchilikning kamayishi ham iqlim o‘zgarishi fojialari zanjirining bir qismi. Muzliklar erishi, yog‘ingarchilik rejimining o‘zgarishi, havo haroratining ko‘tarilishi, qurg‘oqchilikning kuchayishi – bularning barchasi o‘zaro bog‘liq. “Biz tabiatdan in’om-ehson kutmaymiz, aksincha, tortib olamiz” degan aqidalar davri o‘tdi. Tabiat bilan kurashish emas, murosa qilish kerak. Chunki tabiat odamzodning emas, odamzod tabiatning bir bo‘lagi. Uni qutqarishga qo‘l cho‘zmas ekanmiz, oxirida shu qo‘llar bilan boshimizga mushtlab qolishimiz mumkin.
Yurtimizda suvni tejovchi texnologiyalarga, “Yashil makon” umummilliy harakatiga katta e’tibor qaratilyapti. Bularning barchasi tabiat va taraqqiyot hamkorligi timsolidir. Iqlim bir kunda shakllanmagani kabi, uning muammolari ham bir kunda yo bir oyda hal bo‘lib qolmaydi. Bugun ekilgan har bir nihol farzandlarimiz, nevaralarimizga toza havo beradi, har bir litr tejalgan suv avlodlarimiz chanqog‘ini bosadi.
– Pekinda safarda bo‘lganingizni aytdingiz. Xitoylik hamkasblaringiz bilan hamkorlik qay yo‘sinda davom etmoqda?
– Darhaqiqat, ushbu davlatga ko‘p bor xizmat safari uyushtirganmiz. Bu yil ham Xitoy Fanlar akademiyasining prezidenti tomonidan uch marta rasmiy taklif keldi. Ularni o‘zbekistonlik olimlar bilan hamkorlik nima uchun bu qadar qiziqtirmoqda? Sababi shuki, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish yangi bosqichga ko‘tarildi. Savdo-iqtisodiy, texnologik va moliyaviy-investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Endi ular “Iqlim o‘zgarishi investitsiya loyihalari kelajagiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Kelgusida qanday chora-tadbirlar ko‘rish kerak? Bu yo‘lda ilm-fan vakillari qanday fikrda?” kabi savollarga javob izlaydi. Shuning uchun Xitoy tomoni barcha xarajatlarni qoplagan holda hamkor davlatlar olimlarini taklif qilib, fikr va tajriba almashadi.
Shu yerda ikki jihatdan ibrat olishimiz mumkin. Birinchisi, dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q, degan qoidaga binoan ilm-fan rivojini izchil davom ettirish hamda yaratilayotgan sharoitlarga munosib javob berish. Ikkinchisi, iqlim o‘zgarishi faqat hukumat yo ekologlarning muammosi emas, har birimizning faoliyatimiz ham bevosita shunga bog‘liq ekanini anglab yetishimiz lozim.
– Ekologik muammolarni bartaraf etishda sun’iy idrok imkoniyatlaridan nechog‘lik foydalana olyapmiz?
– Sun’iy idrok iqlim o‘zgarishlarini o‘rganishda, xususan, prognozlar aniqligini oshirishda ham yordam beradi. U orqali katta ma’lumotlar qisqa vaqt ichida tahlil qilinadi. Shuningdek, qator texnologiyalarning ishlash tartibini nazorat qilishda ham undan unumli foydalanish mumkin. Ammo oxirida baribir harakatni siz-u biz – odamzod qilishi kerak. Asosiy mas’uliyat baribir bizning yelkamizda qoladi.
Iqlim o‘zgarishlarini to‘xtatish mumkinmi? Ochig‘ini aytish kerak, buning imkoni yo‘q. Bu mening emas, jahon olimlarining fikri. Demak, yagona yo‘l – moslashish va izlanish. Yuqori haroratga moslashish, qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarishni shunga moslashtirish, infratuzilmani qayta ko‘rib chiqish zarur.
– Domla, menimcha, mushtariylarimiz uchun juda qiziq va foydali suhbat bo‘ldi. Sizning mashaqqatli va savobli izlanishlaringizda yangidan yangi yutuqlar tilab qolamiz. Zero, ilmning muvafaqqiyati jamiyatning ravnaqi va farovonligi asosidir. Salomat bo‘ling!
Vasila HABIBULLAYEVA suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 28-noyabrdagi 48-soni
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
594
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
592



