Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


10.12.2025 | 16:32

img610

ADABIYOT YASHASIN! YASHASIN ADABIYOT!

Millat ma’naviyati va intellektual salohiyati uchun mas’uliyat qalam ahli – shoir va yozuvchilar zimmasiga ham tushadi. Ammo bugungi globallashuv, raqamlashuv, ijtimoiy tarmoqlar hukmronlik qilayotgan sharoitda faqatgina adabiyot vakillarining harakati bilan ma’naviyatni ko‘tarib bo‘ladimi? Keling, bu savolga javob izlab, real voqelikni kuzataylik.

INTERNET OMMASIGA ERGASHAYOTGAN QALAMLAR

Ochig‘i, ijtimoiy tarmoqlarda tarqaladigan ko‘pgina kontentlar urf-odatlarimiz, qadriyat­larimizga yot. Kattalar ham, bolalar ham bu maydonda bir xil darajada “oziqlanayotgan”ini ko‘ramiz. Muammo ijtimoiy tarmoqda emas, balki uning imkoniyatidan qanday foydalanishda… Taassufki, ijodkorlarning ko‘pchiligi “populyar” mavzular orqali o‘quvchi to‘plashga harakat qilmoqda. Aksariyat qalamkashlar uchun ijtimoiy tarmoqlar “kunlik gazeta” vazifasini o‘tayotgani ham bor gap. Ko‘pchilik ommaga tanilish, shuhratga erishish uchun internet ommasiga ergashmoqda. Bu ma’naviy inqirozning asosiy sababi nimada? Nega kutubxonalar, kitob do‘konlari, teatr va kino zallariga bormay qo‘ydik?

Biz texnologiyalar asrida yashayapmiz. Bugungi kunda onlayn kitobxonlar soni tobora oshib borayotganini inkor qilib bo‘lmaydi. Har qanday jamiyatda adabiyotga muhtoj qatlam bor va u hozirgi kunda internetda faol. Xalqaro festivallar, she’riyat kechalarida ishtirok etar ekanman, shunga guvoh bo‘ldim: hozir ko‘pchilik kitobxonlar adabiyotni aynan onlayn o‘qiydi. Demak, yoshlarga internetda ham yaxshi kitoblarni tanlashda, topishda yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishimiz shart. Axir, internet bugun axborot maydoni ekani bilan birga, tarbiya vositasiga ham aylanib ulgurgani rost-ku.

Hozir sun’iy intellekt hayotimizga jadal kirib keldi. Bu jarayon shunchalik tezki, u texnik sohalar barobarida adabiyot, psixologiya, ta’lim, jurnalistikagacha ta’sir ko‘rsatmoqda. Ko‘p insonlar sun’iy intellektga dardini aytyapti, she’r yozib berishni so‘rayapti, u bilan fikrlashyapti.

Demak, inson so‘zga muhtoj. Bu ehtiyoj adabiyotga intilish yangicha shaklda namoyon bo‘layotganini ko‘rsatadi. Shunisi aniqki, sun’iy intellekt inson fikri, tuyg‘usi, sevinch va alamlarini ifoda etadigan haqiqiy badiiy asar yarata olmaydi. Uning yozgani texnik jihatdan bexato bo‘lishi mumkin, ammo unda jonli his-tuyg‘ular bo‘lmaydi. Shuning uchun ham, bugungi yozuvchi va shoirlar ana shunday yasama yozuvlardan yuksak, qalbga yetadigan haqiqiy asarlar yaratishi kerak.

Kechagina qog‘oz kitoblar o‘rnini elektron kitoblar egallayotganidan xavotirlanar edik. Bugun esa sun’iy intellekt istalgan paytda “yozuvchi” yasab berayotgan davrda yashayapmiz. Shunday bir paytda biz adabiyotni, haqiqiy badiiy so‘zni, tarbiya kuchini yo‘qotmasligimiz zarur. Buni internetdan qo‘rqqandek qo‘rqmasdan, aksincha, unda yaxshi asarlar, targ‘ibot materiallari, kitob tavsiyalarini ko‘paytirish orqali amalga oshirishimiz mumkin.

Internet va zamonaviy texnologiyalar bizga imkoniyat beryapti.

Masalan, yurtimizning uzoq tumanlari, chekka qishloqlarida kitob do‘konlari yo‘q. Kitoblar yoki elektron kitob o‘qish qurilmalari bo‘lmagan joylarda ham smartfon bor. Shunday vaziyatda millionlab foydalanuvchilar uchun bepul, qulay, sifatli elektron kutubxonalarni ishga tushirish lozim bo‘ladi. Bu millat savodini, ta’lim sifatini, tafakkur va ma’naviyatni tiklashning zamonaviy va eng tezkor yo‘lidir. Ming bor takrorlasak arziydi: yoshlar qayerda bo‘lsa, adabiyot ham o‘sha yerda bo‘lishi kerak.

KUTUBXONAMIZ HAM, O‘QUVCHIMIZ HAM KAM

Davlat statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2021-yilda O‘zbekiston bo‘ylab jami 402 ta davlat kutubxonasi faoliyat yuritgan. 37 millionlik aholi uchun bu raqam achinarli darajada kam. Lekin bugungi real holatga qaraydigan bo‘lsak, insonlarni kutubxonaga borishga majburlash bilan muammoga yechim topib bo‘lmaydi. Afsuski, internet tarmog‘ida o‘zbek adabiyoti, san’ati, madaniyati haqida muntazam maqolalar, kitoblar sharhi, tahlillar chiqaradigan platformalar sanoqli.

Yaqinda Toshkent univermagi yonidagi kitob do‘koniga borib, u yerdagi kitoblarni ko‘rib havasimiz keldi. Katalogga binoan kitoblar nafaqat mavzusiga, balki o‘sha asar mansub bo‘lgan davlatiga qarab ham taxlangan.

Shahrimizda rusiyzabon aholi uchun bunday kitob do‘konlari talaygina. Vaholanki, butun boshli respublikamizda rus tilli aholi 1 millionga ham bormaydi.

ELEKTRON KITOBLAR BOR, LEKIN…

Ayrimlar og‘iz to‘ldirib “Bizda ham elektron kitoblar bor-ku!” deb aytadi. Ammo masala shundaki, avvalo, elektron kitoblarning aksariyatini kitob holida topish oson, ya’ni elektronini qidirishga hojat yo‘q, aslida.

Ikkinchidan, ancha yillar oldin kam tirajda chiqqan, bugungi kunda qayta nashr etilmagan kitoblarni nafaqat elektron, balki kitob holida ham topish mushkul. Ularning asosiy qismi kirill alifbosida. Maktabda yangi alifboda o‘qiyotgan bola uchun kirillchada kitob o‘qish – yana bir to‘siq. Eng samarali yechim: yozuvchilar, olimlar, nashriyotlar va jamoat tashkilotlari hamkorligida elektron bazalar yaratish, yoshlar uchun yangi alifbodagi adabiy portallarni ko‘paytirish zarur.

Keyingi yillarda mashhur kitob do‘konlari ham unchalik gavjum emas.

Kitoblar ancha uzoq muddatda sotiladi. Bu esa xususiy nashriyotlarning ishlab chiqarish jarayoni, mablag‘ aylanmasiga ta’sir qilmay qolmaydi. Onlayn savdo tizimlarini rivojlantirish, jarayonlarni avtomatlashtirish, kitobxonlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotda bo‘lish bugun har bir nashriyot oldida turgan asosiy vazifalardan biridir.

Ilgari gazeta va jurnallarda har hafta yoki har oyda yangi chiqqan kitoblar ro‘yxati, sharh va tanqidlar chop etib borilardi. Bu an’ana tiklanishi kerak. Kitob o‘qilishi, muhokama qilinishi, baholanishi bilan qadrli. Agar asar mahalliy bozorda o‘qilmasa, uni jahon bozoriga chiqarish haqida o‘ylashning o‘zi ma’nosiz.

Bugun falsafasi, syujeti, uslubi bilan ta’sir etuvchi, yurakka yetadigan asarlarga ehtiyoj bor. Kitobxonda tanlov imkoniyati ko‘p – elektron, audio, qisqartirilgan, vizual formatlar. Ana shunday sharoitda kitobxonning diqqatini tortadigan, jozibali asarlar kerak. Noshir esa aynan shunday kitoblarni jamiyatga yetkazishga mas’uldir. Hozir noshirlar, mualliflar va adabiyotshunoslar kitobxon bilan yuzma-yuz qoldi. Endi haqiqiy sifat uchun kurash davri boshlandi.

KITOB SOTUVCHILARI NIMA DEYDI?

Yaqinda Chorsudagi kitob do‘koni sotuvchisi bilan suhbatlashib qoldim. Mana, uning fikrlari:

– Ilgari kitobxonlarning ko‘pchiligi tanish edi. Chunki ular tez-tez do‘konimizga kirib, nima yangilik bor deb qiziqishardi. Ko‘plari narxiga qaramasdan yangi kitob xarid qilardi. Lekin oxirgi yillarda bu manzara butkul o‘zgardi. Endi faqat maktab o‘quvchilari va talabalar, ular ham kerak bo‘lgan darslik yoki tavsiya etilgan kitob uchun keladi. Afsuski, kitob do‘konlari endi gavjum emas. Matbuot ko‘shk (kioska)lari ham ko‘z o‘ngimizda birin-ketin yopilayotgani achinarli.

Ko‘pchilik kitoblarni internet orqali buyurtma qil­moqda. Biz ham shunday savdoga o‘ta boshla­dik – sekin bo‘lsa-da. Bugun kitobxon qog‘ozda emas, ekranda o‘qishni istayapti, audio tinglayapti. Adabiyotga qiziqish yo‘qolmagan, faqat boshqa shaklga o‘tdi. Ba’zilar uchun kitob ko‘tarib yurish og‘ir tuyuladi. Elektron kitobning esa og‘irligi yo‘q: arzon va qulay.

Shunday ekan, nega elektron kitoblarni ­omma­lashtirmaslik kerak?

Hozir ota-onalarning ko‘pchiligi kitoblar qimmat­ligidan noliydi.

Ular orasida birinchi marta kitob xarid qilayot­ganlari ham bor. Chunki kitob sotib olib o‘rganmagan. Endi kitobfurushlar ham avliyo emas.

Ko‘plari na muallifni taniydi, na mavzuni biladi. Shunchaki nomini o‘qib, yoqqanini tanlab beradi. Biz azaldan kitobxon xalq bo‘lganmiz. Kitob xalqimiz orasida nondan ham aziz sanalgan. Eng asosiysi, asl asarlar vositasida o‘zining, dunyoqarashining, tafakkurining va alal-oqibat jamiyatning o‘zgarishiga hissa qo‘shgan shaxslarni ajdodimiz deb faxrlanamiz. Ana shu buyuk xaloskor xislat oshnosi bo‘lgan kitobsevar avlodni tarbiyalash uchun, avvalo, o‘zimiz qo‘limizga kitob olishimiz zarur.

Gulnoza JO‘RAYEVA,
Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti birinchi prorektori, filologiya fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2025-yil 5-dekabrdagi 49-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img108

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img619

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img614