11.12.2025 | 16:11
942
CHIN SINCHI
Tilning g‘oyat mukammal va benazir muhtasham bir sinoat ekanligi kunday ravshan haqiqatdir. Bu sinoatning butun mag‘z-u mohiyati, jonzotga inson degan oliy rutbani ato etmoqday azaliy va abadiy vazifasi bu sehrkor qudratda zohir bo‘ladigan ming bir xil mazmun zamzamalari-yu sarhadsiz tasvir va ta’sir imkoniyatlarining ko‘lamini tasavvur va taxayyul etmoqqa ko‘pda inson aqli ojizlik qiladi.
Zero, ulug‘ Alisher Navoiy inja ta’bir ila shundog‘ demishlar:
Insonni so‘z ayladi judo hayvondin,
Bilki, guhari sharifroq yo‘q ondin.

O‘zbek tili yer yuzidagi qadimiy tillardan biridir, uning tarixi, buguni va kelajagini o‘rganish benihoya sharafli va muqaddas yumushdir. Bu haqiqatlarni teran anglagan, o‘zbek va boshqa turkiy tillarni batafsil ilmiy tadqiq etishni muntazam maqsad qilgan, o‘zbek tilshunosligining darg‘alaridan biri, til sinoatining chinakam va hassos sinchisi akademik G‘anijon Abdurahmonovning ilmiy faoliyati har jihatdan ibrat namunasidir. Bu ulkan alloma bugun hayot bo‘lganlarida, bir asr bilan yuzlashgan bo‘lar edilar. Til va tilshunoslik ilmiga adoqsiz e’tiqod bilan qaragan G‘anijon Abdurahmonov ilmiy-tadqiqot faoliyatini anchayin erta boshlagan. U pedagogik faoliyat olib borish bilan bir qatorda professor Ulug‘ Tursunov rahbarligida “Hozirgi o‘zbek tilida sifatlarning otlashuvi” mavzusida nomzodlik ishini tayyorlab, 25 yoshida, ya’ni 1950-yilda muvaffaqiyatli himoya qilgan. 1960-yilda esa olim 35 yoshida “O‘zbek adabiy tilining qo‘shma gap sintaksisi asoslari” nomli ishi uchun filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olgan.
Alloma tilshunosning ilmiy va ilmiy-metodik tadqiq nigohi serqamrov, tilshunoslikning aytarli barcha sohalari va dolzarb muammolarini e’tibordan chetda qoldirmagan. Uning ilmiy izlanishlari doirasi fonetika, morfologiya, sintaksis, til tarixi, tarixiy fonetika, qiyosiy grammatika, qadimgi yodgorliklar tili, milliy tillar taraqqiyoti, nutq madaniyati va uslubshunoslik, badiiy til muammolari kabi tilshunoslikning xilma-xil yo‘nalishlarini, shuningdek, oliy, o‘rta maxsus hamda o‘rta ta’limda ona tilini o‘qitish kabi qator sohalarni o‘z ichiga oladi. Zakiy tilshunosning deyarli har bir kitob yoki maqolasida, albatta, yangi bir qarash yoki yangicha bir ilmiy talqin manaman deb turadi.
Yer yuzidagi, kattadir-kichikdir, deyarli barcha tillarning negizini grammatika va so‘z boyligi tashkil etadi. Zotan, turkiy til grammatikasining rasoligi juda ko‘p g‘arb olimlarini hayratga tushirgan. Qadimgi turkiy tilning tarang mantig‘i-yu raso qoidalari, so‘ngi yo‘q sinoatlari haqida ulkan olmon allomasi, sharqshunosi Maks Myuller shunday degan edi: “Turkiychaning grammatika qoidalari shu qadar bemisl va go‘zaldirki, bu tilni tilshunos olimlarning bir hay’ati shuur bilan vujudga keltirgan deb o‘ylash mumkin”. Ma’lumki, Markaziy Osiyodagi, Turkistondagi hozirgi turkiy tillarning shakllanishida chig‘atoycha (o‘zbekcha) alohida o‘rin tutgan. Mazkur til uzoq vaqtlar bu ulkan hududda adabiy til vazifasini bajarganligi ham sir emas. Bu hol o‘zbek tilining nufuzi eskidan baland bo‘lganini ko‘rsatadi. Bularni juda yaxshi bilgan G‘anijon Abdurahmonov o‘z ilmiy faoliyatida turkiy tillarning, xususan, o‘zbek tilining grammatikasi, ayniqsa, sintaksisi tadqiqiga alohida e’tibor bergan. O‘zbek tilshunosligida qo‘shma gap sintaksisi asoslarining mukammal nazariy tarhi bevosita G‘anijon Abdurahmonov tomonidan yaratilgan.
O‘zbek tilshunosligining katta yutug‘i sifatida e’tirof etilgan, O‘zFA Til va adabiyot instituti ilmiy xodimlari tomonidan yaratilgan ikki jildli “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” va ikki jildli “O‘zbek tilining grammatikasi” (1975) asarlarida G‘anijon Abdurahmonovning mazkur nazariy qarashlari o‘z aksini topgan. Professor Abdulhamid Nurmonov haqli ravishda ta’kidlaganidek, “Ilgari gaplar obyektiv voqelikni ifodalashi va predikativ belgisiga ko‘ra dixotomik tamoyil asosida ikki guruhga – sodda va qo‘shma gaplarga ajratilgan bo‘lsa, keyingi ikki asarda gaplar ana shu belgisiga ko‘ra politomik tamoyil asosida sodda, murakkab va qo‘shma gaplarga ajratildi. Sodda va qo‘shma gaplar yuqoridagi belgilarga ko‘ra zidlanishning ikki qutbida tursa, murakkab (murakkablashgan) gaplar bu zidlanuvchilardan har ikkisining muayyan belgilarini o‘zida namoyon etuvchi oraliq holat qilib ko‘rsatiladi. Bu fikr G‘anijon Abdurahmonov tomonidan 1971-yilda Moskvada nashr etilgan “Turkiy tillar tuzilishi va tarixi” to‘plamidagi “Murakkablashgan gaplar sintaksisi” maqolasida aks etdi” (Nurmonov A. O‘zbek tilshunosligi tarixi. –T.: “O‘zbekiston”, 2002. –B.205).
Tilshunosligimizda “bog‘lovchisiz qo‘shma gap” tushunchasining yuzaga kelishi ham bevosita G‘anijon Abdurahmonov nomi bilan bog‘liqdir. O‘zigacha ilmiy o‘rganilmagan va tilshunosligimizda aytarli ta’riflanmagan mazkur sintaktik birliklarni atroflicha tadqiq etib, ana shunday tuzilmalarning o‘zbek tilida mavjudligini asoslab berdi va bevosita ilmiy muomalaga olib kirdi. Tilimizning tarixi-yu bugunini, uning rivoj-u ravnaq yo‘llarini juda teran bilgan hassos tilshunos o‘zining professor Sharif Shukurov bilan hammualliflikda yaratgan “O‘zbek tilining tarixiy grammatikasi” kitobida bog‘lovchisiz qo‘shma gaplarni shunday ta’riflagan: “Bog‘lovchisiz qo‘shma gaplar qo‘shma gaplarning ibtidoiy formasidir. Buning sababi shuki, bog‘lovchi ishtirokisiz, faqat intonatsiya yordami bilan bog‘lanish qo‘shma gap tuzishning eng oddiy usulidir”. Shubhasizki, mazkur kitobning yaratilishi o‘zbek tilini diaxron tadqiq etishni yanada yuqori pog‘onaga ko‘tardi.
G‘anijon Abdurahmonov qadimgi va eski turkiy tili bo‘yicha ham bir qator ilmiy tadqiqot ishlarini olib bordi. U tarixiy tilshunoslikning fidoyi namoyandasi sifatida tarixiy manbalarni tadqiq etish va ularni nashr qilishda ham faollik ko‘rsatgan. Xususan, qadim tilimiz lug‘at boyligining chin xazinaboni Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni lug‘atit turk” asarining nashrga tayyorlanishi va indeks-lug‘atining tuzilishi (1960–1967), Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asari nashr etilishida (1971) uning hammuallif, mas’ul muharrir sifatidagi xizmatlari salmoqlidir. Keyinchalik ham G‘anijon Abdurahmonov bu manbalar ustida ishlashni davom ettirdi va 2010-2011-yillarda hamkorlikda “Qutadg‘u bilig” asari qo‘lyozmalari asosida 5 jildli ilmiy-tanqidiy matnini tayyorlab, ruscha tarjimasi bilan e’lon qildi.
Chinakam ma’nodagi sinchi turkiyshunosning “Eski turkiy til sintaksisi bo‘yicha tadqiqotlar (XI asr)” kitobining rus tilida Moskvada nashr etilishi (1967), akademik Alibek Rustamov bilan hamkorlikdagi “Qadimgi turkiy til” (1982) kitobining nashr qilinishi o‘zbek turkiyshunosligini yangi bosqichga ko‘targanligini e’tirof etmaslik mumkin emas.
Til tarixi va tilshunoslik ilmining benazir bilimdoni sifatida G‘anijon Abdurahmonov o‘zbek adabiy tilining tarixini davrlashtirishday muazzam va murakkab masalaga ham jiddiy e’tibor bilan qaragan. Olim o‘zigacha bo‘lgan turli davrlarda turli olimlar tomonidan ilgari surilgan til tarixini davrlashtirish bo‘yicha qarashlarini tahlil qiladi va o‘zining bu boradagi ilmiy asoslangan, ishonchli tarixiy-lisoniy dalillar taqozosi o‘laroq o‘zbek tili tarixini davrlashtiradi. U “o‘zbek adabiy tili tarixida quyidagi davrlar ajralib turishi”ni ta’kidlaydi: I. Eng qadimgi turkiy til (VII asrgacha bo‘lgan davr). II. Qadimgi turkiy til (VII asrdan XI asrgacha). III. Eski turkiy til (XI asrdan XIII asrgacha). IV. Eski o‘zbek adabiy tili (XIV asrdan XIX asrgacha). V. Yangi o‘zbek adabiy tili (XIX asrdan XX asrning boshlarigacha). VI. Hozirgi zamon o‘zbek tili. Tabiiyki, bu davrlar ham tarixiy, ham tegishli lisoniy dalillar asosida batafsil tavsif va ta’rif qilingan. Ta’kidlash joizki, olimning o‘zbek adabiy tili tarixini bunday davrlashtirishi turkiyshunoslikda e’tirof etilgan.
Tilni tuganmas sir-u sinoat olami deb bilgan G‘anijon Abdurahmonov badiiy asar tilini o‘rganish, tadqiq etish zaruriyatini hamisha ta’kidlab kelgan, til o‘zining badiiyat bobidagi butun injaliklarini to‘lasicha namoyon qilmog‘i uchun badiiy matnday sarhadsiz maydonga kirmog‘i tabiiy ekanligini yaqqol ko‘ra va ko‘rsata olgan filologiya donishmandidir. O‘tgan asrning 60-yillaridayoq maktab ta’limida ham, oliy maktablarning tegishli yo‘nalishlarida ham badiiy asar tilini o‘rganishning favqulodda muhim ekanligini alohida ta’kidlagan. Ta’lim jarayonlarining hamisha ichida (vazir, rektor, professor maqomlarida) bo‘lgan olim G‘anijon Abqdurahmonov “Adabiy asar tilini o‘rganish haqida” nomli maqolasida shunday yozgan: “Shuni esda tutish kerakki, asarning tili asarning mazmunini tahlil qilgandan so‘ng emas, balki uning mazmuni bilan barobar olib borilishi zarur… Yozuvchi umumxalq tilining boy imkoniyatlaridan foydalanib, adabiy tilni boyitadi, mukammallashtiradi. Yozuvchining mazkur imkoniyatlardan qanday foydalanganini o‘rganish asosiy vazifalardan biridir”. Olim bunda asarning sintaktik strukturasi bilan bog‘liq kuzatishlarni olib borish, nutqiy uslub va uslublarni ko‘chirish muammolarini tadqiq qilish, yozuvchining jonli xalq tilidan foydalanganlik darajasini aniqlash, yozuvchi yashagan davrni e’tiborga olish kabi masalalarni ham nazarda tutish lozimligini ta’kidlaydi.
Mamnuniyat bilan aytish lozimki, G‘anijon Abdurahmonov butun umri davomida ustoz degan behad sharafli nomni adoqsiz huzur bilan yelkalab o‘tdi. Ustoz oliy o‘quv yurtlari, akademik litsey va o‘rta maktablarda til o‘qitish sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha ham samarali mehnat qildi. Uning oliy o‘quv yurtlarining filologiya fakultetlari talabalari uchun yozgan “Hozirgi o‘zbek adabiy tili. II qism. Sintaksis”, “O‘zbek tilining tarixiy grammatikasi. Morfologiya va sintaksis”, “O‘zbek tili grammatikasi (sintaksis)”, “Qadimgi turkiy til”, nofilologik oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun yozgan “O‘zbek tili va adabiyoti”, akademik litseylar uchun yozgan “Hozirgi o‘zbek adabiy tili”, o‘rta maktablarning X–XI sinflari uchun yaratgan “Ona tili” darsliklari bir necha yillar mobaynida qayta-qayta nashr qilinib, hozirgacha ham yoshlarni o‘zbek tilining sohir xazinasi bilan oshno qilib kelmoqda.
Ulug‘ ustoz, tilimiz sinoatining chinakam sinchisi akademik G‘anijon Abdurahmonov qoldirgan benihoya rangin va zalvarli ilmiy meros hali juda ko‘p minnatdor shogirdlar shuurini nurafshon qilaveradi.
Nizomiddin MAHMUDOV,
O‘zbekiston FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, filologiya fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 5-dekabrdagi 49-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



