Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


07.01.2026 | 16:55

img1280

HAQ YENGAR, YENGILMAS!

Yaqin tariximizning ijtimoiy-madaniy hayotida jadid harakati kabi muhim o‘rin tutgan, ayni paytda, shuningdek, xilma-xil talqinga ega ikkinchi hodisani topish mushkul. Bu harakat vakillarining ijtimoiy kelib chiqishi, dunyoqarashi va faoliyat yo‘nalishlari ham, tabiiyki, bir xil bo‘lgan emas. Odatda, jadidlar va qatag‘on qurbonlari haqida gap ketganda, tergovchilar salbiy qiyofada gavdalanadi. Ammo qahramonimiz – qo‘qonlik tergovchi Ibrohimjon Musaxonovning qismati boshqacha kechdi.

Ibrohimjon Musaxonov 1904-yili Qo‘qonda savdogarlar oilasida tug‘ilib, shahar iqtisodiy-ijtimoiy hayotiga yaqin muhitda ulg‘ayadi. O‘sha vaqtda o‘lkamizdagi savdogarlar qatlami orasida jadid g‘oyalariga xayrixoh, an’anaviy ta’lim bilan bir qatorda amaliy bilim va rus tilini o‘zlashtirishga intiladigan shaxslar ko‘pchilik edi. Shu jihatdan, Ibrohimjonning dastlab eski maktabda, keyin esa rus-tuzem maktabida tahsil olishi ajablanarli hodisa emasdi.

1917-yildan keyin shakllana boshlagan yangi hokimiyat tuzilmalari uchun savodli va jamoatchilikni tushunadigan kadrlarga ehtiyoj ortib borishi natijasida hali o‘spirin Ibrohimjon Musaxonov Qo‘qon shahar militsiyasida xizmat qila boshlaydi. Keyinchalik uning daha qo‘mitasida (1918–1920-yillar) hamda Qizil Armiya safida (1921–1922-yillar) faoliyat yuritgani ijtimoiy faol shaxslarning davlat xizmatiga bosqichma-bosqich jalb etilganini ko‘rsatadi.

1921–1923-yillarda mahalliy sud organlarini qayta tashkil etish, ular faoliyatini jamoatchilikka tushuntirish va yangi huquqiy tartibni targ‘ib qilish vazifasi kun tartibiga chiqadi. Jarayonda sud idoralari huzurida matbuot bilan ishlash amaliyoti shakllana boshlaydi. Shu tariqa, Ibrohimjon Musaxonov 1923-yili Farg‘ona viloyati sudida jurnalist sifatida ishlaydi. Mazkur faoliyat unga sud tizimini bevosita ichidan kuzatish va o‘rganish imkonini beradi. Qolaversa, ayni shu yillar uning faoliyatida huquqiy fikrlash qobiliyati shakllangan bosqich sifatida alohida ahamiyat kasb etganini kuzatamiz.

1924-yili u Farg‘ona viloyati partiya qo‘mitasi huzurida tashkil etilgan sudyalar tayyorlash kursini tamomlaydi. O‘quvni tugatiboq, sud tizimiga mutaxassis sifatida jalb etiladi. 1924–1926-yillarda u viloyat sudining shikoyatlar bo‘limida kotib vazifasini o‘tab, sud hujjatlariga yana bir qadam yaqinroq keladi, qarorlarni rasmiylashtirish, arizalarni ko‘rib chiqish jarayonlarida ishtirok etadi. So‘ng Beshariq, Chust, Pop tumanlarida tergovchi bo‘lib ishlaydi.

1929-yildan Qo‘qon shahar ichki ishlar bo‘limida tergovchi lavozimida ish boshlagan Ibrohimjon Musaxonov shu zaylda kasbiy faoliyatini to‘la-to‘kis huquq-tartibot tizimi bilan bog‘laydi. Biroq…

Sovet qatag‘on siyosati jamiyatning barcha sohalariga ta’sir ko‘rsatgani kabi prokuratura va sud-huquq tizimida ham mislsiz qurbonlarni yamlamay yutdi. Sohani yaxshi tushungan, haq-huquqini tanigan va qonun ustuvorligini istagan insonlar birinchilardan bo‘lib ta’qibga uchradi, chunki ular oddiy odamlarga o‘z haqqini, umumlashtirib aytganda, hurriyatni talab qilishni o‘rgatishi mumkin edi. Ularning o‘rni markazdan kelgan ko‘rsatmalarni gap-so‘zsiz bajarishga moyil shaxslar bilan to‘ldirib borildi.

O‘zSSR Adliya xalq komissarligi markaziy apparatining 1931-yildagi tarkibi biz aytayotgan holatni yaqqol ifodalaydi. Rahbar lavozimlarda ishlagan shaxslarning aksari Yevropa millatlaridan iborat bo‘lib, mahalliy huquqiy an’analar va jamiyat ehtiyojlaridan uzoq edi. Mavjud mahalliy kadrlarning ham ko‘pchiligi quyi ma’lumotli, malakasi past, sud-huquq tizimiga atigi uch-to‘rt yil oldin jalb etilgan kishilar bo‘lganini hujjatlar orqali ko‘rish mumkin.

Bunday kadrlar siyosati tizimda ishlagan tajribali va mustaqil fikrlaydigan insonlar uchun xavfli muhitni vujudga keltirdi. Ibrohimjon Musaxonov ham aynan shu soha vakili sifatida bu jarayonni boshidan kechirdi. Sohadagi o‘zgarishlar uning qadriyatlari va qarashlariga tobora qarshi kela boshladi.

Ayni paytda prokuratura tizimida siyosiy buyurtmalarni bajarishga moyil kadrlar oldinga surildi. Badriddinov, Qosimov ishlarini “munosib ado etgan” Katanyan va Ginsburg kabi shaxslar respublika prokuraturasida yanada yuqori mavqeni qo‘lga kiritdi. Mahalliy va markaziy matbuot esa “badriddinovchilik” degan tushuncha atrofida tuhmat va bo‘htonlarga to‘la yuzlab buyurtma maqolalar bilan to‘ldirildi.

1930-yillarga kelib, Qo‘qon shahri, umuman, Farg‘ona vodiysida gazetalar ayrim shaxslar faoliyatini keskin tanqid qilish maydoniga ham aylanadi. Ayniqsa, sud va prokuratura tizimidagi xodimlar, ular faoliyati borasida chiqishlar ko‘payadi. Ibrohimjon Musaxonov nomi aynan shu davrda matbuot sahifalarida tilga olinadi.

1930-yil 3-avgust kuni “Yangi Farg‘ona” gazetasida “Sog‘lom apparatda ifloslar basharasi” nomli maqola chop etiladi. Unda Qo‘qon rayon soqchilar boshlig‘i Qurbon Qosimov faoliyati tanqid ostiga olingan bo‘lsa-da, uning ishi aynan Ibrohimjon Musaxonov tomonidan tergov qilinayotgani alohida ta’kidlanadi. Shu orqali Musaxonov bilvosita jinoyatni yopib qo‘yayotgan shaxs sifatida ko‘rsatiladi. Bu maqola uning obro‘siga qaratilgan birinchi ochiq zarba edi.

Oradan ko‘p o‘tmay, ushbu gazetada “Darul axloq starshisi” nomli yana bir xabar chiqib, unda darul axloq nazoratchisi Yoqubjon Hoshimov poraxo‘rligi bayon qilinadi. Ibrohimjon Musaxonov bu holatni bila turib chora ko‘rmagan, jinoyatni yashirgan tergovchi sifatida tasvirlanadi. Hech qanday sud qarori yoki rasmiy xulosaga tayanmagan bu ayblovlar Musaxonov haqidagi salbiy tasavvurni yanada kuchaytiradi.

Jarayon tobora keskin tus olib, “Badriddinovchilar ishi” bo‘yicha o‘tkazilgan sayyor sud jarayonlari matbuotda keng yoritilayotgan 1932-yil may oyida “Quloq bilan hamtavoq” nomli maqola bosilib chiqadi. Unda Musaxonov ochiqdan ochiq “quloqlar bilan til biriktirgan”, “sinfiy dushmanlarga xizmat qilgan” tergovchi sifatida ko‘rsatiladi. Hali sud hukmi chiqmasdan, “aybi bo‘yniga ilib qo‘yiladi”, go‘yo.

Bosimlar bosqichma-bosqich kuchayib boraveradi. Bu maqolalar haqiqatni aniqlashni emas, aksincha, jamoatchilik oldida aybdor obrazini yaratishni ko‘zlardi. Natijada Musaxonov oldiniga gazetalarda, so‘ng tergovda aybdorga aylantiriladi. U O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 63-moddasi bilan aybdor deb topilib, uch yilga ozodlikdan mahrum etiladi va partiya safidan chiqariladi. Shu tariqa, uning ilk qamalishi aynan matbuot muhitida pishib yetilgan, oldindan shakllantirilgan bo‘htonlarning mantiqiy davomi edi.

1934-yilda Musaxonov oilasi bag‘riga qaytadi. Ayoli Adolatxon, ikki farzandi — Tursunoy va Samatoy bilan og‘ir sharoitda yashay boshlaydi. Davlat xizmatiga qaytish imkoni bo‘lmagani uchun Qo‘qondagi omonat kassaga kassir bo‘lib ishga joylashadi. Biroq “katta terror” qirg‘ini qayta xuruj olgach, avvalgi “ayb”lar tag‘in ko‘tariladi. U 1937-yil 1-sentyabr kuni Qo‘qon shahar NKVDsi tomonidan ikkinchi bor hibsga olinadi. Uyida o‘tkazilgan tintuvda diniy adabiyotlar, “Davr dushmanlari”, “Badriddinovchilik”, “Bomba” kabi kitoblar, shaxsiy hujjatlar musodara qilinadi. Tergov paytida uning fikrlari umuman inobatga olinmaydi. 1937-yil 13-noyabrda NKVD “uchligi” qarori bilan Ibrohimjon Musaxonov O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 66-moddasi 1-bandiga asosan sakkiz yil qamoq jazosiga hukm qilinadi.

Afsuski, uning keyingi taqdiri hujjatlarda aks etmagan. Lekin avvalgi uch yillik avaxta va uning og‘ir oqibatlari har qanday insonning jismoniy va ruhiy muvozanatini izdan chiqarishi turgan gap. Boz ustiga o‘rmonga o‘t ketib, ho‘l-u quruq barobar yonayotgan mudhish sharoitda repressiyaning ikkinchi to‘lqinida har qanday azamat juvonmarg bo‘lib ketishiga shubha yo‘q. Shunday qilib, qahramonimiz belgilangan muddatdan so‘ng ota uyiga qaytmagan yoki yaqinlariga biror belgi bermagan. Demak, millatning ilg‘or farzandi, fidoyi ziyolisi Ibrohimjon Musaxonovni ham qattol siyosat qurboni sifatida shahidlar ro‘yxatiga qo‘shishga majburmiz.

Shu o‘rinda, qatag‘on qurboni bo‘lgan ma’rifatparvar shoir Muhammadsharif So‘fizodaning mana bu satrlari esga tushadi:

Haqlik degani yengar, yengilmas,
Haqiqat egilar, ammoki sinmas.

Mustaqillik tufayli tarixiy haqiqatni tiklash va qatag‘on davri voqealarini ilmiy asosda o‘rganish imkoniyati yaratildi. Bu jarayon “xalq dushmani” tamg‘asi bilan nohaq qamalgan, surgun qilingan, otilgan — yoppasiga qatag‘onga uchragan o‘n minglab insonlar taqdirini qayta baholash, ularning nomini tiklash hamda jamiyat xotirasini adolatli tarzda shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Qatag‘on siyosatining ijtimoiy, siyosiy va ma’naviy oqibatlarini tahlil etish orqali millat tarixining og‘riqli sahifalari ochilmoqda. Bu esa tarixiy tafakkurni boyitish, haqiqatni xolis anglash va milliy o‘zlikni mustahkamlash yo‘lida, shubhasiz, muhim qadamdir.

Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2025-yil 26-dekabrdagi 52-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img604