19.04.2024 | 11:33
452
AMERIKA JODUSI, yoki grin-karta lotereyasi zamonaviy qullik bozori hujjatimi?

Grin-karta nimasi bilan dunyo aholisining e’tiborini tortmoqda? Nima uchun AQSh hukumati bu kabi uzoq yillik malakaga ega loyihani izchillik bilan davom ettirmoqda? Grin-karta yutug‘ini qo‘lga kiritgan o‘zbek(lar)ning taqdiri Amerikada qaysi nuqtadan boshlanadi? Grin-karta lotereyasi sohiblari Amerika fuqaroligini qo‘lga kirita oladimi? Arosatdagi fuqarolik odamlarga qanchaga tushmoqda? Amerika ba’zilar uchun orzular mamlakati ekani bor gap. Chunki “Amerikaga ketyapman” degan gapni eshitganda odamlar hech bo‘lmaganda “O‘h-ho‘o‘o‘” deya hayratga tushadi. Har yili grin-karta o‘ynaladigan oktyabr-noyabr oylari intiqlik bilan kutiladi. So‘rovnoma o‘tkazganimizda shu ma’lumot aniq bo‘ldiki, bir odam hatto o‘n to‘rt bor grin-karta lotereyasini o‘ynagan. Va nihoyat, o‘n to‘rtinchi urinishda yutuqni qo‘lga kiritgan. Yutuq chiqib qolganda esa, har qanday oliy ma’lumotli yoki yuqori lavozim egasi bo‘lganlar ham ummon ortiga otlanadi. Ular orasida atoqli san’atkorlar-u taniqli jurnalist va aktyorlar ham borligi fikrimizning dalilidir. Rivojlanmagan mamlakatlar fuqarolari uchun Amerikada doimiy yashash huquqini beruvchi ushbu grin-karta loyihasi 1940-yili ta’sis etilgan bo‘lib, yildan-yilga rivojlandi, keng yoyildi, ohanrabo kabi boshqa millat vakillarini o‘ziga jalb etdi. Bir savol paydo bo‘ladi, o‘z fuqaroligini bermaydigan (grin-kartaning tartib-qoidasida bu qat’iy belgilangan), faqat o‘qish, ishlash va yashash huquqini tuhfa etuvchi ushbu lotereyadan Amerikaga nima naf? Ya’ni, odamlar grin-karta yutadi, Amerika nima yutadi? Aslida kashf etilishi muhojir sayyoh badaliga tushgan ushbu mamlakat har yili 55 mingdan ortiq kishiga grin-karta yutug‘ini tuhfa etadi. Darhaqiqat, dunyoning turli davlatlaridan kuchga, g‘ayratga to‘lgan yoshlarni Amerikaga jalb qilish, ishchi kuchini ko‘paytirish, kelgan muhojirlarning ham kuchidan, ham bilimidan foydalangan holda Amerikaday aristokrat mamlakatning nufuzini yanada oshirish bu loyihaning bosh maqsadidir. Axir, Amerika asli kelib chiqishi italiyalik ispan millatiga mansub Xristafor Kolumbning sa’y-harakatlari bilan kashf etilgani tarixiy haqiqatligini inobatga olsak, bu mamlakatning ovro‘pacha beshigini avval boshdan muhojirlar tebratgani ayon bo‘ladi. Bugun Amerika aholisi uch yuz o‘ttiz uch milliondan ortiq deb belgilangan bo‘lsa, uning sakson to‘rt milliondan ko‘prog‘ini muhojirlar tashkil etadi. O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarida yoritilgan materiallarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 2010-yildan 2019-yilgacha bo‘lgan davr oralig‘ida 27 ming 563 nafar o‘zbekistonlikka grin-karta berilgan. Xususan, 2023-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra 5000 dan ortiq o‘zbek ushbu o‘yinda yutgan, 3100 nafari viza olishga muvaffaq bo‘lgan. Albatta, Amerikada yashash huquqini qo‘lga kiritgan orzumand fuqaro o‘zida yo‘q shodlanadi, afsonaviy o‘lka tomon yo‘lga tushadi, orzular ro‘yobidan mast bo‘ladi. O‘zini afsonaviy Susambilga oyog‘i yetgan kabi his qiladi. Biroq grin-karta – hamma qiyinchiliklar shu nuqtada tugaydi, deganimi?! Amerika faqat baxt va shodlik va’da beruvchi mamlakatmi, degan savollar odamni o‘yga toldiradi. To‘g‘ri, Amerikaga borgach, u yerda hech kimni ochil dasturxon-u tekin uchar gilamlar kutib turgani yo‘q. Chunki Amerika departamenti faqat u yerda yashash huquqini beradi, uy-joy, ish va boshqa imtiyozlarni tuhfa etmaydi. Turli millatlar, turfa madaniyatlar jamlangan mamlakatda ishlash, o‘zligini saqlab qolish oson emasligi ham kunday ravshan. U yerda uzoq masofaga yuk tashuvchi haydovchi, farrosh, kutubxonachi, tikuvchi, ishchi, sotuvchi, keksalarni parvarishlovchi, quruvchi, oshpaz bo‘lib ishlayotgan hamyurtlarimiz bor. To‘g‘ri, ular AQShday iqtisodiy qudratli mamlakatda O‘zbekistonda ishlab topgan oylik maoshi bilan solishtirganda ko‘proq topayotgan bo‘lishi mumkin. Qolaversa, u yerga ketganlarning fikricha, sayyohlik malakasi shakllanadi, yurt ko‘radi, odam taniydi. Lekin bir savol odamni o‘ylantiradi: har yili grin-kartani qo‘lga kiritib, AQShga otlangan necha minglab oilalar farzandlarining taqdiri, ularning kelajagi nima bo‘lyapti? Ketganlarning hammasi ham farzandlarini o‘zbekligiga, o‘z tarixiga, tiliga, madaniyatiga mehr-u muhabbat bilan tarbiyalay oladimi? 2015-yili Amerikada xalqaro yozuvchilar dasturida ishtirok etganimda bir necha o‘zbek oilalarining farzandlari o‘zbek tilini bilmasligidan nolib gapirgan, menga Amerikada qolib, o‘zbek oilalarining farzandlariga o‘qituvchilik qilishimni taklif qilishgan edi. Tabiiyki, qabul qilmaganman, yurtga qaytganman. Bu borishda ertaga tilni, o‘zbekligini unutgan na amerikalik, na o‘zbekistonlik bo‘lgan gibrid bir millat dunyoga kelmaydimi? Nima bo‘lganda ham genlarning o‘z tomirlaridan olislashuvi, madaniyatlarning, ma’naviy qadriyatlarning mo‘rtlashuvi taraqqiy etishi bor gap. Demak, bugungi kungacha taxminan 30 mingdan ortiq hamyurtimiz “sehrli diyor”da yashayotgan ekan, xo‘sh, ularning ahvoli-ruhiyasi qanaqa, degan savol odamni o‘ylantiradi. Ularga “sim-sim” eshiklari-ku ochildi, bu bilan ular o‘z nafs karvonlarini orzusidagiday qondirishga ulgurdilarmi? Hamyurtlarimiz pul hamma muammoni bartaraf eta olmasligiga amin bo‘lishganmi? Aks holda AQShda istiqomat qilayotgan qanchadan-qancha odamlarimiz hayotida ko‘ngilsizliklar, fojiali oqibatlarga olib kelgan falokatlar ro‘y bermagan bo‘lardi. Xususan, 2024-yilning mart oyida Sarvar Ollaberganov sobiq xotini Durdona Sultonovani to‘pponcha bilan otib o‘ldirgan, ikki nafar farzandi esa yetim qolgan. Er-xotin ikkovi ham Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlaganligi ma’lumotlar orqali ochiqlandi. Xuddi shu kabi yana bir qayg‘uli holat mart oyida ro‘y bergan edi. Nyu-York politsiyasi qirq olti yashar o‘zbek millatiga mansub Jamshid Ne’matovni otib o‘ldirgan. Ne’matov 8-mart kuni turmush o‘rtog‘i Amirani pichoqlagach, yetib kelgan politsiyaning ogohlantirishiga qaramasdan ayoliga pichoq tiqishda davom etgan va natijada politsiya o‘qi tufayli u hayot bilan vidolashgan. Ayol esa shifoxonada jonlantirish bo‘limiga yotqizilgani aytiladi. Xo‘sh, bu kabi o‘ta uqubatli voqealarni qanday izohlash mumkin? Qolaversa, bu kabi holatlar nafaqat Amerikada, balki chetda yashayotgan aksariyat vatandoshlarimiz orasida ham ro‘y bermoqda. Modomiki, vatandoshlarimiz mo‘may daromad izlab Amerikaga ketgan ekan, daromadni-ku topmoqda, biroq baxtni, xotirjamlikni, osoyishtalikni topa olishyaptimi? Buning nomi to‘qlikka sho‘xlikmi, o‘ziga xon, o‘ziga beklikmi va yoki demokratiya jodusimi bu? Shuningdek, keyingi yillarda Meksika orqali AQSh chegarasini noqonuniy buzib kirayotganlar va suv yo‘li orqali o‘tayotganda timsohlarga yem bo‘lgan o‘zbeklar haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqaldi. Aynan yosh shoira qizning Amerikaga Meksika orqali noqonuniy ravishda kirib, tikuvchi bo‘lib ishlayotgani haqida ma’lumotga egamiz. O‘zbekning nima uchun chet elga ishtiyoqi bunchalar baland? Nega odamlar yoppasiga Amerika xumoriga chalingan? Vatandoshlarimiz bu qutqudan qutulib o‘z vatanimizni, o‘z yurtimizni rivojlantirish haqida o‘ylaydigan fursat yetib kelmadimi? Axir, o‘tgan asr boshlarida turkistonlik millat oydinlari jahon kezgani, Ovro‘pa-yu Osiyoni tirikchilik dardida emas, ma’rifat hasratida oralab, millat dardiga darmon izlagani hammamizga ma’lum-ku. Jadid bobolarimiz Behbudiy, Cho‘lpon, Fitrat, Hamzalarning chet el taassurotlari bitilgan yo‘lnomalari nahotki bizga saboq bo‘lmasa. Germaniyaga o‘qishga jo‘nab ketgan yetmish nafar talaba yurtda ommaviy repressiya shitob davom etayotganiga qaramasdan o‘z yurtiga qaytib kelgani ko‘p narsani anglatadi, menimcha. Amerikacha “uchburchakli qullik tizimi” ikki yuz yildan ortiqroq vaqt davom etib, 1865-yilgacha, ya’ni AQSh prezidenti Avraam Linkoln davrigacha hukm surgani yaxshi ma’lum. Lekin bugun tobora muhtasham, tobora sehrli tus olayotgan grin-karta lotereyalari qullik bozorining zamonaviy ko‘rinishi emasmi, degan o‘y kechadi kishi ko‘nglidan. Bu mamlakatni boyitayotgan, qudratini ma’lum darajada belgilayotgan, mavqeini ko‘tarayotgan vositalardan biri grin-karta lotereyasi emasmi? Qullik bozorlarining faqat tarixda qolgani rost bo‘lsin, ilohim!
Go‘zal BEGIM
“Jadid” gazetasi 2024-yil 12 -aprel 16-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
122
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
632
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
627



