19.04.2024 | 11:36
1438
“RAQAMLI O‘ZBEKISTON” qanday amalga oshiriladi?

Bugungi kunda raqamli texnologiyalar ijtimoiy hayotning barcha sohalariga jadal kirib boryapti. Mamlakatimizda raqamlashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2019 yil 20 noyabrda dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki zamonaviy majmuasi qurilishiga tamal toshi qo‘ygani, sohada yetuk mutaxassislar tayyorlash uchun zamonaviy sharoitlar yaratilayotgani ham shular jumlasidandir. Ta’bir joiz bo‘lsa, Yangi O‘zbekistonda yangi davr boshlandi. Bu – raqamli texnologiyalar davridir. Aql-tafakkur, intellektual salohiyatni faol ishga solish, dunyoning ilg‘or qismi bilan integratsiyalashuv, o‘zlikni anglash, tomirlarda oqayotgan buyuk ajdodlardan meros genetik salohiyatni Uchinchi Renessans to‘lqinlari aro ro‘yobga chiqarish ezgu niyati bu davr talablari bilan chambarchas bog‘lanib ketadi. So‘nggi yillarda yer yuzida, jumladan, respublikamizda ham aholi soni keskin darajada o‘sib borishi mehnat bozorida intellektual salohiyat, aql-tafakkur mahsulotlarini tobora oshirib borishni taqozo etmoqda. Bu o‘rinda kompyuter va telekommunikatsiya texnologiyalari, dasturiy ta’minot mahsulotlarini ishlab chiqarish, ular asosida keng turdagi interfaol xizmatlar ko‘rsatishni o‘zida mujassam etgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining ahamiyati beqiyos. Shu tariqa xalq farovonligi yo‘lidagi iqtisodiy islohotlarning samaradorligini yuksaltirish orqali yurt obodligi ta’minlanadi. Raqamlarga murojaat qilinadigan bo‘lsa, o‘tgan yil yakuniga ko‘ra yurtimizda 32,2 trln. so‘mlik axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xizmatlari ko‘rsatildi. Bu borada o‘sish sur’ati ancha yuqori. Ushbu sohaning imkoniyatlaridan xabardor bo‘lish uchun zamonaviy ilmlarni bilish, dunyo bo‘ylab oqayotgan boyliklarning asosan qaysi sohalarga tegishli ekanini idrok etish zarur bo‘ladi. O‘tgan yili yurtimizda IT-park rezidentlari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 12,8 trln. so‘mni tashkil etib, avvalgi yillarga nisbatan salkam ikki yarim barobarga ko‘paygani, 539,5 mln. AQSH dollariga teng axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xizmatlari eksporti amalga oshirilgani fikrimiz dalilidir. IT-park rezidentlari tomonidan eksport qilinayotgan xizmatlar hajmi ham salmoqli raqamlarni tashkil etadi. Umuman olganda, raqamli industriya hajmini kengaytirish yo‘nalishida IT-park rezidenti sifatida minglab korxonalarning ro‘yxatdan o‘tishi, ularning aksariyati xorijiy kapital ishtirokidagi korxonlar hisoblanishi ish o‘rinlarni yaratishda katta ahamiyat kasb etadi. Raqamli texnologiyalarning telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha yutuqlari ham oz emas. Xalqaro Internet tarmog‘iga ulanishning umumiy o‘tkazuvchanlik qobiliyati oshib bormoqda. Yurtimizda qo‘shimcha 61 ming kilometr optik-tolali aloqa yo‘nalishlarini qurish orqali ularning umumiy uzunligi 231 ming kilometrga yetkazildi. Raqamli texnologiyalarning oshib borayotgan iqtisodiy ko‘rsatkichlari xalqimizga zamonaviy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarining tobora keng qamrov kasb etayotganini ham namoyon etadi. Chorak asr burun bu ishlarni hatto tasavvur etish mumkinmidi? Qolaversa, raqamli texnologiyalar o‘z imkoniyatlarini taqdim etayotgan jabhalar shuning o‘zi bilan kifoyalanib qolgani yo‘q. Umuman olganda, unga “kifoya” tushunchasi yot desa to‘g‘riroq bo‘ladi. O‘tgan yilning oktyabr oyida elektron hukumatni rivojlantirish yo‘nalishida Yagona interfaol davlat xizmatlari portali va uning mobil ilovasining yangi talqini ishga tushirilgan edi. Yil yakuniga kelib, bunday xizmatlar ko‘rsatish bir yarim barobarga oshib, 573 taga, uning mobil ilovasida o‘sishi 166 foizni tashkil etib, 267 taga yetkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktyabrdagi “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida belgilab berilgan ustuvor vazifalar shu tariqa izchil hayotga tatbiq etib borilmoqda. “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali vazirlik va idoralar o‘rtasidagi ma’lumotlar almashinuvi yaxshilanib, servislar soni oshib bormoqda. Prezident sovrini uchun o‘tkazilayotgan raqamli texnologiyalar yo‘nalishida eng yaxshi startap loyihalar tanlovi tashkil etilayotgani esa sohaga yoshlarning qiziqishini oshirishga xizmat qilmoqda. Raqamli ta’limni rivojlantirish yo‘nalishida Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida Hindiston bilan hamkorlikda axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan Acharya universiteti, Xorazm viloyatida esa 7-11-sinf o‘quvchilarini ushbu soha bo‘yicha kasbga tayyorlash maqsadida “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasi doirasida 13 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazi va 31 ta umumta’lim maktabida maxsus o‘quv guruhlari tashkil etildi. Ayni kunlarda 1000 nafar yoshlar xalqaro IT mehnat bozoriga tayyorlanmoqda. Iqtisodiyotning turli sohalarini raqamlashtirishda faol ishtirok etayotgan 60 nafar yoshlar “Mirzo Ulug‘bek vorislari” deb nomlangan maxsus tayyorlov kurslarida o‘qitilmoqda. Bu yoshlar xazina-yu dafinani sahrolar-u tog‘lar bag‘ridan, daryolar ostidan emas, o‘tirgan joyida yuzaga chiqaradigan raqamli industriyaning yuksak aql-idrokka, tafakkurga yo‘g‘rilgan noma’lum manzillaridan izlab topishadi. Shu tariqa o‘zlari foyda olib, jamiyatga manfaat keltirishadi. 2023-yilda raqamli texnologiyalar bo‘yicha kurslarni tugatgan 47 ming nafardan ortiq tinglovchining 13 ming nafardan ortig‘i davlat xizmatchilaridir. Ayni damda raqamlashtirish yo‘nalishida ingliz va boshqa tillarni puxta biladigan o‘n mingdan ortiq salohiyatli yoshlarga talab mavjud. “Biz mahallalarga chiqib qidirib ham ko‘ramiz, – deyishadi soha xodimlari. – Afsuski, feysbuk, telegram, yutub singari ijtimoiy tarmoqlar qa’riga sho‘ng‘igan ermaktalablar orasidan bunday yoshlarni izlab topish oson kechmaydi”.
Yurtimizda qabul qilingan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasida hududlar va tarmoqlarni raqamlashtirish nazarda tutilgan. BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari va Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida belgilangan ustuvor vazifalar raqamli texnologiyalarni yanada keng joriy etishni taqazo etadi. Raqamli rivojlanish, raqamli infratuzilma, elektron hukumat, raqamli iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar singari tushunchalar endi kundalik hayotimizning turli qatlamlariga tobora chuqurroq kirib boraveradi.
Shoyim BO‘TAYEV
“Jadid” gazetasi 2024-yil 12-aprel 16-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



