Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


02.02.2026 | 21:00

img1391

KO‘NGIL (HIKOYA)

Qor tushishi bilan bizga jon kirardi. Tong bo‘zarganda qarabsizki, miltiq yelkada, hali iz tushmagan bog‘ ko‘chadan g‘izillab ketib boryapmiz toqqa qarab.

Goh o‘rtoqlar bilan chiqsak, goho… yakka o‘zim chiqardim. U yerda Nazrulla degan o‘rtog‘imning tomi – keksa tollarga ko‘milgan uylari bor. U yolg‘iz onasi bilan yashardi. Otasi urushda o‘lgan. Qiziq bola edi u. Kim, ovga yur desa, ergashib ketaverardi. Bu yoqda maktab bormi, dars bormi – o‘ylab o‘tirmasdi. Uning miltig‘i ham yo‘q edi. Lekin, u nolimas, onasiga, miltiq olib ber, demas, ovga borayotganlarga ergashib ketaverardi. Ovga borgach, kiyimlarimizni poylab, olov yoqib o‘tirar, ovimiz baror olgan bo‘lsa, bizdan ortiqroq quvonardi.

Bir kuni saharda ayvonga chiqsam, laylak qor yog‘ib turibdi. Shunday tez yog‘yaptiki, chorpoya tagida chirqillashayotgan chumchuqlarni ham ko‘rib bo‘lmaydi.

Shosha-pisha uyga kirib kiyindim. Yarimta nonni bo‘lib, kissaga soldim-da, miltiqni olib, devor osha ketdim. Bunday vaqtda birov ko‘rmasin deysan. Lekin, albatta ko‘radi. Devorlarning tagi bilan pishillab ketayotsam, to‘p etib yelkamga bir lo‘mboz qor tushdi. Nariga o‘tib qaradim. Nurmat Kachal degan odam kuragining sopini ko‘kragiga suyab qo‘yib, hovuchiga kuhlayapti.

– Ovlar baror olsin! – dedi u. Bosh irg‘adim.

– Poylab o‘tirarkanmiz-da?

Iljaydim.

…Nazrulla uxlab yotgan ekan. Meni ko‘rib darrov gap nimadaligini tushundi.

– Axir maktabing bor-ku? – dedi onasi.

– Maktab qochib ketmaydi, enajon, – dedi Nazrulla.

Qor bo‘ralaydi. Tog‘ ko‘rinmaydi. Lekin, oyoqlarimiz adashmay olib boryapti bizni. Do‘nglikka chiqib bordik. Bu yerda tuman bor edi. Shuning uchun qor siyrak va yumshoq yog‘ardi. Atrofga quloq soldik. Kaklik sayrashi eshitilmadi. Engashib, qorni ko‘zdan kechirdik. Iz ham yo‘q edi.

– Shapaloqxonaga boramiz, – dedi Nazrulla.

Bordik. Kirib chiqdik. Toshlarga yopishib yuradigan cho‘ponaldarg‘ich qushidan bo‘lak hech narsa yo‘q edi.

– Huk daraga boramiz.

Ketdik. U yerda ham hech narsani uchratmadik.

– Haydar buloqqa boramizmi?

Ketdik. U yerdayam kaklik zoti yo‘q edi.

Hafsalamiz pir bo‘ldi. Kunning qay mahal bo‘lganini ham bilib bo‘lmasdi. Osmon ham oppoq. Bir kamarga kirib, bodomchadan olov qildik-da, nonlarimizni cho‘g‘ga isitib yedik.

– Men katta yo‘l bilan ketaman, – dedim Nazrullaga.

– Miltiq uylaringda turatursin.

Kelishdik. Biroq qishloqqa olib tushadigan, ertalabki do‘nglikka chiqqan ham edik, chap tomonimizdan, «kak-kak… kakiba-kakiba…» degan ovozlarni eshitib qoldik. Negadir men jahl bilan Nazrullaga «yot!» dedim-da, cho‘nqayib yugura ketdim. Do‘nglikning labiga – yerdan yorib chiqqanday uyum toshlar yoniga borib, pastga mo‘ralasam, bir gala kaklik turnaqator tizilib, yonbag‘irni qiyalab boryapti. Qoq belini ko‘zlab otdim. Kakliklar chug‘urlab ko‘tarildi-da, qanotlarini dumlari tomon qayirganicha do‘nglikning orqasiga o‘tib ketishdi. Faqat bittasigina yerga tusha boshladi. Otdim pastga o‘zimni. Dumalay-dumalay, yiqila-surila kaklikka yetdim va qo‘llarimni yoyib, o‘zimni uning ustiga tashladim. Kaklik qo‘limda! U dirillaydi, quralay ko‘zlarini jovdiratib, qip-qizil oyog‘ini tarang cho‘zadi. Pichoq Nazrullada edi, uning kelishini ham kutmay tishim bilan kaklikning kekirdagini uzib tashladim. Shu bilan ovimiz baror olib ketdi. Yo‘lda yana bitta kaklik otdik. Nazrullaning quvonchini! Nuqul yelkamga urib, «yasha, yasha, jo‘rajon!» deydi yig‘lamsirab. Shunday qilib, ikkita kaklikni belga osib, qishloqqa qaytdik. Men to‘g‘ri uyga ketmoqchi edim, Nazrulla qo‘ymadi:

– Isinaylik.

Onasi darrov ko‘rpacha to‘shadi, pechkaga ko‘mir soldi. Men pech yoniga – po‘stakka o‘tirib, muzlab tarashaday bo‘lib qolgan shimim pochalarini o‘tga toblay boshladim.

– Go‘sht qovurib beraymi? – dedi Nazrullaning onasi.

Men yo‘q dedim. Lekin, qovurdi. Yeb bo‘lganimizda, kech tusha boshlagan edi. Etigimni kiyib, kakliklarim bog‘langan belbog‘imga qo‘l cho‘zdim-u, lekin, tomirlarim tortib qoldi: «Axir kakliklarning bittasini Nazrullaga berishim kerak-ku! Men bilan kun bo‘yi yurdi… Lekin, bersam, unda bitta kaklik bilan uyga kirib boramanmi? Nurmat Kachal ko‘rsa, «Ha, arang bitta otdingmi?» demaydimi? Yoki, «Aslida, otolmabsan-u, birorta ovchidan yalinib olibsan-da», deydi. Ota-onam-chi?»

Belbog‘ni unutgan bo‘lib, etigimning qo‘njini torta-torta eshikka chiqdim. Nazrulla ayvonda belbog‘ni chiqarib berdi.

– Nima, ikkoviniyam menga bermoqchimisan?

Kulimsiradi. Yerga qaragancha belbog‘ni belimga bog‘lay boshladim.

– Unisi semiz ekan, – dedi Nazrulla yalanib, – bunisi oriq ekan, mazasi yo‘q.

Men miq etmay belbog‘ni bog‘ladim. Onasi bilan xayrlashdim-da, bu yoqqa o‘tib kaklikning bittasini beraman, deganday:

– Narzi, senga bir gapim bor, – dedim.

Darvozadan chiqqach:
– Xayr endi, – dedim.

– Tezroq borishim kerak uyga.

– Hm… – dedi Nazrulla. – Lekin bunisi judayam og‘ir ekan…

– Ha… – dedim va ketdim. Lekin, ko‘chaga burilayotib, o‘girilib qaradim. Nazrulla bo‘ynini qashib turar, menga pastdan tikilardi.

Orqa-oldimga qarayman, sakrab-sakrab ketaman, kaklikni ko‘proq qimirlataman. Lekin, Nurmat Kachalning chorbog‘iga yetguncha bironta ham yo‘lovchi uchramadi. Kachalning darvozasiga yetgach, to‘xtadimda, miltig‘imning top-toza qo‘ndog‘ini qor bilan arta boshladim. Milini ham artdim… Yo‘q, Kachal yo‘q. Kerak bo‘lmaganda ko‘chalarda lapanglab yurardi. Hozir yo‘q. Juda sovuq qotdim. Bor-e!

Uyga borsam, na onam bor, na otam!

– Bozorqo‘m xolang chaqirib ketdi, – dedi momom.

Kakliklarni dahlizdagi tashlandiq shkaf ustiga otdim-da, shart yechinib ko‘rpaga kirdim.

Kun bo‘yi yurib bo‘lganimcha bo‘lgan ekanman. Toshdek qotib qopman. Ertalab hech kimga gap qo‘shmadim. Nonushta qilayotgan edik.

– Qalay, bo‘rimi, tulkimi? – dedi otam.

Churq etmay dahlizga chiqdim. Shkafning ustiga qo‘l cho‘zdim. Hech narsa ilinmadi. Stol qo‘yib chiqib boqdim. Hech balo yo‘q!

– Qani kaklik? Momo?!

– Men qanday bilay, bolajon! – dedi buvim. – Menga bergan bo‘lmasang. Gapgayam javob bermading-u.

Eshikka otildim. Bog‘ning adog‘idan, loyxonadan topdim… patlarini… So‘ng miltiqni o‘qlab, kun bo‘yi deraza yonida o‘tirdim. Mushuk kelmadi. Ertasi bozor kuni edi. Qor tingan. Yana miltiq olib tongda yo‘lga tushdim. Nazrulla hovlilari sahnidagi qorni kurayotgan ekan. Meni ko‘rib, qizargan burnini bir tortdi-da, ishini qilaverdi.

– Narzi… Yur, – dedim. U bosh qimirlatdi.

– Bugun otganimning hammasi seniki, – dedim. Nazrulla boshini keskin ko‘tardi.

– Nima keragi bor! Zor emasman! Gap… Gap ko‘ngilda, tushundingmi? – dedi u va kurakni qorga zarb bilan sanchib uyiga kirib ketdi.

1961

Shukur XOLMIRZАYEV


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605