06.02.2026 | 10:10
1859
“BIR O‘CHIB SO‘NIB… YANA YONISH BOR”
XIX asr oxiri – XX asr boshlariga kelib Turkiston ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy rivojlanish sur’ati jihatidan Yevropa davlatlaridan yaqqol ortda qolayotgani anglashila boshlandi. Sanoat, fan va ta’lim sohasidagi bu tafovut mahalliy ziyoli qatlam orasida jiddiy mulohazalarni keltirib chiqardi. O‘lkada an’anaviy musulmon ta’lim tizimini yangilash, Yevropa ilm-fani yutuqlarini o‘zlashtirish va ularni amaliyotga joriy etish zarurligi haqida bong uruvchi taraqqiyparvarlar guruhi shakllandi.

Jadid ziyolilari bu holda yoshlarni xorijda o‘qitishni eng maqbul yo‘l bilib, Yevropa mamlakatlarida ilm-fan va texnika sohasida tajriba egallab jamiyatni taraqqiy ettirish, milliy uyg‘onish va erk g‘oyalarini hayotga tatbiq etishni maqsad qildilar.
Bu g‘oya XX asr boshlaridayoq Mahmudxo‘ja Behbudiy tomonidan ilgari surilgan edi.
Shu tariqa “Ko‘mak” jamiyati tashkil etilib, 1922-yilning kuzida Turkistondan 70 dan ortiq talaba Germaniyaga tahsil olish uchun yuborildi. Qayd etish joizki, ularning 55 nafari Buxoro Xalq Respublikasidan edi. Bugun hikoya qilmoqchi qahramonimiz – muhandis Omonulla Nusratullayev ham aynan shu tashabbus doirasida xorijga yo‘llangan yoshlar safida edi.
O‘sha damda Berlindagi Oliy qishloq xo‘jalik maktabida o‘qiyotgan birinchi o‘zbek agronomi Abduvahob Murodiyning “Ko‘mak” uyushmasi boshliqlari otiga yo‘llagan xati jadid bobolarimizning ilmni qanchalar yuksak tutgani va uning yoshlar hayotiga ta’siri borasida tasavvur beradi. Unda, jumladan, shunday deyiladi: “Ilm-maorifda Ovrupoda birinchi bo‘lgan Germaniya dorulfununlarida butun dunyodan, hatto tatarlardan o‘nlab, turklardan esa minglab talabalar bo‘lgani holda, bizning Turkistondan mendan boshqa talabaning bo‘lmasligi yuragimni parchalamoqda, boshqalarga hasad sezgisini uyg‘otmoqda edi. Mana sizlarning bu xayrlik muborak tashabbusingiz bir yildan beri kulmagan ko‘nglimni kuldirdi va ruhimga jon berdi”.
Tilshunos va folklorshunos olim G‘ozi Yunus “Sharaflik ko‘mak” maqolasida bitganidek: “…eski idora vaqtida ilm yo‘lida ko‘rgan to‘suqlarimiz to‘g‘risida ko‘p yozdiq, ko‘p qichqirdiq, nihoyat quruq shovqun-surondan foyda chiqmaslig‘ini tushunib amaliy suvratda ishka boshladiq”. Mana shu amaliy suvrat qahramonimiz hayotida ko‘p jihatdan o‘z so‘zini aytdi…
Omonulla Nusratullayev 1906-yili Buxoro shahrida tug‘ilgan. Uning bolaligi va o‘smirlik yillari Turkistonda ijtimoiy hayot, ta’lim va tafakkur o‘zgarishlari avj olgan davrga to‘g‘ri keldi. U dastlab Buxoroda jadid maktabida, so‘ng madrasada ta’lim oldi. “Ko‘mak” tomonidan o‘qishga yuborilar chog‘i u hali o‘n olti yoshda edi. Germaniyada yetti yil (1922–1929) tahsil oldi. Oldiniga Leypsig shahridagi mashinasozlik maktabida o‘qidi. Berlinda to‘rt oylik til kursini tamomlab, amaliy tajriba orttirish maqsadida Lyudvig-Le mashinasozlik zavodiga ishga joylashdi. Ushbu yillarda texnika va muhandislik fanlari barobarida, Yevropa ta’lim madaniyati, ish uslubi, fikrlash tarzini ham o‘zlashtirdi.
1929-yilda Omonulla Nusratullayev Germaniyadagi tahsilini tugatib, vatanga qaytdi. Bu davrda mamlakatda texnik sohalarni rivojlantirish masalasi kun tartibiga chiqqan, temir yo‘l xo‘jaligi, sanoat va ishlab chiqarish uchun bilimli kadrlarga ehtiyoj keskin ortgan edi. Xorijda mutaxassis sifatida shakllangan Nusratullayev aynan shu ehtiyoj nuqtayi nazaridan Toshkent Temir yo‘l transporti institutining ishchi fakultetiga o‘qituvchi sifatida jalb qilindi. U fanni o‘zi bevosita o‘zlashtirgan amaliy ko‘nikmalar bilan bog‘liq holda tushuntirardi, afsuski, keyinchalik aynan shu kasbiy ustunlik va mustaqil yondashuv uni “ishonchsiz kadr”ga chiqardi.
Bu orada qahramonimiz oila qurib, qizi Surayyo dunyoga keldi. Go‘yoki hayoti iziga tushgandek edi. Ammo barchasi ters o‘zgarib, yaqin-yaqingacha yuksak qadrlangan kasbiy mahorati, fikr va tajribasi shubha ostiga olindi. Yosh, bilimli mutaxassis hibsga olinib, Germaniyada o‘qigan yillarida go‘yo sovetlarga qarshi milliy tashkilotga a’zo bo‘lganlikda ayblandi.
Tergov materiallari shuni ko‘rsatadiki, Nusratullayev dastlabki so‘roqlarda bo‘yniga ilingan barcha aybni qat’iy rad etgan. Jumladan, 1937-yil 20-noyabrda va 14-dekabrda bergan ko‘rsatmalarida sovetlarga qarshi hech qanday josuslik tashkilotiga a’zo bo‘lmagani, o‘lkaga qaytishi paytida biron-bir maxfiy topshiriq olmaganini bildiradi. 1937-yil 18-dekabrdagi navbatdagi so‘roqda esa tergovchilarning Germaniyani yoqlab tashviqot olib borgani haqidagi dag‘dag‘ali so‘roqlariga javoban “Men buni inkor etaman, sovetlarga qarshi hech qanday tashviqot olib bormaganman”, deya ta’kidlaydi.
Shundan to‘rt kun o‘tib (hibsga olinganidan qariyb uch oy o‘tgach), tergov tugagani haqida protokol tuziladi. Biroq bu hujjat qahramonimiz taqdirida biror yaxshi o‘zgarish yasamaydi. Tergov yakunlangan bo‘lsa-da, mahbus ozod qilinmay, ish ochiq qoldiriladi. Omonulla Nusratullayev yana to‘qqiz oy davomida hech bir qaror-u asossiz, bosimlar ostida hibsda saqlanadi.
Ana shu uzoq sukutdan so‘ng, 1938-yil 13-sentyabrda o‘tkazilgan qo‘shimcha tergovda u shu chog‘gacha qat’iy rad etgan jamiki ayblarni “tasdiqlab” ko‘rsatma beradi. Nusratullayev go‘yo sovetlarga qarshi “Ozod Turkiston” nomli tashkilot mavjudligi, 1929-yili Germaniyadan vataniga qaytish arafasida shu tashkilotga a’zo bo‘lganini, shuningdek, bu tashkilotning maqsadi O‘zbekistonda sovet hokimiyatini ag‘darish, uni SSSRdan ajratib, burjua milliy davlatini barpo etishdan iborat ekanini bildiradi. Germaniyadan qaytgan har bir talabaga SSSRga qarshi, Germaniya manfaati uchun josuslik faoliyatini olib borish topshirilganiga ham “iqror” bo‘ladi.
Dastlabki tergovda ayblarni qat’iy rad etgan insonning keyinchalik butunlay boshqacha ko‘rsatma berishga majbur bo‘lishi o‘sha davr tergov amaliyotining asl mohiyatini ochib beradi. Bu jarayonda tergov oldindan shakllantirilgan qarorni rasmiylashtirish mexanizmi sifatida ishlagan, xolos.
Omonulla Nusratullayevga qarshi ayblovlar faqat tergov bayonnomalari bilan cheklanib qolmadi. Taassufki, tuhmatchi “guvohlar” ham topildi. Birga ishlagan ayrim hamkasblari uni Germaniyani maqtaganlikda, sovet tuzumini tanqid qilganlikda ayblab chiqishdi. Hibsdagi inson uchun bunday ayblovlarga javob berish, o‘zini himoya qilish imkoni deyarli mavjud emas edi. Tergov amaliyotida esa aynan shunday “ko‘rsatmalar” ishni kerakli yo‘nalishga burish uchun asos bo‘lib xizmat qilardi.
O‘sha yillarda qatag‘on ko‘lami qanchalar keng bo‘lganini Omonulla Nusratullayev bilan bog‘liq oilaviy misol ham yaqqol ko‘rsatadi. U kuyov bo‘lgan Ziyoxon eshon va Nisabuvi xonadonida Omonullaning o‘zidan tashqari yana ikki kuyov “xalq dushmani” sifatida hibsga olingan. Natijada, Sebzor dahasida istiqomat qilgan bu xonadonda bir paytning o‘zida uch qiz – Shohidaxon, Habibaxon va Tambatxon qo‘llarida go‘dak bilan beva qoladi. Uch bola tirik yetimga aylanadi.
Arxiv hujjatlari bilan ishlayotgan odamni ba’zan birgina qog‘oz ham larzaga soladi. Omonulla Nusratullayev ishida shunday ikki hujjat borki, ular qatag‘on davrida inson qadri qanchalar toptalganini hech qanday izohsiz ochib beradi. Qizi Surayyo qo‘lida otasidan yodgorlik sifatida ayni shu ikki hujjatgina qolgan edi.
Birinchisi, 1958-yil 28-oktyabrda berilgan o‘lim guvohnomasi. Biroq bu hujjatda o‘lim sababi ko‘rsatilishi shart bo‘lgan joy bo‘sh qoldirilgan. Guvohnomada o‘lim sababining ko‘rsatilmagani qatag‘on yillariga xos hujjat yuritish amaliyoti bilan bog‘liq va bunday holatlar repressiya qurbonlari ishlarida tez-tez uchraydi.
Ikkinchi hujjat esa uning gunohsiz ekanini tasdiqlovchi, kechiktirib chiqarilgan oqlov qarori. Bu ikki hujjatni yonma-yon qo‘yib o‘qisak, qatag‘on mohiyatini anglash qiyin emas: inson oldiniga yo‘q qilinadi, so‘ngra yillar o‘tib uning nomigina “qaytariladi”.
Qahramonimiz taqdiriga doir yana bir hujjat: rafiqasi Tambat Ziyoxonovaning SSSR Harbiy tribunaliga yo‘llagan arizasi. Uni o‘qirkanmiz, ayol erining nima sababdan qamalganini hanuz bilmasligini yozadi, tirik yo o‘lik ekanini daraklaydi, qayerda ekanini bot-bot so‘raydi. Arizaga 1958-yil 18-avgust sanasi bilan imzo chekilgan. Bu degani, oradan yigirma bir yil o‘tib, to‘rt yarim oylik qolgan qizi yigirma bir yoshga yetgan paytda ham oila o‘zi uchun biror aniq javob ololmagan. Bu holni faqat “davr fojiasi” deb qo‘yish mumkin emas, bu – insonni jisman va ma’nan yo‘q qilish siyosati edi.
Shu chog‘ shoir Cho‘lponning quyidagi satrlari xayoldan o‘tadi:
Yo‘q, o‘lim yo‘qdir!
Yolg‘iz bir o‘chib, bir so‘nish bordir!
Bir o‘chib so‘nib… yana yonish bor.
Akademik Naim Karimov aytmoqchi, “Vatan va xalq ozodligi, baxt-saodati yo‘lida shahid ketgan ajdodlarimiz uchun o‘lim yo‘q. Ularning xotirasi xalqimiz yodida hamisha yashaydi”.
Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2026-yil 30-yanvardagi 5-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



