Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


12.02.2026 | 15:11

img1389

XONZODA JADID BO‘LGANMI?

Jadid harakati haqida so‘z ketganida, ko‘pchilik asosan ziyolilarni tasavvur qiladi. To‘g‘ri, Turkistonda jadid harakati paydo bo‘lishi va mustahkam ildiz otishida ziyoli insonlar: shoir-yozuvchilar, muallimlar, ulamolar, matbuot xodimlari o‘z hayotlarini tahlikaga solib bo‘lsa-da, oldingi saflarda turgani ayni haqiqat. Ammo bu bilan jadidlik faqat davrning ma’lum bir qatlami vakillari harakati edi, degan xulosa chiqmaydi.

Bilamizki, bu harakatga Xiva xonligining bosh vaziri Islomxo‘ja, xonlikdagi eng yirik Xonqa bekligi hokimi Muhammad hoji Aminaddin o‘g‘li va boshqa turli mansab va maqomdagi shaxslar ham xayrixoh bo‘lgan. Turkistonda juda katta ta’sir kuchiga ega bo‘lgan mashhur birinchi o‘zbek generali Jo‘rabek Qalandar qori o‘g‘li ham jadid harakatining faol qo‘llovchilaridan bo‘lganini eslatib o‘tish joiz.

…1931-yilning qahraton qish kunlaridan birida “GPU-NKVD” birligi tomonidan hibsga olingan fuqaro Fansurulloh Xudoyorov muttasil qiynoqlar natijasida turmada vafot etadi va ortidan hech kim so‘rab kelmagani (aslida, vaqtida xabar qilishmagani) uchun hibsxona xodimlari tomonidan umumqabrga dafn qilinadi. O‘z davrida butun Turkiston o‘lkasida taniqli bo‘lgan qadim sulola vakilining sovet hibsxonasi rasmiy hujjatlarida rostakamiga ruscha ism-sharifda qayd qilingani ham davrning qo‘rqinch qiyofasini aks ettiradi.

Xo‘sh, nogoh hibsxonaga tashlangan va inson bolasi ko‘rmagan qiynoqlarga solinib, 59 yoshida jon taslim qilgan bu zot kim edi?

Tarixdan ma’lumki, Qo‘qon xoni Xudoyorxon Turkiston general-gubernatori fon Kaufman fitnasiga uchib, chor ma’murlari bilan o‘zaro sulhga rozi bo‘ladi. Toshkentda imzolangan sulh haqidagi xabar xondan oldin Qo‘qonga yetib boradi va azal-azaldan qullikni o‘z ixtiyori bilan bo‘yniga ilmagan vatanparvarlar xonga qarshi isyon ko‘taradi. Xalq qo‘zg‘oloniga xonning eng ishonchli ma’murlari va ikki o‘g‘li – Nasriddinbek va Muhammad Aminbek qo‘shiladi. Qo‘zg‘olonchilar Qo‘qonni egallagach, Xudoyorxon Xo‘jandga qochadi va Nasriddinbek xon deb e’lon qilinadi.

Bobomeros taxt qo‘ldan ketganini anglagan Xudoyorxon ikki xotini va  uch nafar kichik o‘g‘li – O‘rmonbek, Fansurullohbek va Ibn Yaminbekni yoniga olib, fon Kaufmandan madad izlab Toshkentga keladi. Taxtsiz tirik xon hamisha mustamlakachi saltanat uchun xavf ekanini bilgan fon Kaufman Xudoyorxonni “Peterburgda oqposhsho hazratlari sizni kutmoqda”, degan yolg‘on bilan yo‘lga otlantiradi, ammo xon va uning oilasini Orenburgda to‘xtatishadi va uy qamog‘ida saqlashadi.

Xudoyorxon fitnaga aldanganini kech bo‘lsa-da anglaydi va ikki yildan so‘ng bir amallab surgundan qochib, Saudiya Arabistoniga yo‘l oladi. U haj ziyoratidan so‘ng yurtga qaytayotganida, Mozori Sharif shahrida vafot etadi. (Ayrim manbalarda o‘ldirilgani haqida ma’lumotlar keltirilgan).

Orenburgda qolgan Og‘acha oyim eri – sobiq xon vafotidan xabar topgach, Toshkentga qaytadi va shaharning Zanjirli mahallasida o‘g‘illari Fansurullohbek va O‘rmonbek bilan yashay boshlaydi. O‘rmonbek 1883-yili 18 yoshida kasallikdan vafot etadi.

Fansurullohbek dastlab rus-tuzem maktabida o‘qiydi, keyinchalik Eshonquli dodxoh madrasasida tahsil oladi. U madrasada tahsil olish jarayonida aruz ilmini chuqur o‘zlashtiradi va o‘zi ham g‘azal va muxammaslar yoza boshlaydi. Xisrav taxallusi (u o‘ziga bevaqt vafot etgan o‘g‘lining ismini  taxallus qilib tanlagan) bilan ijod qilgan xonzodaning ko‘plab asarlari XIX asr oxiri – XX asr boshlarida tartib berilgan qo‘lyozma va toshbosma bayozlarda uchraydi.

Otasi, aka-ukalari va o‘zining boshiga tushgan kulfatlar Fansurollohbekni yurtni mustaqil ko‘rish orzusida raiyatni ma’rifatga chorlab maydonga chiqqan jadidlarga yaqinlashtirgan bo‘lsa, ne ajab. Bir necha tilni mukammal bilgan, nasr va nazmda yaxshigina qalami bor Fansurollohbek ilk jadid matbuoti shakllanishida faol ishtirok etadi.

E’tiborlisi, 1907-yilda Munavvar qori noshir va muharrir sifatida jadidlarning o‘lkadagi ilk gazetalaridan biri – “Xurshid”ni chop qildira boshlaganida, unga qadrdon do‘sti Fansurollohbekni ham taklif qiladi. Yana bir ahamiyatli tomoni, shahzodaning inilari Muhammad Aminbek va Ibn Yaminbek “Turkiston viloyatining gazeti”da uzoq vaqt hamkorlik qilib, unda turli mazmundagi xabar va maqolalar bilan qatnashgan. Jadidlarning ilk gazetasi “Xurshid” millatni uyg‘otuvchi o‘tkir maqolalari bilan chor ma’murlari yuragiga vahima soladi va tezda yopiladi. Shundan so‘ng Fansurullohbek jadidlarning boshqa vaqtli nashrlarida ham faol qatnasha boshlaydi.

Xonzodaning jadidlarga qo‘shilgani va vaqtli matbuotda faolligi chor ma’murlari paytavasiga qurt tushirganki, Toshkent shahri hokimi Nikolay Malitskiy 1910-yilda Peterburgdagi maxfiy xizmat mahkamasiga ushbu mazmundagi “chaquv” yuborgan: “Fansurullohbek Xudoyorxonov shubhali qarashlari uchun Turkistondan chiqib ketishga majbur qilingan Furqatning muxlisi, u bilan Toshkentdaligida bir necha bor uyida, keyin Jo‘rabekning Qorasuvdagi bog‘ida suhbatlar qurgan. Turkiston istiqlolini istaydigan shaxslar bilan bordi-keldi qiladi. Jadid matbuotida shoir va jurnalist sifatida qatnashib keladi. Yoshi 35-40 larda, tarbiyali, ma’lumoti oliy, shahzodalarga xos nazokatli. Ruscha gapiradi va yoza oladi, dunyoqarashi inqilobiy. Bir o‘g‘li va ikki qizi bor”.

Fansurullohbek Furqatning yaqin do‘stlari qatorida bo‘lganini shoirning Yorkandda majburan vatan tutganida o‘zaro maktublar almashishgani, shoir Istanbulga sayohati vaqtida bitgan “Sabog‘a xitob” nomli she’riy maktubida 28 nafar hamfikr, maslakdosh do‘stlari qatorida unga atab 11 baytini bag‘ishlagani tasdiqlaydi. Bu she’riy maktub 1892-yilda “Turkiston viloyatining gazeti”da chop qilingan. Unda quyidagi go‘zal satrlar bor:

Begim, jonim, afandim Fansurulloh,
Zihi shahzodayi zul izzazul joh.
Na man tanho, ulus shahzodasidir,
Hama shahzodalar ozodasidir.
Kirib ko‘rgonda yer o‘pqil, duo qil,
Ko‘zingga xoki poyin to‘tiyo qil.

Lekin shoirning sho‘rolar davrida chop qilingan kitoblari, jumladan, “Tanlangan asarlar”iga ushbu baytlar “sig‘may qolgan”. Sababi, uning xonlar avlodidan ekanigina emas, balki jadid harakatining eng faollaridan biriga aylanganida edi.

Fansurullohbek 1930-yilda do‘sti va qadrdoni Munavvar qori Abdurashidxonov hibsga olingach, boshi uzra qora bulutlar paydo bo‘lganini sezadi va ism-sharifidan “bek” sifatini olib tashlashga majbur bo‘ladi.  Qolaversa, 1906-yili ayni qish chillasida Qorasuvdagi uyida general Jo‘rabek kimlar tomonidan, nima maqsadda o‘ldirilganini yaxshi bilar, uni birinchi o‘zbek generali bilan faqat g‘oyalar emas, oilaviy rishtalar ham bog‘lab turardi. Fansurullohbek generalning qiziga uylangan, qaynog‘asi polkovnik Olloqulibek bilan yaqin birodarga aylangandi. 1916-yilgi mardikorlikka qarshi isyonlarga aloqador sifatida Olloqulibek ham ancha vaqt hibsda saqlanadi. U keyinchalik kuyoviga boshidan kechirgan voqealar haqida ko‘p mahram gurunglar bergan bo‘lishi hech shubhasizdir.

Qismatni qarangki, general hamda xon avlodiga aloqasi bor barcha ongli insonlar turli davrlarda qatag‘onga uchraydi. Polkovnik Olloqulibekni 1936-yilda noma’lum kimsalar o‘ldirib ketadi va otasining qotillari topilmagani kabi, o‘g‘liga tig‘ ko‘targanlar ham sirligicha qoladi.

Zamondoshlarining xotiralari, shuningdek, Shohruhbek Umarovning “Xudoyorxon avlodlari tarixi” kitobida eslatilishicha, Fansurullohbek Qo‘qon muxtoriyati tuzilishida ham faol qatnashgan, muxtoriyat qonga botirilgach uzlatga chekinib, vaqtli matbuotda ko‘rinmay qolgan.

Xudoyorxonning o‘n bir nafar farzandi bo‘lib, ular chor mustamlakasi va sovetlar davrida ko‘p azob-uqubatlarga duchor qilingan. Qizlari umrlari oxirigacha xon avlodidan ekanliklarini aytishdan qo‘rqib yashagan bo‘lsa, o‘g‘il farzandlarining barchasi fitna va qatag‘onlarga uchragan. Xonning o‘n bir farzandi orasida eng ko‘p umr ko‘rgani aynan Fansurullohbek – u 1931-yilda 59 yoshida halok bo‘lgan.

So‘nggi xon avlodlari orasida faqat Fansurullohbek she’riyatga oshno bo‘ldi va bir qator go‘zal g‘azallari, Navoiy va Fuzuliy g‘azallariga bitgan benazir muxammaslari bilan tanildi. Aynan she’riyatga ixlos uni jadidlarga yaqinlashtirdi, u butun umrini yurtni ozod ko‘rmoq orzusidagi g‘oyalarga baxshida qildi.

Xiva xonlari shajarasidan bo‘lgan shoir va musiqashunos Komil Xorazmiy ruhan jadidlarni qo‘llasa-da, jismonan ular tarafiga to‘liq o‘tmadi. Buning bevosita va bilvosita sabablari bor. Demak, Fansurullohbekni uch xonlikda hukm surgan sulola vakillari orasidan yetishib chiqqan yagona jadid xayrixohi deb bemalol ayta olamiz.

Ro‘zimboy HASAN

“Jadid” gazetasining 2026-yil 30-yanvardagi 5-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img604