16.02.2026 | 10:27
1535
“ZANJIRBAND SHER”NI KIM CHIZGAN?
Alisher Navoiy “Zanjirband sher” rasmida o‘zini tasvirlagan, degan qarash hammaga yaxshi tanish. Bunda Oybekning 1942-yilda yaratilgan “Navoiy” romani hamda Izzat Sulton va Uyg‘unning 1941-yili yozilgan, 1948-yili sahnaga qo‘yilgan “Alisher Navoiy” dramasida “Zanjirband sher” nomli suratning tilga olinishi katta rol o‘ynagan ko‘rinadi. Bu ikki asarda, garchi ular badiiy ijod namunalari bo‘lsa-da, zanjirband sher suratida Navoiy o‘zini aks ettirgani tilga olinadi.

Keling, bu suratga XX asrda qanday e’tibor qaratilganiga to‘xtalib, uning Alisher Navoiyga qanchalik aloqasi borligini qo‘limizdagi mavjud manbalar asosida ko‘rib chiqaylik.
Natan Mallayevning “O‘zbek adabiyoti tarixi” darsligida (1963, 1965-yillar va 1976-yildagi qayta nashrida) zanjirband sher tasviri berilgan.

Surat ostiga “Zanjirband sher (Navoiy ishlagan surat)” deb yozib qo‘yilgan. O‘zbekistondagi taxminan uch avlod ushbu suratni ko‘rib, uni haqiqatan ham Alisher Navoiy chizgan va rasmda o‘zini aks ettirgan, degan fikr bilan o‘sgan. Bu fikrga shubha bilan qaramay qo‘ygan.
“Zanjirband sher” tasviri haqida fikr bildirganlar orasida hind san’ati faylasufi, rassom, ushbu surat saqlangan AQSHning Boston muzeyida kurator bo‘lgan Ananda Kumarasvami, mashhur olim, miniatyura tarixiga oid tadqiqotlari bilan ilmda sezilarli iz qoldirgan Armenagbey Sakisyan, o‘zimizdan Olim Sharafiddinov, Mamarasul Boboyev, Oybek, Izzat Sulton, Uyg‘un, Hodi Zaripov, Natan Mallayev, Suyima G‘aniyeva singari olim va adiblar nomlarini qayd etish lozim.
G‘ARBDAGI KITOBLAR NIMA DEYDI?
1929-yili Yevropada ikkita kitob nashr etildi. Bu kitoblarda “Zanjirband sher”ni Alisher Navoiy chizgan, deya Ananda Kumarasvami (1877–1947) va Armenagbey Sakisyan (1872–1944) birinchilardan bo‘lib fikr bildirgan. Ular Boston shahridagi tasviriy san’at muzeyida saqlanuvchi Viktor Golubev (1878–1945) kolleksiyasidagi “Zanjirband sher” miniatyurasiga asoslangan. San’atshunos, kolleksioner, arxeolog Viktor Golubev san’at asarlari bo‘yicha juda katta va ahamiyatli kolleksiya to‘plagan. U ichida sharq miniatyuralari mavjud bo‘lgan kolleksiyasini 1914-yili Boston muzeyiga sotgan. “Zanjirband sher” ham shu osori-atiqalar qatorida bo‘lgan.
Sakisyan kitobida “Zanjirband sher” rasmi 1500-yilda chizilgan, degan yozuvni keltirgan va uni Navoiy chizgan, deb ta’kidlagan. Kumarasvami ham mazkur fikrga qo‘shiladi. Lekin ayni vaqtda surat ostida asar yaralishining taxminiy sanasi sifatida 1550–1575-yillar ko‘rsatilgan. Ikki olim ham o‘z fikriga asos sifatida sher rasmi ostidagi “Amali amir Alisher” ilovasiga tayangan. Tasvir naqshli romcha ichida berilgan. Chap tomonda oq rangdagi harflar bilan yuqorida joylashgan naqsh ichiga “amali amir” va uning pastidagi naqsh ichiga “Alisher” so‘zlari yozilgan.
NAVOIY ASARLARIDA MA’LUMOT BORMI?
Shu o‘rinda, Alisher Navoiy asarlarida “Zanjirband sher” haqida yoki bu tasvirda o‘zi aks etganiga oid biror ma’lumot bormi, degan savol tug‘iladi. Navoiy asarlarida o‘zini zanjirband sherga o‘xshatishi haqida biror aniq gap yo‘q. Suyima G‘aniyevaning ta’kidlashicha, “Zanjirband sher” iborasi Navoiyning “Tuhfat ul-afkor” qasidasida uchraydi:
Qaydi zinat musqiti farr-u
shuko‘hi xusravist,
Sheri zanjiri zi sheri
besha kamsavlattar ast.
Tarjimasi: Zeb-u ziynatga hirs qo‘yish podshohlik sha’n-shavkati va shukuhini barbod etishdir, zanjirband sherning savlati o‘rmon sheri savlatidan kamroqdir.
Bu ibora Navoiyning “Holoti Pahlavon Muhammad” asarida ham mavjud. Mazkur satrlarning tarjimasi quyidagicha: “Keksalik meni yoshlik pallasidan itqitib tashladi; endi men ul zanjirband sher emasman. Keksalik g‘ami meni butunlay olib ketdi”. Ko‘rinadiki, Pahlavon Muhammad o‘zini zanjirband sher sifatida talqin qilmoqda.
Navoiy she’riyatida zanjir obrazi ko‘p uchraydi. Bu aksar holda tasavvuf bilan bog‘lanib keladi. Lekin Alisher Navoiy o‘zini zanjirband sher sifatida taqdim qilganiga oid ishora mavjud emas. Shunday ekan, zanjirband sher rasmida Navoiyning ifodalanishiga oid talqinlar qayerdan vujudga keldi?
O‘ZBEK ADABIYOTIDA ZANJIRBAND SHER TALQINI
1939-yili Olim Sharafiddinov Alisher Navoiy hayoti va ijodi haqida “Alisher Navoiy: zamoni, hayoti, ijodiyoti va o‘limi” nomli kitobini nashr etgan. Kitobning 57-betida “Zanjirband sher” rasmi keltirilgan. Natan Mallayev darsligida keltirilgan va biz yuqorida qayd etgan “Zanjirband sher” tasviri ham shu kitobdan olingan ko‘rinadi.

Olim Sharafiddinov o‘z kitobida A.Sakisyan gaplarini takrorlagan, surat 1500-yilda chizilgan, deya uni Navoiyning umri oxirida Husayn Boyqaro hukmronligi davridagi ijtimoiy tanazzul mahsuliga nisbatan bo‘lgan tanqidiy munosabatiga ko‘ra chizgan, deb baholagan. Olim Sharafiddinov kitobidagi “Zanjirband sher” surati ostiga “Alisher Navoiyning o‘zi haqida o‘zi ishlagan rasm. Hirot, 1500-yil” deb yozilgan. Mantiqan, bu surat kitob muallifi tomonidan Navoiy yashagan davrdagi murakkab hayot mahsuli sifatida taqdim etilgan ko‘rinadi.
Natan Mallayev “Navoiy” romani va “Alisher Navoiy” dramasida badiiy tasvirlanganidek, Navoiyning Astrobodda bo‘lishini shoirning ruhiy tushkunlik davri sifatida baholagan. “Navoiyning dushmanlari uni poytaxtdan uzoqlashtirishni zo‘r berib talab qilmoqda edilar. Nihoyat, Husayn Boyqaro Alisher Navoiyni Astrobodga hokim qilib tayinladi”. Natan Mallayev darsligida ayni o‘rinda “Zanjirband sher” surati keltiriladi. Ochiq aytilmasa-da, bu o‘rinda “Zanjirband sher” tasviri Navoiyning Astroboddagi holati va kayfiyati bilan bog‘langanday bo‘ladi.
Zanjirband sher Alisher Navoiy surati ekani O‘zbekiston SSRda 1930-yillardan boshlab e’tirof etila boshlangan. Xususan, 1939-yili shoir Mamarasul Boboyev yozgan “Zanjirlangan sher” nomli asar ma’lum. Mazkur she’rda biz bilgan va keng tarqalgan “zanjirband sher” nomi “zanjirlangan sher” degan ko‘rinishda keltirilgan. She’r mazmuniga kelsak, u sobiq ittifoq mafkurasiga xos sinfiy kurash nuqtayi nazaridan yozilgan.
Izzat Sulton va Uyg‘un tomonidan yozilgan “Alisher Navoiy” dramasida “Zanjirband sher yengaman der” degan satr ham “Zanjirband sher” rasmi talqiniga ishoradan kelib chiqqan. 1939-yildagi ushbu matn shunchaki tarjimai hol emas, bu sovetlar davrida Navoiyni “demokrat” va xalq himoyachisi sifatida ko‘rsatishga, uning adolatsizlikka qarshi kurashini ko‘rsatishga urinishdir. Dramadagi zanjirband sher aynan Alisher Navoiyning Astrobodga yuborilishi va uning Hirotga qaytib ketishiga imkon yo‘qligi bilan bog‘langan voqealar o‘rnida tilga olinadi. Natan Mallayevning “O‘zbek adabiyoti tarixi” darsligida ham, Oybekning “Navoiy” romanida ham surat Navoiyning Astrobodda bo‘lgan vaqti, Hirotga qaytish orzusida yashayotgan voqealar tasvirlangan qismda keltiriladi. Aftidan, “Zanjirband sher” surati Navoiyning Astrobodda majburan yashab turgan paytidagi kayfiyatiga mos kelgani uchun uni shoirning shu hayotiga oid, deb ko‘rsatish ilmiy va badiiy asarlarda urf bo‘lgan.
Mamarasul Boboyevning “Zanjirlangan sher” nomli she’ri 1939, “Alisher Navoiy” dramasi 1941, “Navoiy” romani esa 1942-yili yozilganini hisobga olsak, demak, “Zanjirband sher” surati o‘sha davrda sovet siyosatiga xos sinfiy kurash masalasi bilan bog‘liq holda talqin etila boshlangan. Zamonaviy nashrlardan Abdulla Oripovning quyidagi mashhur satrlarini esga olish mumkin:
Besh asrkim, nazmiy saroyni
Titratadi zanjirband bir sher,
Temur tig‘i yetmagan joyni
Qalam bilan oldi Alisher.
Shuningdek, bu o‘rinda Ibrohim Haqqulov Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan esselar to‘plamini “Zanjirband sher qoshida” deb nomlagani, Abdulla Sherning “Navoiy sog‘inchi” turkumidagi “Zanjirband sher” nomli she’rini ta’kidlash lozim. Zamonaviy o‘zbek adabiyotida bu kabi misollarni yana keltirish mumkin.
Shu o‘rinda o‘zbek xalq og‘zaki ijodidagi surat bilan bog‘liq rivoyatni ham yodga olish joiz.
MIR ALISHER CHIZGAN SURAT
“Kunlardan bir kuni Mir Alisher o‘zining ijodxonasida allaqanday bir suratni chizar ekan, nogohon Sulton Husayn uning hujrasiga kirib kelibdi. Mir Alisher surat chizishga qattiq berilib ketganidan podshoga qaramabdi ham. Bundan Husayn qattiq ranjib:
– Mir Alisher, sizning musavvirlik hunaringizdan bexabar ekanmiz-da! Mendan ko‘ra surat azizroq ekanmi, deyman, bundoq qayrilib ham qaramadingiz-a?! – debdi. Mir Alisher shunday javob beribdi:
– Agar bu suratda kim tasvirlanganini bilganingizda edi, fikringizdan qaytgan bo‘lardingiz!
Podsho Husayn yaqinroq borib qarasa, o‘zining surati ekan, shunda u do‘stiga noo‘rin jahl qilganiga pushaymon bo‘lib, binobarin, yanada mehri ortibdi. Mir Alisher esa podshoga qarab:
– Do‘stim, endi buni ham tomosha qiling, – debdi.
Mir Alisher zanjirlangan sherning suratini chizib, Husaynga uzatibdi. U suratni obdon tomosha qilib:
– Nimaga sherni zanjirlab qo‘yibsiz? – deb so‘rabdi.
– Sizning oldingizdagi barcha olimlar-u shoirlar, donolar-u yaxshilar ana shu zanjirband sherga o‘xshaydilar. Siz ularning barini bezanjir band etib qo‘ygansiz. Ammo sher xoh zanjirband bo‘lsin, xoh beband ekan, mag‘lubiyatni xayoliga ham keltirmaydi, maqsadi yengib chiqmoq, – debdi Mir Alisher. Husayn Mirzo Mir Alisherning so‘ziga javob topib berolmay, hujradan boshini egib chiqib ketibdi”.
Aslida, bu rivoyatni maqolamiz boshida keltirish o‘rinli edi. Sababi, xalq og‘zaki ijodi badiiy adabiyotdan avvalroq vujudga kelgan va tarqalgan. Ammo ayni rivoyat xalq og‘zaki ijodi sifatida taqdim etilsa-da, mohiyatan, sovet siyosatiga mos ohangga egadek.
Zanjirband sher suratining sovet mafkurasiga mos siyosiylashgan talqinlari mavjud bo‘lib turgan 1980-yillardayoq, uning muallifi Alisher Navoiy ekaniga tanqidiy qarash navoiyshunos olima Suyima G‘aniyeva tadqiqot va nashrlarida bo‘y ko‘rsata boshlagan. Masalan, olima yozishicha, 1956-yildan buyon har yili Navoiy tug‘ilgan kuni – 9-fevralda o‘tkazib kelinayotgan ilmiy-an’anaviy konferensiyalarning birida taniqli olim Hodi Zarif shoir tomonidan chizilgan, deb yuritiladigan “Zanjirband sher” rasmi ostidagi “Amali amir Alisher” yozuvining Navoiy dastxati ekani masalasini ko‘tarib chiqqan. Lekin olima bu matnni Navoiy dastxati emas, deb hisoblagan.
SHARQDAGI AN’ANAVIY TASVIR
Zanjirband sher tasvirining musulmon sharqi tasviriy san’atidagi o‘rni qandayligi va bu tasvirning sovet davrida siyosat bilan bog‘lab talqin qilingani haqida taniqli san’atshunos olim, Sankt-Peterburg (Rossiya) davlat Ermitaji Sharq bo‘limi yetakchi ilmiy xodimi, professor Adamova Adel Tigranovnaga maktub bilan murojaat qildik va shunday javob oldik:
“Maktabni bitirgan qadrdon shahrim – Toshkentdan maktub olish men uchun juda yoqimli bo‘ldi. Zanjirband sher – O‘rta asr Eron san’atidagi eng sevimli obrazlardan biri. Sher tasvirlari (ko‘pincha yotgan holatda) XVI–XVII asrlarga oid ko‘plab albomlarda uchraydi. Ehtimol, bu motivning ommabopligi uning Kamoliddin Behzod nomi bilan bog‘liqligi bilan izohlanar (uning imzosi tushirilgan rasm mashhur H.2154 raqamli albomda joylashgan). Sizga albomlar (muraqqa) haqidagi ikkita ajoyib kitob muallifi D.Roksburgning maqolasini tavsiya qilaman: Davud J. Roxburg. Kamal al-Din Bihzad and Authorship in Persianate Painting // Muqarnas, vol.17 (2000), p.119-146. (“Muqarnas” jurnali ochiq manbada mavjud, yuklab olish mumkin).
Roksburg sher tasvirlangan rasmlar haqida maqolasining 131-betidagi (9–12-rasmlarga ham qarang) 50-izohda to‘xtalib o‘tgan. Roksburgning taxminicha, “Amali amir Alisher” imzosi qo‘yilgan sher rasmida so‘z o‘yini o‘z rolini o‘ynagan. Bu yerda hech qanday siyosiy ma’no yo‘q, qolaversa, Sulton Husayn davrida Navoiyning roli va qudrati haqida juda ko‘p adabiyotlar mavjud”.
Mashhur san’atshunos Devid Roksburg ham Kamoliddin Behzod ijodiga bag‘ishlangan maqolasida “Zanjirband sher” suratiga oid o‘z fikrlarini bildirgan. U surat ostidagi “Amali amir Alisher” so‘zlarini Alisher Navoiyning ismidagi “sher” va tasvirdagi sher nomi o‘rtasidagi so‘z o‘yini deb qaragan. Ya’ni, Roksburg suratni Navoiy chizgani haqida aniq fikr yozmagan.
Suratning Kamoliddin Behzodga nisbat berilgan varianti ham mavjud bo‘lib, boshqa rassomlar tomonidan ishlangan shunday rasmlar ham bor ekan.
Navoiyga nisbat berilgan “Zanjirband sher” surati keltirilgan albomda boshqa rasm ham keltirilgan.
Zanjirband sher tasviri ancha nusxalarda uchrashiga guvoh bo‘lgan holda, qo‘lyozmalar bo‘yicha yirik mutaxassis, Fransiya milliy kutubxonasining fors tilidagi qo‘lyozmalar bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan Fransis Rishardan surat bo‘yicha quyidagicha javob oldik:
“Mening bilishimcha, zanjirband sher aks etgan bunga juda o‘xshash boshqa eskizlar ham mavjud. Bu mavzu Bahrom haqidagi qissadagi Eron imperatorlik tojining mashhur ikki zanjirband qo‘riqchi-sheriga ishora bo‘lishi mumkin. Lekin, katta ehtimol bilan, bu Sulton Husayn Boyqaroning “hayvonot bog‘i”dagi sherning tasviridir.
Albatta, Mir Alisher imzosining mavjudligi mashhur amir va homiyning o‘zi ham rassom bo‘lganini ko‘rsatadi. Biz Bostonda saqlanayotgan Behzod qalamiga mansub, bunga juda o‘xshash zanjirband sher tasvirini bilamiz. Alisher, ehtimol, Behzodning ustaxonasida u bilan birga ishlagan. Keyinchalik Behzodning shogirdi Shayxzoda (mening fikrimcha, Hirotda) Behzod imzosi qo‘yilgan eskizning nusxasini yaratgan (hozir Vashingtonda, Frir galereyasida saqlanadi). Shu tariqa “zanjirband sher” Eron miniatyurachilari repertuarining bir qismiga aylangan. Ammo men yanglishayotgan bo‘lishim ham mumkin…”
AFRIKA OZODLIGI VA “ZANJIRBAND SHER” NISHONI
1960-yil 14-dekabrda BMT “Mustamlaka mamlakatlar va xalqlarga mustaqillik berish to‘g‘risidagi deklaratsiya”ni qabul qildi. Afrikadagi 17 ta mamlakat mustaqillikka erishdi. Dunyo bo‘yicha 1960-yil – “Afrika yili” deb e’lon qilinib, uch yildan so‘ng Afrika birdamligi tashkiloti tuzilgan. Bu mamlakatlarning kolonizatorlardan ozod bo‘lishida sobiq SSSR davlatining ta’siri katta bo‘lgan. 1947–1991-yillardagi sovuq urush davrida sobiq Ittifoq Afrikani mustamlakadan qutqarishni qo‘llab-quvvatlash orqali o‘z gumanizmini ko‘rsatmoqchi edi. 1960-yili Moskvada afrikalik davlat va siyosat arbobi Patris Lumumba nomida xalqlar do‘stligi universiteti ochilgan, rus tilida “Osiyo va Afrika xalqlari” nomli jurnal nashr etila boshlagan. Shu jarayonda sovet davri plakatlarida zanjirlarni sindirayotgan afrikaliklar ko‘p tasvirlana boshladi. Zanjir kolonial qullik ramzi sifatida ko‘rsatildi.
1968-yili Alisher Navoiy tavalludining 525 yilligi yurtimizda keng nishonlangan. Yubiley munosabati bilan 1968-yili Moskva shahrida ham katta yig‘ilish o‘tkazilgan va Navoiy tasviriga ega likopchalar, bir necha xil nishonlar, jumladan, “Zanjirband sher” nishoni ham tayyorlangan.

Sovet tuzumiga “Zanjirband sher” tasvirini Navoiy bilan bog‘lash zarur edi. Bunda Navoiyning “Zanjirband sher” rasmini o‘zi chizgan-chizmagani, suratdagi sher Navoiy shaxsiyatini anglatish yoki anglatmasligining ahamiyati bo‘lmagan. Nega? Chunki 1968-yilgacha ham “Zanjirband sher” rasmiga sovet mafkurasiga mos siyosiy tus berish mavjud edi. Aynan Afrika ozodligi davrida bu nishonga yana e’tibor qaratildi. Bu SSSRga Navoiy davridagi feodalizm Navoiydek sherni bog‘lab turgan, biz bolsheviklar musulmon sharqiga ozodlik olib keldik, deb ko‘rsatish uchun qurol vazifasini o‘tagan. 1960-yillar sovet makonida “zanjir” ramzi siyosiy jihatdan juda ommabop davr edi.
Afrika misolida bu mustamlakachilik zanjiri hisoblansa, Navoiy uchun bu feodalizm va saroy cheklovlari zanjiri, deb talqin etilgan. “Zanjirband sher” nishonini chiqarish orqali sovet mafkurachilari quyidagi fikrni singdirishgan: “Navoiy o‘z davrining “sher”i edi, lekin mustabid tuzum (Temuriylar saroyi) uni kishanlab qo‘ygandi. Xuddi bugungi Afrika xalqlari kabi, Navoiy ham ozodlikni orzu qilgan”. Zanjir – Navoiyning erki va ijtimoiy islohotlariga yo‘l bermagan eski tuzum ramzi. Bu yerda SSSR o‘zini “Zanjirlarni parchalovchi” rolida ko‘rsatadi. Ya’ni, “Biz keldik va Navoiy orzu qilgan erkinlikni (feodalizmdan holi jamiyatni) Sharq xalqlariga berdik”, degan g‘oya ilgari surilgan.
1968-yili Navoiy yubileyining Moskvada ham yuqori darajada nishonlanishi SSSRning xalqaro obro‘si uchun kerak edi. Bu bilan Kreml dunyoga (ayniqsa, ozodlikka chiqayotgan Osiyo va Afrika davlatlariga) shunday demoqchi bo‘lgan: “Biz nafaqat kelajakni quramiz, balki Sharqning buyuk siymolarini kishanlaridan (diniy va feodal tutqunliklardan) qutqarib, ularning haqiqiy qiyofasini ochamiz”.
Demak, o‘rta asr miniatyurasidagi zanjirband sher obrazi 1960-yillarning dekolonizatsiya ruhi bilan uyg‘unlashtirilgan. Navoiyning sovetcha qiyofasi yaratilgan – u “saroy shoiri” emas, balki zanjirband qilingan, lekin ruhi ozod islohotchi sifatida taqdim etilgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, sovetlar davrida tayyorlangan “Zanjirband sher” nishonidagi sher qora fonda berilgan. Aslida, miniatyuradagi rasmda qorong‘ilik yo‘q.
NAVOIYGA NISBAT BERILGAN
Yuqoridagi barcha talqinlarni tahlil qilib, shunday xulosaga kelish mumkin: Alisher Navoiy chizgan deb qaralayotgan “Zanjirband sher” tasviri haqiqatan ham uning qalamiga mansubligi masalasi hozircha bahslidir, biz faqat bu asar Navoiyga nisbat berilgan, degan qarash bilan cheklanamiz.
Aftondil ERKINOV,
filologiya fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2026-yil 6-fevraldagi 6-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
108
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
618
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
614



