Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


03.03.2026 | 11:11

img1479

SHARHLOVCHI NUKTADON BO‘LSA…

Sport jurnalisti va sharhlovchi Davron FAYZIYEV bilan suhbat

– Yurtimizga futbol XX asr boshlarida Qo‘qonda “Mus” jamoasining tuzilishi bilan kirib kelgan. Jadidlar va ular bilan bir davrda yashagan ijodkorlar ham futbol bilan faol shug‘ullangan. Jumladan, sevimli shoirimiz Usmon Nosir havaskor jamoada to‘p tepgani haqida ma’lumotlar uchraydi. Davron aka, suhbatimizni yangi o‘zbek futboli haqidagi mulohazalaringizdan boshlasak.

– O‘zbek futbolining potensiali juda ham katta. Ayniqsa, so‘nggi yillarda erishgan yutuqlarimizdan keyin jahoniy auditoriyamiz kengaydi. Bundan tashqari, futbolchilarimizga nisbatan ishonch kuchaydi, ushbu sportga investorlarni jalb qilish imkoniyatlari ortdi. Hozirgi kunda yirik kompaniyalar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA), Professional futbol ligasi (PFL) bilan hamkorlik qilyapti va bundan ikki tomon ham manfaatdor bo‘lyapti. Bu futbolni faqat davlat ko‘magida emas, balki investitsiyalar evaziga yanada tez fursatda rivojlantirishi mumkin.

Ko‘pchilikda yanglish fikr bor: go‘yo futbol jamoalari bor bo‘yicha og‘irligini byudjetga tashlab olgan. Aslida, har bitta assotsiatsiya, federatsiyani FIFA ham, OFK ham qo‘llab-quvvatlaydi. Qolaversa, homiylar jalb qilinadi va aynan so‘nggi besh-olti yil ichida O‘FAda bu tizim yaxshi yo‘lga qo‘yildi. Agar jamoa g‘alabalari davomli bo‘lsa, marketing tomonlama ham rivojlanish bo‘ladi, e’tibor ham oshadi. Bu esa o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi.

Davlatimiz rahbari tomonidan futbolga misli ko‘rilmagan e’tibor qaratilmoqda. Yuqori Chirchiq tumanida Milliy futbol markazi barpo etildi, murabbiylar malakasi, bolalar futboli, viloyatlardagi akademiyalar faoliyati qayta ko‘rib chiqildi va yangi bosqichga ko‘tarildi.

Xalqaro munosabatlar yaxshi tomonga o‘zgardi. FIFA prezidenti Janni Infantino bir necha bor yurtimizga tashrif buyurdi. Tariximizda ilk bor FIFA maqomidagi turnir – futzal bo‘yicha jahon chempionatini o‘zimizda o‘tkazdik. Infantino aytdiki, bu tarixdagi eng yaxshi mundial bo‘ldi.

Mana, keyingi bosqich – U-20 jahon chempionati. Buning nufuzi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadigan turniri. Bu ishonch. Infantinoning bitta gapi yoqdi bizga: “Biz loyihalarni taqdim etamiz va bir yildan keyin kelib ko‘ramiz, qani, loyiha qanchalik ishlab ketdi. O‘zbekistonga har gal qaysidir loyihani topshirganimizdan keyin kelganimizda, ortig‘i bilan bajarilgan bo‘ladi”. Ya’ni, O‘zbekiston FIFA ko‘z o‘ngida ishonchli hamkorga aylandi. “2027-yilgi futbol bo‘yicha U-20 jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori imzolanishi ham ushbu fikrning yorqin isbotidir.

– Futbolni to‘psiz, o‘yinni sharhsiz tasavvur qila olmaymiz. Axbor Imomxo‘jayev, Davlat Turdaliyev, Mirzahakim To‘xtamirzayev va boshqa ustozlar o‘zbek futbol sharhlovchilari maktabini yaratdi. Bugun Siz va hamkasblaringiz an’anani davom ettiryapsiz. Izingizdan yangi avlod ham sportga kirib kelyapti. Yosh sharhlovchilar haqida nima deya olasiz?

– Men yosh sharhlovchilarning imkoniyatlarini yuqori baholayman. Misol uchun, Hasan Turdaliyev, Orif Tolipov kabi shogirdlarimiz muxlislar mehrini qozonmoqda. O‘ziga yarasha auditoriyasi bor, faol ijod qilishyapti, katta o‘yinlarni yuqori darajada sharhlab borishyapti.

Salohiyat ko‘tarilishi uchun vaqt kerak. Ustozlarimiz: “Sharhlovchi to‘liq shakllanishi uchun kamida besh yil ketadi. Shunda ham bu davrda tinimsiz mehnat qilib, o‘zini shu sohaga bag‘ishlasagina”, deb aytardi. Bu qo‘shimcha mashg‘ulot emas. Jarayonda katta auditoriya bilan ishlanadi, uzluksiz improvizatsiya talab etiladi. Shuning uchun yosh ijodkor diqqatini aynan sport jurnalistikasiga qaratsa, ilm orqali sharhlovchilikka kirib kelsa va tanqidga toqatli, kamchiliklarini bartaraf etish xususiyatiga ega bo‘lsa, besh yildan keyin odamlar uning ovozini, fikrlarini qabul qilishni boshlaydi.

Burungi va bugungi sharhlarda farq katta. Ustozlar: “Bizning davrimiz qiyinroq edi. Chunki Internet yo‘q edi, ma’lumotlarni gazetalardan olardik”, deyishadi. Bitta jonli efir uchun sharhlovchi haftalab tayyorlangan. Shunga yarasha, ularning sharhini butun mamlakat eshitgan. U paytlar ommaviy axborot vositalari ichida televideniyening mavqeyi eng baland darajada bo‘lgan. U sharoitda ishlab turib, yuqori natija qayd etgan ijodkorlarni har qancha e’tirof etsak arziydi.

Yetishib chiqayotgan yosh avlod uchun esa zamonaviy axborot texnologiyalarining ijobiy va salbiy tomonini ko‘ryapmiz. Hozir sharhlovchining qo‘lida mavjud ma’lumot muxlisda ham bor. Demak, tomoshabinni hayron qoldirish, mehrini qozonish qiyinlashdi. Tanilish oson, ammo auditoriyani ushlab qolish, raqobatga dosh berish qiyin. Chunki tanlov katta, juda keng auditoriya internet orqali media mahsulotlarini iste’mol qiladi, kuzatib boradi. Bunaqa sharoitda televideniyeda futbol sharhlab turib, media olamida katta nomga, obro‘ga ega bo‘lish qiyinlashadi. Sharhlovchining fikrini qabul qilishga toqat pasaydi. Gaplari odamlar badiga urmasligi uchun sharhlovchi juda ham aniq gapirishi, nuktadon bo‘lishi kerak.

– O‘zbekiston milliy terma jamoasi xalqimiz uzoq kutgan orzusini ro‘yobga chiqarib, Jahon chempionatining yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Endi natija kutsak bo‘ladimi?

– Endi maqsad – jahon chempionatida munosib qatnashish, Osiyo kubogini qo‘lga kiritish. Jahon bilan birga qit’ani keltirishim bejiz emas. Biz Osiyo kubogini yutmaganmiz. Osiyo o‘yinlarini yutganmiz, lekin u boshqa masala.

2025-yilda chet ellik jurnalistlarning o‘zbek futbolini yoritish sohasida katta to‘lqin ko‘tarildi. O‘zbekiston jahon futboli e’tiboriga tushdi, futbolchilarimizga qiziqish ortdi. Bu orqali ko‘p mamlakatlar o‘zi uchun O‘zbekistonni qayta kashf qildi. Kuzatsangiz, qo‘shni davlatlarning ko‘rsatuvlari, podkastlarida ko‘pincha o‘zbek futbolini muhokama qilishadi. Yevropada “o‘zbek futbolchi”, “o‘zbekistonlik sportchi” degan brend shakllandi. Eldor Shomurodov, Abduqodir Husanov kabi  yoshlarda ishonchli, mehnatkash, kamtar, intizomli futbolchi obrazi ko‘rinyapti.

– Bu borada muxlislar qo‘llab-quvvatlovining ham o‘rni bo‘lsa kerak…

– Albatta! Busiz iloji yo‘q. Muxlislik yangi darajaga chiqdi. Andijon fan-klubining faoliyati boshqa klublarni ham jonlantirib yubordi. Samarqand, Namangan, Farg‘onadagi stadionlarda biz muxlislar nafaqat faollashgani yoki ko‘payganini, balki ular tartib bilan muxlislik qilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. O‘yin payti aytiladigan qo‘shiqlari, performans, bir xil forma, plakatlar, hammasi sinxron bo‘lyapti.

Biz shunaqa davrlarni o‘tkazdikki, umuman, efir yo‘q, hafta davomida futbol sharhlamagan paytlarimiz bo‘ldi. Translyatsiyalarni faqat rasman sotib olish sharti qo‘yilganidan keyin hammasi birdaniga to‘xtab qoldi. Chunki bizning kanallar katta mablag‘lar yo‘naltirib, xalqaro translyatsiyalarni olishga tayyor emas edi. Sharhlovchi sifatida ijodimiz to‘xtab qolgandi. Qiyin paytlar edi… Hozir futbolimiz ham, sharhlovchilik malakamiz ham ko‘tarilishda.

– Efirdagi eng qiyin vaziyat siz uchun qaysi?

– Qiyinchilik asosan terma jamoamiz o‘ynaganda bo‘ladi. Deylik, qaysidir o‘yinga, turnirga ketdik, men ikki-uch hafta shu jamoa bilan yashadim, tayyorgarlik ko‘rdim, ularning ichki kechinmalarini kuzatdim, har bir futbolchining shaxsiyatini o‘rgandim. Ichki dunyosini bilaman, muammosini bilaman, yurish-turishini, hammasini bilaman-da, o‘sha kayfiyatning hammasini yig‘ib turib, stadionga kiraman. Agar o‘shanda futbolchining harakati o‘xshamasa, jamoamiz yomon o‘yin ko‘rsatsa, mag‘lubiyatga uchrasa, xuddi o‘zim o‘ynab yutqazgandek bo‘lardim.

– Yaxshi sharh nimalarni o‘z ichiga oladi: hissiyot, bilim yoki muvozanat?

– Sanaganlaringizning uyg‘unligi bilan yaxshi sharh hosil bo‘ladi. Bittasi zo‘r bo‘lib, bittasi kam bo‘lsa ham, sharh sust chiqadi. Faqat bilimdan kelib chiqib ma’lumot berib o‘tirsangiz, statistikaga aylanib qoladi, bu auditoriyani zeriktiradi. Faqat emotsiyaga berilsangiz, odamlarni charchatib qo‘yasiz. Muvozanat buzilib ketsa, sharh sifati tushib ketadi.

– Shu o‘rinda sharhda ajnabiy so‘zlar ishlatilishiga qanday qaraysiz?

– Bu yerda chegarani aniqlab olish kerak. Dunyo qabul qilgan xalqaro atamalar bor. Buni muxlislar oddiy hayotda ham qo‘llaydi. Atamalarni zamonaviy futbol asoschilari – inglizlar o‘ylab topgan, asrlar davomida saqlanib kelib, rivojlangan. Ularni istasak-istamasak, biz ham qulaymiz.

Fikr izohlashda adabiy tildan foydalanishimiz shart. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Lekin futboldagi ba’zi vaziyatlarga ta’rif berishda xalqaro atamalar qo‘l keladi. Ular muqobil, sinonim yoki yanada aniq ifodalab beruvchi vosita sifatida kelishi kerak sharhda. Masalan, ofsayd deymiz. Agar “o‘yindan tashqari holat” desak, bu bir necha soniya vaqt oladi. Futbolda lahzalar katta rol o‘ynaydi. Fikringizni o‘sha onda aytishga ulgurmasangiz, keyingi epizod boshlanib ketadi, kech qolasiz. Bunaqa iboralar 30-40 ta, almashtirib-almashtirib, muqobil sifatida ishlatamiz.

Agar bu borada hurmatli olimlar, ijodkorlar, ziyolilar ko‘maklashsa, o‘zbekcha ifoda uslublari va ayni holatga mos so‘zlarni topib, muomalaga kiritishda yordam bersa, xursand bo‘lar edik.

– Futbol sharhida tanqid va hurmat chegarasi qanday bo‘lishi kerak?

– Yuz foiz hurmat chegarasi bo‘lishi kerak. Tanqidning ham o‘rni bor, faqat bilim va xolislikka tayanilsa.

Sharhlovchi subyektiv yondashuvni bayroq qilib olishi noto‘g‘ri. Deylik, jamoa yirik hisobda yutqazdi, uning mag‘lubiyatini tahlil asosida tanqid qilish mumkin. Lekin ikki futbolchi ishtirokidagi bahsli epizodda hakamning qarorini hurmat qilish kerak. Bu bitta misol. His-tuyg‘ularga erk berib, o‘zgalar emotsiyasi bilan o‘ynashish kerak emas. Haqoratga o‘tish har qanday vaziyatda bizga to‘g‘ri kelmaydi.

Shuningdek, sharhlovchi muxlislik madaniyatini rivojlantirishga yordam berishi mumkin yoki aksincha.

– O‘zbek futbolining kelajagi haqida fikrlaringizni bilmoqchi edik.

– Birinchi navbatda jahon chempionatini yaxshi o‘tkazib olish kerak. Raqiblar jiddiy. Portugaliya hamda Kolumbiya qit’alarida eng kuchli jamoalardan. Uchinchi jamoa mart oyida aniqlanadi. Bunda Yamayka bilan Kongoning imkoniyati yuqori baholanyapti. Guruhdan muvaffaqiyat bilan chiqish uchun kurashishimiz kerak. Shuning uchun Fabio Kannavaro – jahon chempionatlari tajribasiga ega bo‘lgan mutaxassis taklif etildi. Qiyin bo‘lgan taqdirda ham, kuchimiz yetadi.

Qolaversa, o‘zimizni autsayder his qilishimiz kerak emas. Oldin kuchli jamoalardan qo‘rqardik, hozir unaqa narsa yo‘q. Mana, Misr bilan ham yaxshi o‘yin ko‘rsatildi, Urugvay bilan ham ancha yaxshi o‘ynaldi. Undan oldin ham kuchli terma jamoalar bilan g‘alabalar qayd etildi. O‘zimizning qiyin raqiblar bo‘lardi, deylik, Eron. Ularni ham yengib o‘tdik. O‘ylaymanki, hozirgi tarkibimizda hech qanday hayiqish yo‘q, hatto Portugaliyadan ham. To‘g‘ri, guruhimiz favoriti va o‘yin darajasi nuqtayi nazaridan bizdan ustun turishi mumkin. Biroq biz to‘g‘ri taktika tanlashimiz kerak.

Eng muhim o‘yin – birinchi uchrashuv. Kolumbiyaga qarshi start biz uchun jahon chempionati debyuti. Raqib esa so‘nggi paytlarda Argentinani, Braziliyani yutgan salohiyatli jamoa. Unga qarshi munosib o‘yin ko‘rsata olsak, u yog‘iga cho‘chish bo‘lmaydi, o‘ylashimcha.

Biz, albatta, guruhdan chiqamiz deb umid qilaman. Mabodo chiqolmasak, baribir, munosib o‘yin ko‘rsatish kerak. Jamoa sochilib ketmasligi asosiy vazifalardan biri. Men bu jamoani ichidan bilaman, futbolchilarning imkoniyatini bilaman, ruhiyatini bilaman. O‘ylaymanki, bardam turishadi.

– Biz ham yuksak g‘alabalarga, eng muhimi, o‘ziga bo‘lgan ishonch tantanasiga tilakdoshmiz. Samimiy suhbat va nekbin kuzatuvlar uchun rahmat! Oliy darajadagi o‘yinlarda yurtimiz g‘alabasini baland pardalarda e’lon qilish baxtini tilaymiz! Sizning ham mushtariylarga tilaklaringiz bo‘lsa, marhamat…

– Suhbatga taklif etganingiz uchun tashakkur! Imkoniyatdan foydalanib, yurtdoshlarimizni, futbol muxlislarini muborak Ramazon oyi bilan tabriklayman! Ezgu duolar ijobat bo‘lsin!

Suhbatdosh: Zarnigor IBROHIMOVA

“Jadid” gazetasining 2026-yil 27-fevraldagi 9-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img77

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img594

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img592