Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


09.03.2026 | 08:56

img1279

SIZ BUYUKSIZ, AYOLLAR!

Aslida, siz har yili ko‘klam bilan barobar, ko‘klamday bexato keladigan bayramingiz arafasidagina emas, balki har kuni, har soat, har lahza madh-u sanoga, e’zoz-u ikromga, gul-u lolaga, mehr-u siylovga, muhabbat-u ardoqqa loyiqsiz, munosibsiz. Biz esa bilibmi-bilmaymi, xohlabmi-xohlamaymi, ba’zan sizning daxlsiz dilingizning nozik oynalariga darz yetkazib, ozor berib qo‘yamiz. Shunga o‘zimizda kuch topganimizni qarang-a… Aslida, siz…

Aslida, birgina beqiyos onalik mehringiz oldida ta’zim qilmaslikning iloji yo‘q. Ota o‘z farzandi beshigi ustida, loaqal, vaziyat taqozosiga ko‘ra, bir kecha, atigi bir kecha bedor o‘tirib chiqa oladimi?..

Sizning ana shunday tunlaringiz hisoblansa, yillar hosil bo‘ladi. Sizning sabr-bardoshingiz, fidoyiligingizga tahsinlar o‘qimay bo‘ladimi? Ayoli o‘tgan erkak har xil sabablarni ro‘kach qilib (yashirib nima qildik), ko‘p o‘tmay uylanish
taraddudiga tushib qoladi. Beva ayollarchi, ayollar?.. Urush vaqtlarida (boshqa mahallarda ham) qanchalar navjuvon bevalar farzandlari bilan yolg‘iz qolib, ularni o‘gay otaning qosh-qovog‘iga qaratmay deb, eng gullagan davrlarini qurbon qilishgan. Onalarni qo‘ying… Hayotning qo‘sha yashashdek ne’mati naqadar ulug‘, naqadar totli ekanini anglab, farovon va bekam yashash imkonlari bisyor, yana husn-u jamolda tengsiz malika bo‘la turib, faqat o‘z muhabbati, e’tiqodiga sodiq qolish, “bevafo” degan malomat, nadomatdan saqlanish uchun ko‘p shirin orzular, niyatlar, armonlar to‘la go‘zal, hur qalbini o‘z ixtiyori ila toqlik zanjiri bilan bandi etgan Zebunisobegimlarning jasoratiga, matonatiga nima deylik!

Ha, siz:

Men-ku, men va’dada turdim
Sochda sochbog‘im bilan,
Sen-chi, sen – va’dasi yolg‘on
Belda belbog‘ing bilan…


– degan ayolsiz!

Ha, siz – sizni sevib e’zozlagan zavji muhtaramning ruhi pokini chirqiratmaslik uchun o‘limga tik boqqan Mohlaroyimsiz! Uning avlodlari, vorislarisiz, ya’ni ibratli fazilatlari vorislari… Siz tarix to‘ridan manguga joy olgan Jahonoro begim, Gavharshod begim, Gulbadan begim, Nurjahon begimlar, Arju mand bonu – Mumtoz mahallar zotidansiz… Siz – Alpomishlarni Alpomish qilgan Barchin oylarsiz! Siz – vafo ramzlari, timsollari Nodirabegimsiz, Zulfiyaxonimsiz! Siz – Lutfixonimsiz, Gulchehra – Kumush siz… “Chaman ichra”, “Sarvi gulro‘ kelmadi”, “Tanovar” va boshqa mumtoz ashulalarga umrboqiylik bag‘ishlagan Halima bonu, Berta xonim, Munojot xonimsiz! Siz – husn-u nazokat, noz-u istig‘no malikalari timsoli Vayjantimalasiz! Siz… Eh-he, bu ro‘yxatning adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Siz – ismlari jismiga monand Sarvinozsiz, Tursunoysiz, Barnosiz, Oyqizsiz, Oy bilan Gulning qovushgani, uyg‘unlashgani – Mohigulsiz…

Zero, hazrat Navoiy:

Jondin seni ko‘p sevarmen, ey umri aziz,
Sondin seni ko‘p sevarmen, ey umri aziz,
Har neniki sevmak ondin ortiq bo‘lmas,
Ondin seni ko‘p sevarmen, ey umri aziz,


deb bejiz dil izhori etmagan!

Bejiz Zahiriddin Bobur sizning oyoqlaringizga bosh qo‘ysam, deb armon qilmagan. Mavlono Fuzuliy sizning qaddu bastingizga jonini bejiz tasaddug‘-u qurbon aylamagan!.. Ha, aslida, oy sizga timsol qilingani uchun go‘zal, o‘zida yo‘q erka! Gul sizga qiyos etilgani bois, nafis, xushbo‘y, shundan fe’li, tabiati ham sizga o‘xshash: ko‘z-u dilning huzuri-yu ammo tikoni bor…

Inchunin, siz – muhabbat ma’budalarisiz. Mumtoz adabiyotimizdagi eng zo‘r she’rlarga, dostonlarga qahramon bo‘lib kelgansiz, bundan keyin ham shunday bo‘lib qolaverasiz. Inchunin, Layli va Majnun, Vomiq-u Uzro, Farhod-u Shirin qissalarini o‘qib hayratlanamiz. Lekin, taajjub: to‘qilgan o‘sha rivoyatlardan hayratlanamiz-u, Bobur va Mohim begim, ularning chevaralari Shohjahon va Mumtozbegim larning hayotiy ishq qissalaridan u qadar hayratlanmaymiz, avlodlarga ibrat qilib ko‘rsatmaymiz! Holbuki, ular o‘z muhabbatlarini, sadoqatlarini xalq oldida oshkora namoyish etishgan. Yo‘q, aslida, bu ibora xato, ular “namoyish etish”ni o‘ylashmagan, ular qalb amrlarini bajo etgan, xolos. Balki, hind filmlaridagi an’anaviy oshiq-ma’shuqlik, vafo va sadoqat mavzulariga asli ana shu insonlarning sevgilari asos bo‘lgandir.

Men Hindistondek bepoyon mamlakat podshosi – andijonlik Zahiriddin Boburning bir necha chaqirim yo‘lni bosib, suyukli rafiqasi Mohim begimga peshvoz chiqqanini va uning otdan tushishiga izn bermay, qaytaga jilovdorlik qilib, yana qancha piyoda yurganini o‘ylayveraman, o‘ylayveraman… Ana shu hol g‘arbliklar “jentlmenlik” deb ataydigan nazokatning, iltifotning, jo‘mardlikning, ayolparvarlikning asl sharqona, oliy namunasi edi! Men boburiy shohlarga poytaxt bo‘lgan Agra shahridagi, Hindistondagi ikki mashhur daryoning biri Jamna bo‘yidagi besh asrdan beri olam sayyohlarini hayratga solib kelayotgan viqorli, salobatli Tojmahalni eslasam, ana shu betimsol obidaning yaratilish tarixini, Shohjahon va Mumtoz Mahallarning bir-birlariga bo‘lgan otashin muhabbatlari, mehr-u oqibatlarini o‘ylayveraman-o‘ylayveraman. “Tojmahal” Mumtoz begim vasiyati, iltimosining ijrosigina emas, balki erning xotinga cheksiz muhabbati, sadoqati ramzi hamdir. Shuning uchun ham uni “Sevgi dostoni”, “Muhabbat va musibat yodgorligi” kabi nomlar bilan ta’rifl aydilar. Darhaqiqat, qariyb 20 yil davomida 22 ming ishchi, quruvchi, hunarmand kuchi, san’ati bilan barpo bo‘lgan bu muazzam maqbara uchun Shohjahon umrining ana shuncha yilini, butun dunyosini bag‘ishlagan, sarflagan!

Naqadar buyuk zot-a, ayol! Naqadar kuchli uning muhabbati!.. Albatta, masalaning ikkinchi tomoni ham bor – Mohim begimlar, Mumtoz Mahallar o‘z oqilaliklari, sharqona odoblari, ya’ni sabr-bardoshlari, hayo va ibolari, iffatlari, vafodorliklari, o‘z panohlari, valine’matlari izzat-hurmatini joyiga qo‘ya olishlari, ularga maslakdosh-u maslahatdoshlik maqomiga erishganliklari va boshqa fazilatlari bilan ana shunday muhabbatga, qadrlovga loyiq edilar! Zamonamizda ham Mohimlar, Mumtoz Mahallar yo‘q deysizmi, bor! Albatta, ularning buyukligiga, muqaddasligiga soya soladiganlar ham yo‘q emas. Lekin bu galcha ular haqida sukut saqlasak. Zero, olqamaslikning o‘zi yoqlamaslik-ku! Darvoqe, Nostradamus degan farang bashoratchisi bundan bir necha yuz yil ilgari XXI asrda ayollar saltanatining yuzaga chiqishiga sha’ma qilib ketgan ekan. Haqiqatdan ko‘z yumib bo‘lmaganidek, daryo to‘lqinini, to‘g‘rirog‘i, dunyo to‘lqinini ham to‘xtatib qolish amrimaholga o‘xshaydi. Darhaqiqat, hozir g‘ayri bir holat yuz berayotgani sir emas: savdo dunyosi – bozordagi, umuman, ko‘chadagi odamlarning uchdan ikki qismi, balki undan ham ko‘prog‘i ayollar! (Buning sabablari boshqa, alohida mavzu). Demoqchi mizki, ayollarning faolla shuvi ham davr, zamon taqozosi, chog‘i. Lekin ularning faollashuviga erkaklarning sustlashuvi, faolsizlashuvlari sabab bo‘lmayaptimikin? Shunday bo‘lsa, bu durust alomat emas. Bizda ayollar hamisha erkaklar himoyasida, panohida, qaramog‘ida, ardog‘ida bo‘lib kelgan, o‘z nafosati, nazokati, latofati, pazanda-yu bekaliklari bilan davramizni, oilamizni, hayotimizni, dasturxonimizni bezagan, umrimizga umr qo‘shib, unga mazmun va fayz bag‘ishlagan. Ayollarning gulga qiyoslanishi bejiz emas. Har qalay, ulardan atir bo‘ylari ufurib tursa, nigohlaridan mamnunlig-u saodat yolqinlari chaqnab, tiniq yonoqlari purkalgan, surkalgan qizil rangdan emas, tabiiy ol rangdan jilolanib tursa… Illo, diyorimiz ayollariga, qizlariga ana shunday dilbarlik, baxtiyorlik, ruhafzolik, mo‘tabarlik yarashgay!

Qamchibek KENJA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi

“Jadid” gazetasining 2026-yil 6-martdagi 10-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img79

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img595

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img593