19.03.2026 | 12:48
1986
O‘ZBEKISTON – TABARRUK ZAMIN
TURKSOY Bosh kotibi, Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Sulton Rayev bilan suhbat

– Sulton og‘a, o‘zbek ziyolilari va kitobxonlari Sizni taniqli adib va dramaturg sifatida yaxshi biladi, qadrlaydi, milliy matbuotimizdagi har bir chiqishingizni iliq qarshi oladi. Suhbatimiz Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga to‘g‘ri keldi. Bilamiz, Siz o‘zbekchada ham ravon so‘zlaysiz, demak, hazrat asarlarini asliyatda o‘qib, bahramand bo‘lgansiz. Shunday emasmi?
– Navoiy turkiy tilning hayratomuz imkoniyatlarini ijodi orqali isbotlab bergan. U nafaqat o‘zbek, balki butun turkiy xalqlar adabiyoti taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatgan betakror siymodir. Buyuk mutafakkir turkiy tilda ijod qilarkan, uni yuksaltirib, imkoniyatlarini namoyon etdi. Alisher Navoiy nafaqat buyuk shoir va mutafakkir, balki yirik davlat va jamoat arbobi sifatida ham madaniyat va san’at taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan. U temuriylar davrida Hirot shahrini yirik ilmiy-madaniy markazga aylantirish tashabbusini ilgari surdi va bunga erishdi ham.
Bolaligimda o‘zbek do‘stlarim ko‘p edi. Bemalol o‘zbekcha gaplashardim, chunki qirg‘iz va o‘zbek tili juda yaqin. Ona tilim qanchalik aziz va qadrdon bo‘lsa, o‘zbek tili ham ona suti bilan qalbimga kirgan. Shuning uchun ham, Navoiy ijodi bilan bolalik chog‘larimdan tanishish baxtiga muyassar bo‘lganman, g‘azal va ruboiylarini yod olganman, hali-hanuz o‘lmas satrlarini takrorlab yuraman.
Navoiy – o‘lmas siymo. Har lahza, har kun va har qadamda buyuk zotga ta’zim qilsak, uning asarlari bilan faxrlansak arziydi. Yaqinda O‘sh shahrida ul tabarruk zotning haykali tantanali ravishda ochildi. O‘zbekistondan nufuzli delegatsiya qatnashgan marosim chinakam do‘stlik bayramiga aylandi. Bu ikki qardosh xalq o‘rtasidagi madaniy va diplomatik aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi yana bir xayrli qadam bo‘ldi.
– “Turkiy dunyo Alisher Navoiydan qariyb 500 yildan keyin adabiyot cho‘qqisiga Chingiz Aytmatovni olib chiqdi”, degan gap bejiz aytilmagan. Ne baxtki, ana shunday shaxs bilan vatandosh, zamondosh va suhbatdosh bo‘lgansiz.
– Darhaqiqat, Chingiz Aytmatov – jahon adabiyotida o‘chmas iz qoldirgan buyuk yozuvchi. Uning ijodi insoniyatni ezgulikka, adolatga va ma’naviy poklikka chorlaydi. Aytmatov faoliyati nafaqat adabiyot, balki adabiy jamoatchilik va diplomatiya sohasida ham muhim ahamiyatga ega. Asarlarida inson va tabiat munosabati, ma’naviy tanazzul, vijdon, xotira, milliy qadriyat mavzulariga katta urg‘u beriladi. Shuning uchun ham, adib asarlari millat tanlamaydi.
Chingiz Aytmatovni ustozim deyishdan faxr tuyaman. U kishi haqiqiy ma’noda menga suyanch edi. Kitoblarimga so‘zboshi yozib bergan, “Makka tomon uzoq yo‘l” dramam sahnalashtirilganda, teatrga kelib tomosha qilgan. Ustoz o‘shanda menga duo bergan. Dunyo tanigan, tan olgan insonning duosini olib kam bo‘lmadim.
Chingiz og‘ani oxirgi bor ko‘rganimda ikki soatcha suhbatlashgandik. Sezdimki, ustoz ancha horg‘in, ammo fikrlari dadil va samimiy edi. Yaxshiyam, o‘sha diydor nasib qilibdi. Ko‘p o‘tmay… qirg‘iz xalqi o‘zining buyuk farzandidan judo bo‘ldi. Allohning azm-u irodasi, boshimiz egildi, qalbimiz yig‘ladi. Ustoz vafot etgan bo‘lsa-da, undan go‘zal va ta’sirchan asarlar qoldi. Biz qo‘limizdan kelgancha unga ergashamiz, xotirasini yod etamiz.
– Siz xalqaro tajribani chuqur o‘rgangan, ayni paytda, O‘zbekistondagi islohotlarni yaqindan kuzatib kelayotgan davlat va jamoat arbobisiz. O‘zbekiston rahbarining madaniyat va san’at yo‘nalishidagi islohotlari haqida nima deya olasiz?
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at sohasiga juda katta e’tibor qaratmoqda. Bu nafaqat milliy madaniy merosni saqlash va rivojlantirish, balki zamonaviy ijodiy muhit yaratish, xalqaro maydonda milliy brendni targ‘ib qilish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va har jihatdan barkamol avlodni tarbiyalash bilan bog‘liq keng ko‘lamli siyosatdir.
Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan tarixiy islohotlarni, oqilona va odilona siyosatni butun dunyo kuzatib, tan olmoqda. O‘zbek xalqi tarixda ikki Renessansga asos solgan. Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessansga asos qo‘yilmoqda. Uning poydevori zamonamizning buyuk siyosatchisi, davlat arbobi Shavkat Mirziyoyev g‘oyalari va tashabbuslari asosida mustahkamlanmoqda. Har bir jabhada yangilanish va o‘zgarish ko‘zga tashlanyapti. Ilm-fan, madaniyat, sport, tibbiyot, iqtisodiyot… O‘zbekiston dunyoning rivojlangan davlatlari bilan dadil tajriba almashmoqda.
Faxrlansa arziydiki, O‘zbekiston zamini dunyo sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan ne-ne buyuk zotlarni tarbiyalagan. Abu Ali ibn Sino ilmi zamonaviy tibbiyotga poydevor bo‘lgan. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy jamlagan hadislar islom olamining bebaho merosi hisoblanadi. “Ziji jadidi Ko‘ragoniy”ni tuzgan Mirzo Ulug‘bekning 1018 ta yulduz haqidagi kashfiyoti dunyo astronomlarini hali-hanuz lol qoldiradi. Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy kabi olimlar ham sizning tabarruk zaminingizda tug‘ilgan, kamol topgan.
Sohibqiron Amir Temurning Movarounnahrda markazlashgan davlat qurish yo‘lidagi sa’y-harakatlari barchamizga ma’lum. Yaqinda Sohibqiron tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida Prezident qarori imzolanganidan xabarim bor. Unda, jumladan, mavzuga oid tarixiy-badiiy va hujjatli filmlarni xorijiy mamlakatlarda namoyish etish belgilab qo‘yilgani xayrli ishdir.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sulton asari asosida “Ulug‘ Amir va donna Mariya” tarixiy-badiiy filmi suratga olinganini bilaman. Joriy yilning may oyida Budapesht shahrida film taqdimotini o‘tkazishni rejalashtiryapmiz. Nasib qilsa, kelgusida boshqa davlatlarda ham film taqdimotini tashkil qilish niyatimiz bor. Chunki Sohibqiron Amir Temurning Yevropa davlatlariga ko‘rsatgan ta’siri, san’at, madaniyat sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi, insonparvarlik siyosati mazkur film mazmun-mundarijasini tashkil qiladi. Bundan tashqari, “Tirik tarix” dasturi doirasida buyuk ajdodlarning boy ma’naviy-ilmiy merosiga bag‘ishlangan badiiy filmlar yaratilmoqda.
O‘zbek diyorida ko‘hna an’analar bardavom. Muhimi, dunyoni hayratga solayotgan yangi avlod bor, ularni qo‘llab-quvvatlayotgan, g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan davlat rahbari bor. Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan keng qamrovli siyosatga biz ham xayrixohmiz.
O‘zbekiston madaniyati, san’atiga hurmatim baland. Aynan O‘zbekiston rahbarining sa’y-harakatlari va tashabbusi bilan maqom va baxshichilik san’ati, “Lazgi” raqsi qayta hayot topdi. Xalqaro maqom san’ati anjumani, Xalqaro baxshichilik san’ati festivali, “Lazgi” xalqaro raqs festivali joriy qilindi. Bu nufuzli xalqaro madaniy loyihalarda Prezidentning shaxsan qatnashishi meni doim hayratga soladi.
Yana bir misol. O‘zbekiston yetakchisining tashabbusi bilan “15-aprel – O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni” sifatida nishonlab kelinmoqda. Men o‘tgan yili Andijonda tashkil etilgan bayramda qatnashib, mamlakatingizda soha xodimlariga naqadar yuksak e’tibor qaratilayotganiga yana bir karra amin bo‘ldim. Bu – jahon ayvonida kam ko‘riladigan favqulodda g‘amxo‘rlik namunasi.
– Darhaqiqat, bugun dunyo madaniyat va san’atdan ko‘ra urush va fitnaga ko‘proq e’tibor qaratayotganday, ma’rifatni emas, jaholatni moliyalashtirishga zo‘r berayotganday. Mana shunday murakkab davrda turkiy xalqlar birligi, san’ati va madaniyati uyg‘unligiga najotkor kuchlardan biri sifatida qarash mumkinmi?
– Dunyo, haqiqatan ham, murakkab jarayonlarni boshdan kechirmoqda: qurolli mojarolar, siyosiy kurashlar, axborot urushi, ma’naviy inqiroz… Bular – jaholat, ma’naviy halokat, san’at va madaniyatni yo‘qqa chiqaruvchi ofatlardir. Lekin san’at – quroldan ustun turadigan, qalbga ta’sir ko‘rsatadigan, fikrni o‘zgartiradigan katta kuch. Fikr o‘zgarsa, odamzotning muhitga munosabati ham o‘zgaradi. Turkiy xalqlar madaniyatida insonparvarlik, bag‘rikenglik va adolat g‘oyalari azaldan keng targ‘ib qilib kelingan. Ana shunday boy ma’naviy meros orqali jaholat muhitini yumshatishimiz kerak. Bunga qodirmiz. Qurol-aslaha, urush – tinchlikning dushmani, ammo madaniyat va ma’rifat ezgulikka undaydi, tinchlik-osoyishtalikni ulug‘laydi.
Siz ta’kidlagan birlik va uyg‘unlikning yorqin namunasi o‘laroq, TURKSOY Doimiy kengashining qarori bilan “Andijon – 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb e’lon qilindi. 2020-yilda Xiva shahri shunday maqomga ega bo‘lgan edi.
Andijon – buyuk shoir, atoqli davlat arbobi, yetuk sarkarda Zahiriddin Muhammad Boburning yurti. Jadidlar harakatining yorqin namoyandasi Cho‘lponning kindik qoni to‘kilgan tuproq… O‘zbek milliy qo‘shiqchiligi sohasida ulkan maktab yaratgan mashhur hofiz va bastakor, O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevni tarbiyalagan makon. Muhammad Yusufdek dilbar shoirni voyaga yetkazgan, maqom san’ati darg‘asi Munojot Yo‘lchiyevani bizga taqdim etgan tabarruk zamin… Yana qancha-qancha daholar beshigi.
Andijonning mazkur maqomga ega bo‘lishi o‘zbek madaniyati va san’atini xalqaro miqyosda tanitib, turkiy mamlakatlar bilan madaniy aloqani yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu maqom turkiy tillar va an’analarni o‘rganishni, madaniy diplomatiyani yangi bosqichga ko‘taradi.
Andijon uchun rang-barang loyihalar tayyorlanmoqda. Biz yaqinda Andijonda bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Andijon viloyati hokimligi rahbariyati bilan uchrashdik va yil davomida amalga oshiradigan tadbirlarimiz xususida atroflicha gaplashib oldik. Hali hammasi oldinda. Eng muhimi, bu yil Andijon uchun o‘ziga xos madaniyat yili bo‘ladi. Bu shahar timsolida O‘zbekistonning betakror madaniyati, an’analari xalqaro miqyosda yanada keng targ‘ib qilinadi. Mana shu ezgu vazifaga hissa qo‘shish biz uchun katta sharafdir.
– Kun tartibingiz tig‘iz bo‘lishiga qaramay, suhbat uchun vaqt ajratganingizdan minnatdormiz! Samimiy suhbat uchun katta rahmat.
Shahribonu IMOMOVA
“Jadid” gazetasining 2026-yil 13-martdagi 11-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



