25.03.2026 | 12:34
1147
ILMGA AYLANGAN UMR
Hayotda shunday insonlar bo‘ladiki, hayot yo‘liga havas qilib, o‘gitlariga yo‘lchi yulduzga talpingandek intilasan. Filologiya fanlari doktori, professor, akademik, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi To‘ra Mirzayev ana shunday o‘z ismiga munosib, aytar so‘zi bilan ishi bir bo‘lgan, shaxsiyati va ilmi bilan ibrat maktabini yaratgan olim edi. Ustoz hayot bo‘lganida bu yil to‘qson yoshga to‘lgan bo‘lardi.

To‘ra Mirzayev 1936-yilning 6-martida Shofirkon tumaniga qarashli Savrak qishlog‘ida tug‘ilgan. Ustozda folklorga qiziqish onasi Ma’mura ayadan eshitgan allalari, xalq qo‘shiqlari, otasi Mirzo Ro‘ziyevdan eshitgan turli rivoyat-u afsonalar tufayli bo‘lsa kerak. Chunki ustoz suhbatlarda, albatta, onasi yoki otasi nomini tilga olar, bolalikda eshitgan folklor namunalarining qanday ijro etilishi haqida fikr bildirar edi. Uning bolaligi urush yillariga to‘g‘ri kelgan, yosh bo‘lishiga qaramay, kattalar yonida turib mehnat qilgan, hayotni, odamlarni yaxshi o‘rgangan. Dastlab o‘rta maktabda, so‘ngra esa Buxoro davlat pedagogika institutining tarix va filologiya yo‘nalishida tahsil olgan. Institutni imtiyozli diplom bilan tugatib, Surxondaryoning Jarqo‘rg‘on tumaniga borib, maktabda o‘qituvchilik faoliyatini boshlagan. Bu uning taqdirini o‘zgartirib yuborgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘tgan asrning 60-yillari Surxondaryoda to‘ylar, tadbirlar baxshilar tomonidan kuylanadigan dostonlarsiz o‘tmagan. Bu hududda folklorga oid barcha namunalarning go‘zal va betakror ijrosi bilan tanishish imkoniyati yuzaga kelgan. Shuning uchun bo‘lg‘usi olim yoshlik g‘ayrati, pedagoglik mahoratini ishga solib, darhol “Yosh folklorshunoslar” to‘garagini tashkil etib, o‘quvchilar bilan birgalikda hududdagi folklor namunalarini yozib olish ishlarini boshlab yuborgan.
1960-yilda To‘ra Mirzayev jarqo‘rg‘onlik Mamadrayim baxshidan “Nurali” dostonini yozib oladi. Katta bir material yig‘iladi. Endi bu materiallarni o‘rganish, uni ilmiy tasniflash zarurati tug‘iladi. Shu maqsadda To‘ra Mirzayev Toshkent sari yo‘l oladi. O‘zbek folklorshunosligi asoschisi, taniqli olim Hodi Zarif oldiga shogirdlari bilan to‘plagan boy xazinani olib keladi. Ikki ulug‘ insonning tanishishi, bir-biriga mehr qo‘yishi shu taxlit boshlanadi. Hodi Zarif uning ishtiyoqi, amaliy tajribasini ko‘rib, shogird qilib oladi.
To‘ra Mirzayev O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining folklor bo‘limi aspiranturasida tahsil olar ekan, “Alpomish” dostonining o‘zbek variantlari bo‘yicha ilmiy tadqiqotni boshlab yuboradi. Bu o‘sha davrda o‘ziga xos jasorat edi. Epos ustida aylangan qora bulutlar hali to‘la arimagan, bu shoh asarga nisbatan sovet mafkurasi talabidan kelib chiqib yondashish va uni badnom qilishga urinishlar batamom so‘nmagan paytlar edi. Ilmiy Kengash a’zolari mavzu yuzasidan ikkilanganida, Hodi Zarif shogirdim aynan mana shu mavzuda ishlaydi, deb qat’iy turib oladi. Mutaxassislarimiz orasida bir gap bor: chinakam folklorshunos bo‘lishni istasang, albatta, “Alpomish”ni tadqiq etishing lozim, aks holda, folklorning mohiyatini anglashing mushkul bo‘ladi.
Folklor bir qarashda oddiy va sodda tuyulgani bilan uning chinakam tadqiqotchisiga aylanish hammaning qo‘lidan kelavermaydi. Amaliyotni, jonli ijro mohiyatini bilmasdan, bu hodisalarning ichida yashamasdan, xalq og‘zaki ijodining o‘zigagina xos xususiyatlarni farqlab yetmasdan turib, olim bo‘lish mumkin emas. To‘ra Mirzayevning Surxondaryoda folklor muhitida yashagani va keyinchalik folklor ekspeditsiyalarida to‘plagan tajribasi bu ilmda Hodi Zarifdan so‘ng katta maktab yaratishiga zamin bo‘ldi.
Olim 1966–1971-yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining Folklor bo‘limida ilmiy xodim, so‘ngra katta ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritdi. 1973-yilda Folklor bo‘limi mudiri lavozimiga tayinlandi. 1986-yilda “O‘zbek xalq baxshilarining san’ati va ular repertuarining asosiy xususiyatlari” mavzuidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Dastlab ustoz Hodi Zarif, so‘ngra o‘zi rahbarligida tashkil etilgan ilmiy ekspeditsiyalarda folklor arxivini yangidan yangi, folklorshunoslik uchun muhim nazariy xulosalar beradigan materiallar bilan boyitishga hissa qo‘shdi. O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘istonning turli hududlari bo‘ylab tashkil etilgan folklor ekspeditsiyalarida yozib olingan xalq ijodining nodir namunalari nafaqat o‘zbek folklorshunosligining oltin fondi, balki turkiy xalqlar va dunyo xazinasi uchun qimmatli manbalar hisoblanadi.
To‘ra Mirzayevning “Alpomish” dostoniga oid tadqiqoti uch bo‘limdan iborat. Dastlabki bo‘lim dostonning yozib olinishi, nashr etilishi hamda o‘rganilishi tarixi, ikkinchi bo‘lim asarning versiya va variantlari, uchinchi bo‘lim dostondagi motivlar talqini va badiiyatiga bag‘ishlangan.
“Alpomish” dostonidan parchalar dastlab “Bilim o‘chog‘i” jurnalida G‘ozi Olim Yunus tomonidan e’lon qilingan. Biroq, jurnalda mazkur parchalar qaysi baxshidan yozib olinganiga izoh berilmagan. To‘ra Mirzayev bu parchalarni sinchiklab o‘rganadi va uni baxshilardan yozib olingan matn bilan solishtirib, asarning boshlanishidan Boysarining Kashalga ko‘chishigacha bo‘lgan qism Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lidan, Alpomishning Barchinni izlab yo‘lga chiqishi bilan bog‘liq voqealar Hamroqul baxshidan olingan, degan xulosaga keladi.
To‘ra Mirzayev “Alpomish”ga aloqador nimaiki bo‘lsa, e’tibordan chetda qoldirmas, manba yoxud kitob holida chop etilgan variantlari bilan cheklanmay, jonli ijrolariga ham alohida ahamiyat berar edi. Ilk bora ushbu dostonni monografik miqyosda o‘rganib, qirqdan oshiq variantlarini tahlilga tortib, o‘zbek folklorshunosligini dunyoga tanitdi. Dostonning yaratilishi bilan bog‘liq turli bahsli savollarga javob topib berdi. Doston variantlaridagi motiv, syujet va obrazlar talqini qadim davrlarga borib taqalishini, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li variantini asos qilib olgan holda, uning barcha variant va versiyalar orasida mukammalligini isbotladi.
Eng muhimi, To‘ra Mirzayevga qadar hech bir folklorshunos birgina dostonning ko‘plab variant va versiyalarini tahlilga tortib, ularni yaxlit hodisa o‘laroq tadqiq etmagandi. Zero, dunyoga taniqli Viktor Jirmunskiydek olimning endigina nomzodlik ishini yoqlagan yosh tadqiqotchiga maktub yozib, minnatdorlik bildirishi bejiz emasdi. Bu, ilm olamiga o‘zining dadil qadami, jiddiy tadqiqoti bilan kirib kelgan olimning iqboli balandligini ko‘rsatardi.
“Alpomish” dostonini tadqiq etish shu bilan chegaralanib qolmadi. Ustoz umrining so‘ngiga qadar har bir maqolasi, tadqiqotida dostonga qayta va qayta murojaat qildi. Keyinchalik nashri yo‘lga qo‘yilgan “O‘zbek folklor yodgorliklari” ko‘p jildligining dastlabki “Alpomish” dostoni variantlariga bag‘ishlangan jildlariga yozilgan so‘zboshi va izohlarda yangicha fikr va qarashlarini bayon etdi. To‘ra Mirzayev sa’y-harakatlari bilan doston Germaniya, Turkiya, Xitoy, Qozog‘istonda nashr etildi.
Olim “Xalq baxshilarining epik repertuari” monografiyasida dostonchilik san’atining qadimiy ildizlari, uning janriy xususiyatlari, baxshi maktabining hududiy o‘ziga xosligi, repertuari, har bir maktabdagi ijrochilarning mahorati va badihago‘yligi, doston ijrosida baxshining doimiy ravishda takrorlanib keluvchi an’anaviy misralarga amal qilishi bilan bog‘liq savollarni muhokama qilgan va Ergash Jumanbulbul o‘g‘li ijodi misolida baxshi repertuari masalalariga oydinlik kiritgan.
Ma’lumki, epik formula – eposning yadrosidir. Biz epik formulaning nimaligini tushunmay turib, dostonlar mohiyatini anglab yetolmaymiz. Og‘zaki ijodning qonuniyati bitta, bu epik formulaga asoslanganlikdir. Bu ijodning og‘zakiligini, an’anaviyligini ta’minlaydi. O‘tgan asrning ikkinchi yarmida amerikalik olimlar M.Perri va A.Lord Yevropada so‘nib borayotgan baxshichilik san’ati namunalarini tinglab, fanda katta inqilob qilishdi. Ya’ni ular epik formula nazariyasi asosida Gomerning individual ijodkor, shoir emas, balki baxshi ekani, “Odisseya” va “Iliada” xalq ijodi namunalari ekanini isbotlashdi. Garchand epik formula haqida Hodi Zarif tadqiqotlarida ma’lumotlar uchrasa-da, To‘ra Mirzayev o‘z kitobida uni xalq og‘zaki ijodining qonuniyatlarini o‘zida mujassam etgan yaxlit adabiy hodisa sifatida tadqiq etdi.
“Go‘ro‘g‘li” dostoni o‘zbek folklorshunosligida ko‘p va xo‘p o‘rganilgan. Biroq, To‘ra Mirzayevning bu borada olib borgan tadqiqotlari nafaqat yurtimizda, balki turkiyalik olimlarning ham e’tirofini qozondi. Olim “Go‘ro‘g‘li” turkum dostonlarining jonli ijrosi va yozma, toshbosma nusxalarini qiyosladi. Mazkur dostonlarning keng geografik makonga tarqalish sabablariga oydinlik kiritdi. Baxshi hamda qissaxon baxshi ijrosidagi doston matnidagi o‘xshash va farqli jihatlarni ilmiy asosladi. Dostonning toshbosma nusxalarini, qissaxon baxshi Rahmatulla Yusuf o‘g‘lidan yozib olgan namunalarni nashr etib, kelgusi ilmiy tadqiqotlarning yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Uning rus tilida e’lon qilingan ko‘plab tadqiqotlari, “Песня Булбуля”, “Узбекская народная поэзия” kabi kitoblari olim nomini xorijiy o‘lkalarga tanitgan bo‘lsa, “Эпос и сказитель” nomli fundamental asari ustoz nomini yanada yuksaklarga ko‘tardi.
Hodi Zarif haqida ustoz ko‘p yozgan. Ustozga sodiqlikda, ilmda vorisiylikda To‘ra aka katta bir ibrat maktabi yaratib ketdi. “Hodi Zarif suhbatlari” – bu, shunchaki ustozi haqida xotiralar emas. Balki o‘zbek folklorining yuzaga kelish va taraqqiyot bosqichlari, folklorshunosligi tarixi haqidagi chuqur nazariy qarashlar ifodasidir.
Ustoz uzoq yillar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining direktori, Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti, so‘ngra O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti bosh maslahatchisi sifatida faoliyat yuritdi. Folklorshunoslik bo‘yicha ilmiy seminar va kengashlarga rahbarlik qildi. Mamlakatimizda baxshichilik san’atiga, folklorga, madaniyat va san’atga bo‘layotgan e’tibordan ruhlanib ijod qildi. “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” ko‘p jildligi nashr etilishiga bosh-qosh bo‘ldi. “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li” va boshqa ko‘plab sara doston variantlarini so‘zboshi, izoh va lug‘atlar bilan chop ettirdi. O‘nlab tadqiqotlar, yuzlab maqolalarini ilmiy jamoatchilikka havola qildi.
O‘ndan oshiq fan doktori, o‘ttizdan ortiq fan nomzodi va filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori dissertatsiyalariga, davlat dasturlari asosida amalga oshirilgan yirik ilmiy loyihalarga rahbarlik qildi. Umri davomida mingga yaqin ilmiy maqola, yuzga yaqin kitoblar chop etdi.
Domla ko‘p takrorlardi: “Olim bo‘lish oson, odam bo‘lish qiyin”. To‘ra aka ana shu qiyin yo‘lni tanlagan, ilmi bilan elni tanitgan, insoniyligi bilan qalblarni zabt etgan edi. U o‘z umri misolida bizga shunday saboq qoldirdi: ilm yuksaklikka yetaklaydi, ammo insonni ulug‘ qiladigan narsa – mehnat, halollik, samimiyat va odamiylikdir.
To‘ra Mirzayev Abu Rayhon Beruniy nomidagi davlat mukofoti sovrindoridir. “Do‘stlik” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan. Atoqli shoir Abdulla Oripov bir davrada To‘ra aka haqida gapira turib, uni xalq zakosida toblangan, el nafasi bilan yashagan, soddaligida hikmat, kamtarligida ulug‘vorlik yashiringan donishmand siymo sifatida vasf etgandi. Chindan ham, To‘ra Mirzayev so‘zi va amali bir, har ishda o‘zining yuksak tashkilotchiligi va tashabbuskorligini namoyon etib, ilm tug‘ini baland ko‘targan ustoz edi.
Jabbor ESHONQULOV,
filologiya fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2026-yil 13-martdagi 11-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



