26.03.2026 | 16:14
2127
O‘LIMGA TENG HUKM
Xalqimiz keksalarni jamiyatning ma’naviy tayanchi, tarixiy xotirani saqlovchi avlod sifatida qadrlaydi. Totalitar tuzum hukmronlik qilgan mudhish davrda bu qadriyatlar inobatga olinmay, yoshi ulug‘, katta hayot tajribasiga ega insonlar ham siyosiy gumon va ayblovlar girdobiga tortilib ketdi. Qahramonimiz – Sharif Yusufboyev 1870-yili Toshkent shahrida tug‘ilgan, shaharning Samarqand darvoza ko‘chasida istiqomat qilgan. Jamiyatda obro‘ qozongan huquqshunos. Savdo ishlari bilan tirikchilik qilgan va mahalla hayotida nuroniy sifatida hurmat topgan. Ammo u keksaligiga qaramay, qatag‘on qurboniga aylangan edi.

XX asrning birinchi yarmi Markaziy Osiyo xalqlari uchun og‘ir sinovlar davri bo‘ldi. Inqiloblar, siyosiy kurashlar va keyinchalik sovet hokimiyati tomonidan amalga oshirilgan ommaviy qatag‘onlar minglab insonlar taqdirini izdan chiqardi. Shunday beqaror va ziddiyatlarga to‘la davrda, Toshkent shahrida Turkiston ASSR harbiy komissari Konstantin Osipov boshchiligida sovet hokimiyatiga qarshi qo‘zg‘olon yuz berdi. Tarixga “Osipov isyoni” nomi bilan kirgan bu voqea o‘lkadagi siyosiy vaziyatni yanada keskinlashtirib, keyingi yillarda avj olgan qatag‘on siyosati uchun ham muayyan zamin yaratdi.
Bunga qadar esa 1918-yil oxiridayoq Osipov rahbarligida sovet hokimiyatiga qarshi kurash olib borish maqsadida Muvaqqat qo‘mita tashkil etilgan edi. Qo‘zg‘olon 1919-yil 18-yanvardan 19-yanvarga o‘tar kechasi Osipov buyrug‘i bilan boshlanib, Turkiston ASSR Markaziy ijroiya qo‘mitasi raisi V.Votinsev, Xalq komissarlari soveti raisi V.Figelskiy, Favqulodda komissiya raisi I.Fomenko, Toshkent soveti raisi N.Shumilov hamda boshqa bir qator komissarlar otib tashlandi. Qisqa vaqt ichida Toshkent shahri deyarli to‘liq qo‘zg‘olonchilar qo‘liga o‘tdi. Biroq ko‘p o‘tmay, isyon Qo‘qon, Samarqand va Perovsk shaharlaridan chaqirilgan qizil askarlar otryadlari yordamida bostirildi.
Sovet hokimiyati ushbu voqeadan so‘ng rejimdan norozi ko‘plab kishilarga nisbatan keng qamrovli terror va qatag‘onni boshladi. Partiya va sovet idoralarida “tozalash” ishlari avj oldi. Aholining turli qatlamlariga mansub ko‘plab yurtdoshlarimiz, jumladan, Sharif Yusufboyev ham ta’qib va jazoga duchor etildi.
Toshkent XIX asrning oxiri – XX asr boshlarida Turkiston o‘lkasining yirik ma’muriy va iqtisodiy markazlaridan biri edi. Jadid ziyolilari jamiyatni ma’rifat, qonun ustuvorligi va zamonaviy bilimlar asosida isloh qilish g‘oyasini ilgari surishardi. Yusufboyevning ham huquq sohasida faoliyat yuritishi, keyinchalik savdo ishlari bilan shug‘ullanishi uni Toshkentning iqtisodiy va ijtimoiy hayoti bilan uzviy bog‘lab qo‘ygandi. Biroq tarixning burilish nuqtalari ko‘plab insonlar kabi uning taqdiriga ham ta’sir ko‘rsatdi. Inqilob va hokimiyat almashinuvi natijasida huquq tizimi tubdan o‘zgarib ketdi. Yangi siyosiy sharoitda Yusufboyev avvalgi kasbiy faoliyatini davom ettira olmadi va tirikchilik tashvishi bilan savdo ishlariga bel bog‘ladi.
Afsuski, inqilobdan keyin shahar hayotida faol ishtirok etgan advokatlar, savdogar-u mulkdorlar shubhali toifaga aylandi-qoldi. Mahalla va saylov yig‘ilishlarida odamlarning ijtimoiy kelib chiqishi tekshirilardi. Shunday surishtiruvlar 1927-yilda Sharif Yusufboyev taqdiriga ham ta’sir qilib, u saylov huquqidan mahrum etildi. Bu qaror uning fuqarolik huquqlarini cheklabgina qolmay, bora-bora hukumat idoralari nazdida “ishonchsiz shaxslar” ro‘yxatiga tushib qolishiga sabab bo‘ldi.
Ko‘pni ko‘rgan, hayot tajribasiga ega insonlar o‘zbek jamiyatida azaldan alohida hurmatga sazovor bo‘lib kelgan. Mahalla hayotida ham nuroniylar maslahatiga quloq tutish, ularning so‘ziga e’tibor qaratish odatiy hol edi. Sharif Yusufboyev ham mahallada ana shunday obro‘ga ega kishilardan sanalgan. Shu bois, 1934-yildan 1937-yilning oktyabrigacha u Kuybishev mahallasidagi masjidda imomlik vazifasini bajarib turdi. Bu lavozimni u rasman tayinlangan imom sifatida emas, balki masjidda doimiy imom bo‘lmagani sababli, mahalla ahli iltimosi bilan vaqtincha zimmasiga olgan edi. Keyinchalik tergovda bu haqda uning o‘zi ham ta’kidlaydi.
Masjid atrofida faoliyat yuritgan, mahalla ahli orasida obro‘ qozongan insonlar 1930-yillar o‘rtalarida tez-tez tekshiruvlarga duch keldi. Natijada Sharif Yusufboyev ham “nazarga tushib”, oxir-oqibat, 1938-yil 23-fevral kuni 72 yoshida hibsga olindi. Uni O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi xodimlari Toshkent turmasiga olib ketishdi. Tergov materiallarida u Toshkentdagi so‘l eserlar tashkiloti bilan aloqada bo‘lgan, degan gumonlar ilgari surildi. Bundan tashqari, 1919-yilda shaharda yuz bergan Osipov qo‘zg‘oloni bilan bog‘liq ayblovlar ham qo‘yildi. Uning turli davrlarga oid faoliyati shu tariqa o‘zaro bog‘lab talqin qilinib, tergov ishining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylantirildi.
Unga “Sho‘royi Islom” aksilinqilobiy tashkiloti a’zosi shuningdek, saylovchilar yig‘inida SSSR Konstitutsiyasi va saylov tizimi haqida tanqidiy fikrlar bildirgan, degan ayblar ham qo‘yildi. Bu ayblovlarning aksariyati guvohlar ko‘rsatmalari va chaquv xatlari asosida tuzilgan. Ayblanuvchi uchun bunday sharoitda o‘zini himoya qilish amalda juda mushkul edi. Keksa insonning tergovda na huquqiy yordamga tayanish, na bo‘htonlarga munosib tarzda javob qaytarish imkoniyati qolmagan edi.
Sharif Yusufboyev 1938-yil 5-aprel kuni O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligining qarori bilan 10 yil muddatga mehnat-tuzatuv lageriga hukm qilindi, bu hukm uning uchun o‘lim jazosi bilan barobar edi.
Oila boshining achchiq qismati qolganlarga ham og‘ir zarba bo‘ldi. Ayniqsa, turmush o‘rtog‘i Oysha Husanova bu adolatsizlikka qarshi ko‘p kurashdi. Sobiq ittifoq bosh prokurori nomiga shikoyat arizasi yozib, turmush o‘rtog‘ining ishini qayta ko‘rib chiqishni so‘radi. Murojaat matnida keksa ayolning dard-u iztirobi yaqqol seziladi. “O‘zim keksa o‘zbek ayoli bo‘lib, boshdan kechirganlarim menga katta ma’naviy zarba berdi, sog‘ligim butunlay izdan chiqmoqda. Butun ishonchim bilan ayta olamanki, mening keksa erim hech qachon ijtimoiy xavfli shaxs bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham”, deydi u adolat talab qilib. Biroq oradan bir yil o‘tgach, 1940-yil 13-aprelda qabul qilingan qaror bilan Sharif Yusufboyevga nisbatan berilgan 10 yillik jazo o‘zgarishsiz qoldirildi. Uning bundan keyingi taqdiri haqida esa aniq ma’lumotlar saqlanmagan. Lagerda halok bo‘lgani yoki boshqa bir hududga ko‘chirilgani haqida hujjatlar hozircha topilmagan…
Qahramonimiz qismati o‘sha davrda minglab insonlar boshidan kechirgan fojialarning birgina manzarasi. Sharif Yusufboyev kabi insonlar hayotini o‘rganish nafaqat tarixiy haqiqatni tiklash, balki o‘tmish saboqlarini anglash, keksalar qadrini bilish va jamiyat xotirasida ularning nomini munosib saqlash yo‘lida ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2026-yil 13-martdagi 11-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



