30.04.2026 | 09:22
946
“BAXTSIZ KUYOV”DAN 100 YILLIK SABOQ
XX asr Turkiston o‘lkasiga kirib kelgan yangiliklardan biri, bu – teatr edi. Mintaqada garchi ommaviy tomoshalar bundan avval ham qo‘yilgan, odamlar gavjum joylarda, sayil va boshqa tadbirlarda bu kabi chiqishlar namoyish etilgan bo‘lsa-da, professional teatrlarning shakllanishi aynan jadidlar nomi va ularning serqirra faoliyati bilan bog‘liq. Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush” nomli birinchi milliy pyesasiga havas bilan Abdulla Qodiriy tomonidan yozilgan “Baxtsiz kuyov” jamiyatdagi illat va odamlar tafakkuridagi nuqsonlarga tutilgan ko‘zgu o‘laroq, qolaversa, milliy dramaturgiyamizning shakllanishi va rivojlanishiga qo‘shilgan hissa sifatida ham muhim ahamiyatga molik sahna asarlaridan biri hisoblanadi.

Muallif 1915-yilda yozilgan pyesani “Turkiston maishatidin oling‘an to‘rt pardalik foji’a” deya izohlaydi. Unda “kuyav bo‘ladurg‘an 25 yashar yigit” Solih marhum dadasining akasi – Abdurahim amakisining taklif va tavsiyasi, ammo zinhor ko‘magi bilan emas, Fayziboyning Rahima ismli 16 yashar qiziga uylanadi. Dramada, shuningdek, domla-imom, ellikboshi va boy obrazlari ham bor. Bir ixcham to‘y uchun “uch so‘m pul, bir kalla qand va bitta mulla” kifoya qilgani kabi, Turkiston ahli maishatidagi fojiani sahnada ko‘rsatish uchun Abdulla Qodiriyga shu yetti kishi yetarli bo‘lgan.
Bir boyning uyida xizmatkorlik qilib moyanasidan uch yuz so‘mga yaqin mablag‘ yig‘ib qo‘ygan Solihda orzu-havas yo‘q edi, deysizmi? Axir, ota-onasidan bolaligida judo bo‘lgan yigit ham yaxshi kunlar ko‘rsam, yelkamga oftob, ko‘ksimga shamol tegsa, deydi. Ana shu yaxshi kunlarining biri sifatida, taassufki, o‘z nikoh to‘yini tasavvur qila olmaydi. Chunki to‘y, turli oilaviy marosimlar bilan bog‘liq muammolar, isrofgarchilik va dilxiraliklar hamma vaqt asosiy muammo bo‘lib kelgani holda, bu Solih yashagan, Abdulla Qodiriy o‘z zamonidan hikoya qilgan davr uchun ham taalluqli edi. Baxtga qarshi Solihning Abdurahim amakisidek yaqin qarindoshi, beminnat maslahatgo‘yi bor. Amakining tor dunyoqarashi, odamlarning gapiga qarab ish qilishi, albatta, haddan ziyoda orzu-havasga berilishi Solihni baxtsiz kuyovga aylantiradi.
“Zamonamizda yomon bid’at, isroflar taraqqiy topkan, uncha-muncha oqchag‘a bu vaqtda uylanmak qiyin”, deya amakisining uylanish va katta to‘y qilish haqidagi maslahatiga asosli e’tirozini zorlanib aytgan Solih, muallif ta’biricha, qarzdor-abgor, ya’ni qarzni qaytarolmaydigan qarzdorga aylanib qolishidan xavfsirar edi. Amaki esa jiyanni qo‘rqoqlikda ayblab, “hozirgi zamonda qaysi bir yigit qarzdor bo‘lmay uylanyapti”, deya e’tirozga e’tiroz bildiradi. Mana shunday vaziyatda o‘zbek xalqining “Qarz uzilar, xotin yonga qolar” degan naqlini o‘ylab topganlardan ranjiydi kishi.
Keyingi voqealar Fayziboyning mehmonxonasida bo‘lib o‘tadi. Bo‘lajak kelinning ota uyidagi voqea sovchilik bilan boshlanib, to‘y maslahatiga ulanadi. Maslahat mahali Fayziboy Abdurahim hamda domla-imomni o‘z tomoniga og‘dirib, bo‘lib o‘tajak to‘y bazmini as’asa-yu dabdaba bilan o‘tkazishni reja qilib, oyoq tirab turib olsa, yangi fikr sohibi bo‘lgan ellikboshi: “Sovchigarchilik olug‘-solug‘i so‘ylashilmasa, chunki kuyov bo‘lmish yigit o‘zingizg‘a ma’lum, yetim, ham kambag‘al. Yana olug‘-solig‘ shari’atda yo‘q gap. Olug‘-solug‘ qilinsa, kuyovdan ko‘b oqcha olinsa, qarzdor bo‘lub qolsa, yaxshi emas, deyman. Kerakli narsalarg‘a ozroqqina oqcha olub, nikohlab bersangiz, shari’atdagi ish bo‘lur edi”, deya kamxarj to‘y maslahatini pishirishga urinadi.
Domla-imom esa “har ikki to‘yda besh yuz so‘m pul, o‘n besh qo‘y, bir ot, to‘rt botmon bug‘doy, to‘rt botmon brinch, kajavada mayiz, turshak, o‘n yashuk har xil qand va shirinlik, yigirma quyum holva, uch ming dona katta non, qozonda nisholda, qizlarig‘a o‘n bosh-oyoq kiyim, kimxob, duxoba, shohi, atlas, movut, chidagan, chit va boshqalar; har biridan ko‘ylak, kamzul va mazkurlarg‘a loyiq qimmatbaho ro‘mollar, yana uch dona paranji shohi, duxoba, adras, uch dona kavush-maxsi, qavm-qarindoshlarig‘a, o‘zlarig‘a, zaifalarig‘a bosh-oyoq kiyim”, deya o‘z ta’biricha “osonroq” yechimni aytadi.
“Har kimdan qarzdor bo‘lub turub, qo‘llaridagi birovning oqchasini to‘y- tomoshag‘a isrof qilib, puldorni pulini topib berolmay, sinib, mulk-ashyodan ajralub yotkanlarini ko‘rmadingizmi? Ularning to‘yini to‘y demang, oxiri aza-ku, taqsir”, deb zorlangan ellikboshining so‘zlari havoda qoladi. Davradagilarning hech biri qulog‘iga ilmaydi. Alaloqibat, to‘y shariatni yoqlagan domla-imom va zamona zaylini pesh qilgan Fayziboyning istagiga muvofiq “taxminan bir ming besh yuz so‘m” atrofidagi xarj bilan o‘tkaziladi. Bu to‘y uchun Solih Boydan to‘qqiz yuz so‘m qarz oladi. Shu shart bilanki, “avval to‘qquz yuz so‘mg‘a bir yuz so‘m ijara qo‘shub berib, bir ming so‘mg‘a ham veksil beradi, ham hovli va hovlidagi hamma narsalarni natariusdan garov (zalo‘k) qilub” berish shartiga ham noiloj rozi bo‘ladi.
To‘rtinchi pardada asl fojia sodir bo‘ladi. Nikohdan so‘ng hayotining asal oyini o‘tkazishi lozim bo‘lgan yangi kuyov-kelin – Solih va Rahima qarz balosi girdobida umrining boshi berk ko‘chasida mahzun o‘tiradilar. Bu qorong‘i ko‘chada esa Solihning ko‘ziga o‘lim najot nuridek ko‘rinadi. Eridan judolikni ko‘tara olmasligiga ko‘zi yetgan Rahima Solihning qo‘lidagi pichoqni olib, o‘ziga uradi. “Seni va meni bevaqt o‘lumimizg‘a isrof sabab bo‘ldi”, deya ko‘zda yosh bilan Solih ham o‘z joniga qasd qiladi…
Drama yakunida ellikboshining monologidan mazkur sahna asari orqali hazrati Qodiriyning ham el-ulusga kuyunib aytmoqchi bo‘lgan fikrlari o‘rin olgan deyish mumkin: “Sizlar ham shundoq isrof qilmoqdasiz. Isrofning ziyonini ko‘rdingizlar. Fayziboydan ibrat olinglar, ko‘rdingizlarmi, isrof qilub, oxiri holi nima bo‘ldi? Shari’ati mustafog‘a bo‘yunsuninglar, endi ko‘zlaringizni ochinglar. Bid’at to‘yg‘a isrof bo‘ladurgan oqchag‘a o‘g‘lingizlarni o‘qutinglar yoki jamiyati xayriyag‘a iona qilinglar. O‘g‘ul o‘qutmoq yaxshi ham farzdur, to‘yg‘a isrof qilmoq bid’atdur. Yana qiz erga bermoqni og‘irlashdurganlaringizni bir katta ziyoni shulki, ba’zi yigitlarimiz o‘ttuz-qirq yoshg‘acha uylanmay yurarlar. Sababi esa xotun olmoq og‘irlashgani, unga bir ming so‘m, bir yarim ming oqcha kerak bo‘ladur. Bul oqchani topolmay, noiloj bo‘lub… qanday noma’qulchiliklar qilub nomimizni yomonlikg‘a chiqarub, butun islom olamini bulg‘atadurlar. Munga kimlar sabab bo‘ldi? Albatta, qizlik otalar. Muni gunohisi kimga? Albatta, qizlik otalarg‘a, chunki shari’atda yo‘q narsalarni olaman, deylar va yigitlarimizni mundoq narsalar beruvg‘a quvvatlari yetmaydur-da, shunday badkorlikni ixtiyor qiladilar. Yana qizlik otalarg‘a aytamanki, qadimg‘i odatimizni tashlasak, xalqg‘a kulgi bo‘lamiz, deb o‘ylamasunlar. Kulgan kishilar, gunohlari azm bo‘lib, shari’atg‘a bo‘yunsunmagan bo‘ladurlar”.
Xo‘sh, bu pyesa yozilib, oradan bir yuz o‘n yil o‘tgach, “Diydor” teatr-studiyasida qayta sahnalashtirilishi uchun nima turtki bo‘ldi? To‘ylarda ortiqcha hashamatga berilish, oilaviy marosimlarga haddan ortiq pul sarflash, isrofgarchilik, oqibatda bo‘g‘zigacha qarzga botish oradan bir yuz o‘n yil o‘tsa-da, kelin-kuyovlarni tom ma’noda baxtsiz qilmoqda. Polshalik rejissyor Machey Viktor Abdulla Qodiriyning ushbu asariga murojaat qilib, o‘zbek teatrida sahnalashtirgan mazkur spektakli ayni zamon o‘zbeklariga tutilgan toshoynadir.
Spektaklda pyesadan tashqari bir ko‘rinish bor. Bu ko‘rinishga tomoshaning ilk daqiqalarida guvoh bo‘lasiz. Unda Fayziboy to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha hukumatning qarorini o‘qib eshittiradi. Ahamiyatli va ajablanarlisi, bu qarorni Solih va ellikboshi qatorida domla-imom ham, Abdurahim amaki ham, Boy ham eshitadi, olqishlaydi; achinarlisi qarorni Fayziboyning o‘zi o‘qib berganida…
Abdulla Qodiriy “Baxtsiz kuyov” dramasida ko‘targan muammo hanuz dolzarbligini yo‘qotmaganini dabdabali to‘y o‘tkazib, qarz botqog‘iga botib qolayotgan qo‘ni-qo‘shnilarimiz misolida ham ko‘rib, bilib, afsuski, tomoshabin bo‘lib turibmiz. Hashamatli to‘y uchun ortiqcha sarf-xarajatlar zamon bilan hamnafas bo‘lmagani kabi, hech kimni, ayniqsa, yangi oila qurgan yoshlarning baxtini belgilamaydi. Bu illatning fojiali oqibatlarini ham hayotda, ham hayotimiz ko‘zgusi bo‘lgan teatr sahnasida ko‘rib turibmiz.
Solih-ku, bir pyesa qahramoni. Ammo bugun yon-atrofimizda to‘y qilaman deb umri azaga aylanayotganlar, bir kunlik to‘yni deb yillab qarz sirtmog‘ida nafasi qisilganlar, ayni o‘ynab-kulaman degan paytda kunining o‘n besh-yigirma soatini mehnatga sarflayotgan baxtsiz kuyovlar yo‘qmi? Odamzod o‘ziga o‘zi tilab olar ekan-da. Axir dabdabali to‘y qilish majburiyat emas, ammo qarzni qaytarish ikki dunyo yoqangizdan tutadigan majburiyat-ku. Sog‘lom odam hech qachon halokatni ixtiyor etmaydi.
Istagimiz, “Baxtsiz kuyov” dolzarb mavzu bayoni emas, yaqin o‘tmishimizdan olingan fojia bo‘lib qolsin!
Otabek ISROILOV
“Jadid” gazetasining 2026-yil 24-apreldagi 17-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
100
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
611
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
608



