04.05.2026 | 10:02
853
ULUG‘BEKNI ARDOQLAGAN CHEX ASTRONOMI
1873-yilda tashkil topgan Toshkent astronomiya observatoriyasi nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda ko‘hna ilm maskani hisoblanadi. Dastlab Turkiston o‘lkasi meteorologiyasini o‘rganish va o‘lka hududining xaritasini tuzish maqsadida barpo etilgan vaqtdan boshlaboq, mazkur observatoriyada kuzatishlar yo‘lga qo‘yilgan. Biroq 1894-yilda osmon xaritasini tuzish dasturi doirasida osmon jismlarini suratga olish uchun normal astrograf o‘rnatilganidan keyingina jiddiy astronomik kuzatishlar boshlangan. Shuning uchun maxsus astrofizik lavozimi ta’sis etilgan.

1895-yildan 1904-yilga qadar bu lavozimda Vsevolod Stratonov ishlagan. 1905-yilda uning o‘rniga chex astronomi Iosif Sekora kelib, 1911-yilgacha faoliyat olib borgan.
Iosif Sekoraning faoliyati, jumladan, Toshkentdagi hayoti haqida bir qancha maqolalar yozilgan. 2013-yilda Toshkent astronomik observatoriyasining 140 yilligi munosabati bilan arxiv materiallariga murojaat etdik. Hujjatlar orasida “Toshkent astronomik va fizik observatoriyasi tarixidan qaydlar”ni topishga muvaffaq bo‘ldik. Umumiy hajmi 184 sahifalik qo‘lyozma 1910 – 1923-yillarda observatoriyada izlanish olib borgan va Sekorani shaxsan bilgan N.F.Bulayevskiy tomonidan yozilgan.
2014-yilda Chexiya akademiyasi xodimi doktor Kirill Ronga murojaat qilib, arxivlardagi Sekoraga oid materiallarni yuborishini so‘radik va ayrim manbalarni olishga muyassar bo‘ldik. Ayni paytda O‘zFA Astronomiya instituti kutubxonasida Sekoraning 1911-yildan butkul pedagogik ishga o‘tguniga qadar nashr ettirgan deyarli barcha asarlari mavjudligini ta’kidlash lozim. Olimning maqolalari bilan tanishuvimiz uning fanga qo‘shgan hissasiga oid ayrim xulosalarni oydinlashtirish imkonini berdi.
Iosif Sekora 1870-yil 16-yanvarda Xarkov shahri gimnaziyalarida qadimgi (lotin, grek) tillarni o‘qitish uchun taklif etilgan chex pedagogining oilasida tug‘ilgan. 1892-yilda Xarkov universiteti fizika-matematika fakultetini tugatgach, oliy o‘quv yurti huzuridagi observatoriyaga ishga kiradi. Shu davrdan astronom sifatidagi samarali faoliyati boshlangan.
1899–1901-yillarda Shpitsbergenda gradusli o‘lchashlar o‘tkazish bo‘yicha Rossiya–Shvetsiya ekspeditsiyasidagi ishtiroki Sekoraning ilmiy faoliyatida muhim ahamiyat kasb etgan. Ishtiroki uchun u maxsus orden bilan taqdirlangan va unga yiliga 200 so‘mdan umrbod nafaqa tayinlangan.
TOSHKENT OBSERVATORIYASIDA
Iosif Sekora 1905-yilda Toshkentga kelganida astronomik kuzatuvlar, hatto Shpitsbergenda qutb yog‘dusi spektrlarini suratga olishdek murakkab amallarni bajarish bo‘yicha katta tajribaga ega edi.
Olimning Toshkentdagi faoliyati davri ilmiy masalalarning keng qo‘llanilishi bilan xarakterlanadiki, ularni hal etishda kuzatuvchining asbob-uskunalarni yasash va takomillashtirish salohiyati namoyon bo‘ldi. Sekoraning sa’y-harakatlari bilan O‘zbekistonda seysmik tadqiqotlar rivoj topdi. U o‘z oldiga Toshkentda seysmik stansiyalar tarmog‘ini barpo etish vazifasini qo‘ydi, zero, o‘sha vaqtlarda shaharda birgina seysmik stansiya ishlab turardi. Ko‘p o‘tmay olimning faol ishtirokida qo‘shni mintaqalarda ham shunday stansiyalar barpo etildi. U hatto, seysmograf yasagan va 1907-yil 21-oktyabrdagi Qoratog‘ zilzilasini shu apparatda qayd etishga muvaffaq bo‘lgan. 1911-yilda Toshkent observatoriyasida seysmolog lavozimi ta’sis qilinib, bir vaqtda Samarqand va O‘shda yangi seysmik stansiyalar barpo etilgan.
Astronomiya Sekora uchun hammasidan qiziqarliroq soha edi. U 1905-yildan 1911-yilgacha bo‘lgan ilmiy tadqiqotlarini “Toshkent astronomik observatoriyasi asarlari”ning ikki jildida nashr ettirdi (1910, 1913).
“UCHAR YULDUZ”LAR TADQIQOTCHI NIGOHIDA
XX asr boshlari yorqin kometalarga boy bo‘ldi. Bu, shubhasiz, o‘sha yillarda Toshkent astronomik observatoriyasining kuzatuvlar dasturida o‘z ifodasini topdi. Mana, Iosif Sekora kuzatgan va mufassal bayon etgan kometalar ro‘yxati: 1907 IV (Daniel), 1908 III (Morxauz), 1910 I (Katta janub kometasi) va mashhur Galley kometasi 1910 II (IP/Halley). Sekora normal astrograf (D=330 mm, F=3436 mm) va uning turbasiga mustahkamlangan Seyss firmasining planar yorug‘lik kuch (1:3.6) kamerasi yordamida kometalarni suratga tushirdi. U olgan suratlarning aksariyati yuqori darajada sifatliligi bilan ajralib turardi.
Galley kometasida olib borgan kuzatishlari xususida alohida to‘xtalib o‘tish joiz. Ushbu kometa davriyligi qisqa bo‘lib, 75-76 yildan iborat. 1835-yildagi ko‘rinishi davridan e’tiboran fotografiya astronomik kuzatishlar amaliyotidan mustahkam o‘rin oldi. Binobarin, 1910-yilda Galley kometasining paydo bo‘lishi ilk bor fotoplastinkalarda muhrlandi.
Shunisi diqqatga sazovorki, Galley kometasi 1985-1986-yillarda ko‘ringanida ham Toshkent normal astrografi yordamida suratga olingan. Qolaversa, O‘zbekistonda o‘sha davrda Kitob shahrida o‘rnatilgan Seyss qo‘shaloq astrografida ham suratga olinardi.
Kometa orbitasini aniqlashtirish hamda nisbatan yaqin masofadan ilmiy asbob-uskunalar yordamida Galley kometasini o‘rganish uchun uchirilgan “Vega-1” va “Vega-2” sovet kosmik apparatlari, Yevropaning “Jatto” hamda yapon “Sakigake” va “Suisey”lari trayektoriyalarini to‘g‘rilashni ta’minlash maqsadida har ikki teleskop kometalarni patrullash xalqaro dasturiga kiritilgan. Galley kometasini quruqlikdagi kuzatish dasturi byulleteniga ko‘ra, O‘zFA Astronomiya instituti Galleyning makondagi 267 aniqlangan holatini taqdim etib, dasturda ishtirok etgan jahonning yuzdan ziyod observatoriyalari orasida birinchi o‘rinni olishga muvaffaq bo‘ldi.
Ushbu kometaning 1910-yildagi paydo bo‘lishi masalasiga qaytsak. O‘sha vaqtlarda jahonning ko‘pgina observatoriyalarida noyob hodisa – “uchar yulduz”ning quyosh gardishi fonidan o‘tishini kuzatishga katta tayyorgarlik ko‘rilgan. Bu hodisa 18-martda ro‘y berishi lozim edi. Toshkent astronomik observatoriyasida ham Sekora rahbarligida bu borada faol ish olib borilgan. Bunda o‘tgan yillardagi kometa kuzatuvlari juda asqotdi. Hodisani uchta teleskop yordamida kuzatish rejalashtirildi: Bulayevskiy 6 dyumli teleskopda, Davidov 5 dyumli Seyss turbasida, Sekoraning o‘zi esa mazkur hodisani normal astrograf minorasining ichiga o‘rnatilgan 3 dyumli turba yordamida kuzatishni rejalashtirdi. Shu yerning o‘zida maxsus chodir tikdi. Bu g‘oyat mohirona yechim edi. Mazkur yechim tufayli ichiga faqat 3 dyumli turba obyektividan o‘tgan nur tushgan, natijada 15 santimetrga yaqin o‘lchamdagi quyosh tasviri nihoyatda aniq va yorqin bo‘ldi, unda hatto fotosferaviy teshikchalarni ham ilg‘ash mumkin edi.
Ikki olim quyosh gardishi fonida kometaning sust izini ko‘ra olmadi. Bu ayni kutilgan natija edi, zero, ilgari bunday hodisani kuzatishga intilganlarning birontasi ko‘ngildagidek natijaga erisha olishmagan. Buni qarangki, Sekora ayni shu vazifani uddalashga muvaffaq bo‘ldi. Bu esa olimning haqiqatda mohir kuzatuvchi-astronom bo‘lganini ko‘rsatadi. Aqalli uning oddiy asbob-uskunalar bilan qutb yerining murakkab va og‘ir sharoitida qutb yog‘dusini suratga olganini eslaylik. Qolaversa, hamkasblaridan farqli o‘laroq, o‘zi o‘ylab topgan sharoitda – qorong‘i chodir ichida kometa o‘tishini kuzatishi ham tahsinga sazovordir.

METEORLAR KUZATUVI
Toshkentda meteorlar kuzatuvi borasida Sekoradan o‘tadigani yo‘q edi. Ta’kidlash joizki, Toshkent observatoriyasi meteorlar kuzatuvi rasmiy kuzatuvlar dasturiga kiritilgan sanoqli rasadxonalardan biridir. 1883-yildayoq I.Pomerantsev P.Zalesskiy bilan hamkorlikda Pons kometasi bilan bog‘liq meteor oqimini kuzatishgan. Bu mavzu Sekora uchun yangilik emas edi. Yurev observatoriyasida ishlash asnosida u meteor oqimlarini kuzatishda kichik yorug‘lik kuchiga ega kameralar hatto astrograflardan ham ancha samarali ekani haqida xulosaga kelgan.
U 1906-yilda meteorlarni kuzatish uchun bir necha o‘nlab kilometr masofalarda, Toshkent astronomik observatoriyasida, Iskandar qo‘rg‘oni va Chimyonda muhim punktlar barpo etdi. Toshkent astronomik observatoriyasi va Chimyondagi punktlarni SF=1:3, Iskandar qo‘rg‘onidagi punktlarni 1:3.5 kameralari bilan jihozladi. Ushbu maskanlarda kuzatuv olib borib, 22 ta fotoplastinkada meteorlarning 11 ta suratini olishga muvaffaq bo‘ldi. Xususan, 1909-yil 11-avgustda bir vaqtning o‘zida uchta punktda meteorlarni suratga olishdek tarixida ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan darajada g‘oyat muhim holat ro‘y berdi.
Sekora meteorlar balandligini fotosuratlar bo‘yicha aniqlash usulini ishlab chiqib, amaliyotda qo‘llay boshlagan. Uning metodlari P.Savitskiy tadqiqotlarida yanada rivojlantirildi. U 1926-yilda 386 ta meteorning balandliklari haqidagi ma’lumotlarni nashr ettirdi. Ayni vaqtda Toshkent astronomik observatoriyasida N.Sitinskaya ham meteor masalasi bilan shug‘ullana boshlagan. U Sekoraning fotosuratlarini qaytadan ishladi, 1909-yil 11-avgustda Sekora dasturi bo‘yicha bir vaqtning o‘zida uchta punktda tasvirga tushirilgan bolid suratlarini 1936-yilda nashr ettirgan o‘z ishida qiyomiga yetkazib, bolid yorug‘ligi o‘zgarishining aniqlangan qiymatlarini chiqardi.
Sekora meteorlar yorug‘ligi chayqalishini zarralarning to‘zishi bilan emas, balki gazlarning kengayishi bilan izohladi. Bu taxminning haqiqatligi 1935-yilga kelib meteorlarni spektral kuzatishlar asosida tasdiqlandi. U meteorlarni ular yorug‘ligining o‘zgarishi bo‘yicha “sokin” va “portlovchi” deb tasniflashni taklif qildi.
IOSIF SEKORA SHAXSIYATI
Olim shaxsiyatiga oydinlik kiritish imkonini beradigan birdan bir manba Bulayevskiyning yuqorida tilga olingan qaydlaridir. Unda shunday yoziladi: “U o‘zining jiddiy ko‘rinishiga qaramay, juda ko‘ngilchan, ta’sirchan, lekin qobiliyatli va serg‘ayrat… U dilkash, suhbatlarda o‘z tajribalarini baham ko‘radigan bag‘ri keng inson edi. Undan ko‘p narsani, xususan, laboratoriya astrografida ishlashni o‘rganish mumkin edi”.
Bulayevskiyning qayd etishicha, Iosif Sekora fortepianoda hazin kuylar chalar, “yoz kunlari u ijro etgan kuy meridian zaligacha yetib borar va sizni beixtiyor o‘z domiga tortardi”.
Sekoraning shaxsiyatini ifodalovchi muhim jihatlardan yana biri uning pedagoglikka rag‘bati kuchliligidir. Bu xususiyat otasidan o‘tgan. Olim 1911-yilda ilmiy faoliyatini nihoyasiga yetkazib, qolgan umrini pedagoglikka bag‘ishlaydi. Dastlab Toshkent ayollar gimnaziyasini boshqaradi, keyinroq Litvaning Shavel gimnaziyasiga o‘tadi. O‘z vazifasiga jiddiy munosabatda bo‘lgani, fidoyiligi sabab unga tez-tez nufuzli lavozimlar taklif qilinardi.
1918-yilda Chexoslovakiya korpusida isyon ko‘tarilganidan keyin sovet hukumati mamlakatdan barcha chexlarni chiqarib yuborgan. 1921-yilda navbat Sekoraga yetib keldi. Rossiya fani va maorifi oldidagi xizmatlariga qaramay, uni ham “qora ro‘yxat”ga kiritishgandi…
Olim o‘zining butun ilmiy faoliyati davomida 80 dan ziyod ilmiy va ilmiy-ommabop asarlar yaratdi. Ana shu asarlarning aksariyati hammualliflarsiz yozilganligi ishning barcha jarayonlari, shu jumladan, kuzatishlar, ma’lumotlar tahlili va ishlanmalar, maqolalar yozish o‘zining zimmasida bo‘lganidan dalolat beradi.
Ha, Iosif Sekora haqiqatdan fidoyi tadqiqotchi bo‘lgan. Uning qalamiga mansub asarlar olim ilmiy qiziqishlari doirasining kengligi, shuningdek, qutb yog‘dulari, kometa va meteorlar, quyosh tutilishlari singari tez o‘tadigan, tasodifiy hodisalarga yuksak layoqatidan dalolat beradi.
MIRZO ULUG‘BEKKA EHTIROM
Iosif Sekora 1910-yil noyabr oyida Rossiya astronomiya jamiyati va ilmiy jamoatchiligi hamda Turkiston aholisiga Mirzo Ulug‘bekka haykal o‘rnatish uchun mablag‘ ajratish bo‘yicha murojaat etgan.
1911-yil 7-mart kuni Imperatorlik Rossiya geografiya jamiyati Turkiston bo‘limining majlisida Sekora “Ulug‘bek yodgorligi haqida” ma’ruza qilgan. U o‘z ma’ruzasida katta bilimga ega bo‘lgan kuzatuvchi astronom sifatida nafaqat Samarqand rasadxonasining usturlobini tavsiflab berdi, balki bu yerda saqlanib qolgan obidalarni ehtiyotlash choralarini ko‘rishga da’vat etdi. Mirzo Ulug‘bek barpo etgan rasadxona uning o‘zi uchun qurilgan abadiy yodgorlik ekanini ta’kidladi.
Iosif Sekora umrining eng sermahsul davri Toshkent astronomiya observatoriyasi bilan bog‘liq holda kechdi va bu muassasa tarixida yorqin iz qoldirdi.
Shuhrat EGAMBERDIYEV,
akademik
“Jadid” gazetasining 2026-yil 1-maydagi 18-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



