13.05.2026 | 14:36
1374
TIRIK QOLISH BUYURILGAN
UVB-76: Kod: “NJTI 97281 NOOSFERA 5176 3559”
Sarlavhaga ajablanmang. So‘zlar dunyosi tobora raqamli olamga o‘rin bo‘shatib berayotgan davrda “Jadid”ning yuqori badiiy did va keng akademik bilimga ega, gazetadan yuksak estetik zavq hamda yangi g‘oyalar kutuvchi mushtariylari e’tiborini quruq hisobot-maqolalar bilan tortishning imkoni yo‘q.
Bu g‘alati belgilar texnologik sirlar, konspirologiya, futuristika va geosiyosatda qanday ma’no anglatishiga quyida batafsil to‘xtalamiz.

Zabardast jadid bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy ham yoshlarni ilm-fanga qiziqtirish uchun shu kabi usullardan unumli foydalangan. U kishining “Qisqacha umumiy jo‘g‘rofiya” asaridagi: “Mirrixda (Marsda) hayot bor va ilmi bizdan ziyoddir”, degan ilmiy-fantastik farazlari o‘sha davr Turkistoni uchun misli ko‘rilmagan jasorat edi. Mutolaa orqali hali o‘zbek matbuoti deyarli to‘xtalmagan va o‘quvchilarga tushuntirib bermagan hodisa hamda faktlar, dunyoda keng muhokama qilinayotgan farazlardan o‘ziga xos xulosalar chiqarish, faol o‘quvchi sifatida yangidan yangi farazlarni ilgari surish imkoniga ega bo‘lasiz.
Ajabtovur tahlil va hodisalarning mantiqiy izchilligini teranroq anglash uchun avval yurtimizning raqamli rivojlanishi qanday bosqichlardan o‘tayotgani va biz nimalarga intilayotganimizni tahlil qilib olishimiz zarur.
RAQAMLI BUYUK IPAK YO‘LI
Keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan raqamli-texnologik inqilob ko‘lamini his qilmagan odam bo‘lmasa kerak. Biz qisqa fursatda internet tezligi soniyasiga 2,5 Mbit/s.dan oshmaydigan, oddiygina elektron pochtani ochguncha qumg‘onda choy qaynatib, parvarda bilan tamaddi qilib olishga ulguriladigan “raqamli zindon”dan mintaqaning texnologik bayroqdoriga aylandik.
Bugun yurtimizda internet tezligi soniyasiga 100 Mbit/s.dan oshadi. 2016-yildagi bir megabayt internet uchun to‘lanadigan 400-600 so‘m o‘rnini 3-5 so‘mdan oshmaydigan narxlar egalladi. Ayrim ulgurji paketlarda hatto 1 so‘mdan ham xarid qilish mumkin. Aholining internet bilan ta’minlanganligi bo‘yicha xalqaro statistikaning oxirgi qatorlaridan – narxlar eng arzon “top” davlatlardan biriga aylandik.
“Bir million dasturchi” loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirdik. Iqtisodiyotga “IT eksport” degan tushuncha kirib keldi. Hisobotlarga qaraganda, yiliga 1 milliard dollarlik IT mahsulot sotyapmiz. Ichki onlayn xizmatlardan ko‘rilayotgan foyda 10 trillion so‘mga yaqinlashdi. Sohada 100 mingdan ortiq yoshlar yuqori daromadli ish bilan ta’minlandi. Yashil energiyaga asoslangan yirik data-markazlar qurilmoqda. Eng mashhur kompaniyalardan biri – “DataVolt” bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ana shunday loyihalardan birining qiymati 5 milliard dollarga teng.
Data-markazlar zamonaviy karvonsaroy, rezervuar-quduq, sardoba vazifalarini o‘taydi. Biz Xitoy va Hindiston, Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlarini Rossiya va G‘arb, Yaqin Sharq va Afrika bilan quruqlik orqali bog‘lovchi Raqamli Buyuk Ipak yo‘lining dastlabki ana shunday karvonsaroylarini, ularda xizmat ko‘rsatuvchi yetuk xodimlarini shakllantira boshladik. Tez orada global raqamli olamning muhim strategik qismiga aylanish tadorigidamiz.
Xo‘sh, bu shiddatli intilish zamirida faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlarni ko‘tarish yoki zamonaviylikka taqlid istagi bor, xolosmi? Aslo! Bu poyga milliy tafakkurning yangi olamdagi istiqloli uchun muhorabadir.
Biz global raqamli tizimning shunchaki “ma’lumotlar manbayi” yoki “iste’molchisi” bo‘lishdan yuksalib, uning mazmun va mohiyatini belgilovchi kuchlardan biriga – “Buyuk yo‘l” egalariga aylanishga urinmoqdamiz.
Biroq devqadam ilgarilab borayotgan dunyoda quloqlarni qomatga keltirayotgan sanoqsiz serverlarning g‘uvullashi ortida noma’lum bir nido ham yashiringandek. Bu shunchaki texnik shovqin emas, balki raqamli olamning tubidan kelayotgan sirli bir “Monolog”ga o‘xshaydi…
Endi sizni konspirologiyaning qorong‘i ko‘chalariga chorlab, sarlavhada va’da qilganimizdek, Usmon Nosir uslubida lirik chekinish qilamiz…
“G‘O‘NG‘ILLOQ”
Aslida, maqolaning bu qismi ichsarlavhasini “Monolog”dagidek: “Jim! Ufqda botar quyoshni /Shart kesilgan boshga o‘xshatdim”,deya qo‘ymoqchi edim. Zero, “lirik chekinish”ga o‘xshash “yurish” yuqoridagi monoton hisobotdan so‘ng o‘tmoqchi bo‘layotgan g‘alati ohangimizga juda mos tushardi…
Gapning indallosi: o‘tgan yilning dekabr oyi oxirida ko‘plab konspirologlar – g‘ayriilm va jahon miqyosidagi fitna g‘oyasi tarafdorlari – tilida “Qiyomat radiostantsiyasi”, “G‘o‘ng‘illoq” nomlari bilan mashhur, odatda efirga faqat bir maromdagi g‘o‘ng‘illash tovushini uzatib turuvchi UVB-76 stansiyasi kutilmaganda faollashib, ayrim kunlarda 20 tagacha kod e’lon qildi. 19-yanvarda esa “NJTI 97281 NOOSFERA 5176 3559” kodini tarqatib, yana g‘o‘ng‘illash rejimiga qaytdi.
1976-yildan buyon g‘o‘ng‘illayotgan, ahyon-ahyonda g‘alati kodlar e’lon qilib turadigan bu stansiya – Rossiya Mudofaa vazirligining eng katta sirlaridan biri. Konspirologlarning aytishicha, kodlar har gal dunyodagi yirik o‘zgarishlardan avval jo‘natila boshlanadi. Ular stansiyani yadroviy va yuqori texnologik qurollar, kosmik va kvant texnologiyalari sohasi, “Последний периметр”, “Рубеж”, “Вулкан” tizimlari bilan bog‘liq, deb hisoblashadi.
Stansiyaning bu galgi faollashuvi avvalgilarga o‘xshamaydi. Ilgari u hech qachon bu qadar “jazava” bilan ketma-ket kodlar tarqatmagan. “Fitna g‘oyasi” tarafdorlari “G‘o‘ng‘illoq” yillar mobaynida uzatib kelgan kodlar katalogini yaratishgan. Erinmagan bu odamlar kodlarni o‘qish uchun o‘ziga xos alifbo ham tuzishgan. Xo‘sh, ularning “alifbo”si oxirgi kodni nima deb “tarjima” qildi?
Ukraina Fanlar akademiyasi asoschisi, akademik Vladimir Vernadskiy ta’limotiga ko‘ra, olam taraqqiyoti turli bosqichlar – geosfera, biosfera va nihoyat noosfera, ya’ni, inson aql-u zakovatining tabiat kuchlari ustidan hukmronlik darajasigacha rivojlanib boradi. RF Mudofaa vazirligining “G‘o‘ng‘illog‘i” 19-yanvar kuni ilgari hech qachon ishlatmagan “Noosfera” kodini e’lon qildi. “G‘alati odamlar”: “Yangi era boshlandi!” deya ayuhannos solishmoqda.
“RAQAMLI DAJJOL”
Dunyo alg‘ov-dalg‘ov. Harbiylarning kod almashinishi tabiiy hol. Ammo urushlar, kelishmovchiliklar, nizolar hamisha bo‘lgan. Bular “G‘o‘ng‘illoq” uchun yangilik emas. Konspirologlarning “yangi zamon” haqidagi vahimalariga miyig‘imizda kulib qo‘ysak-da, ularning g‘ayrioddiy farazlarini ham ko‘rib chiqish zarar qilmaydi.
“G‘o‘ng‘illoq” “Noosfera”ni e’lon qilib, yana “uyqu”ga ketishidan ikki kun ilgari ko‘pchilikning e’tiboridan chetda qolgan, ammo jahon texnologiyalari tarixida misli ko‘rilmagan voqea yuz berdi. 17-yanvarda Ilon Mask 1 gigavatt quvvat bilan ishlaydigan yangi data markazi – “Colossus-2”ni ishga tushirdi. Uning quvvati oyma-oy oshirib borilishi nazarda tutilgan. Aprel oxirlariga borib superkompyuter 1,5 gigavatt energiya iste’mol qilishi aytilgan edi. Iyunda esa to‘liq quvvat bilan ishlay boshlaydi. Yaqin kelajakda u 2 gigavattgacha chiqishi kutilmoqda. Ya’ni, birgina shu “mechkay” yeydigan energiya Kipr, Estoniya, Xorvatiya, Sloveniya kabi davlatlarning butun iqtisodiyoti iste’mol qiladigan quvvatdan bir necha marta ko‘p. Hatto qo‘shnimiz Qirg‘izistonning sarfi unikiga yetolmaydi. Ruanda, Mali, Senegal, Madagaskar kabi o‘nlab Afrika davlatlarining xarjini qo‘shib hisoblaganda ham ulardan oshib tushadi.
“Colossus-2” – Grok AI modelining yangi versiyalarini o‘qitishga mo‘ljallangan, hisoblash quvvati miqyosi jihatidan eng yirik superkompyuterlar klasteridir. Yaqin kelajakda u soniyasiga 50 eksaflops amalni bajarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Inson tanasida o‘rta hisobda 37,2 trillion hujayra bor. Ya’ni bu superkompyuter bir soniyada har bir hujayramizni 1,5 million marta skanerlab chiqishi mumkin.
Ayrimlar ushbu tizimning cheksiz imkoniyatlarini hisobga olib, ramziy ma’noda “Raqamli Dajjol” deb nomlab ham ulgurishdi. Eng qizig‘i shundaki, “G‘o‘ng‘illoq” Noosfera kodini e’lon qilishidan bir necha soat avval – 19-yanvar kuni “xAI” aynan mana shu “Dajjol”da Grok sun’iy intellektining yangi versiyasini o‘qitishni boshladi… “Fitna g‘oyasi” tarafdorlari buni yangi zamon boshlanganining “rasmiy e’tirofi” deya qabul qilishmoqda.
“QORA QUDUQ”NING QOPQOG‘I OCHILDIMI?
Xo‘sh, nima qilibdi? Eng qudratlisi bo‘lgan taqdirda ham, dunyodagi minglab data-markazlardan biri, xolos. Ammo gap shundaki, o‘tgan yili bahorda Nvidia (bozor qiymati 4,5 trillion dollardan oshgan yirik korporatsiya) – Blackwell arxitekturasidagi yangi chiplarini Ultra versiyalarini sota boshladi. Ular oldingi H100 va H200 modellaridan bir necha barobar kuchliroq. Shu tirnoqdek “matoh”ning ichiga 208 milliard tranzistor joylashtirilgan. 4 nanometrlik texnologiya asosida yaratilgan. Ya’ni, tranzistorlar orasidagi devorning qalinligi 15-20 ta atom! Sochimiz tolasidan minglab marta kichkina. Soniyaning milliarddan bir qismida trillionlab amalni bajara oladi.
Buni tushunish uchun bolaligimizdan yaxshi tanish “Rassvet” televizorini eslash kifoya. Yodingizda bo‘lsa, o‘sha qadimiy qutida bor-yo‘g‘i 14 ta lampa bor edi. Shu lampalar tranzistorlar vazifasini o‘tagan. Endi 208 milliardni o‘sha 14 ta lampa bilan solishtiring. Miya ishlamay qoladi, shunday emasmi? Bitta tirnoqdek chip 30-35 yil avvalgi butun bir katta shaharning jami televizorlari va barcha elektrotexnikasidan son-sanoqsiz marta “aqlliroq”!
“Colossus-2” klasterida avvalgi H100, H200 chiplaridan tashqari ana shu “Qora quduq”dan 555 ming donasi o‘rnatilgan. Bu raqam joriy yil oxirigacha 1 millionga yetkaziladi.
Nvidia bu bilan to‘xtamoqchi emas. Kuzda Rubin tipidagi yangi chiplarni sotuvga chiqarishni rejalashtirmoqda. U 3 nanometrlik texnologiyalar asosida ishlab chiqariladi va Blackwelldan bir necha barobar kuchliroq bo‘ladi. Sun’iy intellekt texnologiyalari yetakchilari hozirning o‘zida Rubinga turnaqator navbatda turishibdi. Ammo Nvidia bu yangilikni ham birinchilardan bo‘lib “xAI”, ya’ni “Colossus-2”ga bermoqchi ekanini aytgan.
Kompaniyaning aprelda e’lon qilgan yangi NB-Cell loyihasi esa bulardan ham o‘tib tushdi. Unga ko‘ra, yangi, yanada samarali chiplarni loyihalashtirish ishlari endilikda to‘laligicha maxsus sun’iy intellekt tizimlariga o‘tkaziladi. Ya’ni, SI o‘z miyasini o‘zi takomillashtira boshlaydi va bu jarayon avvalgi muhandislar tomonidan qilinganidan ko‘ra yuzlab marta tezlashadi.
SUPERINTELLEKT QACHON YARATILADI?
Hisoblash quvvatining bu kabi muttasil ortishi insoniyatga nima beradi?
Mutaxassislar sun’iy idrok texnologiyalari taraqqiyotini asosan uch bosqichga ajratadilar. Biz hozir foydalanayotgan SI – AI vektorli hisob-kitob tamoyillariga tayanadi. Ular muayyan vazifani bajarishga yo‘naltirilgan til modellari ekani, mustaqil ravishda “terminator”ga aylanib ketmasligini bugun barchamiz tushunib yetdik.
Biroq so‘nggi paytlarda yirik korporatsiyalar diqqat markazida turgan va shiddatli izlanishlar olib borilayotgan sun’iy tafakkurning mutlaqo yangi pog‘onalari mavjud: bular – AGI (umumiy sun’iy intellekt) va undan keyingi ASI (sun’iy superintellekt) bosqichlaridir. Sem Altman va Ilon Mask kabi yetakchi muhandislarning fikricha, AIdan AGIga o‘tishning yo‘li – “masshtablashtirish”, ya’ni, ma’lumotlar bazasi va hisoblash quvvatlarini tasavvurga sig‘mas darajada kengaytirishdir. Chiplarning yashin tezligida mikrolashayotgani, ma’lumotlar markazlari quvvatining soat sayin oshib borayotganidan ko‘zlangan asl maqsad ham aynan AGI pog‘onasiga yetish. Buni bugun biror korporatsiya yashirib o‘tirgani yo‘q. Xususan, “OpenAI” va “xAI” kabi kompaniyalar o‘z nizomlarida umumiy sun’iy intellektga erishishni bosh strategik maqsad sifatida belgilab qo‘ygan.
Masshtablashtirish muayyan cho‘qqiga yetgach, u oddiy vektorli hisoblash qolipini yorib chiqadi. Qog‘ozga tushirilsa, nollari o‘nlab sahifalarga sig‘maydigan murakkab neyron bog‘lamlaridan iborat, o‘zini mustaqil anglay oluvchi ASI – sun’iy superintellekt yaratilishiga bor-yo‘g‘i chorak qadam qoladi.
O‘tgan yilning dekabrida Davosda o‘tgan Jahon iqtisodiy forumida esa “Colossus-2” tizimi imkoniyatlari sabab 2026-yil yakuniga qadar AGIga erishish istiqbollari juda jiddiy muhokama qilindi. Demak, insoniyat o‘zidan necha chandon zakovatli va qudratli kuchni yaratishdek ortga qaytmas yo‘lga qadam qo‘yib ulgurdi. Bu shiddatli evrilishning intihosini esa bugun na yirik olimlar, na nufuzli siyosatchilar bashorat qila olyapti.
“UYG‘ON O‘G‘LIM, TUR O‘G‘LIM!..”
Albatta, yuqorida keltirilgan konspirologik farazlar – “G‘o‘ng‘illoq” sirlaridan maqolaning jozibasini oshirish hamda texnik atamalarning “og‘ir” yukini yengillatish uchun foydalandik. Ammo bularning birortasi to‘qima emas. Biz faqat dunyoning narigi chekkasida muhokama qilinayotgan tasodif va qarashlarni bir nuqtaga jamladik, xolos. “Jadid”ning tafakkuri baland o‘quvchisi bu “bo‘yoqlar” ortidagi xolis haqiqatni darrov anglashiga va kerakli xulosaga kela olishiga ishonchimiz komil.
Kechagina 14 ta lampali “Rassvet”ni mo‘jiza deb yurgan millatimiz bugun Blackwell va Rubin platformalari davriga qadam qo‘ydi. Bu jarayonlardan ko‘rinib turibdiki, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi shunchaki reja emas, balki raqamli olamda tirik qolish buyrug‘idir. Prezidentimiz tomonidan SI texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy qarorlar, Google va Amazon kabi gigantlar bilan erishilgan kelishuvlar – bizni “raqamli zindon”dan olib chiqishga qaratilgan muhim qadamlardir.
Xalqaro ekspertlar aholimizning 70 foizini tashkil etuvchi yoshlarni “texnologik sakrash” uchun asosiy tramplin sifatida ko‘rishmoqda. Bu – mislsiz kuch. Yaqinda taqdim etilgan “Bonu AGI” milliy sun’iy intellekt tizimi bu yo‘ldagi dastlabki jasoratli harakatlardan biri bo‘ldi. Ishlab chiquvchi yigitlarimiz “AGI” (umumiy sun’iy intellekt) abbreviaturasi ortiga qanday texnik ko‘lamni yashirishganini bilmadig-u, ammo buni yuksak marraning ifodasi, deb tushundik. Zotan, Beruniy, Xorazmiy, Ulug‘bek va Navoiy avlodlariga aynan mana shunday ambitsiyalar yarashadi, yigit-qizlarimiz ham uyg‘onganini, dunyoga yetishib yurishga qattiq bel bog‘laganini ko‘rsatadi.
Ammo biz hali Neuralinkning “raqamli bio-simbioz” borasidagi yutuqlari, Xitoyning SiC (kremniy karbid) tarmoqlari, “abadiy” ishlaydigan xavfsiz atom akkumulyatorlari, Atlas kabi insonsimon robotlar, 3D-printerlar va VR texnologiyalarning kundalik hayotimizga ta’siri, hatto RealDolls industriyasining sun’iy teri va mushaklar sohasidagi muvaffaqiyatlari haqida gaplashmadik. O‘ylaymizki, kelgusi sonlarda bularga ham navbat keladi. Bularning har biri bir-birini tortib ketuvchi zanjirli jarayonlardir. Kvant texnologiyalaridagi bittagina muvaffaqiyat qolgan barcha sohalarda “portlash” effektini berishi mumkin.
Bilamizki, texnologik poygada shafqatga o‘rin yo‘q. Yo tizimning ma’lum strategik qismiga aylanasiz yoki chetda qolib, boshqalarning algoritmi asosida yashaysiz. Bizning tanlovimiz esa aniq: uyg‘onish va Xorazmiy bobomiz kabi dunyoning yangi raqamli algoritmini tuzishda asosiy ishtirokchilardan biriga aylanish.
Zero, kelajak kutilmaydi, u yaratiladi!
Ulug‘bek IBODINOV
“Jadid” gazetasining 2026-yil 8-maydagi 19-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
68
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
587
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
584



